BOZOR KONYUNKTURASI — muayyan davrdagi bozor holati; bozorda muvozanatning mavjudligi yoki buzilganligi bilan xarakterlanadi. Shunga koʻra B. k. ijobiy va salbiy, qulay yoki noqulay boʻlishi mumkin. Bozor konyunkturasi talabning oshishi bilan xarakterlansa, sotuvchi uchun qulay, chunki u tovarini qimmatga sotib, ortiqcha daromad kuradi. Agar bozorda taklif oshib ketsa, konyunktura xaridor uchun qulay boʻladi — tovarni arzonga olib, naf koʻradi.
Bozor konyunkturasini oʻrganishda tahlil etiladigan asosiy masalalar: i. ch., talab va taklif; tovar va uni sotish; xalqaro savdo; narxlar holatlari; 1—1,5 yil uchun oldindan ayrim taxminlar. Bozor konyunkturasi ayrim tovar i. ch. miqyosiga va sotib oluvchilarning xarid qobiliyatiga, narxnavoga, modaning oʻzgarishiga qarab har xil boʻladi. Bozornknt kelajakdagi holatini — tovarlar taklifini i. ch. ning texnikaviy ahvoli, unga sarflangan qoʻshimcha resurslar va ularning qaytim berish muddatlari, tovar zaxiralari oʻsishi, eksport va import, shuningdek narxnavodagi oʻzgarishlar yoʻnalishiga qarab aniqlash mumkin, ikkinchi tomondan, investitsiya summasi va tarkibiga. korxona, tashkilotlar pul sarfining yoʻnalishiga qarab, shuningdek aholi xarid qobiliyatini, uning tovarlar b-n taʼminlanishi darajasini hisobga olib tovarlar talabi oʻrganiladi. Bozor konyunkturasini oʻrganish marketingning zaruriy shartlaridan biridir. Buning uchun dastlab oʻrganilishi lozim boʻlgan obyekt aniqlanib, konyunktura maʼlumotlarini beruvchi manbalar va asosiy koʻrsatkichlar bilan tanishib chiqiladi, toʻplangan maʼlumotlarga tayanib Bozor konyunkturasining haqiqiy holati aniqlanadi va istiqbollar belgilanadi.
Bozor konyunkturasi taxminlari millim, mintaqaviy va jahon bozorlariga, ayrim tovarlarga nisbatan aniklanadi. Bozor konyunkturasini oldindan koʻra bilish iqtisodiy tanglikka yoʻliqmaslik, bozor muvozanatiga erishish sharti hisoblanadi.
Ahmadjon Oʻlmasov.