Kamtar bu sukutda koʻpdir haqiqat –
Unda zil hayotning surati zohir:
Boysunda togʻ boʻlmoq qanday mashaqqat,
Boysunda dasht boʻlmoq naqadar ogʻir!
Usmon AZIM
Kampirimga yigitlik chogʻlarimda “Seni togʻlarga olib chiqib, bulutlarning orasidan oyni olib beraman” degan vaʼdamning ustidan chiqish niyatida uni qoʻltiqlab yoʻlga otlandim. Boysundan yigirma chaqirimcha togʻlar orasidagi buloq boshiga yaqinlashguncha tasavvurimdagi manzara oʻzgarmadi. Aylanma yoʻllar yonbagʻirlardan koʻtarilib, pastga tushayotgan paytlari rang-barang tomlar bilan yopilgan uylar koʻrinadi.
– Keldikmi? – deb soʻradim haydovchidan.
– Yoʻq, hali ancha bor, bu qishloqning boshlanishi, – dedi u.
Yoʻlning balandu pastida joylashgan uylar oʻrtasidan chamasi uch-toʻrt chaqirim yoʻl bosgandan soʻng togʻ yonbagʻridagi archazorlar tepasida joylashgan zamonaviy ikki qavatli uzun imorat koʻrindi.
Mashhur “Omonxona” oromgohi, shifo suv maskani… Yigitlar bizga tepadagi imoratning qulay xonalariga joylashishni taklif etdi, lekin kampirga azaldan konditsioner yoqmasdi, biz archalar orasidagi chodirli supalardan birini tanladik… Oʻzi, ayollarga na issiq, na sovuq yoqadi. Biz erkaklar esa aslida ularga yaxshi koʻrinish yoʻlini izlab yashasak kerak. Yana kim bilsin!
Tong otdi, Boysun tongi… Buloq boshidagi gʻala-gʻovur bilan otdi. Ertalab buloq boshi gavjum boʻlarkan. Ular suvga ham, shifoga ham chanqoq odamlarga oʻxshadi, nazarimda…
Ertalab tepaga chiqib, xarsangga choʻkib, dunyoning bordi-keldilarini oʻylasangiz, gʻaroyib fikrlar kelarkan… Shu alpozda Boysun tongini kutib olish odatimga aylanib qoldi. Nazarimda, Boysun tongi insonni uygʻotibgina qolmay, unga hayot mezonlarini oʻqitayotgan yangligʻ, yashashdan rozilik va ertanggi tongga ham umid tugʻdirar ekan. Goʻyo qalbingizga shoirona nur bilan tuygʻular quyib, moyboʻyoqda natyurmort chizdiradi va bulbullarni lol qoldiradigan ovozda qoʻshiq aytdiradi…
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
… Adirlarga tutashgan, biri biriga mengzash togʻlar orasidagi taʼmirlanayotgan yoʻllardan yursangiz, betakror manzaralarga duch kelasiz va Boysunga kiradigan joyda sizni afsonaviy Alpomish bilan Barchinoy qarshilab oladi. Sizni magʻrurlik va goʻzallik timsoli boʻlmish afsona kutib turgandek…
Men Boysunni “Alpomish” orqali bilardim. Bu qadim dostonda tugʻilgan tuproq va mana shu biz qadam otayotgan qir-adirlar bilan baland togʻlar, archazorlar va buloqlar guvoh boʻladigan sevgiga sodiqlik va ushbu borliqni tashqi gʻanimlardan asrashdagi shiddatli janglar jirlanadi. Qoʻbiz ovoziga joʻr jirov ovozlari hali qulogʻimizda… Alpomishni mardlikka undagan tuygʻular ona tuprogʻi, eli va yori Barchinoyiga sodiqlikdan uygʻongan edi.
