I
Oddiygina koʻklam kunlaridan birida Oʻzbekovul choʻponsiz qoldi. Gap shundaki, yigirma yil mobaynida bu kasbni halol va beminnat ado etib kelgan Norboy bobo tuman ijtimoiy taʼminot boʻlimiga qatnay-qatnay, axiyri bir amallab qarilik nafaqasini toʻgʻrilab oldi-yu, oʻzining ham rosa joniga tegib yurgan ekanmi, koʻk hangisini shu kunning oʻzida arzon-garovga sotib yuborgach, endi koʻliksiz qolganini, yayov yursa oyogʻi ogʻrishini roʻkach qilgancha, “ola tayogʻimni kimga bersalaring beraveringlar, bizniki endi boʻldi”, degan qatʼiy qarorini eʼlon qildi.
Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq. Shu kunga dovur aksariyat raiyat “senam odammisan” deganday andak yuqoridan kelib qaraydigan, toʻy-maʼrakalarga, qoʻnoqlar oldigayam chaqirilavermaydigan, bayramlarda yoʻqlanmaydigan Norboy boboning qadri bir kunda bilindi-qoldi.
Yam-yashil qirda mollarni surnay chalib boqib yuradigan, choʻponlik tayogʻini faxr ila oʻz sulolasi vakiliga topshiradigan choʻpon faqat kinolarda, tuzsiz telekoʻrsatuvlarda yoinki bachkana gazeta maqolalarida boʻladi. Voqelik esa sal boshqacharoq. Chunonchi, Oʻzbekovulda mol boqiladigan maydon tobora kamayib bormoqda, bu esa choʻponning boshiga it azobini soladigan darajadagi muammolarni qalashtirib tashlamoqda edi. Misol uchun, keyingi uch-toʻrt yil ichida dalaga adashib kirib ketgan mol hech qanday gap-soʻzsiz soʻyilib, goʻshti davlat hisobiga oʻtkazib yuborilardi. Tabiiyki, bu mol uchun javobgarlik choʻponning zimmasida. Ana endi janjalni koʻring. Egasi “Toʻla!” deydi, choʻpon oʻzini aybsiz qilib koʻrsatishga urinadi. Bunaqangi boshogʻriqlar istagancha, hatto keragidan ortiq darajada topiladi…
Xullas, qishloqni kuniga bir chimdim boʻlsayam koʻk oʻt yeb, quruq oʻt-somondan chiqib ketgan mollarning ayanchli oʻkirishi tutib ketdi. Ne-ne kelinchaklar oʻroqni qoʻltiqqa qisib dalaga joʻnavorishgan, egilib bir tutam oʻt yulib kelishni oʻziga or sanagan ne-ne erkaklar uylaridagi zaifalarining achchiq-tiziq taʼna-dashnomlariga chiday olmasdan choponning barini qayirganlaricha choyxonaga qochib chiqishgan…
Har ne boʻlsa-da, ushbu mushkul vaziyatdan chiqib olmoqning yoʻlini qidirmoq va topmoq joiz edi. Yoshlar tayoq koʻtarib, “oshi halol” yigʻib yurishdan or qilishadi, keksalarning esa barisiga vazifa taqsimlanib boʻlingan: kim jarchi, kim dallol, kim yozgʻuvchi, kim bitmaydigan joyniyam bitirib qaytadigan sovchi, kim ellikboshi…
Choyxonadagi yigʻin ertalabdan to namozshomgacha davom etdi. Birovlar nomzod koʻrsatishdan charchamadi, boshqalar esa ming bir asosli dalillar bilan ularni rad etishdan. Haligi, oʻz nomzodini qaytib oluvchilar bor-ku, ularning soni ham oʻn beshlarga borib qoldi-yov.
Aloha, beshinchi marta qaynatilgan ulkan samovar boʻshashi arafasida aksariyat yakdil bir toʻxtamga keldiki, choʻponlikka Abdirayim qattiqning kenja oʻgʻli Xoʻroz duxyoldan munosib odam yoʻq!
Toʻgʻri, avvaliga Abdirayim togʻaning oʻzi qattiq oyoq tirab turib oldi. Lekin sovchilikka boraverib, tili ipakday eshilib ketgan Eshvoy merganning soʻzamolligi shu yerda qoʻl keldi.
