“Buyuk sayohatchilar”

Mixail Zoshchenko

 

Bolaligimda yer yumaloq shaklda ekanligini bilmaganman. Bir kuni menga buni qoʻshnim Styopka tushuntirdi:

– Yer yumaloq shaklda. Agar faqat toʻgʻriga yuraversang, butun yer sharini aylanib, qayerdan yurgan boʻlsang, shu yerga qaytib kelasan.

– Ishonmayman, – dedim.

– Yaqinda men butun yer sharini aylanish uchun sayohatga chiqaman. Opang Lelyani ham olamiz. Ammo, senga oʻxshagan tentaklarni olmaymiz. – Styopka yelkamga bir urdi.

Doʻstimning gapidan keyin mening ham sayohatga chiqqim kelib qoldi. Meni ham birga olib ketishlari uchun unga kichkinagina pichoqchamni sovgʻa qildim. Oʻsha kuni Styopka sayohatga boradiganlar bilan kichkina majlis qildi. U men va Lelyaga qarab:

– Ertaga sizning ota-onangiz shaharga, mening onam esa ariqqa kir chaygani ketganda oʻylagan rejamizni amalga oshiramiz. Biz faqat oldinga, toʻgʻriga yuramiz. Togʻlar, sahrolarni kesib, oradan qancha vaqt oʻtmasin, shu yurgan yoʻlimizdan chiqmagunimizcha ketaveramiz.

Uning gaplaridan qoʻrqib ketgan Lelya xavotirlanib soʻradi:

– Styopka, agar yoʻlimizdan hindular chiqib qolsa-chi?

– Butun qabilasi bilan asirga olamiz.

– Asirga tushishni xohlamaganlarni nima qilamiz?

– Xohlamaganlarni asirga olmaymiz. Agar istashsa, biz bilan sayohatga borishi mumkinligini aytamiz, – dedi Styopka xotirjamgina.

Shunda Lelya:

– Men pul yigʻadigan qutichamdan uch soʻm olaman. Bu pul bizga yetsa kerak, – dedi.

– Uch soʻm shubhasiz yetadi. Chunki pul bizga faqat pista va konfet olish uchun kerak boʻladi. Ovqat masalasiga kelsak, yoʻlda uchragan mayda jonivorlarni ovlab, gulxanda pishirib yeymiz.

Styopka omborxonaga kirib katta un xalta olib chiqdi. Oʻsha xaltaga uzoq sayohat uchun kerak boʻladigan non, shakar, bir boʻlak yogʻ va idish-tovoqlarni joylashtirdik. Keyin oʻylab-oʻylab rangli qalamlar, fonus, lupa va ikkita koʻrpa-yostiqlarni ham oʻzimiz bilan olib ketadigan boʻldik. Yoʻlda zerikib qolmasligimiz uchun men oʻzimga kerakli boʻlgan rogatka (choʻzma), qarmoq, kapalak tutishga moslama ham oldim.

Ertasi kuni uydagilar ketgach, biz – sayohatchilar Peski qishlogʻimizni tark etdik.

Oʻrmon oralab yoʻlga tushdik. Oldinda Styopkaning iti Tuzik, uning orqasida boshiga katta qop koʻtargan Styopka, undan keyin esa sakramachogʻi bilan Lelya va rogatka (choʻzma), qarmoq va kapalak tutgich bilan men.

Bir soatlar yurganimizdan keyin Styopka charchadi, shekilli, toʻxtab, qopni yerga qoʻydi.

– Qop juda ogʻir ekan. Men uni bir oʻzim koʻtara olmayapman. Navbatma-navbat koʻtaramiz.

Uning gapidan keyin yukni opam yelkasiga oldi. Lekin salgina yurgach, qopni otib yubordi:

– Endi Minka koʻtarsin.

Qopni boshimga qoʻyishganida ogʻirligidan dodlab yuboray dedim. Yurgan sayin tizzalarim ogʻriqdan bukilib, qaltirardi. Oʻn qadamcha yurganimdan keyin yiqildim. Oldin qop, uning ustiga men. Vaznim yengil boʻlsa ham hamma idishlarni sindirdim. Lelya va Styopka yiqilgan joyimdan turolmay yotganimni koʻrib rosa kulishdi. Yukni koʻtarish uchun hushtak chalib itini chaqirdi. Lekin bundan ham natija chiqmadi. Chunki Tuzik yukni koʻtarish oʻrniga qopni titkilab yogʻni yeb qoʻydi.

Qopni burchaklaridan ushlab baravarlashib koʻtardik. Lekin bu noqulay edi. Bir amallab ikki soatda yalanglikka chiqdik.

Styopka biroz dam olishini aytdi.

– Har bir toʻxtab dam olganimizda, uxlaganimizda men oyogʻimni yurishimiz kerak boʻlgan tomonga choʻzib yotaman. Hamma buyuk sayohatchilar yoʻldan adashmasliklari uchun shunday qiladi, – Styopka shunday deb oyogʻini oldinga choʻzib oʻtirdi.

Biz qopni ochib, non oldik. Uning ustiga shakar sepib yeya boshlaganimizda tepamizda arilar galasi aylana boshladi. Ulardan biri nonimdagi shakarni yeb koʻrmoqchi boʻlib, yuzimni chaqdi. Yuzim birpasda oshgan xamirdek shishib ketdi. Styopkaning maslahati bilan yuzimga muzdek loy chapladim.

Yoʻlga tushishimizdan oldin doʻstim qopdagi deyarli hamma narsani olib tashladi. Endi yurishimiz ancha yengillashdi.