Bellarimga oltin kamar boʻgʻaman,
Nomard boʻlsam, nega sendan tugʻaman.*
Ota, meni bogʻlasang ham turmayman,
To oʻlguncha Barchinoy, jonni quvaman…
Axir, yoʻlbars yuragiga boshqorongʻi boʻlgan onadan – mardlik, magʻrur otadan – sodiqlik meros Alpomishning muhabbat himoyasida ulugʻ yoʻldan toymaydigan jurʼati ushbu tuproqda shakllandi.
Togʻlar afsonalarga boy boʻladi, bu yerda afsonalar toshga aylanadi. Baʼzan dunyoni kezib yurgan afsonalarni oʻzida olib qoladi… Afsonalarga aylanib ketgan doston qoʻngʻirot yurtining farzandi Alpomishni Boysunda tugʻdirib, taqdiri azalini dashtu togʻlarga bogʻlaganida ham qandaydir ajabtovur sir bordek.
Aytmoqchi, jurnalist Shomurod Sharopovning “Omonxona moʻjizalari” kitobi qoʻlimga tushib, bu afsonalar yurtining rivoyatlariga gʻoyibona oshiq boʻlib qoldim. Ushbu afsonalar kampirimga qirq yil ilgari “Seni baxtli qilaman” deb bergan vaʼdamni esimga soldi va unga togʻdan chiqqan buloqlar, dashtlarning pastu balandlarini koʻrsatgim keldi… Erkak kishi soʻzida turmaydimi, axir!
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
… Sahroning tongi otmasdan oldin atrof yorugʻlanib, kunning tugʻilishini bemalol kuzatish mumkin boʻlsa, Boysun togʻlarida quyosh birdaniga tepangizga kelib qolarkan. Oppoq bulutlar qaysi bir choʻqqilarni siypalab oʻtib, nari togʻ ortiga ketadi. Oʻsha bulutlar sari yonbagʻirlarda oʻrmalayotgan qoʻy-echkilar togʻ intizomi boʻyicha ilonizi soʻqmoqdan ketayapti. Togʻning tabiati togʻ nizomi bilan yashaydi-da…
Ot kishnaydi, eshak hangraydi, it huradi, xoʻroz qichqiradi, boʻri uliydi… Har birining oʻz oʻrni, oʻz ovozi bor. Tabiatning adolatli qonuniyati, bu yerda barchasining ovozini eshitish va oʻzini koʻrish mumkin. Lekin men adabiyot, umuman maʼnaviy dunyoda eshak obraziga salbiylik buyoqlarini surkay beradigan qalamkashlarga qoyil emasman. Boysunda odamlarni ot oʻta olmas togʻli soʻqmoqlardan olib oʻtsa-yu, biz yana eshakni yomon otligʻ qilib oʻtirsak! Bechora eshakning aybi… eshak boʻlib tugʻilganimi? Eshakning ancha yaxshi-yomon xususiyatlarini bundan qariyb ikki yarim ming yil ilgari badiiy sifatlagan Apuleyga rahmat. U romanini hech tortinmasdan “Oltin eshak” deb atagan edi.
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
… Umuman, ot chopib, eshak mingan togʻ farzandlariga qoyil qolmasdan iloj yoʻq. Surxon vohasining changqovuz ovozi bilan voyaga yetgan farzandlaridan qanchadan-qancha buyuklar chiqmadi deysiz! Men koʻzim koʻrib, yaxshi tanigan ogʻalarim – yozuvchi Shukur Xolmirzayev, rassom Roʻzi Choriyev va qalamkash doʻstlarim Erkin Aʼzam, Usmon Azim, Nodir Normatov, ukalarim Qoʻchqor Norqobil bilan Mahmud Nomozov ham Surxon dashtlarini kezib, ushbu togʻlarga oʻrmalab ulgʻaygan… Boysunda ularning izlarini koʻrgandek va asarlarida aks etgan tabiatning pok dunyosiga engandek boʻldim… “Omonxona” shifo suvidan ichib, buloqlarida choʻmilganda ham ularning mehrlari totiladi…
Bir paytlar bu togʻlarning daryolari Amudaryoga oqib, suvlarga aylangan mehrlar Orolni toʻldirib turgan edi. Togʻdan oqqan jilgʻa boʻyida turib, oʻqigan sari yaxshi koʻradigan shoira singlim Farogʻat Xudoyqulovaning satrlari esimga tushib ketdi.
