Shoira Halima Xudoyberdiyevaning, oʻzi aytmoqchi, muxlislar “koʻnglini izlab” tartib bergan navbatdagi sheʼrdastasi “Buyuk qushlar” deb nomlanadi. Shoira poetik ijodining asosiy qismini oʻz ichiga olgan yetti yuz yigirma olti betlik ushbu toʻplam zamonaviy oʻzbek sheʼriyatidagi eng salmoqli kitobdir. Unda shoiraning butun umri davomidagi koʻngil kechinmalari, ichkin sezimlari, poʻrtanali toʻlgʻamlari, ijtimoiy isyonlari, dardu hasratlari yaqqol aks etgan. “Buyuk qushlar” shoiraning dastlabki toʻplami “Ilk muhabbat”dan tortib, eng keyingi “Yoʻldadirman” kitobiga kirgan sheʼrlargacha oʻz bagʻriga olgan. Bulardan tashqari, keyingi yillarda yozilgan yuzdan ortiq yangi sheʼrlar, yaʼni qariyb ellik yillik nazm xirmoni uyilgan. Bir muqova ichida buncha koʻp asarni toʻplab chop etish tajribasi bizda yoʻq edi hisob. Umuman, badiiy asar, ayniqsa, sheʼr oʻqilmayapti degan qarash olamni tutgan bir sharoitda bunday ulkan sheʼriy toʻplamning chop etilishi oʻqiladigan sheʼrga talabgor hamisha boʻlishidan dalolatdir.
Shoiraning ham poetik iqtidori, ham boʻyu bastiga yarasha salmoqli kitobga kirgan sheʼrlar oʻqilgani sari misralarga evrilgan fikr va tuygʻularda muallifning yillar osha kamolotga yetib borayotgan shaxsi koʻringanday boʻladi. Ulkan adabiyotshunos I. Gʻafurov kitobga yozgan soʻzboshisida: “Sheʼr bu – xarakter. Shoir qanday boʻlsa sheʼri ham shunday”, – degan gapni aytadi. Shoir boshqa, sheʼrning lirik qahramoni boshqa degan nazariy qarashga hamisha qoʻshilib boʻlmaydi. Bir qancha personajlari bor nasriy asarlarning qahramonlaridan biri yoki bir nechasi muallifning qarashlarini oʻzida ifodalashi mumkindir. Lirikada esa asarning qahramoni koʻproq shoirning oʻzi boʻladi va u qogʻozga oʻz iztiroblari, quvonchu qaygʻulari, baxtiyu baxtsizliklari, hayratu nadomatlarini toʻkadi. Aynan oʻziniki boʻlgani uchun ham bu tuygʻular oʻzgalargada taʼsir qiladi, ulargada yuqadi. Isteʼdodli ijodkor bitiklarida oʻzga shaxsiyatlarga xos bir koʻp qirralar namoyon boʻladi. Kuyunchak ijodkorning otashli tuygʻulari yolqinidan “qoraygan” oq qogʻoz esa, bu dardlarni oshkor etib, undan oʻchini oladi. Har bir oʻqirman bu bitiklardagi his-tuygʻu va dardu hasratlarni oʻz eʼtiqodi, dunyoqarashi va ruhiy-maʼnaviy darajasiga koʻra qabul qiladi.
