Buyuk shajara payvandiman

Hazrati Bobur

Boshimni olib, ey Bobur, ayoq yetgancha ketgaymen.
Zahiriddin Muhammad BOBUR

 

Kimga dunyo, kimga koʻngil shoh ekan,
Dunyo deganlari alam, oh ekan,
Odamga umidi doʻst, hamroh ekan,
Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?

Iymonni dilida tugʻday tutgan zot,
Orini togʻlardan baland etgan zot,
Otning ustida ham ashʼor bitgan zot,
Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?

Hayot boshdan oyoq bepoyon tilsim,
Goh ogʻa sotishin kim oʻylab bilsin,
Qalbi qulf kaslarga Xudo bas kelsin,
Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?

Shu chogʻ yolgʻiz qoʻygin habibi hamdam,
Koʻngil zor qaqshasa kim qilgay motam,
Gohida oʻzidan bezarkan odam,
Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?

Siz birlan bir mumtoz mahallar ketdi,
Ishq bunyod etgan Tojmahallar ketdi,
Humoyun, Komronu Akbarlar ketdi,
Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?

Yetar bas, koʻnglimga ketgayman men ham,
Bir goʻzal olamga yetgayman men ham,
Shu yurt deb, shu el deya oʻtgayman men ham,
Qayon ketmoqdasiz, Hazrati Bobur?

 

 

Vatanga ketamiz…

Oh,
Qanday shirindir
Bu boʻy, bu ifor,
Ona, ona tuproq, onajon tuproq.
Odamman deyishga qanday haqqim bor,
Senda turib,
Sendan yashabman yiroq.

Mana Humoyunning marmar saroyi,
Kelib ketaverar minglab sayyohlar.
Ularning dilimga yoʻqdir parvoyi,
Nedandir koʻnglimda muqaddas ohlar.

Mana ikki oshiq,
Koʻz tushdi nogoh,
Goʻyo tuyub borar eng toza baxtni.
Asl haqiqatdan boʻlmasdan ogoh.
Suratga muhrlab borarlar vaqtni.

Masrur borayotgan bu chol, bu kampir,
Dunyoning yarmini kezgan, ehtimol.
Saroyda kimlar bor, kimlar bor, axir
Bilaman, bexabar bu kampir, bu chol.

Ey, goʻyo hayotin koʻmganlar bolga,
Nahot koʻrmayapsiz, men yondim, kuydim.
Yoʻq, chidab boʻlmaydi bunday ahvolga,
Shundoq yoningizda Mirzo Humoyun.

Oshib necha dovon, koʻp asrlardan,
Oʻylamang, Hind sori shunchaki yeldim.
Bu tosh saroylardan, tosh qasrlardan,
Sizni, sizni olib ketgani keldim.

Turing oʻrningizdan, Mirzo Humoyun,
Vatanga ketamiz, yurtga ketamiz…

 

 

Yashamoq kurashdir

Tong sahar.
Dehlida koʻrib qoldim men,
Bahaybat toshsanam qarshisida qiz.
Koʻrdimu koʻp gʻamgin oʻyga toldim men,
Sanamga yigʻlardi choʻkkanicha tiz.

Taassuf, tilini bilmayman uning,
Bilmayman, ne uchun chekmoqda figʻon.
Toshlarni parchalab yuborgudek mung –
Shundoq kiprigida turgandayin jon.

Balki jon talashib shifoxonda,
Mehribon onasi yotgandir bemor.
Muqaddas, munis zot – ona, ona-da,
Shifolar tilayman, koʻzlari xumor.

Axir, bor narsa-ku qazoi qadar,
Hammasi oʻtkinchi, sarobdir dunyo.
Olamda muborak zot erur padar,
U ham otasidan ayrilganmi yo?

Ehtimol, yorga dil berib, nadomat,
Koʻrmaganmikin yo sadoqat, vafo.
Baribir, muhabbat pokiza neʼmat,
Baxtiyor qay dilda bersa u sado.

Ming afsus, tilini bilmayman uning,
Nima u qalbini oʻrtagan armon?
Toshlarni parchalab yuborgudek mung –
Shundoq kiprigida turgandayin jon.

Alloh bor,
Madadkor,
Yigʻini bas qil,
Koʻksim yorib chiqdi figʻonu dudlar.
Yashamoq kurashdir,
Boʻl bardam, dadil,
Hech nega qodirmas bu tosh maʼbudlar.