Kechir meni, ey toshqin daryo,
Faryodingga quloq solmadim.
Faxr etdim Orol onam deb,
Lek onamni asray olmadim.
Dard bir-u, darmon boʻlak, masofa uzoq, lekin dardingni oladigan, yelkadosh qardosh-qorindoshing borligidan koʻngling taskin topadi. Muqaddas kitoblarda togʻlarning insonga tayanch va suyanch qilib yaratilganini oʻqiganmiz. Choʻqqilar borligini togʻlarda koʻrganmiz. Choʻqqiga chiqishni etakda turib orzu etganmiz.
Dasht yoʻllarida kelayotganimizda kampirim: “Bu notekis tepaliklarni tekislab eksa boʻlmaydimi, qanday sugʻorarkan?” deb suragandi. “Bu lalmi yerlarni yomgʻir sugʻoradi… – degandi denovlik haydovchi. – Endi, opa, dashtni tekislab boʻlmaydi-da…”.
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
Togʻ insonni balandga koʻtarilishga daʼvat etib, koʻz koʻradigan olamning maʼlum bir chegarasi borligini, oʻsha chegaralardan keyin ham togʻlar borligini qayd etadi. Robert Byorns, Mixail Lermontov, Rasul Hamzatov, Chingiz Aytmatov, Nodar Dumbadze singari ulugʻlar ham togʻ farzandlari ekaniga eʼtiborga bersak, baland togʻlarda insonni yuksaklikka eltadigan, qalbiga shoirona mehr quyib, yaratish, yashash ishtiyoqini kuchaytiradigan sir bor, shekilli…
Yana oʻsha shoira singlimning qalbidan chiqqan satrlari:
Boychiborim, sen ham oʻksima,
Qolib ketdik kimlar nuqsiga?
Shamol tegsin Barchin koʻksiga,
Alpomishni tugʻib ber, singlim.
Togʻlar orzularni yerdan koʻtaradimi yoki inson oʻz armonlarini baland choʻqqilarga oʻzi olib chiqadimi, bilmadim-u, lekin togʻliklarning ajoyib odamlar ekanligini bilaman…
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
… Oʻttiz yil ilgari kelgandik… Oʻsha paytlari biz suv izlagan “Orol-88” ekspeditsiyasi aʼzolarining bir qismi – bizning guruhimiz Omonxona soyidan oʻtayotib, besh-olti koʻrimsiz uylarning odamlari bilan uchrashganimizda, ular qishloqning bosh muammosi ichimlik suvi ekanligini aytgandi. Rus publitsisti Vasiliy Selyunin:
– Ana, eshitdingmi, Oʻrozboy? Sen Orolga suv yetmayapti deya zorlanasan, bu kishilar qismati undan ham badtar ekan. Qara, buloq boshida turib chanqayapti, – degandi.
Oʻsha suhbat chogʻida qishloqning bir yoshullisi meni chekkaga chaqirib olib, xufyona dardini aytdi.
– Bularning orasida bizga oʻxshagani siz ekansiz. Kuni kecha rayqoʻmdan kelgan kattalar bizning ziyoratgohimizni vayron etib ketdi. Sulton Vali Balogardon mozoriga ziyoratga kelganlarni quvib, qaynayotgan qozonlarini toʻntarib, bittasini uloqtirib sindirdi va milisasiga: “Ziyoratga kelganning barini qamaysan”, deb topshiriq berib ketdi… Aytmoqchi, oʻzingiz musulmonmisiz?
– Alhamdulillah… – dedim ovozimni pasaytirib.
– Borakallo, borakallo… Mana, birga yurgan yoʻldoshlaring oʻsha rayqoʻmlarning kattalari boʻlsa kerak, bizga jabr qilayapti deb quloqlariga shipshitib qoʻymaysizmi?