Isteʼdod – oʻzi, oʻzgalar va Yaratganga muhabbatdan iborat hodisa. Bu muhabbatning miqyosi isteʼdodning miqyosini belgilaydi. Katta muhabbat katta isteʼdodni yuzaga keltiradi yoki aksincha. Chin shoirga butun olam daxldor. U olamning ichida boʻlganiday, olam uning koʻnglida. Uning uchun begona gʻam, aloqasiz dard, taʼsir qilmaydigan goʻzallik, yuksaltirmaydigan ezgulik yoʻq. Mana shu daxldorlik isteʼdodli shaxs koʻzini oʻtkir qiladi. Bu soʻzboshida:”… dovqur va koʻzlari uzoq-uzoqlarni koʻradi… ufq nimaligini biladi. Ufqlarda qimirlagan har jonzotni ilgʻaydi”, – tarzida toʻgʻri koʻrsatiladi. H. Xudoyberdiyeva ziyrak nazari bilan koʻrganlari, nozik qalbi bilan tuyganlarini pardozlab, soxta odob liboslariga burkamaydi. Barcha isteʼdodli shaxslar singari Halimaxonim ham maksimalist: sevsa, qon yutib suyadi, nafratlansa, qon qaqshatib yomon koʻradi. Iztirobini iztirobday, afsusini afsusday, baxtni charaqlab, baxtsizlikni oʻksinib-oʻksinib, nadomatlarni yigʻlab-yigʻlab toʻkadi:
…Taʼsir qilmas edi: “Hushyor boʻl, farq qil
Odamlarni”, – deb sen qilgan oʻgitlar.
Shovqin, bazmlarga oshiqardi dil,
Tushimga kirardi shoʻxchan yigitlar.
Yillar oʻtdi, kimdir qaddimni bukib,
Hassa tayantirib belim toldirdi…
Qunduz qoshlarimni rashk bilan toʻkib,
Oʻrnida sanoqli tuklar qoldirdi.
Endi,
Endi seni oʻylayman beun,
Qoʻmsab huzuringga chopayotirman.
Onam, sen kiribsan tushimga bu kun,
Tushimda oyogʻing oʻpayotirman.
Kitobdagi baʼzi bitiklarda achchiq qismatning odamni sinovlarga duch etishi, ilojsiz va himoyasiz koʻngil egasini oʻz ixtiyoriga zid ishlar qildirishi, necha koʻngillarni vayron, qancha umrlarni kemtik, ne bir taqdirlarni zavolli aylashi dard bilan aks ettirilgan: “Taqdir ulaganda umrlar zanjirin Nogohda roʻpara boʻldik ikkimiz. Tushunmay yashirin qalblarning sirin, Hissiz yoʻl boshidan birga tushdik biz. Buni tilim bilan olmasam ham tan – Bilasan, yuragim begona edi… Bilasan, yoʻq edi dilimga hokim, Uni oʻzga birov etmagandi jalb. Magʻrur, qushday erkin edim va lekin, Shuningdek senga ham berolmadim qalb”. Bu oʻychil satrlar kishi ruhiyatini junjiktiradi. Negaki, ularda oʻzini olam sarvariman deb yurgan odamning qanchalar ojizligi, oʻzga u yoqda tursin, hatto, oʻz yuragiga-da xoʻjalik qilolmasligi aks etadi. Odatiy tasavvurga koʻra, qoʻshogʻiga koʻngilsizlik birovga koʻngil berganlik tufayli deb tushuniladi. Sheʼr qahramonining holati bu standart tasavvurga sigʻmaydi: yuragida birov boʻlgani uchun yonidagiga koʻngilsiz emas, balki qalbini hech kim egallamagan boʻlsa-da, unga unda joy yoʻq. Hayotning murakkabligi, koʻngil deb atalmish koinotdagi yoʻllarning chigalligi shu joʻngina, ammo betakror tasvirlarda aniq aks etadi. Bu satrlarda holatning qonsiz fojiasi, koʻngliga emas, qismatga qarshi borishga jurʼat qilib, jurʼatidan oʻzi qoʻrqib turgan oʻzbek qizining murakkab holati tasvirlanadi: “Dil qushimni erkin uchirdim – Shunday istak bor edi menda… Ufq qizarib yonayotgan dam – Men tark etdim issiq quchogʻing, Ortiq endi ayblama sen ham! Tuzing haqqi. Meni kechirgil”.