 

 

Qiziq hangomalar koʻradi odam…

Qiziq hangomalar koʻradi odam,
Agar dunyo boʻylab qilsa sayohat.
Qayerda boʻlsang ham, aytardi otam,
Topganlaring boʻlsin hikmat-nasihat.

Katta doʻkon koʻrdim Moʻgʻilsaroyda,
Kimdir meva sotar, kimdir gul sotar.
Nimani istasang bari shul joyda,
Pulini toʻlasang, hatto pul sotar.

Boqdim, bir rastada xaridor gavjum,
Molin maqtab-maqtab sotar ulgurji.
Menga-ku, kerakmas, soʻradim sekin,
Necha rupiy turar haykalchalar, ji[1].

Bular tangrim, dedi jilmayib asta,
Oling uyingizga keltirar iqbol.
Jonsiz oʻyinchoqni oh aqli xasta,
Xudo deb tursa-ya, yo Rab, bu ne hol.

Ajab, sotayotgan moli – xudoga,
Bir-bir yukunib ham qoʻyar edi ul.
Shul dam koʻnglimdagi mahzun nidoga,
Quloq soladigan bormi ayt, ey gul.

Kim anglar, kim anglar yurakni alam,
Koʻkka oʻrlab ketgan nidolarini.
Achinaman juda bu nochor odam,
Kun koʻradi sotib xudolarini.

Qiziq hangomalar koʻradi odam,
Agar dunyo boʻylab qilsa sayohat…

 

 

Mavlono Bedil

Oshiq yuragimning sharhi ne boʻlgay,
Qancha hislarimga oʻzimman qotil.
Yashab boʻlmaydi-ku zulmatda tokay,
Keldim qoshingizga, Mavlono Bedil.

Koʻngilda boʻyidan boʻlmasa bahra,
Gulning huzurida boʻlgaymi yod dil.
Koʻkda yoʻlchi yulduz boʻlgandek Zuhra,
Keldim qoshingizga, Mavlono Bedil.

Nima dey, nima dey, ayt koʻngil sanga,
Shu damda sokinman, shu damda betil.
Ichimda hayqirib ming Jamna, Ganga,
Keldim qoshingizga, Mavlono Bedil.

Bu Shahrisabzdan pokiza nigor,
Bobolar haqida oʻylayman shomil.
Tuzsiz xayollarim barisi bekor,
Keldim qoshingizga, Mavlono Bedil.

Koʻz koʻrib gar ibrat olmasa koʻrdir,
Sizdan mangu meros pok hikmat komil.
Tilovat bagʻishlar yuraklarga nur,
Keldim qoshingizga, Mavlono Bedil.

Rahmon bor, Rasul xaq, men oshiq Mashrab,
Shisha kabi chil-chil boʻlgaydir botil.
Koʻnglimdan ziyolar chiqmoqda sachrab,
Keldim qoshingizga, Mavlono Bedil.

 

 

Boburning farzandiman
Zokirjon Mashrabovga

Otam oʻtdi, padarim pokiza dilbandiman,
Buyuk shajarada bir halqaman – payvandiman.
Koʻnglimdagi oʻyimni aytmogʻim kerak sizga,
Zahiriddin Muhammad Boburning farzandiman.

Bobolarim izi bor yoʻllardan yurib keldim,
Yoʻllar emas, necha yuz yillardan yurib keldim,
Doʻllardan ham yurdim men, sellardan yurib keldim,
Zahiriddin Muhammad Boburning farzandiman.

Qurib ketsin dunyoning yirtiq, juldur jomasi,
Yozmish koʻngil qoni-la oshufta dil xomasi,
Shundan Xatti Boburiy, neʼmat Bobur nomasi,
Zahiriddin Muhammad Boburning farzandiman.

Yetti koʻkni tutmasmi, yo Alloh, ovoz degan,
Haqdan sado bermasa oʻtinday gap soz degan,
Oʻjar, qaysar yuragim shundayin bir soʻz degan –
Zahiriddin Muhammad Boburning farzandiman.

Yolgʻon poyi patakdir, haq kalom kayvonidir,
Dilga nurdir Tojmahal, muhabbat ayvonidir,
Asli bahor ayyomi yigitlik ovonidir,
Zahiriddin Muhammad Boburning farzandiman.

Olov oshno boʻlgaydir kiborga, bilganim shul,
Zafar nasib, qoʻl bersa Ahrorga, bilganim shul,
Keldi Bobur, ming shukr, diyorga, bilganim shul,
Zahiriddin Muhammad Boburning farzandiman.

