Boymamat Beshinchi

Boymamat oʻtgan yili bizdan bir sinf yuqorida oʻqirdi. Mana endi men bilan bitta partada oʻtiribdi. Matematikani yaxshi oʻzlashtirolmay, shu ahvolga tushibdi shoʻrlik. Beshinchi sinfda surunkasiga ikki yil oʻqiyotgani uchun sobiq sinfdoshlari uni “Boymamat Beshinchi” deb masxara qilishadi. Biz ham orqavarotdan uni shunday ataymiz, yuziga gapirsang, salom-aliksiz biqiningga sop qoladi.

Boymamat Beshinchi sinfimizda paydo boʻlgach, bir-ikki haftagacha oʻzini ancha sipo koʻrsatib yurdi. Keyin, dumi bosilgan ilon qoʻqqisdan sapchigandek, bizga birdaniga xuruj qilishga kirishdi. Oradan bir oy ham oʻtmay, sinfning xoʻjayini boʻldi-qoldi.

Bir kuni maktabga ertaroq kelib, olma yeb oʻtirgan edim, sinfga pishillaganicha Boymamat Beshinchi kirdi.

– Gʻajiyotganingni qattan oʻmarding? – lavoq yuzini osiltirib, tumtayganicha soʻradi u.

– Ertosh buvaning bogʻidan, – dedim men. – Ammo-lekin, oʻgʻirlaganim yoʻq, yaxshilikcha kirib soʻrasang, chol indamaydi.

– Yaxshilikcha kirib olma yeyishning qizigʻi boʻlarkanmi? – lunjini battardan shishirib tirjaydi u. – Bir ish qilsang, qahramonlarcha qilish kerak. Tushundingmi, tekinxoʻr?

Men “yoʻq” degan maʼnoda bosh tebratdim. Boymamat Beshinchining xunobi oshib, meni zoʻr berib tergashga tushdi. Bu orada bitta-ikkitadan kelishib, sinf bolalarga toʻlib qoldi. Boshqalar ham uning soʻzlarini loqayd tinglayotganini koʻrgan Boymamat Beshinchi endi barchaga tengdan oʻdagʻaylay ketdi.

– Sen zumrashalar “besh” baho olishni bilasanlar, xolos, – deya jahl bilan oʻshqirdi u. – Olmani toʻgʻrima-toʻgʻri yeyish bor, qahramonlarcha yeyish bor. Shunga qolganda kallanglar ishlamay turibdi-ya.

U sinfdagilarga oʻqrayganicha picha jimib qoldi. Soʻng, oʻqituvchi oʻtiradigan stolga ikkala mushtini tirab, kekkaygan tarzda dedi:

– Darsdan keyin ikki soat muhlat beraman. Bu ishga qizlarni aralashtirmaymiz, hamma oʻgʻil bolalar oʻz vaqtida bogʻ yoniga toʻplanishsin. Qahramonlarcha olma yeyish qanaqa boʻlishini ana oʻshanda koʻrasanlar. Yana bitta gap – kimning uyida sakkizinchi kalish boʻlsa, qoʻltiqqa qistirib kelsin. Bizga qoʻshilmaganlarga “quyonxon” degan laqab qoʻyiladi.

“Quyonxon” boʻlishga kimning toqati bor deysiz, barchamiz oʻz vaqtida aytilgan joyga yigʻildik. Bor-yoʻgʻi olti kishigina sakkizinchi kalish topib kelibdi.

– Matematikadan nuqul “besh” oladiganlar mana bu tomonga oʻtsin-chi, – oʻng qoʻlini yonga choʻzdi Boymamat Beshinchi. – Men qoʻmondonman, buyrugʻimni oʻrnida bajarishlaring kerak.

“Ilgʻor matematiklar” yetti kishi ekanmiz. Qoʻmondonning oʻng tomonida saf tortdik.

– Shu fandan baʼzan “toʻrt” oladiganlar bu tomonga tursin, – chap yonini koʻrsatib buyurdi Boymamat Beshinchi.

