Bu dunyoda shunday yashasang…

I

Toltushgacha toshqotsam kerak deb oʻylagan odam, sahar-mardonda uygʻonib ketib, oʻz-oʻzimdan hayron qoldim: bosh artilgan shishaday tiniq, oyoq-qoʻl parday yengil, xuddi kun boʻyi chashma boʻyi maysalariga koʻmilib yotgan boyvachchaday dumogʻ choq, kayfiyat aʼlo – yarim kechagacha boʻlgan gurungda chavandozlik qilgan odamga hecham oʻxshamasdim.

Gurungmisan – gurung boʻldi-da, oʻziyam! Qishloq oqsoqollari, ziyolilari, Jumanazar akaning sara qarindoshlari, hokim bobo yetovidagi tuman rahbarlari, toshkentliklar… Alqissa, oʻn besh bolorli uy odamga liq toʻldi. Avval, chaq-chaqlashib oʻtirdik. Keyin, turli sohalardan gap ketdi. Uncha-muncha chegaraga sigʻmas edi suhbat mavzui: bir yogʻi – tumanli tarix, bir yogʻi – serhasham kelajak, yana bir yogʻi – adabiyot muammolariyu uy-roʻzgʻor tashvishlari… Meditsina borasida esa biz kirmagan eshik, biz oʻtmagan tor koʻcha qolmadi-yov…

Tuman hokimi – bugʻdoyrang, boʻyi baland, yelkalari koʻtarilgan, qoruvli, ovozi dagʻalroq odam – “qishloqi”day koʻringani bilan koʻpni koʻrgan, koʻp oʻqigan, serfikr kishi ekan. Qamashi va Qashqadaryoda boʻlayotgan oʻzgarishlar toʻgʻrisida koʻpdan-koʻp maʼlumotlar eshitdik undan. Jumanazar Beknazarov boshchiligidagi Navroʻz xususida esa alohida mehr bilan gapirdi:

– Bunday savobli tadbir, respublikani bilmayman-u, ammo Qashqadaryoda bitta, boshqa joyda yoʻq! Toʻgʻri, xudoga shukur, xayr-ehson sohiblari oz emas – bor. Ammo, sistema yoʻq, esiga tushganda qiladi koʻplar. Jumanazar aka, mana, yigirma yildan oshdi-yov, toʻgʻrimi? – deb yonidagilarga tasdiqlatib oldi hokim.

– Har yili koʻpchilikning duosini oladi. Bunga koʻnikib ketdik. Bunday xayrli yumush, muhtaram Prezidentimizning “Savob ishni har kim qilishi kerak, har kun qilishi kerak!” degan chaqirigʻiga munosib javob hamdir.

– Haqqos rost! – deb hadaha hokimning soʻzini tasdiqladi fikrlarini til bilan emas, koʻproq harakat bilan tushuntirishga urinadigan mahalla oqsoqoli. – Jumanazarvoyning yana bir zoʻr odati borki, har kelganda ishlari, yutuqlari, natijalari haqida bizga hisob beradi. Eshitdik, bu yilgi gʻalabalar ham hazilakam emas, toʻgʻrimi? – deb, qani, navbat endi sizga, gapiring, deganday quruqshagan va qizgʻish koʻzlarini Jumanazar akaga qadadi-da, tish kavlashga kirishdi.

Dasturxonning bu betida – oqsoqolning roʻparasida devorga suyanib, suhbatni tinglab oʻtirgan Jumanazar aka joyida bir qoʻzgʻalib olib, hozir shuning mavridimikan, degan savol nazari bilan tezgina hammaga bir-bir qarab chiqdi-da:

– Toʻgʻri-toʻgʻri, – dedi goʻyo uzr aytayotgandek qilib. – Umuman, meditsina nuqtai nazaridan, ishing, hayotingdagi yangiliklar toʻgʻrisida yaqinlarga axborot berish odamga katta kuch beradi, – deb salmoq bilan davom etdi keyin. – Doʻstlik-birodarlik, tanish-bilishlikda juda katta gap bor. Agar siz doʻstingizni, birodaringizni, tanishingizni koʻrib qolib turib, ichingizda quvonsangiz, sizning organizmingizda endokrin degan aktiv moddalar haddan tashqari sintezlanib, sizga quvonch bagʻishlaydi. Ana shu quvonch qanchalik koʻproq davom etsa, qanchalik koʻp boʻlsa, sizning umringiz oʻshancha uzayadi.

Insonning gʻam – alamlari, turmush tashvishlari, chekkan aziyatlari – mana shularning barisini bir joyga jamlasak-da, shundan insonning his-idroklarida shodlik va sevinch onlari necha foizni tashkil qiladi, desak, bu koʻpi bilan uch-besh protsentga yetishi mumkin. Ollohimiz bunday onlarni ikki-ikki yarim protsentga moʻljallab, men bandalarimga bir kun gʻam yomgʻiri, bir kun quvonch yomgʻiri beraman, degan. Doʻstlar davrasida oʻtirish, koʻnglingni ular bilan baham koʻrish – koʻz qorachigʻlaringda yarqirab, nurlanib, boyagi shodlik tuygʻularini ikki-ikki yarimdan oʻn foizgacha koʻpaytirishi mumkin. Dunyoda odamzotga doʻstlar quvonchidan koʻra koʻproq sevinch bagʻishlaydigan qudrat yoʻq. Tibbiyot allomalari shuning uchun ham quvonchni hamisha doʻstlar bilan baham koʻr, deganlar.

Endi… Hisobotga kelsak, – deb, nimadan boshlasam ekan, deganday, bir pas taraddudlanib turdi-da, keyin yana avvalgidek shiddat bilan davom etdi. – “Tibbiyotda yangi kun” degan jurnal tashkil qildik. Ingliz, rus va oʻzbek tillarida uch oyda bitta chiqadi. 28 ta davlatga tarqatyapmiz. Jurnalimiz Rossiya, Gollandiya, Germaniya kabi oʻndan ortiq mamlakatlarda tan olindi. Bizga Amerika, Kanada, Yaponiyadagi mashhur olimlardan maqolalar kelyapti. Bu – bir. Ikkinchisi, bizning maqolalar Angliyada, AQSH, Germaniyada, Kanadada, Yaponiyada eng nufuzli jurnallarda bosilib chiqdi. Oʻsha jurnallardan, “otziv” deydi-ku, oʻshalarniyam oldik. Germaniyadan bizga taklif keldiki, maqolalaringizni kattaroq qilib bersangiz, monografiya tarzida chiqarsak, shunga ruxsat bering, degan mazmunda.

– “Qashqa yoʻrgʻa”-chi, “Qashqa yoʻrgʻa”? “Qashqa yoʻrgʻa”yam esdan chiqmasin! – dedi xuddi oʻz muvaffaqiyatini esga solmoqchi boʻlganday betoqatlik bilan Qozoqboy aka – taniqli adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yoʻldosh. – Bu odam zoʻr qissa yozdi, – deya izohladi keyin. – Mazmuni romandan baland. Topshirdingizmi jurnalga?

– Hmm… “Sharq yulduzi”ga.

– Ot haqidami? – savol berdi kimdir.

– Ha, shunday desayam boʻladi, – javob berdi Jumanazar aka. Va, atrofdagilarning qiziqishidan ruhlanibmi, gapni olisroqdan boshladi: – Ulugʻ ajdodlarimiz egar bilan yuganni, uzangini ixtiro qilgan. Uzangi kashfiyoti sharafiga bobolarimiz oʻzining kam sonli askari bilan dushmanlarining koʻp sonli qoʻshinini tor-mor etgan. Bu hatto ingliz tarixchilari tomonidan tan olingan. Ibtidoiy tuzumdan to hozirgi paytgacha boʻlgan voqealar yozilgan ingliz ensiklopediyasida bobolarimiz toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berilgan. Men bu ensiklopediyani oʻqib, rostakamiga hayratda qoldim. Agar oʻsha gaplarni oʻzimizning olimlar yozganida, e-e, olimlarimiz oʻzimizning bobolarni ancha koʻpirtiribdi-da, koʻp narsalarni qoʻshibdi-da, degan xayolga borishim mumkin edi. Lekin ingliz tarixchilari bu narsani yozganidan keyin men unday deya olmayman. Faqat tan olgan, tan olishga majbur boʻlgan narsasinigina yozadi ular.

– Xullas, qissa ana shunday tarixiy manbalarga suyanib yozilgan, – deb Jumanazar aka nomidan xulosa yasadi Qozoqboy aka. – Hozirdan kafolat berishim mumkin: bu asar oʻqirmanlarni juda qiziqtiradi.

– Yo falaksan! – deb yubordi halidan beri Jumanazar akaga havas bilan tikilib oʻtirgan Azim aka – mashhur shoir Azim Suyun. – Amerika hindulari haqidagi kinolarga qarab turib hayron boʻlardim: nega ot bor-u, uzangi yoʻq, nega otga sakrab minadi, deb. Gap buyoqda ekan-da? Egar, noʻxta, uzangi tarixi oʻzimizning ajdodlar bilan bogʻliq, deng? Oʻzim ham xuddi shunday boʻlsa kerak, deb oʻylab yurardim.

Sizga havasim keladi! – dedi chin koʻngildan. – Yurtdoshlarga hisob berib turishniyam sizdan oʻrganish kerak ekan. Toʻgʻrimi? – menga yuzlanib fikrini tasdiqlatgan boʻldi u. – Akaning bu ishi, sizu bizga oʻxshab qishloqdan shaharga borib qolganlar uchun katta saboq. Axir, shaharda nima ishlar qilib yurganingni qishloqdoshlaringning barisiyam bilavermaydi-ku! Bundan tashqari, yutuqlaringni eshitsa suyunishadi, qarindosh-urugʻlaring gʻururlanadi, ota-enang xotirjam boʻladi.