– Menga qara, Abdirayim joʻra, – dedi mergan salmoqlanib. – Ovulda kamida ikki yuzta qoramol bor. Ha, ana, kattalarniki shulardan qirqtasi deylik. Shundayam bir yuz oltmishtasi qoladi. Narxni oshirmasang ham oyiga ikki qop unning puli shundaygina kissangga tushib turibdi-da. Ikki qop un-a!..
Merganning chuqur mulohazali nutqi, ayniqsa ikki qop un borasidagi hisob-kitoblari oxir-oqibat Abdirayim qattiqni taslim etdi.
Yigʻin tugab, mushkul vazifani sharaf ila ado etganidan mamnunlik tuygan ovul faollari koʻkraklarini kerganlaricha uy-uylariga tarqalisharkan, biz fursatdan foydalanib, voqeamiz qahramoni boʻlmish Xoʻrozqul xususida muxtasar maʼlumot berib oʻtsak.
Vaqtida toʻylarda aroq toʻla kosaga non toʻgʻrab yeyishi bilan mashhur boʻlgan Abdirayim qattiqning kenja oʻgʻli aqlan sal zaifroq boʻlib oʻsdi. Ovulimizda “dovdir, merov”, qisqasi, “jinni” maʼnosini bildiradigan “Duxyol” laqabi ham Xoʻrozqulga shu sababli taqalgan. Bolapaqir maktabniyam yolchitmadi. Bir amallab hijjalab oʻqishni, pul sanashni oʻrganib olgach, uchinchi yo toʻrtinchi sinfdaydi shekilli, xullas, maktab bilan xayr-maʼzurniyam nasiya qilgancha ota koʻrsatmasiga binoan oʻzini uy ishlariyu tomorqa parvarishiga urdi. Shundan buyon “faqir kishi panada” qabilida el koʻzidan yiroqda, jimgina kunini koʻrib yuradi.
Xoʻrozqul yosh bolalar uchun yaxshigina ermak edi. Tez-tez shumtakalardan birontasi devorga chiqib olib, hovlida timirskilanib yurgan qahramonimizga qarata “Xoʻro-oz!” deb qichqirib qolsa, Xoʻrozqulimiz darrov shu tarafga oʻgirilardi-da, xuddi osh yeyayotganday, oʻng qoʻlining barmoqlarini juftlab, katta ochilgan ogʻziga olib borgancha aylantiraverardi. Mabodo chaqiruvchi yana bir marta “Xoʻro-oz!” deb qolsa bormi, tamom, qahramonimiz butkul joʻshib ketgancha, endi qolgan besh barmogʻiniyam ogʻziga yaqin olib borgancha aylantiraverardi, aylantiraverardi. Oradan ne fursat oʻtib, mashgʻulotini tugatgach esa, zoʻr ishni uddalab, endi qonuniy olqishini kutayotgan bolakayday irshayib turaverardi.
Ushbu naqlimiz muqaddimasida yo oʻn toʻqqizdan yigirmaga, yoinki yigirmadan yigirma birga oʻtgan Xoʻrozqulimiz shunaqa bola edi.
Ovul faollari yigʻinida balki qahramonimiz ismi mutlaqo tilga olinmagan ham boʻlardi. Biroq, tasodifni qarangki, bir oycha burun, toʻppa-toʻsindan Xoʻrozqulning ismi juda mashhur boʻlib ketgandi. Oʻzbekovulning bosh hisobchisi Zikir tirriqning xotini Gulafzal checha qoʻshni qishloqdagi opasining uyidan moʻljaliga qaraganda ikki kun ertaroq qaytadi va “Markazga bir haftaga hisobot topshirishga ketaman” degan erini uyda, yana begona bir ayol bilan bemalol oshxoʻrlik qilib oʻtirgan holda koʻradi. Xotinining ayyuhannos solib, mehmonning yuzini timdalashga chogʻlanayotganini koʻrgan hisobchi jon holatda oraga tushib, shoshganidan boʻlsa kerak: “Bu meniki emas, buni men Xoʻrozqulga obkeldim!” deb yuboradi…
Shu-shu, ovulda biron begona qiz-juvonning sharpasini ilgʻab qolishsa bas, odamlar: “Bu xonim Xoʻrozqulga tegishli-da!” deya qochiriq qilishga tushardilar.
