Bugun ertak kerakmi?

Esimda oʻsha damlar –

Oʻzi uchar gilamlar,

Tohir-Zuhra, Yoriltosh,

Oyni uyaltirgan qosh…

(Hamid Olimjon)

 

Bunday keskin savol koʻpchilikka erish tuyulishi mumkin, albatta. Lekin shunday savolni koʻndalang qoʻyish payti kelgan allaqachon. Mutaxassis olimlar, yaʼni folklorshunoslar ushbu savolga: “Ertak – hamisha kerak!” deya javob berishlari turgan gap. Biroq masalaning ikkinchi tomoni: “Ertaklarning oʻzi haqiqatga aylanib borayotgan hozirgi shiddatli taraqqiyot davrida eski ertaklarga nima zarurat bor?” deya eʼtiroz bildiradiganlar ham ozmuncha emas.

Kamina esa bu oʻrinda bolalar uchun ertak-dostonlar va nasriy ertaklar yozuvchi bir ijodkor sifatida oʻz fikr-mulohazalarimni bildirmoqchiman, xolos. Uzil-kesil xulosa chiqarish niyatidan yiroqman, zero, bu – mutaxassislarning vazifasi.

Hammamiz bolaligimizda oʻzbek xalq ertaklarini tinglab va oʻqib ulgʻayganmiz, jahon xalq ertaklari bilan tanishganmiz. Dunyoqarashimiz shakllanishida ularning xizmati ulkan boʻlgani inkor etib boʻlmaydigan haqiqat. Ammo hozirgi yoshlarga qarab hayron boʻlamiz – bolalar nega ertak oʻqimay qoʻyishdi? Nima, yaxshi ertak kitoblar kammi? Yoʻq, yetarlicha bosilib turibdi. U holda, gap nimada boʻlishi mumkin?

Shu masalada koʻpchilik bildirgan daslabki fikr shuki, hozirgi shiddatkor davrning bolasiga ertak tinglab yoki oʻqib oʻtirish uchun qiziqish, sabr-toqat, qunt, vaqt yetishmaydi. Bu mulohazada jon bor, albatta. Keling, uni atroflicha koʻrib chiqishga bir urinib koʻraylik.

Aqlini tanigandan beri samolyotda bemalol uchib yuradigan bolaga uchar gilamning nima qizigʻi bor? Televizor turganida oynaijahon haqidagi ertakka na hojat? Internet tarmogʻiga ulanish orqali istalgan film, tasvir, maʼlumotni kompyuterga, qoʻl telefoniga yuklab olish imkoni esa, hatto Aloviddinning doʻsti – sehrli chiroqning quli boʻlgan Jinda ham yoʻq edi.

Mana shunday boy va taʼbir joiz boʻlsa, texnik taraqqiyot tufayli cheksiz imkoniyatlarga egalik qilayotgan hozirgi davr bolasi anʼanaviy xalq ertaklarini oʻqimay qoʻysa, ajablanadigan joyi bormi? Toʻgʻri, goʻdakning murgʻak ongini birinchi boʻlib ertaklar yaxshilik va yomonlik nimaligi bilan tanishtiradi. Biroq zamonaviy multfilmlar, bolalar uchun yaratilayotgan ertak filmlarning maqsadi ham aynan ana shu – ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi kurashni koʻrsatishdan iborat emasmi?

Shu oʻrinda bir muhim jihatni koʻrib oʻtaylik. Olis moziy bilan yaqin oʻtmishning mushtarak xususiyati – taraqqiyot sustligi edi. Hatto XIX asrda ham hayot osoyishta kechar, kunlar bir xil osudalikka toʻla, vaqt nihoyatda imillab oʻtayotgandek tuyular va bu borada uning I asrdan farqi deyarli kam edi. Minglab yillar mobaynida yaratilgan anʼanaviy folklor namunalarida bu holat aks etmay qolmasdi. Ana shu sababli ham ertak, dostonlarda voqealar juda sekin rivojlanadi.

Bu – birinchi sabab. Ikkinchi sabab shuki, oʻtmishda bola ongining idrok qilish qobiliyati ham oʻz zamonasiga monand holda osoyishtalikni taqozo etgan.

Hozirgi shiddatli davr bolasining ongi ham shunga munosib ravishda voqealar tezkor rivojlanishini talab qiladi. Kosmik davrga xos uchqurlik tuya karvonlarining bir maromdagi sust harakatini koʻtara olmaydi, aslo. Buni tushunish uchun ertak filmlaru multfilmlarni kuzatishning oʻziyoq kifoya.

