“Boʻrining tabib boʻlgani haqida ertak” sheʼriy-adabiy ertagining boshlangʻich sinflarda oʻqitilishi

XX asr adabiy voqeligida yosh avlod tarbiyasiga, qalbi va dunyoqarashi kamolotiga yoʻnaltirilgan, bosh qahramonlari bolalar boʻlgan va ular uchun maxsus yozilgan, biroq chuqur samimiyati, taʼsir kuchi bilan kattalarni ham befarq qoldirmaydigan asarlar majmuidan iborat alohida bir adabiy saltanat deb yuritiluvchi bolalar adabiyotining paydo boʻlganligi – xalqimiz maʼnaviyatidagi muhim hodisalardan sanaladi. Bolalar adabiyoti har bir xalqning maʼnaviy-madaniy taraqqiyoti va pedagogik tafakkuri oʻsishiga chambarchas uygʻunlikda shakllanish jarayonini kechirib kelmoqda.

Oʻtgan asrning 30-yillarida xalq ertaklari syujeti va shaklini stilizatsiya qilish asosida Z. Diyor, S. Joʻra, Q. Muhammadiy, Sh. Saʼdulla va boshqa bolalar shoirlari sheʼriy-adabiy ertaklarning sheʼriy-ertak, naql-ertak, masal-ertak kabi qator oraliq shakllarida asarlar yaratib, oʻzbek bolalar epik poeziyasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshdilar. Bu anʼana 40-60-yillarda A. Rahmat, P. Moʻmin, Q. Hikmat tomonidan rivojlantirilgan boʻlsa, 70-90-yillarda M. Aʼzam, T. Adashboyev, S. Barnoyev, Anvar Obidjon, H. Imomberdiyev va boshqalar tomonidan davom ettirilib, salmoqli natijalarga erishildi.

Folklor janrlarining kompozitsion qulayliklari – ommaviyligi bolalarga atab yoziladigan asarlar uchun gʻoyat muvofiqdir. Bolalar adiblari bu haqiqatni chuqurroq anglay borganlari sari koʻproq ijodiy kamolotga erishayotirlar. Ular xalq syujetlariga monand syujetlar oʻylab topa boshladilar. Bunday toʻqima adabiy syujetlar koʻpincha hayot voqeligini doim kuzatish va undan oziqlanishning, shuningdek, biror maqol va matalning mazmunini voqeaband tafsilot vositasida kichkintoylarga yetkazish niyatining natijasi boʻlib tugʻiladi. Bu esa ularning xalq syujetlari negizida yozilgan asarlardan farq qiluvchi xoslik belgisi sanaladi. Shu sababli bunday asarlarni janr eʼtiborlariga koʻra adabiy ertaklar, doston-ertaklar, adabiy masallar, adabiy latifalar deb atash toʻgʻriroqdir. Unutmaslik kerakki, bunday adabiy asarlarda ham xalq ertaklariga xos tasviriy vosita va usullar: allegoriya fantaziya, giperbola, antropomorfizm, shuningdek, tildagi qator anʼanaviy belgilar sanʼatkorning iqtidor va malakalari darajasida saqlanadi. Bu jihatdan, ayniqsa, adabiy ertaklarning bolalar poeziyasini taraqqiy ettirishdagi roli katta boʻldi. Anvar Obidjon ham shu anʼana vorisi sifatida bir nechta sheʼriy-adabiy ertak yozdi. Buning yorqin namunasi sifatida boshlangʻich sinf “Oʻqish kitobi” darsligiga kiritilgan “Boʻrining tabib boʻlgani haqida ertak”[1]ni keltirishimiz mumkin. Shoir sheʼriy-adabiy ertakni xalq ertagi shakli stilizatsiyasi asosida yaratib, yangi mazmun, yangicha qarash bilan boyitish yoʻlidan boradi. Bu shakl shoirning xalq ogʻzaki ijodiga mansub ertak shaklini sintezlashtirish asosida yuzaga kelgan. Uning xalq ertaklaridan farqi ularda ilgari surilgan gʻoyalarning muallif tomonidan bolalar dunyoqarashiga moslab singdirishga moʻljallanganligida namoyon boʻladi.

Anvar Obidjonning “Boʻrining tabib boʻlgani haqida ertak” sheʼriy-adabiy ertagida ochkoʻzlik ramzi boʻlgan yirtqich “Boʻri” obrazi bosh qahramon qilib tanlangan. Sheʼriy-adabiy ertak syujeti “er goʻyo ters aylanib, tabiblikka oʻrmonda Boʻrining saylanishi” bilan boshlanadi. Ertakni oʻqiy boshlagan oʻquvchi koʻz oldida oʻrmon hayvonlariga “tish qayrab, yoʻlga jovdirab boqib, tezroq bemor kelishini kutib turgan shum shifokor” Boʻrining qiyofasi yorqin namoyon boʻladi. Tabib Boʻrining oldiga kasalligidan shikoyat qilib Quyon, Toʻngʻiz, Tulki va Sher murojaat qilishadi. Biqini ogʻrishidan shikoyat qilgan Quyonvoyning chap koʻzini obdon tekshirgan “tabib” deydi:

 

Oshqozoning sal chatoq

Buni… “tumov” deydilar.