Har yomonning bir yaxshi tomoni bor, deb bejiz aytishmagan. Tabiat qahramonimizni aqldan qisgani bilan kuch-quvvatdan rosa siylaganmi yoxud bola bechora hovlida timirskilanib yuraverib siqilib ketgan ekanmi, ishqilib, keng dalaga chiqdi-yu, orqasi yer iskamaydigan boʻldi. Itda tinim bor, bitda tinim bor, ha, ana boring, qurt-qumursqayu qush-darrandada tinim bor, bizning Xoʻrozqulda tinim yoʻq. Pichoqda oʻxshatib ishlov berilgan ola tayogʻini yelkasiga tashlab olgancha goh podaning boshida paydo boʻlib qoladi, goh oxirida, goh oʻrtasida… Hatto tol tush pallasiyam sigirlar yaydoq dalada erinibgina kavsh qaytarib yotgan mahal ularning orasida choʻponimiz kaliti burab qoʻyilgan qoʻgʻirchoqday pitirlab yurganini koʻrish mumkin edi.
Ahli ovul: “Nihoyat choʻponga yolchidik-da!” deya yengil nafas oldi. Haytovur, bu yoqda raiyat xursand, u yoqda oyiga ikki qop unning pulini qurtday sanab olayotgan Abdirayim qattiq; orada Xoʻrozqulimizga ham u-bu tomib turadi shekilli, kunda-kunora oʻn barmogʻini ogʻzida aylantirib, ming qoʻyli boyday irshaygani-irshaygan…
II
Kamdan-kam uchraydigan voqelik, yaʼni har uchala tomon ham bir biridan rizolik tuyib, ahil-totuvlikda kechirilayotgan kunlarning birida oshdan tosh chiqib qoldi.
Buni endi toʻppa-toʻsindan “tosh” deb ham atab boʻlmaydi. Deylik, dastavval yumshoqqina bir nimaydi, bora-bora qattiqlashdi, nihoyat toshga aylandi…
Xalq, bari bir, dono-da. Bunday paytlari soddagina qilib: “Koʻrmaganning koʻrgani qursin”, deydi-qoʻyadi. Juda tushunmasangiz, “Yetishgan yetti ishton kiyibdi” deb qoʻshib qoʻyadi.
Kim ekanligini endi hech bir oʻzbekovullik aniq aytib berolmaydi, har qalay, molini tekin boqtiradigan rahbarlardan birovi boʻlsa kerak, ertalab podaga mollarini qoʻshishga olib chiqqan mahal jafokash choʻponimiz shaʼniga bir-ikki maqtov soʻzlarini aytish va uning yelkasiga otalarcha gʻamxoʻrlik ila qoqib qoʻyish bilan kifoyalanmay, qoʻliga bitta ilvirab qolgan bir soʻmlikni tutqazadi.
Xoʻrozqulning deng, boshi osmonda, tilla topgan gadoday, koʻringanga bir soʻmligini koʻz-koʻz qilib, irshaygani irshaygan. Har qalay, oylik pulni otasi yigʻib olishi sababli, qoʻli pul koʻrmay yurgan-da bechora.
Hay, mayli, koʻngil-da; ushbu hodisot balki oʻz-oʻzidan unutilib, barham ham topib ketardi, ammo saxiy amakimiz chogʻroq bir davrada oʻz hotamtoyligini pisanda qilib oʻtishni uddalaydi. “Shu-u, – deydi amaki salmoqlanib tebranarkan, uch-toʻrt bor mashq qilib, rosa hadisini olgan muruvvatkorona ohangda, – anchadan beri Abdirayim qattiqning choʻpon uliga har kuni uch-toʻrt soʻmdan berib turaman, baraka topsin, bolapaqir bizding siyirlardi bir boshqacha toʻydirib, sagʻrinini yaltiratib qaytadi-yey. Bilmadim, ukkagʻar, yem-pem beradima?.. Otasiga rahmat ammo-lekigin!” Albatta, rahmat aslida kimning buzrukvoriga qaratilgani xususida bahslashishimiz mumkin. Va-lekin, oʻtlab ketishdan oʻzimizni tiyib, voqeaning muxtasarroq bayoniga oʻtadigan boʻlsak, qoʻpol bir naql bor-ku: “Qoʻshningning xotini qiz koʻrinadi”, degan, ana oʻshanga oʻxshab, davradagilardan biri qoʻyib-biri olib, haqiqatan-da saxiy amakining mollari daladan qorinlarini boshqacha qappaytirib qaytishi, yelinlari boshqacha tirsillab turishi xususida oʻzlarining “Gap bu yoqda ekan-da” qabilidagi mulohazalarini toʻkib solishga shoshdilar.