Men yuzim lovullab ogʻriganidan orqada inqillab borardim. Opam Lelyaning yuzidan ham sayohatdan xursand emasligi bilinib turardi. U sayohatdan koʻra uy yaxshiligini tushuntirmoqchi boʻlgan edi, Styopka bu haqida gapirish u yoqda tursin, oʻylashni ham istamadi.

Biz horib, oyogʻimizni arang sudrab borardik. Qorongʻi tushganda doʻstim qopni yerga tashlab, shu yerda tunashimizni aytdi. Gulxan yoqish uchun xas-choʻp yigʻdik. Olov yoqishga Styopka qopdan lupani oldi. Lupa qizishi uchun quyosh kerak. Quyosh esa allaqachon botgan. Hafsalamiz pir boʻlib istamaygina ovqatlandik. Keyin Styopka tantanavor qiyofada oyogʻini oldinga choʻzib yotdi. Ertaga qayerga yurishimiz kerakligi aniq boʻlishini taʼkidlab qoʻydi-da, xurrak otib uxlab qoldi. Lelya ikkimiz koʻchada hech uxlamaganimiz uchun koʻzimizga uyqu kelmasdi. Bizni qorongʻi oʻrmon, daraxtlarning shovqini qoʻrqitardi. Tepamizdagi daraxtning quruq shoxini ilon deb oʻylagan Lelya qoʻrquvdan dodlab yubordi. Men esa daraxtdan tushgan gʻuddadan qoʻrqib koptokday sakrab tushdim. Qachon koʻzim uyquga ketganini bilmayman-u, yelkamdan sekingina Lelyaning turtishidan koʻzimni ochdim. Tong endi oqarayotgan, quyosh hali chiqmagandi.

– Minka, hali Styopka uxlayapti. Kel, uning oyogʻini boshqa tomonga burib qoʻyamiz. Boʻlmasa u bizni odam oyogʻi yetmagan joylarga olib boradi, – dedi pichirlab.

Bu paytda Styopka uyqusirab kimlarnidir yordamga chaqirardi. Balki tushiga hindular kirgandir. Nima boʻlsa ham tezroq ortga qaytish uchun opam ikkimiz uning oyogʻini bir zumda boshqa tomonga oʻgirib qoʻydik.

Styopka quyosh chiqishi bilan uyqudan uygʻondi-da, oyoqlarini silab qoʻydi.

– Yaxshiyam duch kelgan tomonga oyoq uzatib yotmadim. Endi qaysi tomonga yurishimiz aniq. Yoʻldan adashmaymiz, – deya qoʻli bilan kecha kelgan yoʻlimizni koʻrsatdi. Ozgina tamaddi qilib yana yoʻlga tushdik. Yoʻl tanish edi. Bundan Styopkaning ogʻzi ochilib qoldi. Shunda ham u:

– Axir, yer yumaloq-ku, shuning uchun hamma narsa qaytariladi-da, – deb oʻzini tinchlantirdi.

Orqadan aravaning gʻiyqillagan ovozini eshitib Styopka xayoliga kelgan fikrdan quvonib ketdi.

– Sayohatimizni tezlatish va yer sharini tezroq aylanishimiz uchun aravaga chiqsak yomon boʻlmasdi-da, – dedi. Uning taklifidan keyin biz notanish amakidan iltimos qilgandik, rozi boʻldi.

Aravada charchoqlarimiz biroz yozilib atrofni tomosha qilib ketarkanmiz, oldimizdan qadrdon qishlogʻimiz Peski chiqib qolsa boʻladimi?!

Doʻstimga qarasam, koʻzlariga ishonmaganidan hayratlanib atrofga qaradi:

– Tavba, bizning qishlogʻimizga quyib qoʻygandek oʻxshaydi-ya! Mayli, sayohatda bunaqa voqealar koʻp uchraganini oʻqiganman, – dedi-yu, daryo boʻyiga kelgach, hayrati yanada oshdi. Aravadan tushganimizdan keyin qishlogʻimizdagi kemalar toʻxtash joyini koʻrib, Styopka sekin pichirladi:

– Nahotki, biz yer sharini aylanib chiqdik?!

Uning ahvolidan opam ikkimiz kulib yubordik. Shu payt qirgʻoqqa kema toʻxtab undan buvim, otam, onam va enaga tushdi. Ularni koʻrib yigʻlab yuborganimni sezmay qoldim.

– Kecha kelmaganingizga sizlarni choʻkib ketdi, deb oʻylab qoʻrqib ketdik, – yigʻlab yubordi buvim. Bu gapdan keyin ularni xavotirga solganimiz uchun biroz xijolat boʻldim.

– Biz yer sharini aylanish uchun sayohatga chiqqan edik, – Lelyaning gapidan onamning jahli chiqdi.

– Geografiyani bilmasdan, karra jadvalini yaxshilab oʻrganmasdan, qanday qilib sayohatga chiqish mumkin-a?

Faqat geografiya, karra jadvalni bilishning oʻzi kamlik qiladi. Bunday safarga chiqish uchun oliy maʼlumotli boʻlish bilan birga kosmografiyani ham bilish shart. Bularni oʻrganmasdan sayohatga chiqqanlarning taqdiri ayanchli fojia bilan tugaydi, – dedi buvim.

Uyga kelib ovqatlanib boʻlgach, ota-onamiz sayohatimiz haqidagi hikoyamizni goh kulib, goh xavotir bilan tinglashdi. Styopkaga kelsak, ertasi kuni hech narsa boʻlmagandek oʻynab ketdik. Faqat itimiz Tuzik charchaganidan ikki kun uxladi.

 

Ruschadan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi

 

“Gulxan”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/buyuk-sayohatchilar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x