Buyuklik

Men, birorta adib yoki olimnimi, martabali amaldor yoki mashhur jamoat arbobinimi baholashda birovlar azbaroyi sevganidan uni hukmdor darajasigacha koʻtarganini, boshqalar esa xuddi shu shaxsni iblisga chiqarib qoʻyganini va fikrlar bir-biriga toʻgʻri kelmay, osmon bilan yercha farq qilganini koʻrganimda, roʻparamda buyuk zot turganiga amin boʻlaman.

Buyuklik sanʼat va maʼrifatdan, har qanday qonun va hukmronlikdan, martabayu mansabdan, molu davlatdan ham baland turadi, negaki olim odamlar, rassomlar, nomdoru dongdorlar juda koʻp, haqiqiy buyuk zotlar esa juda kam. Buyuklik – hech bir xazinaga teng kelmaydigan ilohiy qudrat degani. Ulugʻvorlik oʻz sohibiga shunday jurʼat baxsh etadiki, u boshqa shoʻrlik bandalardan qalbi, aqli, tafakkurining bir maqsadga qaratilgani va fikrlash uslubi bilan ajralib turadi. U oʻziga xos andozada bichilgan boʻlib, hech bir sinf va hech bir guruh qolipiga sigʻmaydi. Qalbida bunday sifatlari bor inson atrofga oʻz koʻzlari bilan boqadi, uni oʻz quloqlari bilan eshitadi, oʻziga maʼlum yoʻldan boradi va har qanday dono ham, u qanchalik buyuk boʻlmasin, oʻzining qandaydir xurofiy taʼlimotga qiziqishi yoki biron-bir maslakka boʻlgan adovati sabab oʻz fikr-mulohazalarini, istagu xohishlarini qabul qilishga bunday insonni majburlay olmaydi. Oʻziga qattiq ishongani boismi yoki oʻz kuchiga ikkilanish bilan qaraydigan baʼzi irodasiz kishilar sababmi bunday odam barcha unga itoat etmogʻi lozimligiga astoydil ishonadi, ular ham bunday hukmronlikka rozi boʻladilar va uning eng yuksak orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishda unga hamrohlik qiladilar. Bu odam bajarayotgan ajabtovur ishlar uncha-muncha odamning qoʻlidan kelmasligini va bularning bari qanchalik koʻzni hayratga solib, qalblarga hurmat-ehtirom baxsh etayotganini odamlar koʻrib turadilar. Agar bu musavvir boʻlsa, u yangi qiyofa va shakllar yaratmoqda, agar yozuvchi boʻlsa, inson his-tuygʻularini idora qilmoqda, agar qonun chiqaruvchi boʻlsa, unda eskirib qolgan qoida va aqidalarga barham berib, yangilarini joriy etmoqda, agar hukmdor boʻlsa, unda tarixga ilgari nomaʼlum boʻlgan shonli sahifalarni unga muhrlamoqda, agar vazir boʻlsa, boshqaruvning avval quloqqa chalinmagan yangi usullarini unga olib kirmoqda, qoʻmondon boʻlsa, unda aks sadosi yulduzlarga yetgulik qudratli zarbalar bilan dushmanni yer tishlatmoqda.

Buyuklik deganlari shu, inson deganlari shu, agar kimda-kim shunday ishlarni qilishga qodir boʻlsa, unda bunday insonga odamlar koʻpchilik boʻladimi yoki yakka holdami, farqi yoʻq, u oʻz mehnatini, uning qanchalik muhimligini baholash chogʻida hammaning aqlini birday lol qilaveradi, nuqtai nazar va tasavvurlarni qarama-qarshi qoʻyadi, adovat va kelishmovchiliklar urugʻini sochadi. Yangiliklardan quvonib, boshqalarga havas bilan boqish hissi kimga ato etilgan boʻlsa, ana oʻsha ulkan zavq ularni buyuklarning soʻzlaridan, harakatlaridan, ularning quruq gaplariyu amallaridan quvonishga, ularni haddan ziyod sevishga va hamma yerda ularning hurmatini joyiga qoʻyishga undaydi. Bu esa gʻanimlar va hasadgoʻylarni, uning qobiliyatini taʼqib etuvchilarning taʼbini xira qiladi. Shiddatli jangda kuchli muhabbat va nafrat muqarrar toʻqnashadi. Uning dushmanlari va doʻstlari oʻrtasida ayovsiz jang boshlanadi. Buyuklik saltanatiga putur yetkazishga orzumandlar unga tajovuz qilishadi va aksincha, uning mustahkamligiga ishonganlar uni oʻz himoyasiga olishadi, u esa mamnun va xursand, gʻam-gʻussa koʻlankasidan yiroqda, barini xotirjam kuzatadi, negaki, tevarak-atrofidagi oʻkiriklar – buyuklik va shuhratdan darak ekanini biladi.