Men sizday odamlardan bahra olaman, ilhom keladi, qiyoslab boʻlmaydigan quvonch keladi. Ajoyib va qiyomat odamsiz!

Azim Suyunning bu samimiy soʻzlari xuddi mening tilimdan aytilayotgandek edi.

Illo, shu lahzalarda men ham ichimda: “Jumanazar aka rostakamiga “qiyomat odam” deb oʻylab turgandim. Uni kuzatgan, deganlarining magʻziga zehn solgan kishi “Men juda qisqa umrni qanday oʻtkazyapman, vaqtim oʻtkinchi shamollarga behuda sovrilmayaptimi, endi bu yogʻi nima boʻladi, bu yogʻini foydali yumushlarga sarflashim kerak emasmi?” deya oʻz-oʻzini tergov qilishi, titrab-tipirchilab qolishi va beixtiyor oʻz taqdiri ustida yanayam chuqurroq oʻylay boshlashi ayon haqiqat. Jumanazar akaning yashash tarzi kishini nodurust havaslardan tiyilib, ezgulik koʻchasiga kirishga undaydi; beparvo kun oʻtkazish, betamiz hazillardan tiyilish, saxiy, saxovatli, olijanob boʻlishga daʼvat etadi. Men bilgan odamlar ichida Jumanazar akachalik insonlarga yaxshilik qilishga intilgan, ularni deb oʻzini oʻtga-choʻqqa urgan inson juda kam”, degan xayollarga botib oʻtirar edim.

– Biz boshqa tillardan lisonimizga kirib kelgan soʻzlar toʻgʻrisida gapiramiz, boshqa tillarga oʻtgan oʻzimizning soʻzlar ham bormi? – deb qoldi qishloq ziyolilaridan biri.

– Juda koʻp! – bu savolgayam Jumanazar aka birinchi boʻlib javob berishga oshiqdi. – Ajdodlarimiz boʻlgan massagetlar, saklar, soʻgʻdlar hozirgi Don daryosidan, to hozirgi Chitagacha egalik qilgan. “Chita” degani – mamlakatning cheti, “Don” esa oʻgʻiz shevasida, katta daryo degan maʼnoni bildiradi. Hozir ham Xorazmda kanalning kattasi “don” deyiladi. Qozoqboy aka, adashmayapmanmi?

Qozoqboy aka bosh irgʻab tasdiqlagan boʻldi-da:

– Eslasangiz, – deb ayrim kuzatuvlarini aytdi. – Sholoxovning “Tinch Don” kitobida, Sholoxov chindan ham buyuk-da, asarning boshida bitta gapni gapiradi: Grigoriy Melixovning otasi zinapoyadan tushib kelayotganida, uning turkcha shalvari shamolda hilpirab turar edi, deydi. Shu ikki kalimaning oʻzida hamma gapni aytgan-qoʻygan.

Xullas, bu “masala”yam chalakam-chatti “hal” etilganidan keyin, suhbat aylanib-aylanib, allaqayoqdan Kashpirovskiyga taqalganda, davradagilarning baʼzilari uni zoʻr “koʻz boylogʻich” desa, boshqalari “yaxshi doktor”, dedi. Masalaga tagʻin Jumanazar aka oydinlik kiritdi:

– Meditsinada funksional kasallik va organik kasallik degan tushuncha mavjud. Funksional kasalliklar – u mulla boʻladimi, eshon boʻladimi, oddiy odam boʻladimi – agar bemorning ruhiyati sogʻlomlashtirilsa, tuzalib ketadi. Buning uchun doʻxtir boʻlish shart emas. Organik kasalliklarga esa, albatta, doʻxtir tashxisi, aralashuvi kerak. Kashpirovskiy maʼlum darajada bilimli shifokor boʻlgani tufayli ana shu ilmdan foydalanadi. Kashpirovskiyning kasbi doktorlik. Inson tugʻilgan mahalida 80 foizi suvdan iborat boʻladi. Masalan, koʻzning 93 foizi suv. Yosh oʻtgan sayin suvning miqdori kamayib boradi. Qari odamlarda qurib qolishi ham mumkin. Aslida, inson surunkali suv yetishmovchiligidan qiynaladi. Vujudingda suv miqdorini qancha koʻp asrasang, hayoting shuncha uzun boʻladi. Endi eʼtibor qiling. Suv kislorod bilan vodoroddan iborat. Vodorodda portlash xususiyati mavjud. Portlaydimi, demak, oʻzidan nur chiqaradi. Shuning uchun har bir odamning oʻz biotogi boʻladi. Elektrokardiogramma qilishimizning sababiyam shunda. Kopron koʻylakni kun boʻyi kiyib yurib, kechqurun qorongʻida yechsang, chitirlab ketadi, “qars-qars” etib uchqunlar sachrayotganini koʻrasiz. Demak, organizmda elektr toki bor. Elektr energiya sizdan chiqyapti. Kuylak uzoqlashganda qisqa tutashuv roʻy beradi. Oʻshanichun biotoklar har kimda har xil darajada boʻladi. Avliyo deyilmish zotlarda biotoklar miqdori haddan tashqari kuchli boʻlgan. Barmogʻi tekkan joyni kuydirish darajasigacha borgan baʼzilarida. Qancha uzoq ushlab tursa, kuyish darajasi shuncha koʻpayadi. Kashpirovskiyni meditsinadan xabardor “koʻz boylogʻich” deyish mumkin.

Jumanazar akani, u yer-bu yerdagi qisqa, kalta-kulta suhbatlarda koʻrib, eshitib, yaxshi bilaman, deb yurardim. Tungi suhbatlardan keyin, garchand tarixiy voqealarga doir maʼlumotlarida qanaqadir mavhumliklar boʻlsa-da, u kishidagi qiziqish va ilmiy salohiyatga havasim keldi.

 

II

Shularni xayolimdan oʻtkazgan alpozda bir necha daqiqa koʻzimni yumib yotganimdan keyin, boshimni sal koʻtarib, toʻrda – koʻrpa-koʻrpachalarini bizga berib, oʻzlari mungʻayib qolgan qoʻshtaxmon tagida uzala tushib yotgan hamxonam – Qozoqboy Yoʻldosh tomonga koʻz otdim: yo tavba! Uygʻoq ekan, sandalda oʻtirganday gavdasining yarmini koʻrpaga tiqib, yarmini chiqarib, qunishibgina derazaga tikilib, miq etmay oʻtiribdi.

Butun gavdam bilan deraza tomon burildim. Burildim-u, yo tavba! Hayratdan koʻzlarim chaqnab ketdi: yulduz – Tong yulduzi shundoqqina oyna ortida, bir hovuch oppoq alangaday yonib turardi!

– Anovuni qarang! – deb yuboribman beixtiyor.

– Moʻjiza! – dedi Qozoqboy aka. – Boyadan beri tomosha qilib oʻtiribman, bolalik paytlarimni eslab. Bu yulduz bizning Mirzachoʻlda juda baland koʻrinadi.

“Bolalik” soʻzi, “lop” etib akam bilan somon sotib, roʻzgʻor yirtigʻiga yamoq topib yurgan kunlarni yodga tushirdi. Biz: akam va men – oʻn bir, oʻn uch yoshli ikki somonpurush – Tong yulduzi yarim argʻamchi koʻtarilgunicha, yoʻlning yarmidan oshgan boʻlishimiz shart edi. Aks holda, Urgutga yetib borguncha bozor tugab, savdomiz kuyib ketardi. Har yakshanba boraverib-kelaverib oʻlchab, sanab, yodlab olgan yoʻlda bu yarqiroq yulduz bizga ham hamroh, ham “soat” ediki, vaqt va masofani unga qarab chamalar edik.

Xayolimni yulduz oʻgʻirlaganidan boʻlsa kerak, peshayvon chirogʻida lopillab koʻrinayotgan uzun-qisqa soyalarga eʼtibor bermagan ekanman, quloqqa elas-elas eshitilayotgan gangir-gungurdan keyin:

– Supada birovlar yuribdimi? – dedim Qozoqboy akaga qaramay.

– Xastalar, – degan tovush keldi. – Jumanazar aka kecha aytdi-ku, saharlab odamlar keladi, priyom boʻladi, deb.

Ha-ya, Jumanazar aka shunday devdi – har kelganida bemorlarni qabul qilishini aytuvdi.

Shu gaplardan keyin koʻrpada yotish istagi soʻndi, tashqariga chiqib, supada lopillayotgan soya egalarini koʻrgim, gaplashgim keldi.

Darrov kiyinib, dahlizga oʻtdim. Bu chorkunjak xona devorlariga tayab qoʻyilgan yogʻoch kursilarda olti-yetti chogʻli erkak-ayol roʻparadagi koʻkimtir yopiq eshikka tikilib, miq etmay oʻtirishar edi. “Muncha kasalning dardini eshitguncha kun tush boʻladi-yov…”, degan oʻy bilan ayvonga chiqib, uzun taxta-gʻoʻla oʻrindiqlarda turnaday tizilib oʻtirgan, supa chetida besas kezinayotgan, darvoza tomonda past tovushda gʻoʻngʻirlashib gaplashayotgan odamlarga qarab turib, hayratim battar koʻpchidi: voy-voʻy, bular bilan bittama-bitta shunchaki gaplashib chiqishning oʻziga bir kun yetmaydi-yu, yana, dardiga quloq solish, davo qidirish… E-e, qoyi-il!

Hali tong yorishmagan esa-da, uy egalari allaqachon oyoqqa turgan, uzun supa adogʻidagi oʻchoqda langʻillab olov yonar, ikki ayol oʻchoq boshida kuymalanar, supa boʻsagʻasida – kaltabaqay qari tut qarshisida ayni shu lahzada mening chiqishimni bilganday, bir qoʻlida oftoba, bir qoʻlida koʻkimtir momiq sochiq ushlagan Olimjon iljayib turar edi.

