“Burnogʻi odamlar boʻlganida bormi…”

yoxud oʻquvchilarim uchun noanʼanaviy dars

 

Sen bilan dildan suhbat qurishga nima yetsin, navqiron doʻstim!

Koʻhna dun nafaqat sir, balki hikmatlarga ham lim toʻla. Ulardan haq va nohaqni ajratish, yaxshi va yomonni fahmlatish biz – bani odamning chekiga tushgan. Gʻaroyib olam sir-asrorlari oldida ojiz qolganimizda esa otalar soʻzi madadga kelar ekan.

 

– Hoy, kat-matta odam, uyalmay choshgoh chogʻi ham choʻzilib yotaverasanmi, sen ham bunday farishtalar ulashayotgan rizqdan nasibangni olib qol…

Otamning biroz qahrli, shuning bilan birga mehrli ovozidan uygʻonaman, biroq issiq oʻrnimni sovutgim kelmaydi, oʻzimni eshitmaganga solib yotaveraman. Hatto onamning:

– Turaqol, bolam, otangning jahlini chiqarma, – deb yalinishlari ham oʻtmaydi.

Goʻyoki hamma narsa insonga abadiy berilgandek, vaqt yetib tabiat qonuniyatlari oldida ojiz qolishingni ham, ota va ona insonga gʻanimat ekanini ham anglamaysan. Ammo…

Yillar oʻtib ortda qolgan umring sahifalariga bir zum nazar solging kelar, ota va onang sen uchun bedor oʻtkazgan tunlarni, bolam yaxshilarga yondashsin deya, har bir qadamingni tergab turganini eslab, ulardan ibrat izlashga tushar ekansan.

 

Yogʻoch tovoq sogʻinchi

Oʻn toʻrt yoshidan maktabda dars bergan, yigirma yilcha bilim maskanini, tagʻin shuncha muddat davlat xoʻjaligi firqa qoʻmitasini boshqargan otam nafaqaga chiqqach uyga sigʻmay qoldi.

– Oyogʻingizni choʻzib oʻtirmaysizmi, koʻchada nima qilasiz, – jerkib beradi onam ohorli kiyimlarini kiyib, koʻchaga chiqib ketayotgan otamga.

– Senga maza, qoʻshni ayollar chiqsa gurunglashib kunni qaritasan, men nima qilay, ishlab oʻrgangan odam, uyda oʻtirib bilarmidim.

Shu tariqa qoʻllarini orqasiga chirmashtirib olgan otam uydan chiqib ketganicha, qosh qorayganda bahri ochilib qaytardi:

– Menam Safar joʻramning maktabidan toʻrt-besh soat dars olsammi.

– Endi qarigan chogʻingizda bolalarga oʻralashib yurishingiz qoluvdi.

– Maktabning mehrigiyosi bor, esimni tanibmanki umrim bolalar orasida oʻtgan.

– Uyda bola yoʻqmi, davlatning bergan nafaqasiga shukur qilib, nabiralaringiz bilan oʻynab oʻtiravering-da, – onamga qoʻshilib otamni shashtidan qaytarishga harakat qilamiz.

Lekin otam har ertalab biz qatori uydan chiqib, ilgari faoliyat koʻrsatgan idoralariga borish odatini tark etmaydi.

Otamizning qaysidir birimizga qoʻl koʻtargani yoki achchiq-quruq gaplar aytganini eslolmayman, oʻylab koʻrsam u kishi qandaydir harakatimizdan koʻngli toʻlmagan, yuragi ogʻringan boʻlsa-da, ovozini koʻtarmas, xalq maqollari bilan beozorgina xatomizni toʻgʻrilab qoʻyar ekan. Ayniqsa, “Nonni katta tishlasang ham, gapni katta gapirma”, “Bor tovogʻim, kel tovogʻim, bormasang, kelmasang, ora yoʻlda sin tovogʻim”, “Suv balosidan, oʻt balosidan, nohaq tuhmat balosidan saqlasin”, “Zorimiz bor, zoʻrimiz yoʻq” kabi maqollar oila davrasida tez-tez qulogʻimizga chalinib turardi. Oilamizning bobomeros katta yogʻoch tovogʻi boʻlardi. Uyda qaynatma shoʻrva pishirilsa, otamiz shu tovoqqa maydalangan patirni bosib, hammamizni dasturxon boshiga chorlardi:

– Bir tovoqdan non yeganga nima yetsin.

Besh-olti qoʻl tovoqqa choʻzilardi. Navqironlikka boribmi, aka-ukalar gap talashib, oqibat oramizga “qora mushuk” oralasa, kim koʻp, kim oz miqdorda aybdorligidan qatʼi nazar otamiz har ikkimizga yuz ochmasdilar. Tokim oʻzimiz gunohkorligimizni his etib, bir-birimizdan kechirim soʻramagunimizcha shu holat davom etardi.