Men, bunday odamning qarashlari, amallari va intilishlari hamisha ham benuqson boʻladi demoqchi emasman. Ehtimol, ruhan xiyla zaif, fikri tor boshqacharoqlari ham bordir, biroq ular ancha-muncha bamaʼni va haqiqatgoʻylardir. Yana shunga diqqatni qaratishingizni istardimki, faqat ulugʻ shaxslargina adiblarni yozishga, faylasuflarni fikrlashga, notiqlarni soʻzlashga, oddiy odamlar yuragini esa sevishga va nafratlanishga unday oladilar.

Birisi Alini jondan sevsa, boshqalari, uni jinidan battar yomon koʻradi. Yana birlari Abu Bakr va Umarni odil shayx deb alqasa, boshqalari ularning sof koʻngliyu sadoqatiga shubha bilan qaraydi. Muhiddin ibn al-Arabiy bir umr birovlar uni dunyoning qutbi deb qadrlaydigan, boshqalari esa bidʼatchilar shayxi deb hisoblaydigan odamlar ichida yashadi. Bir toifa musulmonlar Ibn Rushdni islom faylasufi deya koʻklarga koʻtarishsa, boshqalar uni taʼna-dashnomlarga koʻmib, bosh cherkovda toʻgʻridan-toʻgʻri yuziga tupurishdi. Bir toifa odamlar “Diniy ilmlarni jonlanishi” asari muallifini Hazrat Dovud nomi bilan atasa, boshqalar uning asarlarini mayda-mayda qilib yirtib shamolga sovurishadi. Baʼzilar al-Maarriyni osmonlarga chiqarib qoʻyishsa, boshqalarning esa uni koʻrgani koʻzlari yoʻq, dastlabkilari uning izini koʻzlariga toʻtiyo qilishsa, keyingilari uni gavjum koʻchalarda yuztuban sudrab, sazoyi qilgisi kelardi. Suqrot sassiqalafdek zaharni noʻsh aylaganda, bu tekintomoshani baʼzi birovlar miyiqlarida irshayib kuzatganlar, boshqalar esa unga achinib, koʻz yoshlarini tiyolmaganlar. Shoirlar shoiri Al-Mutanabbiyning nutqi uning shuhratiga ham badnom boʻlishiga sabab boʻlgandi (mana, qarabsizki, roʻparangizda u soxta buyuk paygʻambarday turibdi!) Davrga inʼom etilgan isteʼdod deya odamlar Shekspirni inson kamolotining choʻqqisiga koʻtarib qoʻyishdi, boshqalar esa uni ojiz taqlidchiga chiqarib, haqoratlashdi va hech narsaga arzimaslikda ayblab, yerga urishdi. Napoleonni qadrlovchilar uni tabarruk siymolar qatoriga qoʻshganlaridan shod edilar, dushmanlari va raqiblariga u baloyi azimdek koʻrinardi. Lyuter va Kalvin, Galiley va Volter, Nitshe va Tolstoylar tirik paytlarida ham, vafotlaridan soʻng ham sevgi va nafrat sharobini soʻnggi tomchisigacha simirgandilar. Hozir, bizning zamon, biz yashab turgan mana shu mamlakat odamlari Jamoliddin, Muhammad Abdo, Saʼd Zagʻlul, Mustafo Komil, Ali Yusuf, Qosim Aminlar haqidagi bir-biriga zid fikr-mulohazalardan nahotki xoli boʻlsa?

Nahotki ularning har biri cheksiz obroʻ-eʼtibor qozonmagan va ayovsiz nafratga uchramagan boʻlsa, – shunday mashhur odam boʻlishlariga qaramay, ular haqida umumiy fikr boʻlmagan va ular oʻzlarining mashaqqatli yoʻllaridan ketishgan boʻlsa? Buyuk shaxslarga baho berishdagina odamlarning fikrlarida bu qadar keskin farq boʻlishi bor gap-ku, axir!