– E, ogʻa, bular nimaga Orol dengiziga suv yetmayapti deb, suv izlab chiqqan yozuvchilar-ku. Bularning gapi rayqoʻmga oʻtmaydi-da.
– Orasida Maskovdan kelganlari bordir?
– Hov uchtasi oʻsha yoqdan.
– Ha, ana, eng boʻlmasa, oʻsha uchtasining qulogʻiga shipshitib qoʻying. Borib Maskovdagi katta rayqoʻmlariga aytsin: “Boysunning rayqoʻmi odamlarning qozonlarini sindirayapti”, deb. Axir, ziyoratda nima ayb, ayniqsa, pishgan oshning uvolini aytmaysizmi!.. Agar bizning rayqumning zoʻravonligini eshitsa, bularning qulogʻini burab qoʻyardi-da…
– Ogʻa, – dedim, bu oqkoʻngil oqsoqolga jonim achib. – Bitta toʻdaning boʻrilari bir-birining goʻshtini yeganini koʻrganmisiz?!
Oqsoqolning qoʻltigʻidan tarvuzi tushib ketdi…
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
… Buloq boshida ovuldagi loyqa suvni birga ichib, birga choʻmilib, birga oʻynab-oʻsgan Ilyos ogʻamni uchratdim. Ilyos ogʻa Qoraqalpogʻistonning obroʻ-eʼtiborli oqsoqollaridan.
– Bitta chalapartish hamshiraning ukolidan gepatit degan baloga mubtalo boʻlib, bu yerga oʻn olti yildan buyon kelyapman, – dedi Ilyos ogʻa. – Anov qishloqdagi Norboy ogʻa bilan ogʻayni boʻlib qoldik. Oʻzi har yili kutib olib, qoʻy soʻyib, tandir qiladi, necha kun suv ichib, choʻmilib, vaqtning qanday oʻtganini sezmay qolaman. Bu yil ayolim va oʻgʻillarim bilan oilaviy keldik. Anov kenjatoy oʻgʻlim, oʻzing bilasan, yurak doʻxtiri… U meni kuzatib, shifo suvning qon bosimiga qanday taʼsir qilayotganini oʻrganayapti…
Qarasam, Ilyos ogʻam tandirda pishgan qoʻchqor goʻshtidan paqqos tushirayapti.
– Hov, oqsoqol, bu tandir goʻshtini soppa-sogʻ odamlar zoʻrgʻa hazm qiladi, sizga yoʻl boʻlsin? – dedim hayronim chiqib va doʻxtir oʻgʻliga: – Hammaga parhez – parhez deysanlar, nimaga oʻsha parhezni otangga qoʻllamaysan…
– E, ogʻa, otam mening aytganimni qilarmidi! – dedi doʻxtir bola. – Hali tandir goʻshti gazakka aylanib ketmasa deng…
Omonxona havosi bilan suvining qudratini Ilyos ogʻam misolida koʻrdim. U jigar kasalidan forigʻ, otdek sakrab yuribdi…
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
… Sayyoramizning hozirgi olti qitʼadan iborat quruqligida yetti milliarddan ortiq odam yashaydi, yer kurrasining esa deyarli sakson foizi suv bilan qoplangan, oʻsha suvlarning atigi ikki-uch foizigina ichimlik suvi ekan. Yana, inson tanasining yetmish foizi suvdan iboratligi ham maʼlum. Tomirimizda oqayotgan qonning sakson foizidan ortigʻi suvdan iborat va qon ham suv vositasida har oʻn besh kunda yangilanib turarkan. Demak, inson jismining qariyb uchdan ikkisi suvdan tashkil topgan… Qoraqalpoqlar baʼzi tuturiqsiz kishilarni “Suvdan badtar suyuq ekan”, deyishadi, bunda ham qandaydir haqiqat bor, shekilli… Lekin jiddiy oʻylab qarasak, bizning hayot manbaimiz boʻlmish suvning yana qanday sirlari bor ekan?