– Bolalarim, bir kun nizo aralashgan oiladan ming kunlik baraka koʻtariladi, zinhor oʻz dasturxoningiz fayziga tesha urmanglar, – derdi biz apoq-chapoq boʻlib ketganimizga ishonch hosil qilgach.

Yillar oʻtdi, turmush chorrahalarida toʻkin, notoʻkin dasturxonlarni, turfa taomlarni koʻrdim, tanovul qildim, ammo birontasi oʻsha yogʻoch tovoqdan yeyilgan ovqat taʼmini berolmasligini his etib, hamon ajablanaman.

 

Ahillikda hikmat koʻp

Otam oyogʻi yigʻilib, uydan chiqmay qolganlarida ham qishloq yangiliklarini bizdan avval eshitardi. Doʻstlari yoki soʻrab keluvchilar izi arigandan keyin bizga ulardan eshitgan yangiliklarini aytar, ularga munosabatimiz bilan qiziqardi. Aytishicha, birovi bolalarning janjali sabab, soʻng xotinining gapi bilan akasi bilan yuzkoʻrmas boʻlib ketibdi.

Otam “Eh-h, burnogʻi oqsoqollar boʻlganida bormi…”, deya ibratli hikoyani boshladi:

“Urushdan keyingi yillar edi, qishloq kayvonilaridan Sultonyoz Qurbonov toʻngʻich oʻgʻliga kurashli sunnat toʻy beradigan boʻldi. U paytlar toʻydan oldin qishloq oqsoqollari birikib, toʻy tutgichning uyiga borishar, kam-koʻsti bilan tanishib, yetmaganini toʻldirishga har kim baholi qudrat hissa koʻshadigan udum bor edi. Sayitqul Haydarov, Bogʻi rais, Tillo bobo, Jabbi polvon… bir necha kishi tirkashib toʻy tadorigini koʻrishga bordik.

Sultonyoz bir nechta boʻxchani biz oʻtirgan xonaga tashib keldi. Birida kalish, boshqasida kirza etik, belqars, gardi roʻmol dastalari bor edi.

– Oʻn-oʻn besh bosh ulogʻim, shuncha qoʻzim, toʻrt-besh bosh qoʻchqor, serka, ikkita hoʻkiz, arabi gilamlarim bor. Ozroq pul ham jamgʻarib qoʻyganman. Tagʻin sizlar nima desangizlar shu.

– Yaxshi, tayyorgarliging yomon emas, kurash avjiga olaversa, el ham qarab turmas, – dedi Tillo bobo.

Boshqalar ham uni maʼqulladi.

– Endi bir narsani soʻrasam, aybga buyurmaysan, Sultonyoz, – suhbat tizginini qoʻlga oldi Bogʻi rais. – Qishloqda gina-kuduratli kishing yoʻqmi?

Sultonyoz peshonasini tirishtirib turdi-da, keyin “Qaysidir yili Sulaymon xoʻja bilan ozroq gapim qochgandi”, dedi.

Sulaymon xoʻja degani Nuriddin ustaning otasi, Xoʻja Kasbidan koʻchib kelgan, roʻzgʻorini temirchilik izidan yuritardi. Ancha serzarda, bir gapdan qolmaydigan kishi edi rahmatlik. Gʻashiga tegsang yosh-qari demay ogʻziga kelgan soʻkinch bilan “siylardi”. Qizigʻi, Sultonyoz raislik qiladigan qishloq shoʻrosi idorasi bilan Sulaymon xoʻjaning temirchilik ustaxonasi yonma-yon joylashgan, odamlar tez-tez ikkisining bir piyola choy ustida oʻtirganlari guvohi boʻlishardi.

– Unday boʻlsa yaxshi emas, – salmoqlanib fikr bildirdi Sayitqul oqsoqol. – Sizlarni bilmadim, men Sultonyoz Sulaymon temirchi bilan yarashmasa toʻyiga kelmayman.

Xullas, oqsoqolning gapi gap, temirchi bilan apoq-chapoq boʻlmaguncha toʻy dasturxoni yozishga ruxsat berilmadi. Ertasi kuni Sultonyoz Sulaymon temirchining yoniga boribdi:

– Xoʻjam, qaysidir yili urushib qolganimiz esingdan chiqdimi?

– Oʻsha kuniyoq oʻtgan gapga salavot aytganman.

– Unda bugunmi-ertami menikiga oʻtib, bir piyola choy ichmasangiz boʻlmaydi.

– E-e, qoʻy, tashvish nimaga kerak, har kuni ichib yurgan choyim, juda koʻngling sust ketgan boʻlsa toʻyda ikki baravar icharman.