Agar inson beshikdan boshlanib, qabrda nihoyasiga yetguvchi bu hayotda oʻzi uchun zim-ziyo yerosti yoʻlini tanlagan ekan, bunday yashashdan maʼni yoʻq. Zero u eshakqurt yo chuvalchangdek, zaharli mingoyogʻu boshqa sudralib yuruvchi jondorlar singari qazosigacha shunday emaklab boraveradi. Chinakam hayot chakkangga urib turadi, nafasingni boʻgʻadi, koʻzlaringni quvnatadi, nutqingga jon ato etib, gʻaflatda qolgan qalamingni harakatga keltiradi, pok qalblarga oʻt yoqib, gʻanimlar qalbini qahr-gʻazabga toʻldiradi. Buyuklar garchand qisqa umr koʻrsalar-da, oddiy odamlardan uzoq yashaydilar va bu foniy dunyoda ularga garchi oz umr ajratilgan boʻlsa-da, ibratga arzigulik shoyon qismat ato etiladi.

Buyuklik haqiqat kabi qutlugʻdir, unga doʻst ham, dushman ham birdek xizmat qiladi. Uning mashaqqatli yuki bunyod etayotganni ham, vayron qilayotganni ham birdek bosib turadi. Qayerda bir toʻda doʻstlarni koʻrsang, oʻsha yerda istagancha dushmanni ham topasan. Qayerda bir-birining goʻshtini yeb yotgan dushmanga koʻzing tushsa – yodda tut: oʻsha yerda buyuklik oʻzining dabdabali taxtida savlat toʻkib oʻtiribdi va koʻtarinki ruhda barining ustidan hukmronlik qilmoqda.

Buyuklik – bu tayanchi sayqallangan inson mehri va nafratidan bunyod boʻlgan qasr. Qasr poydevori qancha pishiq-puxta boʻlsa, u uzoq yillar joyida mustahkam turadi. Agar tirgaklardan birontasi qulagudek boʻlsa, boshqasini ham tutib qolib boʻlmaydi, u ham tagidan zil ketadi va har ikkisi butun boshli binoni yer bilan yakson qiladi.

Odamlarning yakdillik bilan izhor etgan sevgilari seni maftun etmay qoʻya qolsin, negaki ojiz va arzimas odamlarga boʻlgan muhabbatgina ularni birlashtirib turadi, xuddi egasining poyida piypalanib yotgan koʻppakdek ular ham qalban, ham aqlan, ham oʻz sezgilariyu jismlari bilan bunday odamlarga sodiq boʻladilar. Uni bir urib koʻr, u chidaydi, qulogʻidan bir tortib koʻr u yana silab-siypalashingdan umidvor gʻingshiy boshlaydi, chaqirib koʻr – oʻsha zahoti yoningda paydo boʻladi, doʻq ur – popugi pasayib, dumini qisib qoladi.

Hamma seni birdek yomon koʻrsa, bundan suyunmay qoʻya qol, negaki ularni hech kimni xush koʻrmaydigan va uni ham hech kim xushlamaydigan yomon va yaramas odamlarga boʻlgan nafratgina birlashtirib turadi.

Agar sen haqda odamlarning fikrlari bir-biriga toʻgʻri kelmasa, agar sening xizmating va butun bir faoliyatingga baho berishda ularda mushtaraklik boʻlmasa, unda buni ajablanishga arzirlik hol desa boʻladi. Axir bu buyuklik alomati va buyuk shaxslarga xos xususiyat emasmi?..

Panohida buyuk jangchi halovat topib, daraxtni oʻz qoni bilan sugʻorguvchi jangchi boʻlgandan koʻra, atrofida tarafdorlaru gʻanim qoʻshinlari jang qilayotgan lashkarboshi boʻl.

Kurashchining ovozini hamma unutgan va endi uni hech kim eslamaydigan yerlarga eltuvchi shamol boʻlgandan koʻra, uning ovozini boʻron dunyoning istagan burchagiga yoyuvchi otashin kurashchi boʻl.

Yanchib, payxon qilib tashlovchi qumtuproq boʻlgandan koʻra, sendek novdaga qumtuproq oʻz bagʻridan joy berguvchi gullayotgan daraxt boʻl.

Kuching toʻlib-toshayotganini his etsang, unda inson qalbining sultoni boʻl, mabodo kuch-quvvat seni tark etgan boʻlsa, unda faqat oʻzingnikiga egalik qilaver. Agar buyuklikka taassub etgudek boʻlsang, unga xushomadgoʻylik qilsang yoki oʻz adovatingni oshkor etsang, unda bunday yoʻl bilan faqat yovvosh qul boʻla olishinggagina umid qilishing mumkin, ular esa qudratli xoqonlikka yagona daʼvogar boʻlib qolaveradilar.

 

Rus tilidan Dildorxon ALIYEVA tarjimalari

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7

https://saviya.uz/ijod/nasr/buyuklik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x