Shahar chetida bir qariya oʻtirardi. Bir yosh yigit kelib, undan soʻradi:
– Men juda uzoqdan kelyapman. Bu shaharda boʻlmaganman. Bu yerda qanday odamlar yashaydi?
Chol uning savoliga savol bilan javob berdi:
– Sen chiqqan shaharda qanday kishilar yashardi?
– U joyni xudbin va yomon odamlar egallagandi. Shu sababli ham u yerdan ketdim.
– Bu yerda ham xuddi oʻshanday odamlarni uchratasan, – deb javob berdi oqsoqol.
Biroz vaqt oʻtib, boshqa bir kishi keldi va xuddi oʻsha savolni berdi. Chol yana oʻshanday savolli javob qaytardi.
– Olijanob, mehmondoʻst, daryo feʼlli odamlar yashaydigan shahardan kelyapman, – dedi yoʻlovchi. – U yerda juda koʻp doʻstlarim qoldi.
– Bu yerda ham xuddi shunday odamlarni uchratasan, – dedi qariya.
Sal narida tuyalarini sugʻorayotgan savdogar cholning gaplariga quloq tutib turgandi. Ikkinchi yoʻlovchi ketgach, qariyaning yoniga kelib, kinoya bilan soʻradi:
– Bir xil savolga mutlaqo bir-biriga teskari javoblar berding. Shu insofdanmi?
– Oʻgʻlim, – deb javob berdi chol, – kelgan yurtida biror-bir yaxshilik topmagan odam bu yerda ham xuddi shu tarzda kun kechiradi. Begona yurtda doʻst orttira olgan ikkinchi kishi esa bu yerda ham yaxshi doʻstlar topadi. Biz atrofimizdagilarni qanday koʻrsak, ular shunday kishilarga aylanadi.
Orif Tolib
tayyorladi.
“Sogʻlom avlod” gazetasining 2016 yil 48-sonida chop etilgan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/bu-shaharda-qanday-odamlar-yashaydi/