Olimjon – Jumanazar Beknazarovga kenja uka. Kasbi – jurnalist, xizmat manzili – Oʻzbekiston televideniyesi. Ildizi shu tuproqdan. Hozir esa bola-chaqasi bilan Toshkentda yashaydi. Ayni chogʻda, uyam mehmon – bizga oʻxshab, professor Jumanazar Beknazarov boshchiligidagi Navroʻz sayliga kelgan.

Qamayda Jumanazar akaning hovli-joyi yoʻq, bu uy – ota uyi, hozir oʻrtancha ukasi Bahromga tovun. Jumanazar akani qora tortib kelgan mehmon zoti borki, shu hovliga qoʻnadi.

Hovli, ayniqsa, bayramlar arafasida mehmonlar bilan gavjum boʻlib ketadi. Tevarak-atrofdagi oʻnlab qishloqlarning aholisi Qamayga keladigan professorni ayricha ilhaqlik bilan kutadi. Jumanazar Beknazarov ikki-uch kunlab yurtdoshlari qurshovida boʻladi, ularning dardiga malham izlaydi. Bu, yaʼni bemorlar bilan uchrashish, bayramning bir qismi, xolos. Bayram doirasida esa yana koʻplab savobli tadbirlar ham boʻladiki, ular toʻgʻrisida keyinroq, mavridi kelganda gaplashamiz…

– Olimjon, doimo odam shunaqa – koʻp boʻladimi? – qiziqsindim mis oftobadagi ilmiliq suvda chayinib boʻlgandan keyin, yuz-qoʻlimni artayotib.

– Avvalgi safar, ochirat koʻchaga chiqib ketuvdi. Hozir unchamas, lekin hali koʻplar yoʻlda, qarang, ana, yana kelishdi, – dedi Olimjon darvoza oldida, simyogʻochdagi katta chiroq ostida toʻxtagan “Damas”ga ishora qilib.

Mashinadan bola koʻtargan bir ayol, soqol-moʻylovi tekis kuzalgan, toʻtiburun qariya va peshonasi doʻng, salqi yuzi biroz shishinqiragan qirq yoshlar atrofidagi barvasta yigit tushdi. Qorachopon ustidan belqars-belbogʻ oʻragan bu yigit mashinadan chiqa solib: “Oxiri kim?!” deya shunday baland va dagʻal ovozda soʻradiki, xuddi oʻtirganlarning hammasi baravariga qichqirganday edi.

– Sekinroq-da, bolani qoʻrqitib yubording-ku! – nolindi devorga suyanib oʻtirgan ayol shovqindan uygʻonib, yigʻlay boshlagan qoʻlidagi bolasini yupatayotib.

– Bu daggoʻrini boʻgani shu, qizim, – oʻgʻlining befarosatligidan achchigʻlanib, uning nomidan kechirim soʻradi oʻtirishga joy izlab atrofga alanglayotgan qariya. – Har kun jangshayman, koʻpchilikni oldida boʻkirib gapirma, deb. Qayoqda…

Qorachopon, e, bilmabman, checha, bizdan oʻtdi, deb astoydil xijolat chekdi, uzr soʻray-soʻray qorongʻiga oʻtdi.

Olimjon allaqayerdan suyanchiqsiz stul opkeb, qariyani oʻtqazdi.

– Baraka top, bolam,

– Olimjonni alqadi chol. Soʻng oʻtirganlarga yuzlanib duo qildi: – Hammani dardiga xudo shifo bersin. Doʻxtir ulimgayam uzun umr, keng feʼl, ketmas davlat bersin, iloyim, bola-chaqasining rohatini koʻrsin.

Shu orada supada Qozoqboy aka paydo boʻldi. Olimjon uning qoʻliga suv quygani chopdi. Men boʻlsam, moʻysafidni gapga solmoqchi boʻldim.

– Qayeringiz ogʻriydi, ota? – dedim yonboshiga choʻnqayib.

– Hech qayerim! – dedi chol odamni hayron qoldiruvchi xotirjamlik bilan bukchaygan qaddini zoʻraki rostlab. – Koʻrmayapsanmi, otdayman. Duxtir ulimga rahmatimni aytib, bir duo qilay, dedim.

– Bundan chiqdi, davolanibsiz-da?

Shu payt yana yonimizda paydo boʻlgan qorachoponli yigit savolimni eshitib, otasining oʻrniga javob berdi:

– Davolandi! Lekin bu yerda emas. Otamni doktor Beknazarov davoladi, – yigitning ovozi endi ancha muloyim edi.

Ota oʻgʻliga bir nimalarni mulohaza qilgan alpozda qarash qilib, keyin menga burilib davom etdi:

– Nekin bizdiki panglagan kasal ekan. Qishda Jumanazarvoy Qamayga kelganida, roʻpara boʻlib edim. Koʻrdi, kasalingiz ancha chimlagan, Toshkanga bormasangiz boʻmaydi, maydagana aparasta qilamiz, gijinglab ketasiz, dedi. Oʻrtanchi ulim moshiniga mindirib obordi. Aytganiday, sal kunda tuzalib, Qoʻysintosh mingboshini aygʻiriday gidinglab ketdim. Navroʻzda yana bir uchrashasiz, devdi. Uchray, duo qilay, ham nevaramni bir koʻrsatay deb… Nevaracham hali mayda – chuvachak, nekin birpasda kattarganini fahmlamay qolasan, qiz mardum birovning xasmi-ku, hozirdan salomatligiga alhayda qaramasang, erta bir kun pushaymonda kuyib qolish hech gapmas.

– Nima qilgan?

– Yeganini qusadi, qornida bir gap bor.

– Sizni kasalingiz-chi, oʻzi, nima edi?

– Qar-rilardi kasali, ulim, qar-rilardiki… – otaxon shunday deyayotib, boshini men sari sal-pal egdi-da, ovozini pasaytirib: – Sarani maydasida achishardi, qiynalardim, – dedi-da, labini qulogʻimga tekizguday yaqinlashtirib yana bir nimalarni shivirladi. Tovushi olis-olislardan arang eshitilayotgan suvning jildirashidek shu qadar past ediki, har qancha tirishib quloq solmayin, hech nimani anglolmadim. – Shuytib, – davom etdi keyin tovushini rostlab. – Buni qarangki men bormagan tabib, men uchramagan doʻxtir qomadi. It koʻrmagan kunlarni koʻrdim. Barisi har xil gap aytadi, har xil dari jozadi – chilgʻiy naf joʻq. E, bu tarafini aytavursam, milliyonlar ketdi-yov. Jumanazarvoy boʻsa, doʻxtirxonada joy boʻshagancha, ikki kun uyida obyotdi, otasi tirilib keganday izzat-ikrom koʻrsatdi, bir kapiksiz – teppa-tekin tuzatdi. Mayli, Oʻzbekistonni boshqa jaylarini aytmayin, faqat shu – oʻzimizdi Qamashini oʻzida yiliga moshina-moshina najaramlar tuzalib, joʻrtib ketyapti. Ichingda nima dardi-kasaling borligini chiraq jaqmay biladi. Manovlardanam, – deb oʻtirganlarga ishora qildi moʻysafid, – yarim tanga omaydi, baraka topkur. Mundayini shu jayni oʻzida tuzatadi-qoʻyadi. Qoʻli parday jengil. Undayrogʻini Qarshi yo Toshkanga joʻnatadi. Qarshidayam, Toshkandayam joʻralari zich, aytib, tayinlab qoʻyadi ota-enangni goʻri nurga toʻlgur. Duoga, savobga koʻmilib juripti. Shundaychikanlar borki, bu dunyo – dunyo boʻp turipti-da, inim, ha.

Otaxonning yana bir nimalar degisi bor edi, Qozoqboy akaning kelishi suhbatimizni shu yerda uzdi.

– Boboyning boshini galdiratmay, baqa yuring, – dedi tirsagimdan ushlab. – Azim Suyun bet-qoʻlini chayguncha, oyoqyoydi qilib kelamiz.

Azim Suyun, Toshkentdan kelgan yana bir mehmon – Jumanazar akaning shogirdi, tibbiyot fanlari nomzodi Alisher Tojiboyev bilan boshqa xonada tunagan edi.

Koʻchaga chiqar-chiqmas, orqamizdan laylak yurish bilan yetib keldi.

Uchovlon har-har joyida chachilma-koʻlmak chang qoʻngan koʻzguday xira yaltirab turgan jim-jit tosh koʻcha boʻylab qishloq chetidagi qirga oʻrladik. Osmon chinniday tiniq, Tong yulduzidan boʻlak yulduzlar asta-asta soʻnib, xoʻrozlar qichqirigʻi tinib borayotgan azon alagovgum palla edi. Bir kun avvalgi yomgʻirda artilgan chinniday tomlarning tunukalarida tonggi oq-qoʻngʻir yogʻdular tovlanardi. Ahyon-ahyonda itlarning hurganini aytmasa, qishloq ahli hali uyquda edi.

Yoʻlda nimalar haqida gaplashganimiz xotiramda qolgan emas. Ammo qirda turib, qishloqning tunuka-shiferli tomlari, qadrdon va osoyishta dashtu dalalari hamda uzoqdagi qir-adirlardan tun pardasi ohista koʻtarilayotganini tomosha qilib turganimizda, Azim akaning inja havas bilan:

– Shu chet qishloqdan Jumanazar Beknazarday odam chiqqaniga hech ishonging kelmaydi! – deb qoʻl silkitgani aniq yodimda qolgan.

Yodimda qolganining yana bir sababi – aynan oʻshanday shirin gumon oʻzimning xayolimdan ham oʻtganida boʻlishi mumkin.

Darhaqiqat, Qamay degani, choʻl boʻlib choʻlga, togʻ boʻlib toqqa oʻxshamaydigan bir gʻoʻjala makonda qaror topgan, biz turgan tepalikdan sersolib qaragan kishiga, qishloq xuddi oftobda uzala tushib yotgan bahaybat koʻlvorga oʻxshab koʻrinardi.

