Buzrukvor mutafakkir, otaxon shoir

Navoiyshunos ustozlarimizning ulugʻ bobokalonimiz haqidagi tadqiqotlarini oʻqib-oʻrganar ekanmiz, ularning ilmiy-ijodiy izlanishlaridagi oʻziga xos jihatlardan ilhom olamiz, gʻayratimizga gʻayrat qoʻshiladi.

Akademik Vohid Zohidovning “Ulugʻ shoir ijodining qalbi” (1970) nomli kitobi navoiyshunoslikda alohida oʻrin tutadigan qimmatli asarlardan. Kitob oxirida olimning “Buzrukvor mutafakkir, otaxon shoir!” sarlavhali maktubi ilova qilingan. Samimiy, koʻtarinki ruhda, ixlos bilan bitilgan bu maktubda Navoiy merosining maʼnaviy buyukligi alohida mehr bilan taʼkidlanadi va bizni beixtiyor ulugʻ shoir ijodxonasiga chorlaydi. Ustoz saboqlarining bugun ham dolzarbligini juzʼiy qisqarishlar bilan berilayotgan ushbu maktubni oʻqib oʻzingiz his etasiz, degan umiddamiz.

 

Burobiya RAJABOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

Men bu noma soʻzlarini tavalludingizning 525 yilligi munosabati bilan butun ilgʻor bashariyat tomonidan oʻtkazilayotgan shon-sharafli toʻy-tantanangiz ayyomida yozishga rujuʼ etdim.

Siz hayratomuz goʻzal va moʻjizakor nafis, quyosh kabi soʻnmas va oltin kabi qoraymas, rang-barang va sehrli badiiyyat yaratdingiz. U barkamol bahordek gulgundir, behad zangin va zarrindir, shu bahor latofati, fusuni va malohati kabi zavqli, ilhombaxsh va shavqlidir.

Sizning xalqdagi gʻoyat boy estetik olam va yuksak goʻzallik hissiyotini cheksiz mohirona va sanʼatkorona ifodalagan dahoyingiz shunda namoyon boʻldi.

Siz shunday ilgʻor va hayotbaxsh gʻoyalarni tarannum etdingizki, ular badiiyyatingizga qalb boʻldi – shunday qudratli va jozibali qalb boʻldiki, uni na toʻfonlar va boʻronlar, na shular bilan toʻla yillar va asrlar urishdan toʻxtata oldi, u hamon barhayot.

Sizning jonajon xalq orzu-istaklari va donoligi mujassamlashgan dahoyingiz shunda oʻz ifodasini topdi.

Mana, besh yuz yildan koʻp vaqt oʻtdi. Men Sizning XX asrdagi farzandingiz sifatida bu nuroniy fikr durdonalari hamda alam va azob, tashvish va tahlika bilan toʻla qudratli qalb olamiga odim tashlashga, qisman kirishga, uni oʻrganishga jurʼat etdim. Dono va mehribon ota oʻz oʻgʻlining sof niyatda qilgan shoʻxligini kechiradi deydilar. Xato qilib qoʻygan boʻlsam, uzringizga muntazirman, toʻgʻri soʻz aytib, toʻgʻri xulosa qilgan boʻlsam, qolganiga qarzdorman, maʼqullasangiz, buni olamlarga teng shodiyonalik bilan qabul etgayman.

Siz shunday bir bebaho va boqiy xazina qoldirdingizki, hech qachon va hech kim uning tagiga va sirri-asroriga toʻla yeta olmasa kerak.

Bilamiz, bunday xazinani yaratish va kurashish Sizga oson boʻlmadi. oʻaddor davringiz haqida soʻzlab:

Jahonki zohir aylar lolayu bogʻ,

Erur ul bogʻ – zindon, lolasi – dogʻ –

dedingiz. Siz shu zindonda yashab, unga qarshi isyon koʻtardingiz, dili qonlilarni himoya qildingiz. Shu tufayli ham shu zamon va zindon zarbalariga, ham shu isyon va himoya azoblariga uchradingiz. Lekin taslim boʻlmadingiz, oxirgi nafasingizga qadar oʻzingizga – oʻz ulugʻvorligingizga sodiq va vafodor boʻlib qoldingiz. Oʻzingiz shamdek yondingiz, lekin atrofga nur sochdingiz… Asrlarga oʻrnak boʻldingiz.

Ha, ketma-ket kelib ketgan asrlardagi avlodlarga aql va adolat uchun fidokorona kurashishda oʻrnaklik vazifasini oʻtadingiz, ularning tahsinu tasannosiga sazovor boʻldingiz.

Siz oʻz davringiz doiralaridan, yaʼni Sizning daho hamda orzularingizga gʻoyat torlik qilgan doiralardan uzoq-uzoqlarga chiqib ketdingiz va shuning uchun ham asrlar davomida avlodlarga hamfikr va hamdard boʻldingiz.

Buning ustiga, Sizning tomoningizdan behad yuksak shoirona kuylangan Shirin iffati yo Layli nazokati, gul husni yo bulbul navosi, sheʼriyat musiqiysi yo bahor nashʼasi, aql qudrati yo adolat lazzati, samimiy sevgi va sadoqat taronasi, qahramonlik viqori yo mehnat shavq-zavqi, umuman goʻzallik va nafosat asrlardan asrlarga oʻta avlodlarning ruhiy olamini bezadi.