“… biz insonlar, suvni oddiy suyuqlik, faqat chanqogʻimizni qondiradigan neʼmat deb bilamiz. Holbuki, suvning bundan boshqa taʼsir kuchiga ega ekanini, hayot rishtasining mustahkamligini saqlashda uning qiymati oltin va platina qiymatidan-da yuqoriroq turishini hamma ham bilmasa kerak”, deb yozadi tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazarov.
Yapon olimi Masaru Yamatoning “Jahon adabiyoti” jurnalida eʼlon qilingan “Suvning aytganlari” nomli tadqiqotidan suvning “koʻrish”, “eshitish”, “sezish”, “his etish”, “xotirlash” xususiyatlari mavjudligini oʻqigandim. Demak, suvning “jon”i bor ekan-da… Rus olimi S. Zeninning taʼkidlashicha, bitta suv molekulasida 44 ming axborot qutichalari mavjud boʻlib, tabiiy “biokompyuter”ni eslatarkan. Bu qutichalar axborot oʻtkazish qobiliyatlariga ega, deyapti olimlar…
Esimda, maktab kutubxonasidagi Rablening mashhur romanida umri ovqatlanish bilan oʻtayotgan Gargantyuaning qancha yeb-ichsa ham bir umr toʻyib koʻrmagani, Pantagryuelning esa dengiz sayohatida xuddi aysberglar yangligʻ qalqib yurgan “muzlatilgan soʻzlar”ga duch kelganini oʻqigandik. “Muzlagan soʻzlar” eriganida asosan hayqiriq, iztirob va soʻkinishlardan iborat edi… U paytlari ertaksimon oʻqiladigan bu asarning “muzlatilgan soʻzlari”ga eʼtibor bermaganmiz.
Yapon olimining mikroskopik tadqiqotlaridan maʼlum boʻladiki, yaxshi soʻzlarni “eshitgan”, ezgu tuygʻularni “his etgan” va ezgu fikrni “sezgan” suv muzlatilganda begʻubor, goʻzal koʻrinish va rangga enarkan-da, yomon soʻzlarni “eshitib”, yovuzlik “koʻrgan” va yomon niyatlarni “his etgan” suvning muz kristallarida qandaydir qoramtir, tartibsiz boʻshliq – xaos alomatlari paydo boʻlarkan… Demak, suvning sifati faqat uning moʻl-koʻlligi va tarkibining tozaligigagina emas, balki undagi ruhiy holatga ham bogʻliq ekan. “Avesto”dagi “Suvning koʻpligining ham, kamligining ham zarari birdek” degan fikrga eʼtibor bering. Doktor Yamatoning yana bir gapi: “Agar chuqur tadqiq etilsa, eng ogʻir jinoyatlar ogʻzi shaloq odamlar yashaydigan joylarda sodir etilishi maʼlum boʻladi”.
Qoraqalpoqlarning:
Xafa boʻlsang, oqin suvni yoqala,
Haddan oshsang, mozorlarni orala…
degan naqlida ham suvning allaqanday botiniy sirlari yashirinib yotgandek tuyuladi.
