Sherzod bilan Shahzod buvijonisi bilan bogʻchaga ketayotgandi. Qarshilaridan oppoq yaktakli, qoʻlida qaychiga oʻxshagan nimadir ushlagan amaki chiqib qoldi.
Bolalar buvilariga qoʻshilib amakiga salom berishdi.
– Buvijon, amakining qoʻlidagi nima? – soʻradi Shahzod, amaki uzoqlashgach.
– Shuniyam bilmaysanmi, tokqaychi-ku, – bilagʻonlik qildi Sherzod.
– Vuy, togʻqaychi deysanmi? Nima, amaki unda togʻni qirqadimi? – hayratlandi Shahzod.
– Togʻqaychi emas, tokqaychi. Tokqaychida tokni xomtok qilishadi, daraxtlar, butalarning ortiqcha shoxlarini kesishadi. Amaki bogʻbon. Tokqaychi bogʻbonlarning ish quroli, – tushuntirdi Mavjuda buvi.
– Voy, bogʻcha opamiz, miltiq, tank, avtomat, pulemyotni qurol, deganlar-ku.
– Bogʻcha opang harbiy qurollar haqida gapirgan. Men ish quroli haqida gapiryapman. Har bir kasb egasining ishlatadigan maxsus asboblari boʻladi. Ana shular ish quroli deyiladi. Masalan, mening ish qurolim – igna bilan ip. Negaki, men tikuvchiman.
– Adamning ish quroli-chi?
– Adangning ish quroli – avtobus. Chunki u haydovchi, avtobus haydaydi.
– Voy, buvijon, avtobus juda katta-ku, uyam ish quroli boʻladimi?
– Boʻladi.
– Shuning uchun uni qoʻllarida koʻtarib yurolmas ekanlar-da, – qiqirladi Shahzod.
– Avtobus ish quroli boʻlgani bilan uni koʻtarib yurib boʻlmaydi. Uni haydab boʻlgach, mashinalar turadigan uyga qoʻyib keladilar, – tushuntirdi Sherzod, – toʻgʻrimi, buvijon?
– Toʻgʻri, aqlliginam!
– Oyimning ish quroli-chi?
– Oying oʻqituvchi, uning ish quroli daftar, qalam, doska, boʻr.
– Bilmadiz, oyimni ish quroli-chi, buvijon, qozon, choʻmich. Qozon, choʻmich boʻlmasa, oyim bizga ovqat pishirib berolmaydilar, – oʻzining gapini maʼqulladi Shahzod.
– Bu gaping ham toʻgʻri, oshxona bekasining ish quroli qozon, tovoq, choʻmich, – kuldi Mavjuda buvi.
– Buvijonlarning ham ish quroli bormi?
– Buvilarda ish quroli yoʻq, bolam. Buvi, bu – kasb yoki hunar emas-ku, – oʻylanib qoldi Mavjuda buvi.
– Yoʻq, men bilaman: buvilarning ish quroli bor, – Sherzod buvisini quchoqladi.
– Xoʻsh, bilagʻonim, qani ayt-chi, buvilarning ish quroli nima ekan?
– Buvilarning ish quroli, bu siz aytib beradigan qiziq-qiziq ertaklar, topishmoqlar.
– Buni qara, shuni oʻylab koʻrmagan ekanman. Juda toʻgʻri topding. Buvilarning ish quroli sizni aqlli, odobli boʻlishga undovchi hikmatli soʻzlar, topishmoq va ertaklar, – Mavjuda buvi nabiralarini mehr bilan quchoqladi.
Muhabbat HAMIDOVA
“Yoshlik”, 2012 yil, 11–12-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/buvining-ish-quroli/