“Bu qoʻshiq dunyo kezib, barchasini koʻrgan haqida…”

“Bilgamish” dostoni topilganiga bir yarim asr boʻlyapti. Bu davr ichida asar dunyoning bir qancha tillariga tarjima qilindi va uzoq moziydan kelgan ajdodlar tafakkuri uni oʻqigan kishilarni ilhomlantirib kelmoqda.

Bu asar yozma dostonlarning yer yuzidagi eng qadimgisi deb hisoblanib kelayapti va aynan undan soʻng sheʼr hamda dostonlarni yozma ravishda bitish boshlangan, deb hisoblanmoqda.

Dovrugʻi dunyoga doston

Milodiy IX asrda yashagan suriyalik yozuvchi Teodor bar Konay “Gelemgos” dostoni haqida yozib qoldirgan. Bu ayni shu doston ekanligi haqida fikrlar bor.

Kanadalik yozuvchi Alen Ganon “Gilgamesh dostoni haqida” romanini fransuz tilida chop etdi. Chernogoriyaning Budva shahrida Slavyan Vuyovich “Gilgamesh” nomli spektaklni sahnalashtirdi. Angliyaning Bedfordshir yoshlar teatri ham bu ishni amalga oshirdi. AQSHlik Barri Truaksa, italiyalik Franko Battiato, chexiyalik Boguslava Martin va boshqalar “Gilgamesh” dostoni haqida musiqa asarlarini yaratdilar. Shuningdek, bu doston haqida dunyo olimlarining juda koʻp ilmiy va ilmiy-ommabop asarlari jahonning koʻpgina mamlakatlarida chop etildi. Doston bir necha fantastik asarlar paydo boʻlishiga turtki boʻldi.

Tadqiqotlar asosida aniqlik kiritilishicha, mixxatda yozilgan bu dostonning yoshi 3500-3600 yildir. Doston yozilgan matn ideografik yozuv deyiladi. Bu asar Gomerning “Iliada” va “Odissey” dostonlaridan ham ming yilga qari boʻlib chiqdi.

Yaʼni dunyodagi birinchi badiiy asar!!!

Ellik asrlik til

Doston shumer tilida yozilgan. Xoʻsh, bu qanaqa til?

Uning yoshi esa 5000 yilga borib taqaladi. Bu til mana shu ellik asr davomida albatta oʻzgarib ketdi. “Bilgamish” dostoni esa oʻsha tilning soʻzlari qanday boʻlganligidan bizga xabar beradi.

Shumer tilining topilish tarixi shunday. 1849 yilda ingliz arxeologi Ostin Genri Leyyard Iroqdagi qazishma ishlari chogʻida bir vaqtlar Assiriya davlati tarkibida boʻlgan Nineviya shahrini topadi. Qazishma ishlari davomida shoh Ashshurbanipalning mixxat orqali sopolda yozilgan asarlar saqlanadigan kutubxonasi ham aniqlanadi.

Kutubxonaning bir qismini Leyyardning yordamchisi Ormuzd Rassam 1842 yilda Britaniya muzeyiga topshiradi. Muzey mutasaddilari asarni oʻqish uchun mutaxassislarni jalb etadi. Ammo ularning bir necha yillik urinishlari besamar ketadi, yozuvlar siri ochilmaydi.

Muzeyning misr-assuriya boʻlimi yordamchisi Jorj Smit bir qadar muvaffaqiyatlarga erishadi va uni qisman tiklaydi. U 1872 yil 3 dekabr kunida “Injil” arxeologiya jamiyatida dunyo suv toʻfoni ostida qolishi haqidagi “Injil” oyatlariga oʻxshash rivoyatni undan-da qadimgi asarda topganligini eʼlon qiladi!

Yangi toʻfon va chaqmoq

Bu yangilik – inson hayotida tabiiy ilmlar ahamiyatini tushungan va uni qadrlashni bilgan, oʻtgan asrlar hukmron turkiylarining vorisi boʻlgan ingliz (XX asr eng mashhur inglizi Uinston Cherchill bekorga “Biz turkiylarning tarixini tortib oldik” demagan axir), keyinchalik butun yevropa kiborlari va ziyolilari suzayotgan ummonda paydo boʻlgan yangi Toʻfon edi!!!