Darhaqiqat, Siz asrlar mobaynida oʻz xalqingizning va bir qancha boshqa xalqlarning maʼnaviyat olamini boyitishda ham bevosita, ham bilvosita ishtirok etdingiz. Yaʼni ularning ham oʻzlari asarlaringizdan bahramand boʻldilar, ham ilgʻor vakillari Sizning va Siz kabi buzrukvorlarning ijodi taʼsirida oʻz xalqlarining mutaraqqiy adabiyotlarini rivojlantirdilar. Sizning “Layli va Majnun”ningizdan oʻrnak olib oʻzining shu nomli dostonini yaratgan mashhur Ozarbayjon shoiri Fuzuliy yozgan edi:

Turku Ajamu Arabda ayyom

Har shoira vermish kom.

Oʻlmishdi Navoiy suxandon –

Manzuri shahanshohi Xuroson.

Bu esa ulugʻ oʻzbek suxandoni Munisning eʼtirofi:

Soʻz ichra Navoiyki jahongirturur,

Munisga maoniy yoʻlida pirturur.

Masalaning eng muhim va xarakterli tomoni shundan ham iboratki, bu, ijodingiz durdonalarining naqadar qudratliligidan dalolat beradi! Taʼsiringiz va ishtirokingiz XIX asrda ham, undan keyin ham zoʻr va mahsuldor boʻldi. Har biri oʻz xalqining yangi adabiyotiga asos solgan Mirza Fatali Oxundov va Maxtumquli, Qayum Nosiriy va Abdulla Toʻqay, Berdaq va Abaylarning eʼtirofi shundan shahodat beradi…

Yana ham xarakterlisi va diqqatga sazovori shundan iboratki, Siz qoldirgan meros dunyoda eng ilgʻor va xalqparvar hisoblangan bizning hozirgi madaniyatimizning oltin xazinasidan oʻziga munosib oʻrin oldi…

Ha, xuddi shunday!

Siz oʻz davringiz saviyasidan gʻoyat baland koʻtarilib, shunday buyuk masalalarni oʻrtaga tashladingizki, ularga javob berishda va hal etishda davr, undagi barcha taqvoyu taʼlimotlar, ilmu ulamolar ojizlik qildi. Koʻpgina asosiy savollar umuman javobsiz qoldi. Bu Sizni oʻrtadi.

Siz oʻzingizning ulugʻvor gʻoyalaringiz bilan haq va haqli edingiz, adolat Sizning tomoningizda edi. Lekin zamon ulardan zoʻr edi, ular zamonga zid edi. U zamonda ularni amalga oshirish mumkin emas edi. Shunday boʻldi ham. Davrning qalin pardalari buning tub sabablarini Sizdan yashirdi. Siz kuydingiz, qovrildingiz, ogʻir va alamli ruhiy drama Sizni chulgʻab oldi, taʼqib etdi. Lekin taslim boʻlmadingiz, kelajakka umid bogʻladingiz.

Ha, Siz oʻzingizning ulugʻvor gʻoyalaringiz va beqiyos goʻzal badiiyyatingiz bilan kelajakka mansub edingiz, shu kelajakning yorqinligiga ishongan edingiz. Zotan, gʻoyalaringizning hayotiyligi va haqliligiga, xalq qudrati va inson qobiliyatiga ishongan edingiz…

Ha, aql va adolat, ozodlik va osudalik barcha mamlakatlar va xalqlar hayotida gʻalaba qilmogʻi va barqaror boʻlmogʻi lozim boʻladi dedingiz, bu orzuni amalga oshirishni asrlar va avlodlar zimmasiga yukladingiz, shular bajarishiga umid bogʻladingiz, ishondingiz…

Shuni ham aytay.

Bizning asrda ham sevgida Siz nafratlagan beqaror, bevafo va behayolar oz deysizmi?! Siz ardoqlagan mehnat va halollikni tahqirlab, oʻzgalar hisobiga yashashni afzal koʻrgan xudbinu murdorlar yoʻq deysizmi! Siz kuylagan doʻstlik va hamkorlikni, rostgoʻylik, soflik va samimiylikni oyoq osti qilib, olchoq hasad, nizo bilan, jirkanch boʻhton va fitna-fujur bilan mashgʻul boʻluvchi razillar koʻrinmaydi deysizmi!

Buning ustiga, haromxoʻr va qotil sarmoya olamida Sizning ashaddiy dushmanlaringiz – Siz laʼnatlagan bosqinchi, gʻoratchi Xisravlar va ajalfurush Axramanlar nimalar qilmoqda va qilmoqchi!

Shularning barchasi bilan olishuvda va odamiylikni eʼzozlash hamda taqdirlash uchun kurashishda Siz bizning safimizdasiz.

Ha, Siz Sizni rad etgan mashʼum zamonlar va asrlar osha bizga mardonavor yetib keldingiz – tik bosh koʻtargan holda magʻrurona yetib keldingiz…

Ijodingiz mahsuli haqida aytgan edingiz:

Xalqqa zebi torak ayla ani,

Oʻqugʻongʻa muborak ayla ani.

Yetti aflokni anga yor et,

Yetti iqlimni anga xaridor et.

Bu amalga oshdi!

Minnatdor avlodingizning taʼzim va tashakkurini qabul etgaysiz,
asran uzoq, ammo qalban zamondosh
ulugʻ Inson!

 

Vohid ZOHIDOV,

akademik

 

“OʻzAS”dan olindi

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/buzrukvor-mutafakkir-otaxon-shoir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x