– Gapingiz qiziq boʻldi-ku! Nima, sizni qishlogʻingiz bundan avlomidi? – dedi Azim akaning shoirona hayratidan rohatlangan Qozoqboy aka. Soʻng meni koʻrsatib, dedi: – Bu ogʻamniki-chi? Parij emasdir, harholda?

– Shundaylikka shundayku-ya! Faqat, bu – Jumanazar Beknazar degani – baloyi azim-ku! Bilmagan narsasi yoʻgʻ-a? – deb saf oldidan oʻtayotgan sardordek u yoqdan bu yoqqa yura boshladi Azim Suyun. – Kechagi gaplarini qarang? – deb oʻziga xoʻp yarashimli ehtiroslarga koʻmilib davom etdi shoir. – Hujayralarning oʻz ongi, oʻz siyosati, oʻz tushunchasi bor emish. Oltmish yoshga kirgan hujayralar yigirma yoshli hujayralarni koʻrganda oʻz-oʻziga savol berib, men nega unday emasman, dermish. Keyin, men ham shularday bardam, kuchli boʻlishim kerak, deb oldinga intilarmish. Bu tibbiyot nuqtai nazaridan isbotlangan emish.

– Abulqosim az-Zahraviy toʻgʻrisidagi gaplari shunchaki bilimdonlik emas, – deb davom etdi Azim aka. – Oʻzini koʻz-koʻz qilish ham emas, chin millatparvarning dardi, kuyunishi.

– Men bu alloma haqida eshitmagan ekanman, toʻgʻrisi, oʻzimdan uyalib ketdim, – dedim taassufimni yashirmay. – Eynshteynning nisbiylik nazariyasi, Mendeleevning davriy jadvali degan yangiliklardan voqif ekanman-u, ammo ajdodlarimiz yaratgan kashfiyotlarning koʻpidan xabarim yoʻq ekan haligacha. Az-Zahraviy bobo Ibn Sinoga zamondosh boʻlgan, dedi, toʻgʻrimi?

– Men ham bu hakimni uncha bilmas ekanman, – dedi Qozoqboy aka. Uning ovozida ham xijolatga oʻxshash bir nima sezilib turardi. – Dunyo meditsinasida “Pott kasalligi” deyiladigan umurtqa pogʻonasi sili Persival Pott sharafiga qoʻyilgan. Vaholanki, az-Zahraviy bu kasallik toʻgʻrisida Pottdan 700 yil oldin yozib ketgan ekan. “Katarakta” kasaliniyam birinchi boʻlib az-Zahraviy topgan ekan. Bulardan tashqari, Jumanazar akaning maʼlumoti boʻyicha, jarrohlik tarixida ilk bor oqma teshiklarni kuydirib davolash, qon tomiridan hosil boʻlgan oʻsmalarni olib tashlash, til osti pufagini kesib olish, tromboflebit deyiladigan tomir kasalini operatsiya qilishniyam az-Zahvariy kashf etgan ekan. Lekin bu kashfiyotlarning barisi yevropalik olimlar nomiga oʻtib ketgani juda achinarli.

– Ayniqsa, anovi, peritonitmidi, qorin pardasining yalligʻlanishi, dedi-ku, shu kasallik boʻyicha ulugʻ hakimga nisbatan qilingan adolatsizlik menga yomon taʼsir qildi. Xoʻsh, XIX asrgacha Ovroʻpo jarrohlari bu kasalning davosi yoʻq deb yurishgan boʻlsa, Selsovskiy degan oʻris jarrohi bir kitobida bu kasalni davolash yoʻlini dunyoda birinchi boʻlib 1866 yili Pirogov topdi, deb olamga jar solsa-yu, az-Zahraviy bobo bu donolardan sal kam 850 yil oldin, ichaklar jarohati ichakdan qilingan ketgut degan ip bilan tikiladi va qorin boʻshligʻiga joylanadi, deb aniq-tiniq koʻrsatib ketgan boʻlsa, bu haqsizlikka nima deyish kerak?

– Ibn Sino hazratlariyam ana shunday adolatsizlikka duchor boʻlgan! – deb yana sardorcha yura boshladi Azim aka. Uning ishonch va dadil qadam tashlashi tortinchoq kishilardan emasligini aytib turgandek boʻladi doimo. – Qovuq bilan peshob chiqarish kanalida tosh turib qolganda kuzatiladigan birinchi belgi farang olimi Bryun nomi bilan atalarkan. Aslida esa, undan 900 yil oldin Ibn Sino bu belgini topgan va davolash yoʻllarini koʻrsatib, sharhlab bergan. Hatto hozirgi paytga qadar unga bironta yangilik yo izoh qoʻshilmabdi. Lekin hozirgachayam hech kim buni Ibn Sino simptomi deb atamaydi. Jumanazar aka kuyunganiday, axir, buning Ibn Sino qalamiga tegishli ekanini farangistonlik olimlar yaxshi bilishgan-ku? Qariyb XIX asr boshigacha “Tib qonunlari” Ovrupodagi tabobat institutlarida asosiy darslik sifatida xizmat qilgan-ku!

Azim Suyun soʻzlayotganida bir-ikki marta uni boʻlmoqchi boʻlganday harakat qilgan Qozoqboy Yoʻldosh, u pauza qilgan zamonoq, gapga tushdi:

– Jumanazar aka kecha tagʻin bitta zoʻr gap aytdi: insoniyat xazinasiga birinchi boʻlib kim nimani hadya etgan boʻlsa, kimning aql shuʼlasi, tafakkuri eng avval zimistonni yoritgan boʻlsa, uning huquqini, mualliflik sharafini xalqaro maydonda himoya qilaylik. Har kim oʻzi yaratgan kashfiyotga egalik qilsin. Bobolarimiz yaratgan kashfiyotlar ularning nomi bilan atalsin. Eng muhimi, tarixiy haqiqat tiklanadi. Akaning bu gaplarida katta ibrat bor. Aka bu masalada sizu bizga oʻxshagan qoʻlida qalami borlar ham qoʻl qovushtirib turmasligi kerak, demoqchi boʻlayotir.

Bepoyon qir-adirlardan koʻz olmay turgan Azim Suyun ilkis sergaklandi:

– Chekka, ovloq deymiz-u, aslida undaymas! – dedi u.

– Qozoqboy aka, sizga rahmat, hozirgina oʻrinli dakki berdingiz menga. Kim aytadi bu yerlarni xilvat deb! Oʻzbekistonning beli-ku! Jayhungacha hali qancha-qancha qishloqlar, shaharlar, bogʻ-rogʻlar, dala-dashtlar bor. Amudan u yoqdagi mamlakatlarda necha xil millatlar yashaydi. Qolaversa, huv anovi togʻlar etagida sokin bir qishloqda sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari dunyoga kelgan. Zamonamizning buyuk shoiri Abdulla Oripovni yoʻrgaklagan, quchogʻida allalab oʻstirgan Nekoʻz degan qishloqcha ham bu yerdan uncha uzoq emas. Ha, men boyagi soʻzimni qaytarib oldim: Jumanazar Beknazar degan hodisot yorugʻlikni koʻrgan bu makon ham azal-azaldan avliyolar yurti boʻlmish aziz vatanimizning hamma qishloqlariga oʻxshagan tabarruk manzildir. Men – Yer yuzining yarmini kezib chiqqan odam aytyapti bu gaplarni!

Azim akaning baland pardalardagi falsafiy xulosalari olimlarning shoiri Qozoqboy akani ham ilhomlantirmasligi mumkin emas edi, albatta.

– Goʻzal! – dedi u quchogʻini keng yozib, tiniq va bepoyon havoni quchoqlamoqchi boʻlganday. – Jahonda Oʻzbekistonday goʻzal, toʻrt fasli ham bir-biridan maftunkor va boy mamlakat yoʻq. Yurtimizning har qadami muqaddas, har qarichida oʻnlab avliyolar yotibdi.

Xuddi shu xulosani kutib turganday, etakda Olimjon koʻrindi.

– Ustozlar, choyga! – dedi u yaqinlashib.

– Nega sizning kalla akangiznikiday maftunkor emas? – deb hazillashdi Qozoqboy aka uning kelishgan qaddi-basti, akasinikiday porlab turgan koʻzlari va tortinchoqlik bilan tez-tez jilmayganda yarqirab koʻrinadigan sadafdek oppoq tishlariga zavqlanib qarab.

– Bitta palakda har xil qovun pishadi-da, ustoz! – dedi yer tagidan Qozoqboy akaga qarab kulib turgan Olimjon, qoʻli bilan ogʻzini berkitar ekan.

Hazil-huzul nonushta chogʻida ham davom etdi. Chakkiga qorilib, qalampir solingan keskan oshni Jumanazar akasiz ichvoldik.

Ana-mana deguncha, choylashib oʻtirgan xona mahalla faollari, maktab oʻqituvchilariyu tuman hokimligidan kelganlar bilan toʻldi hamki, Jumanazar aka boʻshamadi. Hamon qabul bilan ovora edi u kishi.

– Endi bizga javob, – dedi mahalla oqsoqoli keskan oshni xoʻrillatib-xoʻrillatib simirib boʻlganidan keyin, oʻrnidan qoʻzgʻalib. – Borib, u yoq-bu yoqqa qarab turaylik.

– Boring, odamlar yigʻilib qolgandir, doʻxtir boʻshashi bilan men ham mehmonlarni olib, orqangizdan yetib boraman, – dedi maktab direktori.

– Ha, aytganday, – deb eshikdan chiqayotgan joyida yarim burildi oqsoqol. – Senariyni doʻxtir bilan kelishib olish esingizdan chiqmasin-a?