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
… Har xil tarixiy manbalardan har xil davrlarda bu togʻlar bilan adirlardan Iskandar Zulqarnayn, Kirdan qasos olishga otlangan massagetlar sardori Toʻmaris, xalq botiri Alpomish, buyuk sohibqiron Amir Temurning ot oʻynatib oʻtganini bilamiz. Rivoyatlar Omonxona tarixini yetti asr ilgaridan boshlaydi va shifobaxsh buloq suvining paydo boʻlishini Sulton Vali Balogardon hassasi toshga sanchilishidan keltirib chiqaradi. Yana bir rivoyat oʻtloqdagi sigirini izlab iztirob chekkan Sulton Valining yetti yashar oʻgʻli Qamari Azizning ixlosiga olib borib taqaydi. Yana bir rivoyat Amir Temurning tush koʻrgani va Omonxona gʻoridagi Sulton Valini ziyorat qilgani toʻgʻrisida soʻzlaydi. Xullas, ajdodlarimizdan meros qolgan bu tuproqning togʻlari bilan buloqlari, qir-adirlari, choʻl-biyobonlari, dengizu daryolari Ollohning ijozati va oʻzimizning xohishimiz bilan oʻzimizga buyurgan zamonda uning qadr-qiymati ortib, koʻz qorachigʻidek asrab-avaylanayotgani koʻrinib turibdi…
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
Aytishadiki, Maʼmun akademiyasida ishlayotgan Luqmoni Hakim – Ibn Sino bir kuni shogirdlari bilan daryoning narigi sohilida yashayotgan qoraqalpoqlarning ahvolidan xabar olay deb Chimboyga otlanibdi. Shaharga yaqin bir ovulga kelsa, peshinda qoratolning tagidagi supada uxlayotgan cholga koʻzi tushibdi. Yonidagi yoziq sufradagi zarang yogʻoch tovoqda ozgina ayron bilan yarimta joʻxori zogʻora turganmish. Luqmon Hakim shogirdlarini toʻxtatib: “Bu yurtda biz qiladigan ish qolmabdi, endi orqaga qaytamiz”, debdi. “Shuncha yoʻl bosib keldik, nimaga endi, ustoz?” debdi shogirdlari. “Hov ana, ayron bilan zogʻoraga qarang! Shulardan oziqlanib, qoratolning tagida uxlaydigan xalqda hech qanday kasallik boʻlmaydi…”. Oʻsha payt chol uygʻonib, mehmonlarni dasturxonga taklif etibdi-da, tolga osilgan meshdan ayron qoʻyib, oʻtovdan joʻxori zogʻora olib kelibdi. Luqmon Hakim shogirdlari bilan ayron ichib, zogʻoradan tatib, cholning yoshini soʻrabdi. “Beshta kam yuz”, debdi chol… Shogirdlari Luqmoni Hakim soʻzlari tasdiq topganiga iqror boʻlibdi.
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
… Ikki zamonni koʻrgan mening tengqurlarim kechagi kunlarda nafaqat yer bilan suv, hatto odamning qadri bir pul boʻlganini yaxshi biladi. Togʻlarning asrlar boʻyi shakllangan tabiiy suv oqimlariga toʻgʻonlar qurilgach, Markaziy Osiyoning tabiiy sugʻorish tizimi bilan iqlimi oʻzgardi. Qatagʻon qarorlar asosida paxta monopoliyasi joriy etilib, sarflagan xarajatini oqlamaydigan dehqonchilikka majburiy mubtalo boʻldik. Xalqqa suv tanqisligi azobini berayotgan toʻgʻonlar tepasiga va chanqoq dalalar bilan devorlarga “Suv – hayot manbai” degan shiorlar katta harflarda yozildi. Lekin ushbu shiorning aksicha suvlar xlor, gerbitsid, pestitsidlar bilan bulgʻanib, odamlarning sogʻligʻiga xavf solindi. Hududda oʻtgan asr oʻrtalaridan boshlangan saraton, sariq, gepatit, sirroz, xafaqon, kamqonlik kasalliklarining asosiy sababi ichimlik suv bilan isteʼmol qilayotgan oziq-ovqatimiz sifatiga bogʻliq ekanini hammamiz bilamiz, lekin xastaliklarning sababi oʻrniga oqibati bilan kurashaveramiz. Polvonlardan uzr soʻrayman, ularning xudo bergan kuchi kurashlarda sinaladi. Hamma polvon emas-ku, oddiy odamlar kim bilan, nima uchun kurasha berishi kerak ekan? Moʻl hosil uchunmi? Sotsialistik musobaqa gʻolibligi uchunmi? Axir, moʻl hosilni oddiy mehnat bilan, hech kim bilan kurashmasdan ham, kuchanmasdan ham yetishtirish mumkin edi-ku…
Mana, shoʻro siyosatining natijasi: daryolar tortilib, dengizga yetmay qolyapti.
