Buyuk ibrat

Atoqli adabiyotshunos olim, faylasuf, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Vohid Zohidov mamlakatimiz madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan siymolardan. Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammadrizo Ogahiy, Zokirjon Furqat singari buyuk ajdodlarimizning ijodini oʻrganishda ustoz olimning tadqiqotlari qimmatli ahamiyatga ega. Ayniqsa, hazrat Alisher Navoiy ijodini oʻrganish, tadqiq va targʻib etishda Vohid Zohidovning ilmiy merosi bugungi kunda navoiyshunoslar tomonidan eʼtirof etilayotgani diqqatga molik. Bu haqda soʻz yuritilganda, albatta, birinchi galda olimning “Ulugʻ shoir ijodining qalbi” kitobi tilga olinadi.

Ustoz kitobini teran maʼnoli nom bilan nomlagan: bir jihatdan shoirning ulugʻligi alohida taʼkidlansa, ikkinchidan, qalb soʻzi shoir ijodiyotining koʻzgusiga ishora qiladi.

Ushbu kitobning “Mehri munir”, “Zebi torak” deb nomlangan beshinchi faslida Alisher Navoiyning oʻzbek adabiy tili rivojini mumtozlik darajasiga koʻtarishda qoʻshgan hissasi, “oʻzbek tili uchun butun jonu jahdi bilan kurash”gani haqida soʻz yuritiladi. “Ulugʻ shoir ijodining qalbi” kitobidagi ushbu sahifalarni oʻqir ekanmiz, ona tilimiz sofligi, faolligi va yanada rivoj topishi yoʻlida burchli ekanimizni chuqur his etamiz. Zotan, ulugʻ bobokalonimizning oʻzbek tili shaʼni, mavqei va martabasi uchun olib borgan kurashi biz uchun buyuk ibrat namunasidir.

Quyida V. Zohidovning “Ulugʻ shoir ijodining qalbi” kitobi beshinchi faslidan ayrim sahifalar eʼtiboringizga taqdim etilayotir.

 

Burobiya RAJABOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

 

Navoiycha, adabiy asar shoirning oʻz xalqi tilida, oʻz ona tilida yozilishi kerak va shu bilan xalqiga xizmat qilishi lozim. Shuning uchun ham Navoiyning oʻzbek tili uchun olib borgan kurashi tasodifiy boʻlmasdan, uning (Navoiyning) xalqparvarligi bilan, adabiyotga, uning vazifasiga, maqsadiga, ahamiyatiga shu nuqtai nazardan qarashi bilan siqiq bogʻliqdir.

Navoiy bir xalqning hisobiga ikkinchi xalqning baxtli boʻlishini, bir xalqning tilini pastga urish hisobiga ikkinchi xalqning tilini rivojlantirishni hech istamagan, aksincha, u bundan nafratlangan. Oʻzbek xalqi oʻz tilidagi yuksak adabiyotga, fanga ega boʻlsin, undan bahramand boʻlsin, boshqa xalqlar ham oʻz tillarida oʻzlari uchun foydali adabiyotga ega boʻlsinlar deb, taʼkidlagan Navoiy. U, masalan, oʻzining “Muhokamat ul-lugʻatayn”da (shunday fikrni shu asarda aytishligi ham juda xarakterlidir…) aytadiki, oʻzbek xalqi orasidan maydonga kelgan uning (xalqning) shoirlari, “qobiliyat egalari” oʻz asarlarini fors tilida aytmasalar edi va agar ham turkiy, ham fors tillarida sheʼr aytishga qobil boʻlsalar, koʻproq oʻz tillarida aytsalar edi, agar juda boʻlmasa, ishni oshirib yuborishni istasalar, unda har ikki tilda barobar aytsalar edi, deydi.