– Hoziroq shuni boshlaymiz, – deb direktor kostyumining ich choʻntagidan toʻrt buklangan ikki varaq qogʻoz chiqardi. – Sizlar koʻpni koʻrgan odamsizlar, – dedi varaqni tizzasiga qoʻyib tekislarkan. – Qozoqboy aka, oʻzingiz bir koʻz tashlang.

Qozoqboy aka:

– Manovi odamning yarim umri vahimali maylislarda oʻtgan, kiftini keltiradi, – deb direktor uzatgan qogʻozlarni menga oʻtkazib yubordi.

Men:

– Bu masalada Azim akamizdan oʻtari yoʻq, – deb Azim Suyunni roʻpara qildim. Azim aka bir koʻz yugurtirib yonboshiga uzatdi.

Xullas, shu asno “senariy” aylanib-aylanib yana Qozoqboy akada toʻxtadi.

Muhokama boshlandi.

– Yilboshini shu reja boʻyicha oʻtkazadigan boʻlsak, tagʻin bir hafta Qamayda yotarkanmiz-da, – dedi Qozoqboy aka chordona qurvolib. Soʻng: – Yarmini ixchamlash kerak, – deb qoʻliga ruchka olgan edi, direktor:

– Sizlar boshlab bersangiz bas, qolganini oʻzimiz jaydarichasiga davom ettiraveramiz, – dedi “qisqartirmang” deganday shoshilinch izohlab. – Odamlarimiz shu bahona bir yayraydi-da, mehmon. Undan tashqari, kessak, Jumanazar doʻxtir xafa boʻlishi mumkin. Axir, u yigirma yildan beri oʻtkazib keladi bu tadbirni. Qariyalarning boshi osmonga yetadi, duo qiladi, yoshlarning xursand boʻlishlari-chi?!

“Senariy”, haqiqatan ham, bagʻoyat uzun va keng koʻlamli edi. Unga koʻra, dastlab mehmonlar, yaʼnikim biz birin-ketin maʼruzalar qilishimiz, sheʼrlar oʻqishimiz kerak; keyin qishloqning yoshi ulugʻ otaxonu onaxonlariga, soʻngra 66-maktabning eng aʼlochi oʻquvchilari va respublikaning turli oliy oʻquv yurtlarida aʼlo baholarda oʻqiyotgan qamaylik talabalarga sovgʻalar topshiriladi. Soʻngra kam taʼminlangan va muhtoj oilalarga tuhfalar berilishi, undan keyin konsert, mushoira, sumalak, aytishuv, sport musobaqalari, chillik, bazbarak, zuv-zuv, quloq choʻzma, suyak otar, kurash, koʻpkari deydigan qadimgi oʻyinlar…

Muhokama avjiga chiqqanda, nihoyat, xonaga Jumanazar aka kirib keldi.

Uning mijjalari qizargan, ammo ruhi tetik, kayfiyati har doimgiday baland edi.

– Donishmandlardan biri, dunyodagi eng ogʻir narsa zerikishdir, degan ekan, – dedi eshikdan kirishi bilan baland ovozda. – Sizlarni zeriktirib qoʻymadikmi?

– Abu Ali ibn Sino bobomiz jon chiqar paytida: “Biz oʻlamiz va oʻzimiz bilan birgina narsani olib ketamiz, u ham boʻlsa: “Biz hech narsani bilmadik!” degan tuygʻudir”, degan ekan, – dedi Qozoqboy aka hozirjavoblik bilan. – Biz ham necha ming yillardan beri siz bilan davradosh esak-da, sizni mutlaqo bilmas ekanmiz. Siz bizga oʻxshaganlar uchun ulkan universitet, butun boshli ensiklopediya, zamonamiz qahramoni ekansiz-ku!

– Maqtov degan holvaytar faqat qizlargamas, bizgayam yoqadi! – deya yayrab-yashnab kuldi Jumanazar aka. – Ayniqsa, sizday zukko sinchiniki.

– Men hazillashayotganim yoʻq! – dedi sinchi. – Professorman deydiganlarning koʻpi oʻzi tugʻilib oʻsgan qishlogʻining yoʻlini esidan chiqarib yuborgan – yillab qadam bosmaydi, hamqishloqlarini mensimaydi, davlati siznikidan oʻn barobar koʻp, betidan moy tomib turgan esa-da, ming joyiga pichoq ursang, bir tomchi qon chiqmaydi. Aka, ibrat olishimiz shart boʻlgan xislatlarning hammasi sizda jam ekan.

Qozoqboy aka mehru muhabbat bilan shu soʻzlarni aytayotganida, mening xayolimga Toshkentning Qorasuv mavzesidagi toʻrt qavatli “dom”ning uchinchi qavatidagi uch xonali uy keldi. Jumanazar aka shu manzilda oʻgʻillarini uylantirdi, nevaralar koʻrdi. Shu xonadonda yashab, doktorlik dissertatsiyasini yoqladi, tibbiyotga doir 300dan ortiq ilmiy maqolalar, 60 ga yaqin ilmiy ixtirolar hamda ratsionalizatorlik takliflarining muallifi boʻldi.

“Tosh balosi”, “Guldek nozik”, “Bolangiz nega bezovta”, “Ona va bola tayanchi”, “Qamay dostoni”, “Yoniq yuragim”, “Mehr quyoshi”, “Iztiroblar komida”, “Vatan – yoniq yuragim”, “Manzildan keyingi yoʻl” kabi qator-qator ilmiy va badiiy asarlar yozib, kitobxonlar yuragidan joy egalladi. “Shuhrat” medaliga sazavor boʻldi. Televizor va matbuotdagi tibbiyotga oid dolzarb mavzulardagi mazmunli chiqishlari bilan esa butun respublikaga tanildi, hurmat qozondi. Dangʻillama imoratlar qurish, eng oxirgi rusumdagi mashinalar minish, har yili Antaliya, Bali degan dunyoga mashhur joylarni aylanib, huzur qilib dam olish qoʻlidan keladi uniyam. Lekin bunday hoyu havaslardan tiyiladi, odmigina roʻzgʻoridan ortganini xayrli yumushlarga sarflaydi, sarflayotir. Bugun ham, “senariy”dan koʻrinib turibdiki, shu maqsad yoʻlida bir necha million tuhfa qilinadi. Sinchi akamiz aytganidek, zamonamizning chin qahramoni, aslida, shunday insonlar emasmi?!

– Siz tezroq taomlanib oling, vaqt boʻldi, u yoqda xaloyiq kutib qolmasin, – deb qistadi direktor. Va shu zahoti toʻsatdan oʻta muhim gap esiga tushib qolganday:

– Menga qarang? – dedi Jumanazar akaga. – Nima uchun baʼzi bir ayollar hadeb qiz tugʻaveradi? Narigi guzardan ikkitasi: birida uch, birida ikki qiz bilan ajralib ketdi. Ikki quda, ikki qarindosh – bir-birini koʻrsa, tishini gʻijirlatadi, yuz koʻrmas boʻlib oʻtiribdi.

– Siz bir emas, bir nechta savol berdingiz. – Eshikdan kirgan joyga choʻkkalayotib shoshilmay javob bera boshladi Jumanazar aka. – Birinchidan, shu narsani yaxshi bilib olishimiz shartki, farzandning oʻgʻil yoki qiz boʻlishi faqat erkakka bogʻliq. Bu masala hozirgi paytda fan tomonidan aniq isbotlangan. Bu holatni soddaroq qilib tushuntiradigan boʻlsam, odam hujayrasining yadro qismida xromatin deb atalgan modda boʻladi. Hujayra koʻpayishi oldidan ana shu xromatin alohida tanachalar hosil qiladi va ular xromasomalar deb ataladi. Xromasomalar insonda 23 juft boʻladi. Ularning oxirgi bir jufti erkaklarda boshqacha, ayollarda boshqacha boʻladi. Erkaklarda bu juft ikkita har xil xromosomadan tashkil topadi, ularning biri X, ikkinchisi esa Y xromosoma deb ataladi. Ayollarda Y xromosoma yoʻq. Urugʻlanish natijasida xromosomalar soni 46taga yetadi. Agar spermatozoidda X xromosoma boʻlsa, boʻlajak farzand qiz boʻladi, agar Y xromosoma boʻlsa, oʻgʻil bola dunyoga keladi. Demak, XX – qiz, XY – oʻgʻil bola degani. Bu qonun. Shuning uchun qiz bola tugʻilishiyam, oʻgʻil bola tugʻilishiyam erkakka bogʻliq. Agar qiz farzanddan keyin yana qiz tugʻilsa-yu, uydagilar: bu ayolning ichi toʻla qiz ekan, uyga kemasin, oʻshayagʻdan onasinikiga ketavursin, deb xarxasha qilishsa, yoʻ-oʻq, ogʻam, aybni kelindan emas, kuyov toʻradan izlang, deyish kerak.

Xonada yengil kulgi koʻtarildi.

– Endi bir-biriga qarindosh boʻlgan mahalda naslning nuqsonli boʻlib tugʻilishi va bu holat keyingi naslga berilishi haqida, – davom etdi doktor. – Bu masalada dunyoning hamma olimlari betinim ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar olib boryapti. Faqat Oʻzbekistonning oʻzida shu mavzuda yigirmadan ortiq doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari yoqlangan.

Bilasizlar, inson organizmida diyenka, yaʼni riboksin kislotalari deyilmish kislotalar boʻladi. Oʻshalarning har bir aylanasida toʻrtta aminokislotalar boʻlib, bu aminokislotalar, agarda bir-biriga oʻxshash zinapoyalarda joylashgan boʻlsa, oʻshalarda koʻproq nuqson paydo boʻladi. Agar ular qanchalik begona boʻladigan boʻlsa, nogironlik yoki nasl suradigan kasallik oʻshancha kam boʻladi. Balkim, deyarli boʻlmaydi. Shuning uchun qarindosh-urugʻdan qiz olganda ham qiz bolaning tugʻilishi begonalar bilan quda boʻlgan mahaldagidan 5,2 marta koʻproq boʻladi. Oqibatda, hozir siz aytganday, ajralish tufayli eng yaqin ogʻaynilar ham yuz koʻrmas boʻlib ketadi.

