BUSHMEN TILLARI — Jan. va Sharkiy Afrikaning tub aholisi bushmenlar tili. Bushmen tillarida soʻzlashuvchilar soni 80 mingdan ortiq (1990-y. lar oʻrtalari). Bushmen tillari deyarli tadqiq etilmagan (shu guruhdagi tillardan 25 ga yaqinining nomi maʼlum). Faqat 3 guruhi:
1) auei dialektiga ega boʻlgan kung tili;
2) 2 dialektli (namani va auni) kong yoki makong tili;
3) kxomani yoki iusan va unga qardosh bastva tili oʻrganilgan. Bushmen tillari tish, alveolyarpalatal, ikkita lateral va bilabial tovushlarga ega. Yaxshi oʻrganilmagani uchun grammatik qurilishi haqida maʼlumot uchramaydi. Feʼllar va nomlar asosi farq qilmaydi. Koʻp maʼnolilik (polisemantizm) kuchli. Grammatik jins yoʻq. Koʻpgina nomlar turli oʻzaklardan tashkil topadi (mas, noag tilida «erkak», «ota» — laʻa, koʻpligi — // xaa; «koʻz» lun, koʻpligi — lwani). Sonlar faqat 2 ta: «bir», «ikki»; keyingi miqdorlarni bildirish uchun «koʻp» soʻzidan foydalaniladi. Feʼllar zamon, tuslanish, mayl koʻrsatkichlariga ega emas. Sodda gapda soʻz tartibi — subyekt, predikat va obyekt tarzida.