Navoiy boshqa xalqlarni sevganidek, ularga gʻamxoʻrlik qilib, ularning ham xushbaxtligini koʻzlaganidek, oʻz xalqini ham sevadi:

Agar bir qavm, gar yuz, yoʻqsa mingdur,

Muayyan, turk ulusi xud meningdur –

deydi, uning ayanch holatini, cheklangan (bu yerda soʻz har narsadan oldin til masalasi ustida ketayotir) huquqini koʻrib, yurakdan achinadi va unga oʻzining qudratli yordam qoʻlini uzatadi.

Navoiyga qadar oʻzbek shoir va olimlari oʻzbek tilining boy, goʻzal, ilmiy, adabiy til ekanligini tarannum etish harakatida boʻladilar va bu ishda anchagina muvaffaqiyatlarga ham erishadilar. Lekin ular oʻzbek tilining barcha boyliklarini ochib tashlay olmagan, uning hamma nozikliklarini, goʻzalliklarini koʻrsatib bera olmagan, oʻzbek tilining fors tilidan hech qolishmasligini atroflicha ilmiy isbot etib bera olmagan, oʻzbek tilida “Xamsa”lar va shunga oʻxshash boshqa jiddiy adabiy, ilmiy asarlar yarata olmagan edilar. Yoki yaratgan boʻlsalar ham hozircha bizga maʼlum emas. Shu jihatdan ular, xalqni u (xalq) uchun kerakli ruhiy ozuqalar bilan yetarli darajada taʼmin etishdan uzoqda qolgan edilar. Alisher Navoiy buning jiddiyligini juda yaxshi tushunib, yeng shimarib ishga tushadi va buni bajarishda gʻoyat zoʻr hamda muhim muvaffaqiyat qozonadi…

Navoiy oʻzining olijanob gʻoyalari uchun, ularni amalga oshirish vositalaridan birisi boʻlgan oʻzbek tili uchun butun jonu jahdi bilan kurashadi. U bu yuksak ideal uchun, oʻzbek tili uchun boʻlgan murakkab kurashning butun asosiy ogʻirligini oʻz ustiga oladi. Bu kurash keskinlashadi, qizgʻinlashadi, Navoiy tolmaydi, bu kurash zoʻrayadi, Navoiy chekinmaydi. Uning bu harakatlariga Sulton Husayn Boyqaro xayrixohlik bilan qaraydi, unga yaqindan yordam beradi. Oʻzbek shoirlari oʻz ona tillarida ijod qilishlari haqida hatto maxsus hukmlar chiqaradi. Navoiy bu haqda shunday deb xabar beradi:

“Bovujud bu sultonus-salotinning (Husayn Boyqaroning – V. Z.) kimiyo asar xotiri va xurshed osor zamiri dogʻi munga moyilki, turk nozimlari oʻz alfozlari bila sheʼrga mashgʻulluq qilgʻaylar va koʻngul gʻunchasi dogʻidinki, pechlar chirmonibdur bahor nasimidek anfos bila guldek ochilgʻaylar. Va iltifot va ihtimom yuzidan baʼzi maʼnilar topib nazm qilurgʻa hukmlar ham joriy boʻldi va soʻz uslubigʻa taʼyinlar va adosigʻa taʼlimlar ham izhori boʻldi”.