– Boshqa savol boʻlmasin! – dedi direktor davradagilarning bitta-yarimtasi Jumanazar akani yana soʻroqqa tutib qolmasin degan ohangda. – Odamlar mahtal boʻlib qoladi.

– Masala menda qolgan boʻlsa, – dedi Jumanazar aka. – Bitta qorinni koʻchada yurib ham toʻydirib ketaveraman.

– Unday boʻlsa, yoʻlga tushaylik. Qani, omin!

Hamma shu ishorani kutib turgan ekan – baravariga qoʻzgʻaldik.

Bir koʻcha boʻlib ketib boryapmiz.

 

III

Yoʻlda ketib borayotib, negadir, kutilmaganda, bir yilcha avval taniqli adib va adabiyotshunos olim, professor Pirmat Shermuhamedov boshchiligida bir guruh adiblar bilan ustozimizning qishlogʻiga borganimiz va xuddi mana shu koʻchaga oʻxshash koʻchalarni toʻldirib uchrashuvlarda yurganimiz esimga tushib ketdi. Pirmat akamizning bolalardek begʻubor kulgisi quloqlarim ostida jaranglab, hazil-huzullarimizga javoban: “qoʻymaysiz-qoʻymaysiz…”, deya bosh liqillatishlari va hatto ohista-ohista tashlayotgan qadam tovushlarigacha eshitib-koʻrib turgandek gʻalati boʻlib ketdim. Ustozimiz bu yorugʻ dunyoni tark etganidan beri oradan bir yilcha vaqt oʻtdi. Naqadar tez oʻtar ekan umr deganlari: bugun bor odam – ertaga yoʻq. U bilan qancha voqealar yoʻq boʻlib ketadi. Xotiralar, faqat xotiralar qoladi undan.

Pirmat Shermuhamedovga alohida toʻxtalayotganimning yana bir sababi bor: u kishi – Jumanazar Beknazarovga tugʻishgani singari qadrdon ogʻa edi, oʻz inisidek suyardi. Bizni, yaʼnikim Jumanazar aka bilan meni tanishtirgan ham shu kishi boʻladi.

Tanishuvimiz tarixi esa mana bunday: oʻtgan asrning saksoninchi yillari. Bolalar gazetida ishlayman. Tahririyat qoshidagi “Yosh qalamkashlar” toʻgaragi mashgʻulotlarini oʻtkazish ham bizni zimmada.

Mashgʻulot oʻtadigan kunlarning biri edi. Hali bolalar yigʻilmagan paytda, xonamizga oʻrta boʻyli, qirra burun, oq sariqdan kelgan, sochi silliq taralgan, chiroyli kiyimlari oʻziga yarashgan oʻttiz – oʻttiz besh yoshdagi bir ziyoli kishi shaxdam kirib keldi. (Oʻrni kepqoldi, taqqoslab koʻrishga qulay boʻlsin uchun, akamning hozirgi koʻrinishi borasida ham ikki ogʻiz gapiray. Diqqat qiling: boʻy oʻsha – oʻrtacha va tik, peshona – keng, burun – qirra, oq-sariq yuzlar – qotma va silliq, salgina oq tushgan sochlar yigitlarnikidek qalin, egnida kuyovbolalarning tim qora kastyum-shimi, oq kuylagu qizgʻimtir galstuk uzukdagi koʻzdek libosiga yarashgan. Oʻrtacha qalinlikdagi qoshlar ostida chaqnab turuvchi moʻgʻil koʻzlar oʻychan boqadi. Koʻrinishi – serjahl, sergʻayrat, kuydi-pishdi, qiziqqon odamga tortadi-yu, ammo shoshilmay qadam tashlashi, har bitta harfni torozida tortib koʻrayotgandek salmoqlab gapirishi buni inkor qiladi va sersalobat odamga aylantiradi. Yetmishga yetayotgan esa-da, ellikdan yuqori yosh berolmaysiz. Loʻnda qilib aytganda, koʻngli toza, imoni but odam aslo qarimaydi, degan naqlga tiniq misol.)

Bir suhbatda Pirmat aka: “Jumanazar haqida gap ketganda, kishi beixtiyor ravishda sergap boʻlib ketadi, xuddi otasiga “besh”larini tezroq koʻrsatgisi kelgan boladay, suhbatdoshiga uning hamma ibratli fazilatlarini aytgisi keladi. Birini aytsang, ikkinchisi undan ajoyib tuyulaveradi”, degan edi.

Pirmat akaning Jumanazar aka haqida aytgan yana bir gapini hozir yozmasam boʻlmaydi: “Jumanazar juda shirali, obrazli qilib gapiradi. Oʻxshatishlarni topadi, juda aniq, sodda, tushunarli boʻladi ifodalari. Gohida xiyol choʻzib yuborgandek tuyulishi ham bor gap. Lekin aylantirib-aylantirib, xuddi yoyilib ketgan iplardan arqon eshganday fikrlarini yana bir nuqtaga jamlaydi. Ochigʻi, bunchalar otashin ehtiros va quyuq fikr bilan turtinmay, toʻxtamay, qoqilmay, oʻylanib qolmay gapirish hech birimizning qoʻlimizdan kelmaydi. Qoyil qoladiganim yana shundaki, fikrlari avvaldan bir ipga tizilgan marjon singari eshilib, pishib, navbati bilan, tartibni buzmay oqib kelaveradi”.

Boʻldi.

Endi – orqaga qaytamiz: kirib keldi. Yonida quyib qoʻygandek oʻziga oʻxshab turgan toʻqqiz-oʻn yoshlardagi bola.

– Assa-lo-mu alaykum! – dedi hijjalab va burro qilib. – Siz Abusaid mirzosiz, shundaymi? Bizni huzuringizga Pirmat domla yubordilar. Pirmat Shermuhamedov.

Ismimni buzib yoki chala aytgan, yo boʻlmasa, qanaqadir sifatlarni qoʻshadiganlarni yomon koʻraman: shu nafasdayoq javobini bergim keladi. Ammo bu odamning shashti, eski tanishlardek oʻzini emin-erkin tutishi taʼsirimi yoki Pirmat Shermuhamedovning nomi oʻrtaga tushganimi, bilmadim, ishqilib, unga qoʻrslik qilolmadim. (Hozirgacha “Abusaid mirzo” deydi, faqat shu kishiga indolmayman, koʻnikib ketdim, shekilli.)

– Mana bu yigitcha bizning toʻngʻichimiz boʻladi. Oti – Zoir. Jurnalist boʻlmoqchi. Hozircha bir nimani qotirib tashlagan joyi yoʻq. Lekin bir-ikkita tarjimasi bor, ruschadan, oʻqituvdik, Pirmat domlaga maʼqul tushganday boʻldi. Gazetada toʻgarak borliginiyam shu kishidan bildik. Qisqasi-kalom, shu yigitchaga muallimlik qilsangiz, deb oldingizga yetalab kelavurdik. Nima deysiz?

– Nima derdik – toʻgarakning eshigi xamma uchun lang ochiq, – dedim, garchand oʻrtada Pirmat akadek suyumli ustozim turgan boʻlsa ham uncha xushlamay.

Xushlamasligimning yana bir sababi: hali tanishib ulgurmagan odamlarning, tasir-tusur gapirishlari, menga – maqtanchoqlik boʻlib koʻrinadi va gʻashimni keltiradi.

Ammo Qozoqboy akaga oʻxshaganlar uchun bu holat “bezbet”lik emas, dadillik – odamning oʻziga boʻlgan ishonchining belgisi hisoblanadi. “Vijdonli, lafzi halol, birovdan tili qisiq joyi boʻlmagan jasur odamlar hech kimdan choʻchimaydi va fikrlarini dadil bayon qiladi, Jumanazar aka ana shunday mardlar toifasidan, – deydi u kishi. – Men shu fikrning tasdigʻini koʻp koʻrdim. Jumanazar akadagi ochiqchasiga va joʻshib bahslashish xususiyati uning chuqur maʼrifiy bilim egasi ekani bilan izohlanadi. Va, uning tabiatida chaqmoqdek qudratli nimadir borligidan dalolat beradi”.

Nimayam derdik, bir odamni har kim har xil koʻradi.

Faqat, “chaqmoqdek qudratli nimadir borligi…”ga qoʻshilib, yana quyidagilarni aytgim keladi: men ham oʻtgan yillar davomida bu odamning tarix, meditsina, filologiya, sharqshunoslik, astranomiya, qadimshunoslik, botanika va yana boshqa fanlar boʻyicha bahs va munozaralarda hamisha faol ishtirok etgani va boshqalarni ogʻziga qaratganini koʻp kuzatdim. Shuning uchun ham Qozoqboy akaning: “U mudroq, behafsala yuraklarga togʻu toshlarni gumbirlatib, oʻzaniga sigʻmaylar ketgan bahorgi sel misoli kirib boradi.

U oʻz fikridan boshqalarni ham bahramand qilish yoʻlida hech narsadan qaytmaydi.

Uning soʻzlari koʻrmagan narsalaringni koʻrishga, bilmagan narsalaringni bilishga undaydi.

U ochilib-sochilib suhbatlashganida ham, katta minbarlardagi ilmiy munozaralarda ham hech qachon bosiqlik chegarasidan chiqmaydi, bahs odobini buzmaydi, “oʻtlab” ketishdan tiyiladi…” deyilmish fikrlariga yuz foiz qoʻshilaman.

Ha, mayli. Bular, endi, keyingi gaplar.