“Men sen bilan xayrlashgan tun” sheʼrida ayriliqning boʻyogʻi nafaqat sevishganu ajralishayotganlar, balki tabiatga ham koʻchgan: “Men sen bilan xayrlashgan tun qaro edi, qaro edi, Tun bagʻri but. Mening bagʻrim yaro edi, yaro edi”. Goʻyoki, tun ayriliqning dahshatidan qoraygan. Ammo baribir, tunga ancha yengil. Chunki uning bagʻri but – hech narsa yoʻqotmagan. Suyuklisidan ayrilayotgan shoiraning bagʻri esa yarali. Tabiat bilan dardli koʻngil holatini bu qadar muvoziy koʻrsata bilish oʻqirmanni muallifga yaqinlashtirib, tuygʻudosh qiladi.
Ochun qarshisida bir chang kabi ushoq odamning koʻngil olami shu qadar bepoyonki, uni kezib oxiriga yetib boʻlmaydi. Ana shu poyonsiz ochunning qay burchida sevinch gullasa, qayeridadir qaygʻu bulogʻi qaynaydi. Shoira hammani yoppasiga suymaydi. Zero, hammani sevish hech kimni sevmaslikning oʻzginasidir. Asl muhabbat alohidalikni taqozo qiladi. Shu bois shoira har bir odamni alohida tuymoq va tushunmoq istaydi. Shu bois oʻzini har bir odam oldida burchli sezadi, nelardandir tazarru qiladi. Ana shu tazarru, afsus-nadomat ijodkor koʻnglini tozartiradi. Bu tuygʻu sheʼrxonga-da yuqib, uni katarsis – poklanishga yetaklaydi. Zotan, quvonch koʻngilni xudbinlashtiradi, qaygʻu esa tozartiradi. Shu bois chin ijodkorlarda hamisha tazarru bosim keladi.
Shoiraning aybdorlik hissi: “Koʻz yoshlaring xuni boʻynimda, Otma, tegar qargʻishing toshi… Turmush bogʻi boʻlmasdan gullab, Yogʻdi unga qayta-qayta qor. Barchasiga kibor qalb sabab, Barchasiga oʻzim gunohkor. Umr balki shodumon oʻtar, Balki… koʻrgum boshda borini. Biroq, Sen qargʻama, qargʻishing tutar, Koʻz yoshlaring sababkorini” satrlarida butun samimiyati, bor chinligi bilan namoyon boʻladi. Sheʼr muallifi – oʻz qalbi va tutumlarining taftishchisi. Birovni emas, oʻzini tekshiradi, oʻzgaga emas, oʻziga ayb qoʻyadi.
Olamni yo kuch yoxud ilm zabt etar, lekin koʻngilni faqat samimiy iqror musaxxar qila biladi. Chin haqida chin yozgani uchun ham shoiraning sezimlari oʻqirman kechinmalariga aylanadi. Ayni shu jihat sheʼrxonni unga tuygʻudosh qiladi. Shoira tuygʻularini yuqtirgani bois oʻqirman sheʼrni joʻn tushunib yechim izlamaydi, balki oʻzga koʻngil tovlanishlarini tuygisi keladiki, sheʼrni yozishdan maqsad ham, uni oʻqishdan murod ham aslida – shu: “Oʻtdi, ammo dilda qoldi chamasi Azobi, oʻzim rad etganim uchun. Bu chigal xatoni tuzatolmayman, Tunday yuragimni ochaman tunga”. Odatda yurak yoniq, alangali tasavvur qilinadi. Lekin odamzod programmalashgan mashina emas, uning yuragi ham doim birday boʻlavermaydi. Ayniqsa, qarshisi yoki yonidagi zot unga choʻgʻ tashlay olmasa.
Maʼlumki, yurakka yoʻl faqat yurak orqali oʻtadi. Shoira samimiy boʻlgani, tuygʻularini pardozlamagani, bejab soxtalashtirmagani uchun oʻqirman koʻngliga kirib boradi. U donolik qilib birovga yoʻl koʻrsatmaydi, aksincha, oʻzi yoʻl topolmay, qiynalayotganini ochiq aytadi. Balki, sheʼrning taʼsirchanligini taʼminlagan omil mana shu ochiqlikdir. Koʻngil koʻngilni aldamagani bois koʻngildan chiqqan chin tuygʻular ikkinchi bir koʻngildan oson joy topadi.
