Botu isteʼdodli shoir va jamoat arbobi edi. U oʻzining tarjimai holida: “Men Botu – Mahmud Maqsudovich Hodiyev 1904 yilda Toshkentning Qaldirgʻoch mahallasida, mahsidoʻz – kambagʻal oilasida tugʻilganman…” deb yozadi. Boshlangʻich taʼlimni eski usuldagi maktabda olgan Botu dastlab Moskvadagi Pokrovskiy nomli institut qoshidagi ishchilar fakultetida (1921), soʻngra Moskva davlat dorilfunining iqtisod fakultetida (1921–1927) oʻqiydi.
Shundan keyin u Samarqandga kelib, adabiy va ijtimoiy faoliyat bilan mashgʻul boʻladi: jamoat va davlat muassasalarida faollik koʻrsatib, yoshlarning “Alanga” jurnaliga muharrirlik qiladi. Shu davrdan boshlab sheʼr va hikoyalari, publitsistik maqola va ocherklari “Bilim oʻchogʻi”, “Inqilob”, “Alanga”, “Maorif va oʻqituvchi” singari jurnallarda chop etiladi.
Uning “Hayit harom boʻldi” (1929), “Tursun” (1930) kabi hikoyalarida eskilik bilan yangilik oʻrtasidagi kurash, ziddiyat oʻz ifodasini topgan. “Umid uchqunlari” (1925), “Toʻlqinlarim” (1929) kabi toʻplamlaridagi sheʼrlarida yosh shoirning samimiy va hayajonli tuygʻulari ifoda etilgan. Eng muhimi, uning sheʼrlarida porloq kelajak sari intilish bosh mavzu darajasiga koʻtarilgan. Shu jihatdan shoirning “Qoʻzgʻolish”, “Isyon”, “Bizning tovush”, “U kun”, “Yosh yurak toʻlqinlari” kabi oʻnlab sheʼrlari eʼtiborga sazovor. Masalan, shoir quyidagi satrlarida oʻz yurti osmonini musaffo koʻrishni xohlab yozadi:
Yirtildingiz, ey yaramas kora qalin pardalar,
Hech yovuqsiz yulduzlarning nurli yuzi ochilsin!
Yoʻqolingiz, yorugʻlikni toʻsaturgan bulutlar,
Yurtimizga eng yuksakdan yorugʻliklar sochilsin!
Botu jamoat arbobi sifatida respublikamizda maktab-maorif, fan va madaniyatni rivojlantirishda jonbozlik koʻrsatgan. U koʻpchilik oʻzbek ziyolilari qatori 1929 yili qamoqqa olinib, Soloves orollariga surgun qilingan. 1938 yil 8 mayda Moskvaga olib kelinib, otib tashlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/botu-1904-1938/