Xullas, Zoir shu kundan boshlab, koʻp qatori mashgʻulotlarga qatnab yurdi. Ancha uquvli, qobiliyatli ekan: hademay gazetada xabarlari, maktab hayotidan yozilgan maqolalari chiqdi, tarjimalari eʼlon qilindi. Ammo, maktabni bitirganidan keyin jurnalist boʻlmadi – otasining izidan ketdi.

Biz esa, bir yoqda oʻgʻli, bir yoqda Pirmat aka bahona turli-tuman sabablar bilan uchrashadigan boʻldik.

Jumanazar akani birinchi koʻrganimda birorta institutning domlasi boʻlsa kerak, deb taxmin qilgan edim, uning doktor ekanini keyin bildim. Bir qancha tanish-bilishlarim, qarindosh-doʻstlarim bu odamning qoʻlida davolanib, sogʻayib ketdi.

Jumanazar aka oʻsha mahalda Oʻrta Osiyo pediatriya institutida ishlar, hali ilmiy darajasi ham yoʻq, ammo institutdagi obroʻyi eng eʼtiborli professornikidan kam emasdi.

 

IV

Bir koʻcha boʻlib qishloqning kun chiqar betidagi yashil maysa bilan qoplanayotgan keng sayhonlikka yetdik. Atrof chumoliday odam – yurib boʻlmaydi. Qamay emas, tuman, butun Qashqadaryo koʻchib chiqqanday goʻyo. Bir necha joyda oʻtov-chaylalar tiklangan, chaylalarda xonzodalar kabi bezangan biri-biridan goʻzal kelinchaklar suzilib turibdilar, samavorlar qaynab yotibdi, kaboblarning yoqimli hidi dimoqni qitiqlaydi, qirq quloqli qozonlarda sumalaklar suzilmoqda, koʻchma magazinlarda savdo-sotiq avjida, baland simdorda ota-bola darbozlar hayratli tomoshalar koʻrsatmoqdalar, karnay-surnay, oʻyin-kulgi, lakalak bazm avjida. Osmonu falakni toʻldirib yuborgan son-sanoqsiz varraklar esa xuddi bir toʻda qaldirgʻochlardek goh zuvillab koʻkka koʻtariladi, goh shuvillab u yoqdan – bu yoqqa shox tashlaydiki, oʻsha lahzalarda yeru osmon bolalarning quvnoq qiyqirigʻiga toʻlib ketadi. Nariroqda ot choptirib yurgan oʻn-oʻn besh chogʻli oʻsmirning “hayyo huv”i ularga joʻr boʻladi.

Oʻsha kuni, bunday manzarani koʻriboq sevinchdan esankiragan har qanday odam kabi biz ham deyarli baravariga: “Voy-voʻy!” deb yuborganlarimiz hanuz esimda.

Maydonga yaqin borganimizda bir toʻda qizlar chopqillab kelib, hammamizga gullar ulashdi. Teparoqdagi taxta-yogʻochdan yasalgan sahnaga koʻtarilganimizda esa… boʻldi qarsak, boʻldi qarsak!

“Senariy”da belgilanganidek, bayramni Oqguzar mahalla fuqarolar yigʻini raisi qisqacha kirish nutqi bilan ochib, birinchi soʻzni Toshkentdan kelgan mehmonlarga berdi. Dastlab professor Qozoqboy Yoʻldosh gapirdi. Keyin Azim Suyun sheʼr aytdi. Men ham bir nimalar dedim. Alisher doʻxtir “Meniki gapga yoʻq”, deb soʻzga chiqmadi. Oʻzimiz bilan olib kelgan kitoblarni – yuztacha bor edi – shu yerning oʻzida maktab kutubxonasiga topshirdik.

Shundan soʻng qishloqdagi yoshi ulugʻ nuroniylarga, 66-maktabning Sabina Oʻrolova, Ogʻabek Maxatov, Roʻzimurod Doʻrmonov, Shahlo Ulashova, Javohir Mixliyev kabi oʻn olti aʼlochi oʻquvchisiga va oliy oʻquv yurtlarida yuqori koʻrsatkichlar bilan oʻqiyotgan qamaylik toʻqqiz talabaga sovgʻalar topshirildi.

Illo, bu yerda gap masalaning moddiy emas, maʼnaviy jihatdan bebaholigida. Qishloqdoshlarining minnatdorlik soʻzlarini eshitgan har qanday inson bunga qayta-qayta iqror boʻladi.

– Xudo xohlasa, katta boʻlsam, albatta, Jumanazar Beknazarovday vrach boʻlaman!

– Men Jumanazar Beknazarovday hamma havas qiladigan odam boʻlishni orzu qilaman. Maktabdayam, institutdayam aʼlo baholarga oʻqiyman.

Bu soʻzlar – 66-maktabning toʻrtinchi va beshinchi sinf oʻquvchilari Suxrob Ochilov va Madina Rahmonovaning orzulari edi. Jumanazar Beknazarovning murgʻak va begʻubor yuraklarga sepgan ezgulik urugʻlarining hozirdanoq nish urib, quyoshga tomon intilayotganidan dalolat edi bu. Maydonni toʻldirib turgan yuzlab katta-kichik qalblarni toʻlgʻantirayotgan mana shu muqaddas tuygʻular, vaqti-soati bilan albatta koʻkaradi, sersoya, serhosil azamat daraxtlarga aylanadi.

 

V

Siz Jumanazar akadan qarzdorsiz, – dedi bayramdan qaytayotganimizda Qozoqboy aka xuddi tomdan tarasha tushganday qilib menga. – Bu odam haqida bir narsa yozishingiz kerak. Ammo oldindan aytib qoʻyay, – deb davom etdi moʻylovini chimdib, bir nimalarni oʻylab va negadir kulimsirab, – Jumanazar Beknazar degan hodisot toʻgʻrisida yozish qiyin: u shiddatkor, joʻshqin va otashin inson. Hayot unga koʻtarinki va tantanavor ehtiroslarni oʻta saxiylik bilan vagonlab bergan. Bilasizmi nima, Jumanazar aka birovlarda koʻrgan ijobiy xislatlarning hammasini oshirib koʻrsatadi – maqtaydi. Yomon illatlar yaqiniga bormasin, deb shunday qiladi, hatto bijgʻigan qalblardagi havoniyam tozalab, nafis va otashin orzularga toʻldirib yuboradi, qalblarga oʻt yoqadi. Arzon mulohozalar girdobiga oʻralashmaydi. Uning soʻzlarini bir marta eshitgan odam maftuni va oshigʻi boʻlib qoladi.

Umuman, Jumanazar Beknazarda odamlarga aytadigan, aytmasa boʻlmaydigan fazilatlar shunchalar koʻpki, bunday alloma toʻgʻrisida bir yoqlama gap aytib qoʻyish xavfidan choʻchimoq kerak. Toʻgʻrisi, faqiringiz bir urinib ham koʻrgan. Uzoq yili, 60 yoshga toʻlganida, bir maqola yozganman, lekin koʻnglim toʻlgan emas. Yozmoqchi boʻlib qalam olsam, desangiz, soʻzlar hurkitilgan ohu galalaridek tutqich bermaydi, voqealar ummoni ichra adashib, gangib qolavuraman.

(Manovi oʻxshashlikni koʻring! Menda ham aynan shunday boʻlgan – Qozoqboy akaning kuni boshimga tushgan. Men ham bir maqola yozay deb rosa uringanman, bir necha kun oʻylanib yurganman. Ammo, qaysi voqeadan boshlab, qaysisida tugatishni bilolmay, axiyri, “Doktor Jumanazar Beknazarovning armoni” degan manavi sakkizlikni yozish bilan koʻnglimni ovutganman:

 

Oltmish yoshdan oʻtib, mundoq qarasam,

Uch mingdan oshibdi jarrohlik ishim.

Kimningdir koriga shodsan – yarasang,

Va xasta lablarda koʻrsang tabassum.

Toʻyu tomoshada ehtirom bisyor,

Shukur, doʻstlarim koʻp, koʻplar taniydi.

Ammo, qani edi, boʻlmasa bemor,

Men boshqa ish izlab yursam, qaniydi…

 

– Endi, siz bir urinib koʻring, – dedi Qozoqboy aka “topshiriq”qa nuqta qoʻygan boʻlib. – Balki, hammaga suyumli odamni bor boʻy-basti bilan tasvirlash qoʻlingizdan kepqolar.

– Sizdek yozarman uddalamagan ishga bizga yoʻl boʻlsin! – dedim Qozoqboy akaga “urinib” koʻrganimni bildirmay.

– Haqiqatan ham, yaqinlaring haqida yozish oson emas, – deb suhbatga qoʻshildi halidan beri Qozoqboy akaning soʻzlarini jimgina eshitib kelayotgan Azim Suyun. – Mundoq qarasang, Jumanazar Beknazar haqida hech nima aytilmagandek. Ammo “bir nima” yozmoqchi boʻlsang, hamma gap aytib boʻlinganga oʻxshaydi. Qolaversa, tinib-tinchimas bu ShAXS – oʻzi toʻgʻrisidagi hamma gapni radioyu televideniyedagi chiqishlari, gazetayu jurnallarda eʼlon qilgan maqolayu suhbatlari orqali allaqachon aytib boʻlgan.

Shu vajdan “bir nima” yozmoqchi boʻlganda takrorlar va umumiy tafsilotlar joy olish xavfi paydo boʻlishi ayon haqiqat. Unga muhabbat izhori – eng iliq ifodalarimiz yetmay qoladigandek boʻlaveradi. Umuman, akaning jarrohligi, adibligi toʻgʻrisida ancha-muncha yozuvlar, maqolalar mavjud. Ammo fazilatlarimizga fazilatlar qoʻshadigan xususiyatlari toʻgʻrisida kam yozilgan.

Mana, masalan, u kishidagi xislatlarning oʻzimizga yaqin qirrasi – shoir va yozuvchiligini olib koʻraylik. Qozoqboy aka, siz – mashhur adabiyotshunos, ayting-chi, men oshirib aytyapmanmi, a?