Anʼanaviy xalq ertaklarini yaratish qay paytga kelib toʻxtab qoldi? Bu savolga folklorshunoslar aniqroq javob bera olishsa kerak. Lekin har qalay, mazkur jarayon bilim manbai sifatida kitob keng tarqalgani bilan uzviy bogʻliq ekanligi aniq. Ommaviy axborot vositalari nihoyatda keng koʻlam kasb etgan, zamonaviy internet tarmogʻi butun yer yuzini qamrab olgan hozirgi davrda anʼanaviy xalq ertaklarini yaratishga ehtiyoj yoʻqligi esa oʻz-oʻzidan ayon.

Mana, endi navbat ertakchi yozuvchilarga ham yetib keldi. Aka-uka Grimmlar, Gans Xristian Andersen kabi adiblarning ijodi anʼanaviy xalq ertaklarini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi, ularga jon bagʻishladi, ohor berdi, deb aytish mumkin. Buni yangi davr, taraqqiyot taqozo etgan edi. Xalq ertaklariga xos shartlilik xususiyati saqlanib qolgani holda, badiiy ertaklarda obrazlar kuchaydi. “Ishonch – kuch, ishontirish esa sanʼatdir”, degan naql bor. Anʼanaviy ertaklardagi: “Ishonsang – shu, ishonmasang – oʻzing bilasan” qabilidagi munosabat oʻrnini voqebandlik, dinamika egalladiki, bu ishonchlilikni yanada orttirdi.

Anʼanaviy ertaklar goʻyo birovdan eshitilgan boʻlsa, yozuvchilar badiiy ertaklarni baayni oʻzlari koʻrgandek qilib hikoya etishardi. Yaʼni ishonchlilik kuchaygani badiiy ertaklarni xalq ertaklaridan bir pogʻona yuqoriga koʻtarib, adabiy asarlar darajasiga yaqinlashtirdi, deb aytish mumkin.

Ayni ana shu xil fikr-mulohazalarni oʻzbek badiiy ertakchiligiga ham tatbiq etsa boʻladi. Sheʼriy yoki nasriy shaklda boʻlishidan qatʼi nazar, bu janr oʻziga xos murakkab rivojlanish yoʻlini bosib oʻtdi. Shu haqda atroflicha va asosli muhokama yuritish folklorshunos mutaxassislarning vazifasi ekanligini, kamina mazkur mavzuda oʻz tushunchalarimni, shu sohada ijod qiluvchi bir qalamkash sifatida shaxsiy kuzatishlarimni bayon etayotganimni yana bir bor taʼkidlab oʻtaman.

Men yuqoridagi fikr-mulohazalarim bilan badiiy ertakchilik anʼanaviy xalq ertakchiligining oʻrnini egallaydi, folklor yoʻqoladi, demoqchi emasman, aslo. Jahon ilmiy-fantastik adabiyoti insoniyat yulduzlardan yulduzlarga koʻchib yuruvchi olis kelajakda ham oʻziga xos kosmik rivoyat, ertaklarga ehtiyoj tugʻilishini bashorat qilmoqda. Bu fikr, ayniqsa, zamonaviy folklorshunos mutaxassislarga juda yoqib tushishini avvaldan sezib turibman.

Endi asosiy mavzuimizga – hozirgi yoshlar nega ertak oʻqimay qoʻyganiga qaytaylik. Bolalar shoiri sifatida menga ham bu savolni koʻp berishadiki, unga javob izlab oʻylanishlarim mahsuli sifatida qoʻlga qalam olib, oʻz mushohadalarimni oʻrtaga tashlashga jazm etdim.

– Xoʻsh, chindan ham hozirgi bolalar nega ertak oʻqishmaydi?

– Chunki hozirgi, aniqrogʻi, yaqin oʻtmishdagi ertaklarning aksari qismi sheʼriy uslubda yozilgan.

Oʻzim bolalar shoiri boʻla turib, oʻzimga qarshi chiqayotganim gʻalati boʻlib koʻrinsa, ajabmas. Nachoraki, bu men anglab yetgan achchiq haqiqat. Shu bois bolalar uchun nasriy ertaklar yozishga oʻtdim. Sababi – ertak-doston qanchalik ajoyib boʻlmasin, bolani, avvalo, oʻynoqiligi, ohangdorligi bilan rom qiladi. Natijada, bu jihat ustun kelib, aytilmoqchi boʻlgan maqsad-gʻoya uning soyasida qolib ketadi. Binobarin, ertak-dostonning taʼsir kuchi ham shunga yarasha.

Nasriy ertak esa bolaning fikrini chalgʻitadigan yuzaki jazibadan xoli, goʻdak butun diqqat-eʼtiborini asosiy gʻoyaga qaratadi. Uni oʻziga asta-sekin, ohista singdirib boradiki, bu jarayonga xalaqit beruvchi boshqa narsalar yoʻq. Bundan tashqari, nasriy ertakning sheʼriy ertakka nisbatan taʼsir kuchi ancha uzoqroq davom etib, bolaning dunyoqarashi shakllanishiga sezilarli darajada turtki beradi. Balki shu sababli ham odam bolaligida yodlagan sheʼrlariga koʻra oʻqigan nasriy ertaklarini koʻproq eslab qoladi.