– Jon xoʻjam, meni bir gʻalvadan qutqazing, uyimga bormasangiz, siz bilan salom-alikni batamom uzaman.

– Bunday tushuntiribroq gapir, oʻzi nima gap?

Sultonyoz oqsoqollarning qarorini aytib beribdi. Sulaymon temirchi qah-qah otib kulibdi:

– Seni puxta desam, gʻalchaning oʻzginasi ekansan, shuni aytib nima qilarding.

Ertasi kuni Sulaymon temirchi Sultonyozning uyidan choy ichganiga guvoh boʻlib, toʻy kunini belgilab berdik”.

– Oʻgʻlim-qizim, ahillikda hikmat koʻp, bir-birini qoʻllagan bitadi, chetlagan yitadi, iloho bir-birini qoʻllagan boʻlib chiqinglar, oilamiz katta, biriksangiz, el boʻlasiz, – derdi otam gurung yakunida. – Inson uchun ahillikdan kuchliroq tayanch yoʻq.

 

Oltindan qimmat rizq

Otamning gʻalati odatlari bor edi. Safarda oshxonaga kirsak, tanovuldan keyin qolgan nonni albatta oldirardi:

– Baribir chiqindiga tashlab yuborishadi, rizqni qoldirib boʻladimi.

Bolalik chogʻlarimiz dasturxondagi non ushoqlarini kaftlariga olib kapalab, bizdan ham shunday qilishni soʻrardi:

– Nonning uvogʻi ham non, uni xor qilganning oʻzi zor boʻladi.

Yerda yotgan non boʻlagini koʻrsa, yuz-koʻziga surtardi:

– Shu parchaga mahtal odamlar son nechta, uvoliga qolmaylik.

Keyin yana yangi rivoyat tugʻilardi:

“Qadimda xasis boyning gʻarib choʻponi boʻlarkan. Boy choʻponni sira ayamas, kun boʻyi suruv izidan yurishga majbur etar, kechalari uyda ishlatar, xizmat xaqiga esa bir dona qotgan non berarkan. Bechora choʻpon shunga ham shukur qilar, kuni oʻtganidan behad shodumon ekan. Kunlarning birida yarim tun qoʻylarini oʻtovga surib eshak ustida kelayotgan choʻponning qoʻynidagi non yerga tushib ketibdi. Harqancha qidirmasin non topilmabdi.

– Mayli, – debdi oʻziga-oʻzi, – bir belgi qoldirsam, ertaga topib olarman.

Choʻpon yigit shu yerga tayogʻini qadab ketibdi. Ertasi kelib qarasa, tayogʻi bor turishi bilan oltinga aylanib qolganmish.

– Ey, xudoyim, zaringni nima qilaman, uni olib, nonimni qaytar, – iltijo qilibdi choʻpon. – Harna qornim toʻyardi…”

Chuvillashib otamni savolga tutamiz:

– Oltini nima, ota?

– Osmondagi oy-yulduzlardek tosh, bolam.

– Yesa boʻladimi.

– Yoʻq, oltin – boylik.

– Boʻlmasa nega choʻpon yigit boylik topganiga qanoat qilmabdi?

– Zaring boʻlsa, zoʻring boʻladi, qoʻzichogʻim. Lekin oltinu zar ham och qorinni toʻydirolmaydi.

– Choʻpon yigit keyin nima qilibdi?

– Bunisini bilmadim, biroq shu ertakdan anglagan hikmatim – koʻhna ochunda har qanday boylik non-nasibaning oʻrnini bosolmas ekan. Oltindan qimmat rizq non boʻlarkan, bolam, shu bois uning burdasini ham uvol qilish mumkin emas…

 

***

Oradan yillar oʻtdi, bugun har qadamimni tergab, yaxshilikka yetaklab turadigan otam ham, bizni murosaga keltirish uchun oramizga tushadigan onam ham yoʻq. Qiziq, endi tinchimni hech kim buzmasa-da, negadir meni tong uyqusi tark etgan, erta sahar kimdir ustimdagi koʻrpani yulqib tashlagandek, nimadir oromimni oʻgʻirlagandek, beixtiyor xotiralar qatiga oʻralaman va bir haqiqatni anglayman: otam vafot etganiga yigirma yildan oshdi – hali-hanuz u kishi bilan bogʻliq xotiralar qatidan yangidan-yangi ibratlar kashf etaveraman.

Sen ham ota-onangning qadrini baland tut, hayot yoʻlidan saboq ol, bu latif goʻsha ibrat boʻstoni ekanini angla. Undan terganing va dastalaganing bir quchoq chaman muborak boʻlsin, aziz oʻquvchim!

 

Abdunabi ABDIYEV,

Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/burnogi-odamlar-bolganida-bormi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x