Yevropadagi “Injil” ixlosmandlari va unga qarshi boʻlganlar uchun bu yangilik musaffo osmonda chaqqan chaqmoqdek taʼsir qildi. Topilgan mixxat tushirilgan boʻlakchalar orqali rivoyat toʻliq emasligi maʼlum boʻldi. Shuning uchun rivoyatni toʻliq tiklagan kishiga “Deyli Telegraf” gazetasi 1000 funt sterling miqdorida mukofot eʼlon qiladi.

Mukofot pulini olish, shon-shuhrat zavqi Jorj Smitni Mesopotamiyaga olib keladi. Mixxatli lavhalardagi yozuvlarni oʻqigach, Smit suv toʻfoni haqidagi rivoyat katta dostonning bir parchasi ekanligi haqida toʻxtamga keladi.

Maʼlum boʻlishicha, bu doston bobilliklar tilida “Gilgamish haqida doston” deyilar ekan. Doston 12 ta qoʻshiqdan iborat boʻlib, har bir qoʻshiq 300 satrdan iborat edi. 1873 yilgi ekspeditsiyasi davrida Smit 384 ta lavhani topdi va dostonni tiklashga muvaffaq boʻldi.

Shumerchami yo turkiycha?

XX asr boshi va oʻrtalarida ushbu dostonning boshqa tillardagi variantlari ham topiladi. 2015 yilda doston yana 20 satrga boyiydi. Buni Iroq tarix muzeyi xodimlari, lavhalarning nima ekanligini bilmagan kontrabandachidan musodara qilishgach, toʻsatdan topib oldilar.

Eramizdan oldingi 2600 yil va keyingi Shumer shohlari nomlarini tiklagan yevropalik olimlar Bilgamishning tarixiy shaxsligini qayd etishdi.

Britaniyalik arxeolog, assiriolog, lingvist va diplomat ser Genri Kresvik Roulinson shumer tilining turkiy til boʻlganligini XIX asrdayoq aytgandi va uning fikrini yevropalik koʻpchilik olimlar endi tan olishdi. U Bihustun qoyasidagi yozuv turkiy tilda ham bitilganligini aytadi. Ammo, sobiq SSSR olimlari bu faktni yashirganlar…

“Tarix Shumerdan boshlanadi”

Dunyo tan olgan tarixchi, professor Samuel Noa Kramer “Tarix Shumerdan boshlanadi” nomli asarida shumerlar 39 ta fanni kashf qilganliklarini isbotlab berdi.

Misol uchun, birinchi yozuv, arava, boshlangʻich maktab, ikki palatali birinchi parlament, tarix, birinchi dehqon kundaligi, kosmogoniya, kosmologiya, maqollar va hikmatli soʻzlar toʻplami, badiiy tortishuvlar, mushoira, “Nuh” (suv toʻfoni sababchisi va undan omon qolgan shaxs)ning tasviri, birinchi kitob katalogi, birinchi pullar, birinchi soliqlar, birinchi qonunlar tatbiq etildi, ijtimoiy islohotlar, tibbiyot, jamiyatda komil insonni tarbiyalash haqidagi urinishlar aynan shu yerda boʻldi…

Tibbiyot sohasida shumerlar juda yuqori talablar ishlab chiqqan. Ingliz olimi Leyyard tomonidan shumerlarning Nineviya shahrida topilgan Ashshurbanipalning kutubxonasida qatʼiy tartib amal qilgani aytiladi. Bu yerda tibbiyot boʻlimi boʻlib, unda mingdan ortiq sopol lavhalar saqlangan. Barcha tibbiy atamalar shumer tilidan olingan. Tibbiyot muolajalari maxsus jamlanmada aks ettirilgan. Gigiyena qoidalari, jarrohlik amaliyoti, (masalan, kataraktani olib tashlash), dezinfeksiya uchun spirtdan foydalanish, terapiya va jarrohlik talab etilgan kasalliklarga tashxis qoʻyishga shumerlar ilmiy yondashganliklari maʼlum.