Ushbu musohaba hosilasi sifatida yarim kechasi kimdir isiriq tutatib, mollari boshida aylantirib yurganini hamda ertasi kuni Xoʻrozqulimizning qoʻliga naqd yetti soʻm tushganini qayd etib oʻtmogʻimiz joiz. Yetti soʻm-a!
Ayniqsa, saxiy togʻalardan biri gurillab: “Beshni tashla! – deya choʻponimizning kaftiga qarsillatib urarkan, – shunday pullardan bir qopini yigʻsang, zoʻr xotin olib beraman!” qabilida vaʼdani quyuq qilib yuborishi voqeamizni tadrijiy rivojlanishdan olib, jadallashtirishning qiya soʻqmogʻiga solib yubordi.
Oradan bir oy oʻtar-oʻtmas Xoʻrozqulimiz molini podaga qoʻshishga haydab chiqqan har bir ovuldoshimizning qoʻliga suqlanib qaraydigan odat chiqardi. Eng ayanchli hamda kulguli tomoni shunda ediki, oʻsha odam bir soʻm yoki uch soʻm bersa-berdi, boʻlmasa… tamom deyavering. Qoʻli qisqalik qilganmi, xasislikmi – buning farqi yoʻq. It tinadi, bit tinadi, qurt-qumursqa tinadi, qush-darranda tinadi – bizning Xoʻrozqul tinmaydi, ola tayogʻini azot koʻtargancha aynan oʻsha pul bermaganlarning molini tirqiratib quvaveradi, quvaveradi. Shoʻrlik tilsiz jonivorlar halollab na bir tutam oʻt yeya oladi, na bir qultum suv icha oladi – baloi qazoday qaydandir yetib kelgan Xoʻrozqul tayogʻi bilan och biqini aralash bosh-koʻziga ayamay uraveradi… “Xasis” mollar dumini xoda qilib u yoqqa qochadi, bu yoqqa qochadi, kechqurun qorni qapishgan, koʻzidan yosh oqqan, sulaygan, yiqilguday ahvolda tentiragancha bir amallab hovlisini topib keladi. Ana shundan keyin ham moliga joni achigan kishi kissasini kavlamay koʻrsin-chi.
Axir, el baribir dono-da. Oʻxshatib, topib aytgan: “Ahmoqqa zakun yoʻq”. Qani, ovuldan qaysi mard Xoʻrozqul bilan teng boʻladi, kim u bilan olishadi? Axir, aslini olganda u hali bola-ku! Buning ustiga haligidaqa! Odam degan sal bagʻri kengroq boʻlishi kerak-da! Qoʻyinglar, undan koʻra beringlar oʻsha el qatori ataganlaringni, qulogʻimiz tinch boʻlsin, molimizam…
Alqissa, yigʻila-yigʻila bir soʻmlik-uch soʻmliklardan bir un qop toʻldi. Xoʻrozqul xotin borasida dono maslahat bergan togʻasini yetaklab bordi-da, xazinasini koʻrsatdi. Donishmand togʻa sargʻaygan moʻylovini silab bir chuqur oʻylarga toldi, soʻgʻin, nechukdir yangi xrom etigida qopni uch-toʻrt bor tepib koʻrib, nelarnidir chamaladi. Aloha, jamgʻarmadan bir qisim olib, kitel shimining chuqur choʻntagiga solarkan: “Bu togʻabachchalaringga”, deya izoh bergan boʻldi-da, nihoyat jiyaniga ikkinchi qimmatli maslahatni berdi: “Jiyan, yiqqaning qalin puliga yetsayam katta gap. Toʻy bor, sarpo-parpo deganday. Xotin olaman desang, sen endi oʻntalik, yigirma beshtalik puldan yigʻ!”