Endi jahon bolalar adabiyotiga ham bir nazar tashlaylik. Janni Rodarining “Jelsomino yolgʻonchilar mamlakatida” nomli ertak-qissasi hali-hanuz dunyo bolalarining sevimli asari boʻlib kelmoqda. Amerikada Mark Tvenning qahramonlari Tom Soyer bilan Geklberri Finnga haykal oʻrnatilgan. Daniya poytaxti Kopengagendan esa Gans Xristian Andersenning “Suv parisi” haykal timsolida namoyon boʻlib turibdi. Shu birgina misolning oʻziyoq ertak badiiy asar ekanligidan yaqqol dalolat bermayaptimi, axir?

Oʻzbek adabiyotida Xudoyberdi Toʻxtaboyev bolalarga bagʻishlab nafaqat ertak-qissalar, hattoki ertak-romanlar ham yozish mumkinligini oʻz ijodida har tomonlama koʻrsatib berdi. “Sariq devni minib”, “Sariq devning oʻlimi” asarlarini oʻqib, ulgʻaygan odamlarning endilikda nevaralari zamonaviy shum bola – quvnoq Hoshimjonning sarguzashtlarini ulkan ishtiyoq bilan kuzatib borishadi. Bu bolalar anʼanaviy xalq ertaklarini oʻqishmas, balki. Ammo-lekin Hoshimjon timsolida oʻzlarini, atrofdagi oʻrtoqlarini, bagʻoyat tanish hayotni koʻrib turganlari aniq.

Endi, mana sizga bir savol, muhtaram oʻquvchi. “Jelsomino yolgʻonchilar mamlakatida” yoki “Sariq devning oʻlimi” ertak-qissalari, mabodo, sheʼriy uslubda – doston shaklida yozilganida shunchalik dovrugʻ qozonarmidi, oʻnlab yillar sinovidan muvaffaqiyat bilan oʻtib, saqlanib qolarmidi? Bobolar bilan nabiralarini oʻziga birdek rom eta olarmidi?

Yoki Zohir Aʼlam qalamiga mansub “Afandining qirq bir pashshasi”, Anvar Obidjonning Alamazon haqidagi ertak-qissalarini misolga olib koʻraylik. Bu oʻrinda ham shu asarlarni ertak-doston shaklida, yaʼni sheʼriy koʻrinishda umuman tasavvur qilib boʻlmaydi. Va gap ushbu ertak-qissalarda asosiy gʻoyadan tashqari qoʻshimcha fikr-gʻoyalar ham borligida, ularni esa epik janrdan boshqa janrlar qolipiga sigʻdirib boʻlmasligining oʻzidagina emas.

Mazkur misollarda hamma gap yozuvchilar oʻz oldilariga qoʻygan maqsadni imkon qadar toʻlaroq va atroflicha yoritib borishga qodir boʻlgan shakl hamda uslubni topa bilganlarida. Gʻoyalarini zamonaviy bolalarning ong-shuuriga qay tariqa singdirish yoʻllarini topa olganlarida.

Yana bir bor taʼkidlab oʻtmoqchiman. Qay darajada ajoyib boʻlmasin, har qanday sheʼriy ertak yoki dostonda shoir oʻzi xohlasa-xohlamasa, oʻynoqilik, ohangdorlikka asosiy eʼtiborini qaratishga majbur. Bu esa asar gʻoyasi ikkinchi oʻringa tushib qoldi demakdir. Oʻquvchi bola ijodkor uning diqqatini nimaga tortsa, oʻshanga ergashadi. Binobarin, “tashqi bezak”ka mahliyo boʻlib, asarning ichki magʻzi-mohiyatiga yetarlicha eʼtibor qaratmasa, gʻoyani eslab qololmasa, u aybdor emas mutlaqo.

Nasriy ertak esa ortiqcha jimjimalardan xoli boʻlib, bola diqqatini asl mohiyatga yoʻnaltiradi, asosiy gʻoyani uning idrokiga ohista va izchillik bilan singdirib boradi.

Endi yana bir oʻylang. Odamlar film koʻrishga baʼzan bir-ikki soat vaqtlarini qizgʻanishadi-yu, nega endi oylab va hatto yillab davom etuvchi seriallarni koʻrishga, albatta, vaqt topishadi? Oʻzbek televideniyesiga seriallar endigina kirib kelgan davrni bir eslab koʻring-a! Agar yanglishmasam, dastlab Braziliyaning “Kanizak Izaura” va Meksikaning “Oddiy Mariya” seriallari namoyish etilgandi.