Shoira qismda butunni, butunda boʻlaklar shodasini koʻra biladi. Shu bois sheʼrlarida tasvirni imkon qadar oʻziga yaqinlashtiradi. Chegara bilmas shoirona xayol unga, hatto, oʻz muchalaridan ham badiiy timsol sifatida foydalanishda qoʻl keladi. Shuning uchun bodomqovoqligiga dardi koʻpligidan tunlari yigʻlab chiqishini sabab qilib koʻrsatadi. Bunday kutilmagan poetik izoh sheʼrni ochib yuboradi va uni oʻqirmanga, oʻqirmanni shoiraga yovuqlashtiradi: “Nogoh baxt uyini oson topganim – Unda meni chorlar darcha boʻlgani – Men esa beparvo – Darchani oʻz qoʻlim bilan yopganim – Soʻng dardda qalb parcha-parcha boʻlgani – Sezilmasmish. Tanho damlarimda oʻzim bilan band – ming bir tirilganim – ming bor oʻlganim. Yigʻlab chiqqanlarim uzun tun bilan, Va yigʻidan bodomqovoq boʻlganim – Sezilmasmish…”.
H. Xudoyberdiyevaning samimiy iztirob hissi bilan sugʻorilgan “Bir daqiqa”, “Seni soʻrashar”, “Xayr deyman…”, “Xotiram tumani tarqalayotir”, “Men seni topgandim”, “Kechagi kun” singari sheʼrlari ham oʻzga dillarni rom etishga qodir bitiklar.
Koʻngli keng odamgina yoqtirmagani, yuz oʻgirgani kimsadan xijolat boʻladi, oʻzini uning oldida aybdor sezadi. Chunki sevilmagan odam ham odamligini, uningda koʻngli borligini unutolmaydi. Oʻziga maʼqul boʻlmagan odamki bor, dushman deb tushunilgan zamonlarda ham oʻshanday koʻngil magʻfiratini samimiy tasvirlay olgan shoiraning kengbagʻirligiga tan beradi kishi.
Shoiraning tuygʻulari oʻylab topilmagani, chinligi bois qadrli va taʼsirli. Uning baʼzi sheʼrlarida taqdirga koʻnikmay, unga qarshi isyon qilganidan, bundan ham yomoni, oʻzga bir odamning hayotini sindirganidan aybdorlik hissi aks etadi, ayni vaqtda boshqa yoʻl yoʻqligi, chora toʻgʻriligiga ishonch tuygʻulari ham jaranglaydi:
Aminmanki, avjim bilan shu birinchi davradayoq,
Oʻzimga tong yaratarman, tongim mening otar oppoq.
Shu kabi iqrorlar tasviri oʻqirmanda yorugʻ tuygʻular hosil qilib, quvonchu baxtidan xijolat tortayotgan shoirani tushunishga undaydi. H. Xudoyberdiyevaning sheʼrlari odamning taqdiri gʻoyat chigal ekani, borliq olam oq yo qora emas, sanoqsiz ranglardan iboratligini, ezgulik ortida yovuzlik, qabohat yonida olijanoblik boʻlishi mumkinligini rangin tuygʻular tasviri asnosida kishiga yuqtiradi.
Shoira sheʼrlarida astoydil izlaganga topilgani, chin dildan soʻraganga berilgani, tinmay intilgan erishgani kabi kimgadir soyasi tushib, zaxa yetkazib qoʻyishdan choʻchib yashagan shaxs ruhiyatida ham shodmon tuygʻular bot-bot uygʻongani ifoda etiladi. Asl tuygʻu oʻzi keladi, uni yasab boʻlmaydi, butun keladi, boʻlaklardan qurab boʻlmaydi. Bu holat tasviri “Oʻsma qoʻygan qora qoshlarim, Nim qizil, shoʻx lablarim bilan Jovdirashim, goh dovdirashim, Koʻzda qalqqan yoshlarim bilan Sevildim birdan… Bilmay qoldim… qay baxtli kun Gʻavgʻo soldim uning oʻyiga…” misralarida ifodasini topgan. “Behadik quvonsam qaniydi” satrlarida esa qimmatga tushgan baxtini yoʻqotib qoʻyishdan xavotirdagi kishi holati aks etadi. Toʻkislik, mukammallik Yaratganga xosligini anglab, oʻzining yaratiq ekanini unutmagan hamma odam kabi sheʼrning qahramoni ham baxti butunligidan qoʻrqib yashaydi.