Aytilgan soʻz – otilgan oʻq. Oqil jiyan irshayib kuldi. “Jiyaman!” dedi. Jiydiyam!
Mana shunda Xoʻrozqulimizning xotirasi favqulodda kuchli ekanligi yana bir bor ayon boʻldi-qoldi. Yaxshiyam, ovul ahli baxtiga oʻsha kunlari pul sal qadrsizlana boshlagandi, lekin shunga qaramasdan bir soʻmginani topishning oʻzi oson emasdi. Shuning uchunmi, Xoʻrozqul sal insofga kelib, pastroq tushdi va xudoning bergan kuni emas, hafta-oʻn kunda mol egalaridan oʻn soʻmlik, yigirma besh soʻmlik koʻrinishidagi soliq olib turadigan boʻldi. Siz agar Xoʻrozqulimizning yaylovda qaysi hoʻkiz yoki sigirni tirqiratib quvib yurganini koʻrsangiz, bilaveringki, oʻshalarning egasi oʻn kundan oshib ketsayam choʻponimizning “zakonniy nalugi”ni toʻlamagan boʻlib chiqadi.
Yanglishish haqida esa gap ham boʻlishi mumkin emas edi. El adashsa adashar, lekin bizning Xoʻrozqulimiz adashmasdi…
Yil oxiriga borib ovulda boquvga olib chiqiladigan mollar tuyogʻi deyarli ikki barobarga kamayib ketdi. Xoʻrozqulning koʻnglini ovlashdan charchagan yoki bunga qurbi yetmay qolganlar asta-sekin mollarini uyda boqishga oʻtdilar.
Xuddi oʻsha kunlari men gʻalati bir xabar eshitib qoldim. Aytishlaricha, Xoʻrozqul sudxoʻrlik qila boshlabdi, yaʼni baʼzi ovuldoshlariga ustamasi bilan qaytarish evaziga qarz bera boshlabdi. Elchilik, bunaqa odamlar hamisha chiqib turadi: kimning toʻyi bor, kimning maʼrakasi.
Avvaliga bu gapga ishonmadim. Ammo Norqul brigadir koʻpchilikning oldida koʻzlarini katta-katta ochgancha:
– Abdirayim qattiqning ulidan bir oyga oʻn ming olib, oʻn bir ming besh yuz qilib qaytardim, – deb turgandan keyin ishonmay qayga ham borardim.
Eng qizigʻi, Xoʻrozqulning pulni tiyin-tiyiniga qadar aniq sanashi, foizni ham toʻppa-toʻgʻri hisoblashi, aslo adashmasligi, bu borada uncha-buncha hisobchilarni ham yoʻlda qoldirib ketishi haqidagi gap-soʻzlar edi.
Ochigʻi, bu gaplarga unchalik parvo qilmadim. “Bolapaqirning ikkinchi isteʼdodi ochilibdi-da”, deb qoʻya qoldim. Buning ustiga voqealar tafsiloti bilan toʻliq tanishib oʻtirishga fursatim ham boʻlmadi: armiyaga ketdim.
III
Oradan bir yildan koʻproq vaqt oʻtdi. Taʼtilga qishlogʻimga keldim.
Toshkent aeroportidagi taksichilar oʻrtasida misli koʻrilmagan talashish-tortishish, siltovlar, doʻq-poʻpisalar, olib qochib ketishlardan bir amallab asrab qolgan katta jomadonim yonimda. Kayfim chogʻ. Uddaburon taksichi akamiz ham magnitofonni varanglatib qoʻygan.
Tuman markazidan oʻtib, ovulga qayrilish yoʻlidagi usti hali-hamon yopilmagan nochorgina bekatda qaqqayib turgan Norqul pochchamni koʻrib qolib, mashinani toʻxtatdim.
Pochcham bilan quchoqlashib koʻrishdik.
Mashinaga oʻtirdik. Qarindosh-urugʻlarni, uydagilarni soʻrab charchamayman, pochcham javob berib.