Shumerlar ajoyib sayohatchi va tadqiqotchi edilar – ular dunyodagi birinchi kema ixtirochilari hisoblanadilar.

Katta xumdonda gʻisht pishirish ham dastlab shu yerda boshlangan. Shumerlar bir necha metallarni eritib, kimyoviy yoʻl bilan qoʻshish evaziga boshqa quyma metall olganlar. Ayniqsa, dunyo tarixi taraqqiyotini oʻzgartirib yuborgan qattiq, ammo ishlov berilishi oson boʻlgan bronzani ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyganligi gʻoyatda hayratlanarli. Yana, qazishma ishlari jarayonida astronomik atamalarga taalluqli yuzlab soʻzlar aks ettirilgan minglab sopol lavhalar ham topilgan.

“Hammaniki”mi, biznikimi?

Shumerlar tili haqidagi internet, ayniqsa, rus sigmentidagi Gʻarb olimlarining asarlarini oʻqisangiz, shumer tili nomaʼlumligi toʻgʻrisidagi xulosalarga duch kelasiz. Shuning uchun “bu til – butun dunyo xalqlarining madaniy boyligi” deb eʼlon qilingan. Biz oʻrta avlod vakillari “hammaniki deganda hech kimniki emas”ligini bilamiz. Egasi chiqmagandan keyin, kim xohlasa oʻziniki qilib olaveradi-da.

Kimlar shugʻullanmadi bu tillar bilan? Shuni qayd etish lozimki, koʻpincha qaysi xalq vakili ushbu til bilan shugʻullansa, egasiz – yetim qolgan bu tilni oʻz himoyasiga olib, butun dunyoga oʻz ona tili bilan birligini qayd etardi.

Shumerlar tilining qanday va kimniki boʻlganligining, uning avlodlari kim ekanligining nima ahamiyati bor, deyishingiz mumkin. Savolingiz mantiqli. Gap shundaki, mening izlanishlarimga koʻra bu bizning dostonimiz boʻlib chiqayapti!

Ha, yuqorida aytdim – qaysi millat bu til bilan shugʻullansa, egasiz yetim bu tilni oʻziniki qilib olyapti, deb. Men ham buni oʻzimizniki qilib olayapman. Ammo, mening bu gapga yetarli asoslarim bor…

Masalan, menimcha, “Bilig”, “Bilig-Ay” (Ay – bu yerda odam maʼnosida) “Bilga” soʻzlari bilimdon kishiga nisbatan ishlatilgan. Shu boisdan “Bilga Emish” – “Bilgamish” oʻta bilimli kishi, degan maʼnoni beradi. Xuddi Alp Emish Alpning orttirma darajasini koʻrsatgani kabi.

Navoiy viloyatidagi Sarmishsoy turkiylarning juda qadimgi makoni boʻlganligi haqida u yerdagi petrogliflar soʻylaydi. Xuddi shuningdek, Chiroqchi tumanida ham Bilgamishsoy degan joy mavjud. Bu joy nomi shumerlarning Bilgamishi bilan bir xil boʻlishi tasodifmi? Menimcha tasodif emas… Bunday misollarni yana koʻplab keltirishimiz mumkin.

Men asarni I. Dyakonovning rus tilidagi tarjima matnidan oʻzbek tiliga erkin tarjima qildim. Va shu bahonada yer yuzidagi eng qadimiy dostondan zavqlanib, uning mohiyatini anglashga intildim. Siz ham bu goʻzal asar mutolaasi hayratidan bahramand boʻling… Dostonning “Birinchi jadvali”da bitilganidek:

Bu qoʻshiq dunyo kezib barchasini koʻrgan haqida,

Dengizlarni suzib, togʻlardan oʻtgan haqida,

Gʻanimlarin doʻsti ila yenggan haqida,

Donishlikka yetgan, zakovatga erishgan haqida…

 

Anvar ShUKUROV

 

Muallifning “Bilgamish” dostoni – yer yuzidagi eng qadimgi yozma doston” nomli ilmiy tadqiqoti asosida qisqartirib tayyorlandi.

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bu-qoshiq-dunyo-kezib-barchasini-korgan-haqida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x