Na topgum va na bergum, tentirab, daydib, ey dil,
Anglagil, bu davronga kelganmiz qaytib, ey dil,
Musavvidi avroq[2] ham turibdi aytib, ey dil,
Zahiriddin Muhammad Boburning farzandiman.

 

 

Ziyorat

Shayx Saʼdiy shoir Xusrav Dehlaviy haqida gapirib: “Har kimsa u dunyoda bir narsa bilan faxrlanishi kerak. Men ana shu turkning koʻksidagi kuyugi bilan faxrlanaman”, degan ekan… Mirzo Gʻolibga zamondosh boʻlgan shoir Nayyar yozadi: “Hindistonda fors sheʼriyati lochin urugʻidan boʻlgan turk (Amir Xusrav Dehlaviy)dan boshlanib, oybek urugʻidan boʻlgan turk(Mirzo Gʻolib)da nihoyasiga yetdi”. Yuksak eʼtirofga musharraf boʻlmish hazrat bobolarning ziyoratida koʻnglimdan kechirganlarim.

Qancha sozu nagʻmalarga sahna Dehli,
Manim kuyim, nay navosi, koʻhna Dehli,
Dilsizlarning koʻngliga sol rahna, Dehli,
Amir Xusrav, Mirzo Gʻolib zotlar kabi.

Zor-intizor, mudom ilhaq xasta koʻngil,
Manzil sari borayotgan asta, koʻngil,
Baland boʻlgil, hech vaqo yoʻq pastda, koʻngil,
Amir Xusrav, Mirzo Gʻolib zotlar kabi.

Sizga aytsam, manim koʻnglim shahri ishqdir,
Samarqandu Keshdan yetgan bahri ishqdir,
Chashmi giryonlarim asli nahri ishqdir,
Amir Xusrav, Mirzo Gʻolib zotlar kabi.

Ildizi yoʻq, togʻ boʻlsa ham nurab ketgay,
Horunmisan, bir kun ayshu tarab ketgay,
Nur koʻrdimi, koʻnglim unga qarab ketgay,
Amir Xusrav, Mirzo Gʻolib zotlar kabi.

Musibat ham, saodat ham taqdir asli,
Qismatda bor, Yaratgandan taqdir asli,
Taqdir degan, anglaganga haqdir asli,
Amir Xusrav, Mirzo Gʻolib zotlar kabi.

Yolgʻonlardan kechdi yurak, chinda qolmish,
Bobolardan meros nafis unda qolmish,
Oʻzim unda, koʻnglim esa bunda qolmish,
Amir Xusrav, Mirzo Gʻolib zotlar kabi.

 

 

Iltijo

Boshimning manzili aslida ul oston,
Asil manzil – malozimga meni yetkaz.
Abdurahmon JOMIY

Dema asti shaydoliklar qaydan asli,
Gohi rubob, gohi tanbur, naydan asli,
Barcha qismat, bor taqdirot Haqdan asli,
Shul izhorim, shul rozimga meni yetkaz.

Savsan-savsan boʻy kelmoqda gul yoqlardan,
Toza umid-oʻy kelmoqda gul yoqlardan,
Muhabbatdan toʻy kelmoqda gul yoqlardan,
Shul bahorim, shul yozimga meni yetkaz.

Quyosh nima, taft olsin dil oʻchogʻimdan,
Qoʻyvormayman, osmon, seni quchogʻimdan,
Sellar kabi oqsin olam Ushshogʻimdan,
Shul navo, shul ovozimga meni yetkaz.

Mavlonoyu Hazratimdek soʻzlar aytsam,
Bahor aytsam, tinmay yozu kuzlar aytsam,
Pok muhabbat maxzanidan yuzlab aytsam,
Shul doston, shul bayozimga meni yetkaz.

Parvoyim yoʻq, manim toshdil ojizlarga,
Qanot boʻlsa uchib ketsam olislarga,
Soʻng qoʻl bersam, muddaosi xolislarga,
Shul qanot, shul parvozimga meni yetkaz.

Dilsiz yashash oʻlimdan ham qattiq erur,
Chaman sari yurmoq ulugʻ tortiq erur,
Senga qullik sultonlikdan ortiq erur,
Shul davlat, shul lavozimga meni yetkaz.

 

Gʻayrat MAJID

 

 

uzas.uz

 


[1] Ji (hindcha soʻz) – janob, muhtaram.

[2] Musavvidi avroq – varoqqa yozuvchi, muallif maʼnosida.

https://saviya.uz/ijod/nazm/buyuk-shajara-payvandiman/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x