Hatto mana shu chang koʻchalar ham odamning koʻziga issiq koʻrinarkan.
Ovulga yaqinlashgan mahalimiz koʻzlarimga qalqqan quvonch yoshlarini yashirincha artib oldim.
Pochcham yonboshida turgan tugunchani oldingi oʻrindiqqa qoʻydi.
– Magazindan ozroq sorimoy obidim. Erib ketmasin.
Men kuldim:
– Qishloqda yashab turib, doʻkondan saryogʻ sotib olgandan keyin…
Shu payt bizni oppoq “Volga” quvib oʻta boshladi. Bunday razm solsam, rulda suluvgina juvon. Changda qolgan mashinamiz sekinlashgach, hazillashgim keldi:
– Oʻh-hoʻ, qishlogʻimizda yangi qiz paydo boʻptimi? Hoynahoy, Xoʻrozqulga tegishlidir?
Nazarimda, bu gap bilan men haliyam ovulni hatto mayda-chuyda gap-soʻzlariga qadar unutmaganimni, sogʻinganimni taʼkidlab oʻtmoqchiydim. Ammo ogʻzining tanobi qochib oʻtirgan pochcham birdan bezovtalanib, u yoq-buyogʻiga qaradi, soʻng jiddiy tortib, tasdiq maʼnosida bosh qimirlatdi va hurmat-ehtirom bilan dedi:
– Ha, ha, Xoʻrozboyning ikkinchi xotini.
– Ie, – quloqlarimga ishonmadim men, – Xoʻrozqul qachondan beri qoʻshxotinli boyga aylanib qoldi?
– Anchadan beri, – siniq kulimsiradi pochcham. Soʻng xoʻrsinib qoʻydi. – Umuman, ukam, sen qishloqda bir yil boʻlmading. Bu orada koʻp narsalar oʻzgarib ketdi.
– Ovul joyidami axir?
– Xudoga shukr, joyida… Endi, uka, men shu yerda tushib qolsam.
– A?
Pochcham koʻzlarini olib qochdi:
– Suyunchini taksichi akam olar. Men shu yerda tushib qolay.
– Pochcha, yangi uy oldilaringizmi?
– Yoʻgʻ-e!
– Hamsoya edik shekilli?
– Ha, endi… Boʻlmasa, uka, nima desang de, lekin avval Xoʻrozboynikiga kirib…
– Qayoqqa?
– Xoʻrozboynikiga. Uyiyam shunday yoʻlning boʻyida. Shunday-shunday, armiyadan kelayapman, deganday…
Nazarimda, pochcham meni mazax qilayotganday edi.
– Nima, u suyunchi bergich boʻlganmi?
– Endi, uka, – tipirchilab qoldi pochcham, – shunday kirib, arzimagan bir-ikkita narsa sovgʻa qilsang…
– Kimga? – tamoman garangsib qoldim men.
Pochchamning jahli chiqdi:
– Aytdim-ku, Xoʻrozboyga deb!
– Nega endi? Armiyaga u meni yuborganmidi?
– Nega, nega, deysan-a! Aytdim-ku, ovulda koʻp narsa oʻzgarib ketgan deb.
– Nima oʻzgargan axir?
– Koʻp narsa, – deya jerkib berdi meni pochcham. – Sen hali yosh bolasan.
– Xoʻrozquldan katta edim shekilli?
Pochcham chiday olmadi – tamomila boʻgʻriqib ketdi:
– Hoy, uka, shunday kirib, xizmatdan otpuskaga keldim, bizga nima xizmat bor, deb bir ogʻiz aytib qoʻysang, nima, bir joying kamayib qoladimi?
– Pochcha, meni mazax qilayapsizmi?
– Uf-f! Nega tushunmaysan-a?! Chulchitmisan nima balo?!
– Bunday tushuntirib gapiring-da boʻlmasa!
– Toʻxtating moshinani! Aka, iltimos… Gap shu: yo hozir toʻgʻri Xoʻrozboynikiga boramiz, yo men tushib qolib, yayov ketaman!
– Nega axir, pochcha?
– Uf-ey! Qani, tush-chi bu yoqqa.