Har qanday odamning hayoti nur va soyalardan iborat boʻlganidek, bir inson oʻlaroq, shoira ham oq va qora kunlar qurshovida yashaydi. Uning keyingi yillarda yozilgan sheʼrlarida dunyoning achchiq-chuchugini xoʻp totgan kayvoniga xos kuzatish, iqroru iztiroblar: “Qachonlardir menga zor boʻlgan baxtga Bugun oʻzim zormen, qoʻllarim choʻziq…” tarzida aks etadi. Bu tasvirlar ozurdajon kimsaning yozgʻirigʻi ifodasi emas, ular ochunning mohiyatini anglagan oʻy kishisining hasratli qarashlari. Bu iqrorlar shunisi bilan qimmatli, ayni shu xislati tufayli shaxsiy qobiqlarni yorib chiqib, oʻzga koʻngillargada urugʻ boʻlib ekilishga munosib.
Oʻqirman, umuman, badiiy asarlardan, ayniqsa, lirik bitiklardan koʻproq muallif shaxsini, “men”ini qidiradi. Bu shaxsiyatning ibrat boʻlgulik jihatlarini oʻziga yuqtirishga urinadi. Ushbu “men” qanchalik oʻziga xos, betakror boʻlsa, uning badiiyatga evrilgan aksida ham joziba shunchalik kuchli boʻladi. Shoiraning “Mashʼala” sheʼridagi: “Bu mashʼala kuyib ketgan, Kaftlarimda ildiz otgan, Oʻt koʻtarib ketayotgan, Boʻysunmas qoʻllarim kuydi” misralarida yonayotgan oʻt kaftida ildiz otgan ayol shaxsiyatining favquloddaligi sheʼrxonni rom etadi. Oʻqirman tuygʻular yirikligi, ifoda qabariqligidan hayratga tushadi.
Halima Xudoyberdiyevaning “Ayol oʻtib borar” sheʼridagi:
Sen soʻrama, men ham aytmayman,
Kuragimning singanini qars.
Shovqin solma, men uygʻotmayin,
Yuragimda yotar bir yoʻlbars
satrlari tasvirlanayotgan tuygʻularning yirikligi bilan oʻqirmanni ham seskantiradi, ham oʻylantiradi, seskantirib oʻylantirishi orqali yuksaltiradi.
Oʻz ijodiy missiyasi va rutbasini yaxshi bilgan shoira dunyo ishlariga dunyolarcha yiriklik bilan qaraydi. Dunyoda yashab, uning yetagida yurganday koʻringani bilan oʻz salohiyatini bilgani bois ijodi yolgʻonchi dunyo yolgʻonlaridan baland turishini his etadi. Bu tuygʻu “Men bir kuni” sheʼridagi: “Garchand tishga bosib tishimni, Oʻz yelkamdan oʻzim bosib tek, Gungday ketdim Soʻng bekatgacha. Lekin ortimda qolgan sheʼrlarim Bu dunyoning yolgʻonlaridan Qah-qah urar qiyomatgacha” misralarida yolqinlanadi. Bu satrlarda dunyo maydaliklaridan baland turgan yirik shaxs qanoatlari oʻta jaydari soʻzlar orqali esdan chiqmas yoʻsinda ifoda etiladi. Shoiraning jimgina yashash tutumi ojizligidan emas, balki cheksiz ichki qudrati bois ekani taʼsirli ifoda etilgan.