“Oʻrtacha matematiklar” chap tomonga tizilishdi.

– Mana endi, qolganlardan zarbdor guruh tuzamiz, – tushuntirdi qoʻmondon. – Bu azamatlar bogʻning ichiga kirishib, alohida qahramonlik koʻrsatishadi, olmani oʻzlariyam yeyishadi, bizgayam olib chiqishadi.

Shundan soʻng Boymamat Beshinchi boshqalarga ish taqsimlashga kirishdi. “Oʻrtacha matematiklar”ning vazifasi devor tagida egilib turishdan iborat boʻlib, zarbdor guruh aʼzolari ularning yelkasiga oyoq qoʻyib, ichkariga oshib tushishlari lozim edi. “Ilgʻor matematiklar”dan esa sakkizinchi kalishlilar toʻdasi tuzildi. Biz ilgʻorlar yetti nafar, kalishlar esa olti juft edi. Shu sababli men vaziyatdan foydalanib qolishga tirishib, qoʻmondonga dedim:

– Menga kalish yetmayapti, zarbdor guruhga qoʻshilsam maylimi?

– Olma oʻgʻirlash senga “iks-igrek” emas, – mazaxladi Boymamat Beshinchi. – Sen “oʻchakishuvchi” boʻlasan.

Men anqayganimcha uning koʻziga tikildim. “Oʻchakishuvchi” qanaqasi boʻldi yana?

– Darvozaning oldiga borib, Qoplonning gʻashiga tegasan, – koʻrsatkich barmogʻini menga bigiz qildi qoʻmondon. – It sen bilan ovora boʻlib, bogʻning bu chekkasidagi toʻpalondan bexabar qoladi. Iti akillayvergandan keyin, Ertosh buva ham oʻsha tomonga boradi, chalgʻiydi.

Xullas, it bilan oʻchakishadigan boʻldim. Sakkizinchi kalishlilarga esa tuproq koʻchani toʻzgʻitib yugurish topshirildi. Quyuq chang ichida devordan oshayotganlar koʻzga chalinmasmish.

– Agar Qoplon baribir sizlarni payqab qolib quvadigan boʻlsa, u ablahni xomroq olmalar bilan ayamay boʻmbardirufka qilinglar, – zarbdor guruh aʼzolariga dalda berdi qoʻmondon. – Qanchalik qopogʻon boʻlmasin, itniyam joni bor.

Oʻsha kuni men Boymamat Beshinchi faqat matematikani emas, balki bu fanni yaxshi oʻzlashtiruvchilarni ham mensimasligini anglab yetdim. Bogʻni ishgʻol qilishdek “qahramonona” ishda ilgʻor va oʻrtacha matematiklar zimmasiga past darajali yumushlar yuklangani shundan darak berib turardi. Bu menga juda alam qildi. Xoʻsh, undan qanday qilib oʻch olish mumkin? Ortiqcharoq bir gap qilsang, biqiningga musht tushadi, indamay yuraversang…

Oxiri yoʻli topildi. Sakkizinchi kalishlilar, yaʼni “ilgʻor matematiklar” maslahatni bir joyga qoʻyib, Boymamat Beshinchini otaligʻimizga oladigan boʻldik. Koʻngliga yoʻl topish uchun iloji boricha oʻzimizni unga yaqin tuta boshladik. Barcha injiqliklariga ham, qoʻpolliklariga ham chidadik. Bora-bora inoqlashib ketdik. Bitta qishloqda yashab, bitta tilda gaplashganingdan keyin shunday qilish kerak-da.

Hozir u matematikani hurmat qiladigan boʻlib qoldi. Bu fandan “uch” olgan kuni qovoq-tumshugʻi osilib, chinakamiga ranjiydi ham. Qisqasi, oʻzi sezmagan holda Boymamat Beshinchi ham sakkizinchi kalishlilar toʻdasiga qoʻshilib qoldi.

Shanaqa, endi u ham oʻzimiznikilardan.

 

Anvar OBIDJON

 

1973 yil

https://saviya.uz/ijod/nasr/boymamat-beshinchi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x