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
… Olis-olislardan zamona temir karvoni – poyezd vagonlarining “taqa-tuq”i eshitiladi va archazorlar orasidagi qushlarning sayrashiga joʻr boʻladi. Bobotogʻ chinorlari bu notanish sasga hayron qolgandek chayqaladi. Norboy ogʻaning aygʻiri oxurdan bosh koʻtarib, quloqlarini dingillatadi. “Yoʻq, bu taqa-tuq baytalning chopganiga oʻxshamaydi” degandek, afsuslanib yana oxurga bosh uradi…
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
… Xayolimga baʼzi zamondoshlarimning: “Pochta yaxshi ishlamayapti, gazeta-jurnallar oyning oxirida bir keladi, quvur joʻmragini ochsangiz loyqa suv oqadi, maoshni plastikka solib, doʻkonga borsak, sotuvchi qimmat, naqd pulga esa arzon narxda sotyapti va hakozo…” deb nolishlari keladi. Ammo shu oʻrinda savol tugʻiladi: muammolarni sanab, faqat kuzatuvchi boʻlib qolmasdan, ularni bartaraf etishda ishtirok etayapmizmi? Biror masalani yechishda shaxsan tashabbuskor boʻlayapmizmi? Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar jarayonida bizning hissamiz qanday boʻlyapti? Ha, inson tabiat bagʻrida ham jamiyat qoʻyayotgan masalalarni unutolmaydi.
Boysunda tong otdi… Tongda xarsangga choʻksangiz, xayollar olis-olislarga olib ketarkan…
… Biz yozuvchilar doimo shoirlarga havas qilamiz. Shoirlar kezib yurib, togʻlardan, bogʻlardan, gullardan, bulbullardan ilhom olib, sheʼrini yozib tashlaydi. Endi uni biror joyda oʻqib qolsa, hammaning eʼtibori oʻshalarda. Chiroyli qizlarning mahliyo boʻlganini aytmaysizmi?! Biz yozuvchilar esa yillab kitob yozib, uni birovlar oʻqiguncha, suluvlar qarib qoladi, hatto nevarali ham boʻlib ulguradi. Balki, kampirimning mening yozganlarimni oʻqimaganligi ham shundan boʻlsa kerak…
Omonxonada boʻlganim bilan Boysundan ot usti oʻtib ketdim, balki uning kamina bilmagan qirlari bilan sirlari koʻpdir. Ularni tasvirlashni qalami oʻtkir doʻstlarim ixtiyoriga qoldirib, yaxshi shoirlarning yaxshi yozganlaridan ilhom olaman. Shuning uchun Boysunda tugʻilib, Toshkentda yigit boʻlgan doʻstim, xalq shoiri Usmon Azimdan ijaraga olgan satrlar bilan gapimni tugataman…
Mening Boysunimda tugʻilar bulut,
Togʻlarga qadalgan – osmoni yaqin.
Mening Boysunimda koʻk yuzin yulib,
Tugʻilib-oʻlishni mashq qilar chaqin.
Mening Boysunimda tentakdir bahor –
Sellarni quvadi soydan oshirib.
“Ena”, deb Alpomish kelar har nahor –
Ertaklar ulashar dilga bosh urib.
Mening Boysunimning – koʻchalari tor,
Mening Boysunimning – kechalari keng.
Boysun bergan mening bitta doʻstim bor –
Meni yoʻqotishda Qorajonga teng.
Boysunga yetguncha soʻngagim choʻpdir,
Yoʻllarim suvsizdir, yoʻllarim – ensiz.
Boysunimda Boysun tobora koʻpdir,
Boysunimda Boysun tobora mensiz…
Oʻrozboy ABDURAHMONOV,
Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi
“Yoshlik”, 2017–3
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/boysunda-tong-otdi-yoxud-xarsang-ustidagi-xayollar/