Biz tabiblar bu dardni

Juda yaxshi bilamiz.

Qorning yorib, sen mardni –

Muolaja qilamiz.

 

Tabibning bu tashxisidan qoʻrqib, qochib ketgan Quyonvoyning shundan beri biqini ogʻrimasligiga ishora qilinadi. Uquvsiz, ochkoʻz tabib Boʻri oldiga tomogʻidan shikoyat qilib Toʻngʻiz keganda esa, oyogʻidan ushlab koʻrib aytadi:

 

Tomoq ogʻriq boshlanar

Oʻng oyoqning poyidan.

Kesib olsak soz boʻlar,

Goʻshtlikkina joyidan.

 

Boʻrining ochkoʻzligi ustun kelib, yemoqqa shaylanganda Toʻngʻiz ham fursat topib, juftagini rostladi. Ikki oʻljadan quruq qolgan Boʻrining oldiga qoʻliga tikan kirgan Tulkioy mingʻirlab keladi. Oqibatda ayyorligi tufayli tul kampirning xoʻrozini oʻgʻirlab, yoʻlda boʻztikandan yaralangan Tulkining oʻzi ham yirtqich Boʻrining hiyla-nayrangi qurboniga aylanib, unga yem boʻladi. Boʻri oʻz nafsini qondirib, xursand boʻlib turganda, oʻrmon shohi Sher ishtahasi yoʻqligidan shikoyat qilib keladi. Sherni hurmat-ehtirom bilan kutib olgan tabib Boʻri unga quvvatdori zarurligini aytib, semiz hayvon goʻshtini yeyishni maslahat beradi. Uylamay aytilgan fikr – tabib Boʻrining quvvatdoriga aylanishiga sababchi boʻladi:

 

Yaxshi emas, har holda,

Quvvatdori izlasam.

Shoh boʻlsam-u,

Shoqolday –

Oʻrmonda giz-gizlasam.

Qoʻldan berib imkonni,

Soʻng yurarman armonda –

Sendan semiz hayvonni

Topish mushkul oʻrmonda…

 

Shunday qilib, tabib Boʻri oʻzining aldoqchiligi, uquvsizligi, ochkoʻzligi qurboniga aylandi. Muallif Boʻri obrazida yolgʻonchilik, aldash, uquvsizlik, birovning hisobidan kun koʻrish kabi illatlarni qoralagan. Boʻrining bilimsizlik illati asar syujetidagi doilogik nutqlarda yengil yumor tarzida koʻrsatilgan. Sheʼriy-ertakda tabib va tabiblik bilimiga ega boʻlmagan Boʻri oʻziga berilgan imkoniyatdan foydalanib, oʻrmondagi kuchsiz hayvonlarni aldab, qorin tuydirish gʻamini yeydigan obraz sifatida tasvirlangan. Sher obrazi esa adolatparvar, yomonlikni jazosiz qoldirmaydigan timsol sifatida koʻrsatilgan. Boʻri qanchalik ayyor boʻlmasin, laqmaligi, maqtanchoqligi tufayli qilmishiga yarasha jazo oldi.

Anvar Obidjon ushbu sheʼriy-ertagida kitobxonga yetkazmoqchi boʻlgan gʻoyani hayvonlar obrazida beradiki, ayni shu yoshdagi bolalar uchun hayvonlar haqidagi ertaklarni tushunishi muvofiq keladi. Hayvonlar haqidagi ertaklarning fazilati – ularga syujetning tartibli va toʻxtovsiz harakat negizida voqe boʻlishi, diologlarning muntazamiyligi va koʻpligi, sodda va aniq ifodalarning mavjudligi hamda bular barchasining oʻzaro munosibligidir. Bu esa ertakning oʻqimishliligini taʼminlagan sirlari sanaladi.

Shoir Anvar Obidjon sheʼriy-ertak yakunida xalqimiz orasidagi “Qilmish – qidirmish” maqolini umumiy xulosa tarzida asar gʻoyasiga singdira olgan. Muallif kichkintoy kitobxonlarni yovuzlikka qarshi kurashishga oʻrgatib, yaxshilik doimo gʻalaba qilishiga ishontiradi. Asar mavzu va mazmun jihatdan bola yoshiga mos, tushunarli, tilining sodda va ravonligi, quvnoq qofiyalari bilan ayricha joziba baxsh etgan. Bunda shoir asosan xalq ertagi shaklini stilizatsiya qilib, kichik yoshdagi bolalar dunyoqarashi, ruhiyatiga mos ertak yaratgan.

Umuman olganda, boshqa ijodkorlar kabi Anvar Obidjon sheʼriy-adabiy ertaklari xalq ogʻzaki ijodining sehrli va joʻshqin chashmalaridan bahramand boʻlganligini barcha adabiy ertaklari yaqqol koʻrsatib turibdi. Ular oʻzbek bolalar epik poeziyasi taraqqiyotida muhim oʻrniga ega.

 

Hamida NUSRATOVA,

oʻqituvchi (BuxDU)

 


[1] Oʻqish kitobi 4. Toshkent. Yangiyoʻl poligraf servis, 2015. – B. 70-74.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/borining-tabib-bolgani-haqida-ertak-sheriy-adabiy-ertagining-boshlangich-sinflarda-oqitilishi/

2.5 2 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x