BULDURUQLAR (Bteroclitidae) kaptarsimonlar turkumi oilasi. Bulduruqlar asl Bulduruqlar va suv bulduruqlari urugʻlariga boʻlinadi. Asl Bulduruqlarning 14 turi, suv bulduruqlarining esa oq bovur (Pteroles alchatu) vaqora bovur (R. orientalis) degan 2 turi bor.
B. Afrikaning shim. qismida, Ispaniya va Osiyoda tarqalgan. Oʻzbekistonda dasht va choʻllardagi suvga yaqin yerlarda yashaydi. Qishlash uchun sent. va okt. da Pokiston, Eron, Afgoniston hamda Jan. Turkmanistonga uchib ketib, erta bahor (mart)da yana uchib keladi. Oq bovur tanasining uz. 35—37 sm, qora bovurniki 33—35 sm. Ikkala turning hayot kechirish tarzi oʻxshaydi. Bulduruqlar urchish davrida (mart) juft hosil qiladi. Koʻpincha 3 ta, baʼzan 2 ta tuxum qoʻyadi. Uyasi shuvoq kabi oʻsimliklar ostida soya joylarda yasalgan kichikroq chuqurchadan iborat. Tuxumini bir oycha bosadi. Tuxum bosish va joʻja boqishda nari ham qatnashadi. Olabula pati jujalarining dushmanlardan saqlanishiga yordam beradi. Joʻjalari iyunda uchirma boʻladi. Avg. oxirlarida Bulduruqlarning uchib ketayotgan galalarini uchratish mumkin.
Bulduruqlar oʻsimliklarning donlari, bahorda esa kurtak va yosh novdalari bilan oziqlanadi. Kuniga ikki mahal (choshgoh va peshinda) gala boʻlib, suv ichishga boradi. Jigʻildonida suv olib kelib joʻjalariga ichiradi.
Bulduruqlar azaldan ovlanadi. Goʻshti mazali. Koʻplab ovlanishi natijasida juda kamayib ketgan. Oq bovur Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.