Ikkalamiz mashinadan tushib, yoʻlning bu chekkasiga oʻtdik.
– Uka, – shu soʻzni aytarkan, pochchamning tovushi titrab ketdi. Oʻziyam kichkinagina, mushtipar odamga aylanib qolgandek boʻldi. – Uka, besh-olti kun turarsan, oʻzing hammasini tushunarsan, tushunmasang, xaltangni koʻtarib armiyangga ketarsan. Biz bu yerda qolamiz. Elda gap yotmaydi. “Falonchi armiyada ishlayotgan qaynisi bilan kelayotib Xoʻrozboyning uyini bosib oʻtibdi”, degan gap chiqsa… mengayam yaxshi boʻlmaydi, sengayam.
Men chiday olmasdan baralla kulib yubordim:
– Yo siz jinnisiz, pochcha, yo men. Oʻlay agar bir narsani tushungan boʻlsam.
Pochcham yana tutaqib ketdi:
– Sen jinnisan! Oʻsha yoqlarda stariklardan tayoq yeyaverib, satryasena mazga boʻlib qolgansan!.. Ey, musulmon, axir oʻzbekchalab aytayapman, shunday kirib: “Xoʻrozboy aka…”
– Aka?
– Uf-f! – yigʻlaguday boʻldi pochcham. – Aytdim-ku, sen ketasan, biz qolamiz deb…
– Shunga nima boʻpti?
– Nima boʻpti deydiya yana!.. Ertan Xoʻrozboy xafa boʻlib qarzini soʻrab tursa, yemdan siqsa, moydan siqsa…
– Qanaqa moy?
– Moy-da, oq moy! Moysiz ovqat pishirib boʻladima?
– Endi ovqatga oʻtdingiz, pochcha…
– Menga qara, tushunmaganingni keyin tushunib olarsan. Hozir gapning qisqasi shu: yo men bilan Xoʻrozboynikiga borasan, yo men yayov ketaman! Agar oʻzing ketadigan boʻlsang, bir-birimizni koʻrmadik, tamom-vassalom. Uyingga borganda qaytadan koʻrishaman.
– Yoʻq, pochcha, – endi mening qonim qaynay boshladi. – Yo siz menga hozir hammasini tushuntirib berasiz, yo hozirning oʻzida sizni zoʻrlab moshinaga tiqaman-da…
Mening hezlanganimni koʻrgan pochcham xavotirlanib orqaga chekina boshladi.
– Jon uka, mening boʻlmasa opangning hurmati, Xoʻrozboynikiga…
– E, tupurdim oʻshaningizga! Pishirib qoʻyibdimi menga duxyolning uyida!
Rangi kesakday oqarib ketgan pochcham atrofga jovdirab alangladi.
– Boʻldi-yey, birov eshitib qoladi!
– Eshitsa nima? Duxyolni duxyol deyman-da!
– Boʻldi, deyman! – pochcham qoshimga ildam kelib, atrofga olazarak alanglagancha pichirlab gapira boshladi. – Uka, sening oʻzi esing koʻp-ku, tushunasan-ku barini. Bilasan, ahmoqqa zakun yoʻq. Sen u bilan teng boʻlma. Oʻzi bir ahmoq boʻlsa.
– Shu oʻzimizning choʻpon Xoʻrozqulni aytyapsizmi?