Adabiyottanuvchilarning “lirik qahramon” haqidagi fikrlarini qoʻllagimiz kelmasa-da, shoir bilan sheʼrda tuygʻulari tasvirlangan kimsani bitta narsa deb qarash doim ham toʻgʻri emasligini poetik dalillarning oʻzi koʻrsatib turibdi. Chunonchi, “Oʻt bilan…” sheʼrida shoira yuqoridagi qanoatlarini tamomila rad etganday boʻladi: “Yashayapman, bilmay qay rangda sukut – Betoqat toqatga toʻldir jomimni, Oʻlsam ham… qachondir oʻldiradi oʻt – Hayajon oladi jonimni…” Bu satrlarda shoira tabiatidagi yovqurlik, ruhiy toʻfon bor boʻyi bilan koʻringan. Goʻyo, bir odamda bir-biriga tamomila ters ikki ruhiyat borday…
Shoira bitiklarida oʻychil va dardchil odam uchun yashash azobligini, uning shularga chidashga mahkumligini sezgan, yashash deganda oʻzgalarga xalal bermay kun kechirishni tushungan zot chin odam maqomiga loyiqligi teran aks etadi. “Oʻzimni oʻrgatdim” sheʼridagi:
Toptalsam-da toʻfon tuyoqlarida,
Sinib, soʻlmaslikka oʻzni oʻrgatdim,
…Koʻkdan tusholmaslar mening doʻstimmas,
Men pastlik, xaslikka oʻzni oʻrgatdim,
…Baxtsizning oldida yarqiratib toj,
Baxtli boʻlmaslikka
Oʻzni oʻrgatdim
poetik qatorlarida boshqa odamlar bilan birga odam boʻlib yashay olish sanʼatini egallagan odam tuygʻulari ifodasini topadi. Oʻzni koʻpdan ayri koʻrmaslik, oʻzgani oʻzday tuya bilish chin ijodkor va chin inson mohiyatining belgisidir.
“Iltijom shu…”, “Oshiqlik” kabi sheʼrlarida shoira va odam Halimaning “Men”i yaqqolroq koʻrinadi. Tabiatan hamisha ehtiyojlar ichida yashovchi inson doimo nimalargadir muhtojlik sezadi va unga yetishish uchun Allohga iltijolar qiladi. Qizigʻi shundaki, har kimning soʻragani oʻziga yarasha boʻladi. Har kim oʻz saviyasi va darajasidan kelib chiqib ehtiyojmand boʻladi: kimdir davlat, kimdir farzand, kimdir sogʻliq, kimdir yana nimalar…
Shoiraning soʻraganlari ham oʻz darajasida. U avvalo, el qizi, millat onasi sifatida: “Iymonimga oʻrab yurgan boyligim, Turk elimni shafqatingga zor qilma,… Turkistonni xor qilma”, – deb soʻragan boʻlsa, moʻmina ayol sifatida: “Bir qoʻl suydi qizilini yuzimni, Koʻzga surtdi horgʻin-horgʻin izimni. Ketar chogʻim shu qoʻl yopsin koʻzimni, Boshqa baxtdan endi baxtiyor qilma”, – tarzida tavallo qiladi. Bir ona sifatida esa: “Ishqni gulday osib yursin bolalar, Izimizni bosib yursin bolalar, Bizlarga munosib yursin bolalar, Alar oʻtar yoʻlaklarni qor qilma…”, – deya oʻtinadi. U taqdiridan nolimaydi, berilgan neʼmatlarning shukrini qiladi. Lekin bir banda sifatida uning Yaratgandan boʻlakcha tilovi bor. Oldinroq farzand sifatida yurt kamolini, ayol sifatida otashin ishq, ona sifatida bolalar kamolini oʻtingan shoira soʻngroq: “Parvonaday oʻlganini bilmay qol”ish uchun “chiroqqa oshiqlik”, mahshar kuni chalinadigan “qoʻngʻiroqqa oshiqlik”, soʻnggi damga – “ketar choqqa oshiqlik”, “bitta gilga, Bir tuproqqa oshiqlik”, “chin dunyoga, Oʻshal yoqqa oshiqlik” rutbalarini tilaydi. Shuncha soʻralayotganlar zamirida aslida birgina narsa – Allohga qullik va oshiqlik bor. Unda esa, oʻzlikni anglagan baland shaxsiyat namoyon. Shu yirik shaxsiyat sheʼriyatga koʻchgani uchun oʻqirmanga suyimli. Maʼlumki, suygan koʻngil suyuklisiga oʻxshashga intiladi. Demakki, komillashadi.