– Juda toʻgʻri, Jumanazar Beknazarni oʻziga xos fikrchan sheʼriyati, boshqalarga oʻxshamaydigan yoqimli prozasi bor. Sheʼrlarida ehtirosu tuygʻular toʻfoni bir qadar vazmin va bosiq, shoshqin hayajonlar izga tushgan. Prozasida aql bilan ijod qilayotgan nasr ustalari singari xotirjam oʻylab yozish dunyosiga kirgani sezilib turadi. Ehtiros barobarida zakovat va ilm birinchi planga chiqqanday tuyuladi. Muhimi, yozganda, shunchaki koʻngil chigilini yozish uchun qalam ushlamaydi, odamzotning ruhiy holatlarini kavlashtiradi, mungli qatlamlarni topishga intiladi, jimjimabozlik qilmaydi.

Xalqchil soddalik, folklor priyomlariga moyillik ham oʻz isteʼdodining tabiatidan, soʻzga sodda bir moʻjiza deb qarashidan kelib chiqqan fazilatdir.

Yana, oʻta kuzatuvchanlik, sezgirlik va tasviriy jihatdan behad goʻzal bitilgan publitsistik maqolalariyam borki, ularning qimmatiyam uncha-muncha badiiy asardan kam emas.

– Haligi… “Vatan – yoniq yuragim” dostoni shu kishiniki edi, a? – deb Qozoqboy akaning soʻzini boʻldi Azim Suyun. – Esimda qolgani, oʻz vaqtida ancha shov-shuv boʻluvdi. Favqulodda fikr evrilishlari, kutilmagan tashbehlar, rassomlarga xos tasvirlar koʻp edi. Yaqinda “Manzildan keyingi yoʻl” degan kitobi qoʻlimga tushib qoldi. Gʻalati, noanʼanaviy uslubda yozilgan. Real hayot tasvirlari fantastika unsurlari bilan qorishib ketgan ajabtovur asar ekan. Yarmi nasr, yarmi nazm. Ammo har ikkisi bamisoli oltin halqalar kabi ijodkor gʻoyasini bus-butun ifodalashga xizmat qilgan. Sheʼrlardagi toʻlqinli, dardli misralar, fojialar aro mumtoz olamni orzu qilgan ezgu nurlar elas-elas koʻzga tashlanadiki, bu muallifning zamonaviy adabiy usulda yoza bilish mahoratidan dalolat berib turadi.

– Eʼtibor qilgan boʻlsangiz, kamina – ana shu kitobga masʼul muharrir, – dedi Qozoqboy aka gʻururlanganday boʻlib. – Asar garchand hammamizning ustozimiz, mashhur alloma Begali Qosimov hayotiga bagʻishlangan esa-da, unda ilm mashaqqatlarini boshidan kechirgan va kechirayotgan juda koʻplab zahmatkash insonlarning taqdirini koʻrish mumkin.

Azim aka, siz hozir bu asarni “noanʼanaviy” deb toʻgʻri aytdingiz, hatto taʼkidlash mumkinki, bir qadar sirli.

Sirliligi – bu dunyoda yashab oʻtgan insonning ikkinchi umri tasvirlanganida. Asarni shunchaki oʻqib boʻlmaydi, shunchaki oʻqigan oʻqirman yozuvchining maqsadini tushunmaydi. Bunday asarlarning tagmaʼnosi va asl gʻoyasini anglash, ijodkor fikrining sehri va soʻz muzikasi jaranglarini qalbdan sezib, uning nafis ohanglar bilan toʻlib-toshgan jozibasini his qilish uchun avvaldan bir qadar tayyorgarlik koʻrishdan tashqari, yana sabr bilan, magʻzini chaqib-chaqib oʻqish kerak boʻladi. Diqqat qilgan boʻlsangiz, asarning har sahifasida insonning joʻshqin, sertashvish va notinch hayoti haqida chuqur falsafiy xulosalar bor.

– Asarda sheʼr va musiqa singari ichki ohangdorlik ham mavjud. Ona tilimizni aʼlo darajada bilgan va nozik his etgan yozuvchigina shunday muvaffaqiyatga erishadi, – deb uni quvvatladi Azim aka. – Men daryo-daryo soʻzlar orasidan eng jozibador, kuchli, goʻzal va oʻziga eng keraklisini topib tanlaganiga qoyil qoldim. Faqat, janri… Bu dostonmi, povestmi…

– Doston ham, povest ham, roman ham emas, – deya darrov javob berdi Qozoqboy aka. – Yangi janrdagi asar. Avtobiografiya emas, hozircha, insoniyat iztiroblarining quyma jamlamasi, desak ham boʻladi. Xuddi qadimgi xalq dostonlari singari, unda poeziya bilan proza qoʻshilib, uygʻunlashib, yangi bir ajoyib janrni vujudga keltirgan.

– Gleb Gorbovskiymidi, shu boʻlishi kerak, aniq shu, – dedi Azim aka. – Ruslarning shu shoiri, men sheʼriyatni telbalik deb hisoblayman. Sheʼriyat bu – darveshlikdir. U Parvardigorning inʼomi, degan. “Parvardigorning inʼomi” degani rost, lekin telbalik, darveshlik degani bizga oʻxshashlarga toʻgʻri kelsa kelar-u, – deb bu soʻzidan oʻzi zavqlanib ketdi-yu, xo-xolab yubordi. – Lekin Jumanazar akaga toʻgʻri kelmaydi. – dedi kulib boʻlgach. – Jumanazar Beknazar asarlarini oʻqigan, uni bilgan odam Gorbovskiyning fikrlarini tamomila inkor qilishi turgan gap. Toʻgʻri, aka hech qachon yozuvchilikni daʼvo qilgan emas. U kishi besh mingdan ortiq jarrohlik operatsiyasi qilgan zoʻr jarroh, qarindosh-urugʻlariga mehribon, doʻstlariga sodiq, davragir. Xalqimizga xos donishmandlik, odamshavandalik, ezgulik, olijanoblik tamoyillariga rioya qilib yashayotgan bunday insonlarni alloma deb ulugʻlash lozim. Shuning uchun ham aka, – dedi butun gavdasi bilan men tomon oʻgrilib.

– Qozoqboy akaning “Bu odam haqida bir narsa yozishingiz kerak”, degan gapini men ham quvvatlayman.

– Ana koʻrdingizmi?! – dedi Qozoqboy aka ruhlanib. – Madomiki, Azim akangizday shoir ham shu fikrda ekan – kasbi-kori shifokorlik boʻlmish odamning shoirona qalbi, hayratli tuygʻulari haqida tezda bir nima yozmasangiz boʻlmaydi. Bilib qoʻying, birovlarning shuhrati shuʼlalaridan nurlanishni oʻziga ep koʻrmaydigan, asl odamlar hamisha kamyob boʻlgan.

Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay, deydilar Navoiy hazratlari. Jumanazar aka shu bugunning oʻzida qancha odamning koʻnglini shod aylab, duosini oldi.

– Soʻzingiz – bizga maʼjun. – dedim itoatkorona.

– Jumanazar aka komil va komron inson, dabdabali hoyu havaslardan tiyilib, “yurak farmoyishi” boʻyicha hayot kechiruvchilarning timsoli.

– Xudo xohlasa, hammamiz – galalashib – bir nima yozarmiz…

Toʻgʻrisiyam shu-da: vaqti kelib, albatta, Qozoqboy akaning taʼrifi bilan aytganda, “Jumanazar Beknazar degan hodisot” toʻgʻrisida nimalardir yoziladi. Agar oʻshanday “bir nima”ni men yozadigan boʻlsam, Jumanazar akaga qanchalik ehtirom va mehr bilan qaragan va uning xususida nimaiki oʻylagan boʻlsam, barisi oʻsha maqolada ifodalanadi. Bunday maroqli “narsa”ni hozir yozolmayman. Hozir… tasavvurlarim, xulosalarim baayni sirli tuman ichida qolganday qorishiq va betizgin.

Gap-gap bilan qishloqqa olib kiruvchi koʻcha boshiga yetganimizda, boya hamqishloqlari qurshovida qolib ketgan Jumanazar aka oppoq “Kaptiva”da orqamizdan yetib keldi.

– Sizlarga rahmat! – deb birma-bir qoʻlimizni siqib chiqdi mashinadan tushgan zahoti. – Sizlarsiz bayram behad gʻarib boʻlib qolgan boʻlar edi.

– Bunday yoqimsiz gaplarni qoʻying. Biz nima qippizki… – qoʻllarini nochorona yozdi Qozoqboy aka. – Xoʻsh, maqsadga oʻtaylik, suv omborga ketdikmi?

Jumanazar aka taraddudlandi.

– Sizlarga hamray boʻlolmayman-ov… – dedi xijolatomuz. – Bahromnikiga toʻrt-beshta hamyurtlar kepqopti. Olisroqdan ekan…

– Judayam vaqtida kelishipti-da, baraka topishsin. Oʻzi, siz bizga ortiqchalik qilayotuvdingiz, – kulgiga oldi masalani darrov ilgʻagan Qozoqboy aka.

– Ulgursam, izingizdan yetib boraman.

Shofyor “gʻir” etib tashlab kelaman, deyishiga qaramay, Jumanazar aka shogirdi Alisher Tojiboyevni yoniga olib, piyoda-piyoda joʻnadi.

Biz “Kaptiva”ga mindik.

– Bu dunyoda shunday yashasang-da… – dedi Qozoqboy aka havas bilan Jumanazar akaning ortidan.

Aslida, hozir hammamizning koʻnglimizni charogʻon qilib, nurli shuʼlalar sochib turgan aziz tuygʻu ham xuddi shu edi.

 

Abdusaid KOʻChIMOV,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

“Yoshlik”, 2016 yil 3-son

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/bu-dunyoda-shunday-yashasang/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x