BOYKOT (ing. boycott, ingliz boshqaruvchisi Ch. K. Boykot nomidan olingan, 1880-y. da unga qarshi birinchi marta mazkur chora qoʻllanilgan edi) — 1) siyosiy va iqtisodiy kurashning bir shakli, ayrim shaxs, tashkilot, korxona bilan munosabatlarni toʻliq yoki qisman toʻxtatish, mas, ishga yollanish, shu korxona mahsulotini xarid qilishdan voz kechish kabilarni taqozo etadi.
2) Xalqaro munosabatlarda, BMT Ustaviga koʻra — tinchlikni saqlash maqsadida (qurolli kuchlarni ishlatmay turib) koʻriladigan majburiy choralardan biri. Davlatning bironbir davlat yoki bir guruh davlatlar bilan munosabatlarni saqlab turishdan voz kechishi.
3) (Kuchma maʼnoda) biror narsaga norozilik belgisi sifatida biror kimsa bilan munosabatlarni uzish.