Bejizga buyuk insonlarga bagʻishlangan “Buyuk qushlar” sheʼrining nomi kitobga chiqarilmagan. Buyuklar haqida shoira: “Buyuk qushlar – buyuk insonlar hamisha, hamma zamonlarda oʻzlarining sir-sinoatli umrguzaronliklari, gʻam-anduhli va shodumon kunlari, katta baxt va baxtsizliklari bilan butun insoniyat diqqatini oʻziga qaratib kelgan. Qanchalik buyuk isteʼdod egalari boʻlishmasin, ular ham inson bolasi. Shu bois insonlar hayotiga neki daxldor boʻlsa, ularning ham hayotlariga daxldor boʻlishi tabiiy”, – deb yozadi. Bu sheʼrda buyuklarni ayamaslikday insoniyatga xos ulugʻ bir nuqson haqidagi achchiq haqiqat ifoda etilgan. Chindan-da, vaqtida ayalmagani bois vayron boʻlgan taqdirlarga doir “haqiqatning egilsa-da, sinmasligi”, “oltin zanglamasligi”, “asl aynimasligi”, “qoʻlyozmalar yonmasligi”, “oyning oʻn beshi qorongʻu boʻlsa, oʻn beshi yorugʻligi” kabi haqiqatlar allalovchi taskinlar, xolos. Bunday deyish, ezgu amalning vaqtida qilinmaganini xaspoʻshlab, oʻzini aldashdan boshqa narsa emas. Aslida qoʻlyozmalar “lovullab kul”ga aylangani va ularni bitgan oltin boshli zotlarning “xor boʻlib” oʻlganiga tarix koʻp bor tanigʻ boʻlgan. Shoira odamizodni “ermas, koʻkka oid buyuk gumanoid” zotlar – buyuklarga loyiq boʻlish, ularni himoyasiz tashlab qoʻymaslikka chaqiradi.
Buyuklar hamisha ham kamchilikni tashkil etib, ommadan ajralib turadilar. Omma esa, tabiiyki, oʻzidan ajralib turganlarni koʻpda yoqtiravermaydi. Shu bois buyuklar: “Koʻzga tushgan chogʻlaridan,… Bu dunyoning sogʻlaridan, Bemor boʻlib oʻtganlar”. “Sogʻlar” – hisob-kitob bilan yashaydigan kimsalar, hayotini oʻziga foyda bermaydigan qandaydir gʻoyalarga bagʻishlagan kishilar esa, ularning nazarida, bemorlar. Bundaylar oʻz yukini birovga ortmaydi, qadamidan foyda chiqarishga urinmaydi, ayni shu jihatlari bilan boshqalarga begona boʻlib koʻrinadi. Ular, ayniqsa, mehrga, ishqqa “zor-zor boʻlib oʻlgaylar”. Koʻpchilik esa, “qoʻlyozmalar yonmaydi”, – deb oʻz qilmishlari uchun oʻzlariga taskin beradigan tomoshachilar, xolos.