Mabodo, yodingizda boʻlsa, bu hol oʻziga xos “epidemiya”ga aylanib qolgan edi. Navbatdagi serial odatda kechki payt, nima uchundir odamlar ishdan qaytadigan vaqtda namoyish etilardi. U boshlanishiga bir necha daqiqa qolganida Toshkent koʻchalarida avtobus-trolleybus toʻxtab qolar, yoʻlovchilarning yarmi haydovchilarga ergashib, bekatdagi oshxona, doʻkon, kafe, barlarga kirib serialni koʻrsa, qolgan yarmi baqirib-chaqirib, jigʻibiyron boʻlib oʻtirardi. Bu xil yalpi “tartibsizlik”ka juda koʻp bora shaxsan guvoh boʻlganman, bu qadar ishonch bilan gapirishimga sabab shuki, oʻsha “jigʻibiyronlar” orasida oʻzim ham bor edim-da!

Bir yarim soatlik film qahramonlarni tomoshabin qalbiga olib kirishga ulgura olmaydi, albatta. Hayotni, kundalik turmushni bor murakkabligi va mayda-chuyda tafsilotlari bilan tasvirlovchi, inson ruhiyatini naq koʻngil tubiga qadar ochib beruvchi serialda esa ana shu imkoniyat bor. U qahramonni tomoshabin qalbiga olib kiradi, tanish-qadrdonga, eng yaqin kishilaridan biriga aylantirib qoʻyadi.

Oʻsha “epidemiya” davridan bir yarim yoshli, sochlari jamalak qizaloqni eslab qolganman. Tili endigina chiqa boshlagan goʻdak akalari, opalarining ismini hali toʻliq aytolmasdi. Biroq Meksika seriallaridagi murakkab nomlarni, misol uchun, “Isidora Kovarubio de Los-Lanos” singari ismlarni bironta harfida yanglishmay va yana urgʻuni joy-joyiga qoʻyib, biyron-biyron tilda takrorlaganlari hali-hanuz koʻz oʻngimda…

Mavzudan sal chetlashdim, uzr. Bundan maqsad ertak-dostonga nisbatan nasriy-badiiy ertak oʻquvchiga baayni serialdek kuchli taʼsir oʻtkazishini koʻrsatish edi. Dostondagi mavhum umumiy obraz nasriy-badiiy ertakda jonli odamga aylanib, bola yuragiga kirib boradi. Goʻdakning koʻz oʻngida oʻzining illat-fazilatlariga ega boʻlgan, rosmanasiga kuyinib-suyunib yurguvchi bir tanish, qadrdonga aylanib qoladi.

Bola bunday ertakni chanqoqlik bilan bosh koʻtarmay oʻqiydi. Undagi ijobiy obrazlarga taqlid qilgisi keladi. Salbiy obrazlarga oʻxshash kimsalarni kundalik hayotda koʻrib qolganida, ulardan uzoqroq yurishga urinadi. Bu hol ota-ona berayotgan tarbiyaga yana bir muhim qoʻshimcha emasmi, axir?! Ana sizga nasriy-badiiy ertakning uzoq davom etguvchi taʼsir kuchi!

Hozirgi 13-14 yoshli boladan soʻrab koʻrsangiz, 7-8 yoshlarida yodlagan sheʼrlarini eslolmaydi, ammo oʻqigan ertaklarini hali unutganicha yoʻq. Endi shu 13-14 yoshida ibratomuz nasriy-badiiy ertaklarni oʻqisa, bu yogʻi bir umrga eslab qolishi tayin. Zero, bu pallada goʻdakning ongi va qalbi nihoyatda ziyrak, sezgir, unga kuchli taʼsir koʻrsatgan narsa butkul muhrlanib, hech qachon oʻchmaydi.

Men shular toʻgʻrisida koʻp yillardan buyon oʻylab yurardim, masalaga har tomonlama yondashib koʻrib, oʻzimcha qandaydir yoʻl izlardim. Bir necha yillar avval noshirlar dostonlarga qiziqish qolmagani va aksincha, nasriy ertaklarga talab ortib borayotgani, lekin ular yoʻqligi haqida kuyinib soʻzlashganida esa ahdim qatʼiylashib, tamomila nasriy va hatto badiiy ertaklar yozishga oʻtdim. Bu shunchaki bozor talabiga boʻysunish emas, balki uzoq vaqt yetilib kelgan ichki ehtiyojning nihoyatda yuzaga chiqishi, yakuniy mahsuli boʻldi. Yuqoridagi fikr-mulohazalardan oʻzingiz ham tegishli xulosa chiqarib olasiz, deya umid qilaman…

 

Qadam Said MUROD

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bugun-ertak-kerakmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x