– E, u hozir choʻpon emas, ovulning eng boy odamlaridan. Obroʻli. Ikki qavatli qasr qurib olgan. Ikkita xotini bor. Bittasini hozir koʻrding. Pul odamni oʻzgartirib yuborarkan… Fermani sotib olgan. Yem-pem, oʻt-poʻt – barisi qoʻlida. Magazinlarning barini xususiylashtirib olgan… Xoʻrozboyning oʻzi yomon emas. Yaxshi. Qarz soʻrasang yoʻq demaydi. Protsentga beradi. Faqat sal injiqligi bor. Obroʻtalabroq. Eʼtiborni yaxshi koʻradi. Aytganini qilsang sendan yaxshi odam yoʻq. Yaqinda bankda pul boʻlmay qolgan ekan, uch oyligimizni yonidan toʻladi. Yaxshi odam… Sal injiqligi bor… Yaxshi gapni yaxshi koʻradi. Uch-toʻrtta kallasi qizigan yordamchilari bor. Oʻshalar ahmoq. Sallani ol desa kallani oladiganlardan… Oʻchakishib nima qildik… Shunday kirib, bir ogʻiz qiyomat qarz salomimizni berib oʻtsak boʻldi-da. Xursand boʻladi. Obroʻyim bor ekan, deydi… Aytdim-ku, arzimagan bir sovgʻa bersang ham boʻladi, deb… Jiyanlarga qolganiyam yetadi… Oʻylanma. Sen ketasan. Qasdiga olsa, xafa boʻlsa, qiyomatgacha esidan chiqarmas. Yem deb molni harom qotiradigan bir narsani tashlab ketadi. Magazinga borib olib: “Munga moy berma, munga un berma…” deb turib oladi. Odamlar kuladi, lekin bir narsa demaydi. Qasdiga olsa, oxiri qishloqdan koʻchib ketishga majbur qiladi…
– Oʻzbekovulning mafiozi ekan-da, – deya istehzo qilishga urindim men.
– Nima desang de, uka… Endi, oʻzi bir aqli zaif bechora-da. Urib boʻlmasa, soʻkib boʻlmasa… Boʻlmasa, oʻzi yaxshi odam. Lekigin qasdlashib qolsa yomon… Ke, qoʻy, oʻshaminan teng boʻlasanmi. Oʻzingni oʻylamasang bizni oʻyla… Ozgina boʻlsayam qarzimiz bor… Qarzi bor odamning tili qisiq boʻlarkan… Ertan bir kun qaytib ketsang… Esidan chiqarmaydi… Meni mensimadi, beobroʻ qildi, deb… somonxonamizga oʻt qoʻyib yuborishdan ham toymaydi. Isbotlab koʻr-chi. Milisa chaqirsang, spravkasi bor. Keyin… koʻz koʻzga tushadi, oʻzbekchilik…
– Nima qil deysiz, pochcha?
Toʻgʻrisi, u kishining ahvolini koʻrib ezilib ketdim.
– Shu, kirib, bir ogʻiz… yoʻlning boʻyida… Arzimagan esdalik sovgʻa…
Koʻzlariga yosh qalqqan pochcham ortiq gapirolmay qoldi.
– Yuring-ye…
Qaytib taksiga mindik.
Qirdan enayotgan chogʻimiz ovulimizning oʻrtasiga qurilgan yagona ikki qavatli, tomiga qizil shifer yopilgan uyga koʻzim tushdi.
– Shumi?
Pochcham soʻzsiz bosh irgʻadi.
Qasrga yaqinlashganimizda shu tarafdan kelayotgan oq soqolli qariyani koʻrib qoldim. Boʻlam Mirza boboni tanib, haydovchidan mashinani toʻxtatishni iltimos qildim. Yoʻl chetiga oʻtib, bizga diqqat bilan qarab turgan Mirza bobo mashinaning sekinlashganidan niyatimizni ilgʻadi shekilli, shosha-pisha qoʻlini silkitib “Aslo toʻxtamang!” ishorasini qildi. Betma-bet boʻlganimizda ikkala qoʻlini koʻksiga qoʻyib, muloyimgina tabassum qilib turgan boʻlam “Avvalo bu yoqqa qadam ranjida qilsinlar” deganday zoʻr ehtirom ila qasrni koʻrsatib turardi…
– Endi qayoqqa yuray, yigit? – deya soʻradi haydovchi.
Pochcham shosha-pisha javob berdi:
– Ovulimizning eng boy, eng hurmatli akaxoni bor. Avval shu kishinikiga bir daqiqaga…
Taksichi maʼqullab bosh irgʻadi:
– Agar boy boʻlsa, albatta, avval shu kishinikiga kirish kerak. Xoʻsh, yigitcha, nima deysiz?
Tovushim negadir boʻgʻilib chiqdi:
– Haydang… Xoʻroz… boynikiga!
Pochcham yayrab ketdi:
– Sening boʻladigan bola ekanligingni bilardim!
Abduqayum Yoʻldoshev
“Yoshlik”, 2014 yil 1-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/boy/