Navoiy oʻzbek tilining yashashga haq-huquqini barpo etish uchun, uning qadru qimmatini koʻtarish uchun bu haqda maxsus nazariy asar yozish zaruriyatini ham his qilib oʻzining “Muhokamat ul-lugʻatayn” degan asarini yaratdiki, bunda avtor maqsadiga erishadi, yaʼni oʻzbek tilining fors tilidan har jihatdan qolishmasligini atrofli qilib nazariy isbot etadi, asoslab beradi. Oʻzbek tilining imkoniyatlari gʻoyat keng ekanligini, bu tilda har turli soʻz tuzish, chiroyli soʻzlash, goʻzal nazm tartib etish, afsonalar yaratish imkoniyatlari mavjud ekanligini, bu tildagi soʻzlarning koʻpligini, ifodaning kengligini, ajoyib uslubning borligini, oʻzbek tilining oʻtkirligini va nafisligini, bu tilda har qanday maʼnoni, har qanday ilmiy adabiy fikrni toʻliq ifodalash mumkinligini yaqqol koʻrsatib beradi. Navoiy kitobida “haqiqatning bu kungacha hech kim mulohaza qilmaganidan, haqiqat ular oldida yashirin qoldi”, deb yozadiki, “Muhokamat ul-lugʻatayn” kitobi bilan “turk ulusi fasihlariga ulugʻ haq sobit qildimki, oʻz alfoz va iboratlari haqiqati va oʻz til va lugʻatlari kayfiyatidin voqif boʻldilar va forsigoʻylarning iborat va alfoz bobida taʼn qilur sarzanishidin qutuldilar. Alar dogʻi ranj va mashaqqatim muqobalasida, chun bu mahfiy ilmdinki zohir qilibmen, vuquf topsalar, umed ulkim, bu faqirni xayr duosi bila yod qilgʻoylar va ruhumni oning bila shod qilgʻoylar”.

Navoiy oʻzbek tilining boyliklarini, oʻzbek tilining fors tilidan qolishmasligi haqidagi haqqoniy daʼvolarini oʻzining ham adabiy, ham nazariy asarlarida shunday isbot etib beradiki, bunga fors-tojik adabiyotining, tilining nodir, koʻrkamli namoyandalaridan biri boʻlgan dohiy sanʼatkor Abdurahmon Jomiy ham tamomila iqror boʻladi va Navoiyga (uning “Xamsa”si haqida soʻzlab) oʻz “Iskandarnoma”sining oxirida shu soʻzlarni aytgan edi:

Zihi tabʼi tu ustodi suxan,

Zi miftohi kilkat kushodi suxan,

Suxanroki az ravnaq aftoda bud,

Bu kuni havon raxt binhoda bud.

Tu dodi digar bora in obroʻy,

Kashidi ba javlongahi guftugoʻy,

Safoyob az puri roi tu shud,

Navoye z lutfi navoi tu shud.

Mazmuni:

Sening taʼbing ajoyib soʻz ustodidir.

Qalaming kalidi bilan soʻzlar xazinasi ochildi.

Ravnaqdan qolgan va

Xoʻrlikning burchagidan oʻrin olgan turkiy soʻzlarga

Sen yangidan obroʻy berding,

Uni ijod maydoniga chiqarding.

Sening fikring nuridan tiniqlik zavqlar topdi.

Ey Navoiy, u sening navolaring lutfidan navo

qiladigʻon boʻldi.

Navoiyning oʻzi ham bu ishda, oʻzbek tili uchun kurashda mustasno katta gʻalaba, muvaffaqiyat qozonganligini bilib, bu haqda Sharq poeziyasidagi “faxriya” usulidan istifoda etib yozgan edi:

Falak koʻrmadi men kibi nodire,

Nizomiy kibi nazm aro qodire.

Ne nazmi der ersam meni dardnok

Ki har harfi boʻlgay aning durri pok…

 

Shuning uchun ham Navoiy oʻzbek tili uchun keskin kurash olib boradiki, bundan uning maqsadi – sevimli xalqning manfaatlarini mudofaa etish, xushbaxtligini koʻzlash, madaniylashtirish edi. U oʻzining quyidagi soʻzlari bilan oʻz asarlarini shu maqsadda yozganligini taʼkidlab oʻtadi:

 

Men turkcha boshlabon rivoyat,

Qildim bu fasonani hikoyat.

 

Kim shuhrati chun jahonga toʻlgʻoy,

Turk eliga dogʻi bahra boʻlgʻoy.

 

Vohid ZOHIDOV

 

“OʻzAS”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/buyuk-ibrat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x