Sheʼrda shoira “buyuk qush”larning “Oʻzlari yuvvoshdan yuvosh” va “Xotinlari chimirar qosh” ekanini taʼkidlash orqali koʻkka loyiq ulugʻlarni yerdagi mayda tashvishlar xarob etishi mumkinligini koʻrsatadi. Ayol zoti – tabiatan shon-shuhrat, boylik va martabaga oʻch. Tabiatining shu jihati uni buyuklar eʼtiborini qozonishga undaydi. Buyukning mehriga erishgach, moddiy toʻkislik talabi paydo boʻladi. Buyuk zot uning mana shu mayda talablarini ham qondirishi kerak. Ammo chinakam buyuk shaxs, kim boʻlmasin, bir kishiniki boʻlolmasligi bilan buyuk. Demak, u ayol talablarining ijrochisi boʻlolmaydi. “Turmush boshda shahdu shakar, Bora-bora u talxu tar”ligi sababi shunda. Ulkan orzularining yoʻliga eng yaqin kishilari toʻsiq ekani bois: “Yor qoʻllari tutsa zahar, Beyor boʻlib oʻlgaylar” tarzida qanoti qayriladi “buyuk qushlar”ning. Xiyonat yotdanu yovdan emas, qoʻynidagi suygulidan kelgani buyuk qushlarning qanotini qirqib, uni kunda necha-necha bor oʻldiradi. Zero, ular mayda maishiy talablarga moslasholmay, tezgina zavol topadi. Zotan, qanotli qushga qafas emas, bepoyon osmon kerak. Uni qafasga tiqish: “Yolgʻiz joni sigʻmas koʻshkka, Shoni baland, qoʻli qisqa. Buyuk qushlar chimdim ishqqa, Zor-zor boʻlib oʻlgaylar” tarzidagi yakunga olib keladi.
Ozod qush uchishdan zavqlangani, uning uchun hayot maʼnosi parvozdan iborat boʻlgani kabi “buyuk qushlar” ijoddan, ishdan panoh topadilar. Bundaylar ishdan zavq oladilar, ishlayotganlarida yashaydilar, yaratayotganlaridan baxtli boʻladilar. Ular oʻzlarini ayash haqida oʻylamaydilar. Shu bois ham: “Ular rangpar, ular ozgʻin, Boshdan oyoq sirlarday. Qarashlari sokin, ezgin Paygʻambarday, pirlarday”.
Koʻngillarida ezgulikdan boʻlak tuygʻu yoʻqligi bois shoira buyuklarni Xudoning elchilari deb biladi, paygʻambarlarga mengzaydi. Shu sabab buyuklarni odamlar orasiga emas, koʻkka, Yaratganning makoniga munosib koʻradi. Buyuklarni tuyib, ularning zavol koʻrishini istamagan shoira Yaratgandan: “Mahshar kunigacha toki, Elchilarim sogʻ ketsin”, – deb oʻtinadi.
Sheʼr nihoyasida millatning yuksalishi oʻz buyuklarini tuyishi, suyishi va asrashida ekani gʻoyat taʼsirli yoʻsinda ifoda etiladi:
Katta vatan, suy, kuy desang,
Tishga bosib tishlarni.
Tagʻin oldga siljiy desang,
Asra, buyuk qushlarni!
Asrashga arzigulik odamni asrashga chaqiriq shoiraning ijodiy kredosi deyish mumkin. U hammani suysa-da, hamma uchun kuysa-da, lekin millatni “oldga siljit”guvchi buyuk qushlar uning uchun farzandlarday ardoqlidir.
Inson hamisha hayotini sarhisob qilib yashaydi. Topilganu yoʻqotilganlar, erishilganu boy berilganlar, orzularu armonlar, chaqmoqday lahzalik baxtli kunlaru yillardek uzun baxtsiz lahzalar taftish qilinadi, xulosa chiqariladi, moʻljal olinadi. Umrining ayni yetuklik pallasida ilhom paykallarida yetilgan sara poetik hosildan ulkan xirmonlar uyayotgan Halimaxonim sheʼr oshiqlari koʻngliga tobora chuqurroq kirib, koʻproq huzur bagʻishlayverishiga umid qilamiz.
Poetik nazarining oʻtkirligi, xayolot parvozining yuksakligi, badiiy mantigʻining salmogʻi, insoniy dardlarining samimiyligi, oʻtligʻ tuygʻularining chinligi bilan sheʼriyatning buyuk qushiga aylangan shoiraga yuksak parvozlar yor boʻlsin!
Qozoqboy YOʻLDOSH
“Yoshlik”, 2013 yil, 9-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/buyuk-qushning-parvozi/