BOTANIKA INSTITUTI VA BOTANIKA BOGʻI, Oʻzbekiston FA Botanika instituti va botanika bogʻi — Toshkent sh. dagi ilmiy muassasa. Unda tabiiy sharoitda oʻsadigan oʻsimliklar dunyosi har tomonlamaoʻrganilib, muhofaza qilish, qayta tiklash, ulardan oqilona foydalanish, oʻsimliklar introduksiyasi va biotexnologiyasiga oid muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Botanika in-ti 1932-y. da Oʻzbekiston Fanlari qoʻmitasi qoshidagi oʻsimliklar xom ashyosi boʻlimi asosida shakllangan va 1941-y. dan Botanika va tuproqshunoslik in-ti deb atala boshlagan. 1948-y. da Tuproqshunoslik boʻlimi mustaqil int boʻlib ajralib chiqqach, botanikaga oid ishlar Botanika va zoologiya i. t. in-tida olib borildi. 1950-y. ga kelib mustaqil Botanika i. t. instituti tashkil topdi. 1998-y. da intga botanika bogʻi qoʻshilgach, Botanika in-ti va botanika bogʻi deb ataladigan boʻldi. Intda 11 lab. boʻlib, bular orasida deyarli barcha qitʼalardan yigʻilgan 1 mln. dan ziyod oʻsimlik nusxalariga ega boʻlgan yirik Markaziy gerbariy lab. Oʻrta Osiyoda yagona lab. hisoblanadi. Int bevosita tabiatda ish olib boradigan «Qizilqum choʻl stansiyasi»ga, Gʻarbiy Tyanshan (Ugam tizmasi)da va Orol dengizi boʻyida joylashgan tayanch nuqtalarga ega. Intda oʻsimliklar qoplami, ekologiya, tabiatni muhofaza qilish, paleobotanika, oʻsimliklar xom ashyosi, anatomiyasi, sitoembriologiyasi, Orol dengizi atrofidagi qurib qolgan yerlarni qayta oʻzlashtirish, chorva mollari uchun yemxashak bazasini tashkil etish, ifloslangan suvlarni biologik usulda tozalashga oid muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Oʻrta Osiyo, jumladan Oʻzbekistonning tabiiy florasi va oʻsimliklar jamoasini oʻrganish ustida olib borilgan fundamental tadqiqotlar natijasida 4274 tur, 1023 turkum va 138 oilani oʻz ichiga olgan va Beruniy mukofotiga sazovor boʻlgan 6 jildli (rus tilida) «Oʻzbekiston florasi», 125 oilaga mansub 8097 tur va 1152 turkumni oʻzida mujassamlashtirgan 10 jildli «Oʻrta Osiyo oʻsimliklari aniqlagichi», 10 jildli «Oʻzbekiston zamburugʻlari florasi», «Oʻrta Osiyo suv havzalari suv oʻtlari florasi», 3 jildli «Oʻrta Osiyo koʻkyashil suvoʻtlar aniqlagichi», 2 jildli «Zarafshon florasi va oʻsimliklari», 2 jildli «Oʻrta Osiyo va Janubiy Qozogʻiston oʻsimliklari», 4 jildli «Oʻzbekiston oʻsimliklar qoplami va undan oqilona foydalanish», 3 jildli «Oʻzbekiston paleobotanikasi», «Oʻzbekiston Qizil kitobi», «Choʻl oʻsimliklarining ekologik anatomiyasi» kabi 120 dan ziyod monografiya va toʻplamlar nashr etildi. Intda olib borilgan i. t. ishlari oʻz maktablari bilan dunyoga tanilgan Ye. P. Korovin, A. M. Muzaffarov, Q. Z. Zokirov, J. K. Saidov kabi olimlar faoliyati bilan bevosita bogʻliq.
Int Germaniya, Angliya, Hindiston, Finlyandiya, Isroil, Xitoy, Vyetnam, Turkiya hamda MDH davlatlari bilan hamkorlikda i. t. ishlari olib boradi. Intda botanikaning turli sohalariga bagʻishlangan xalqaro simpoziumlar oʻtkazib kelinadi, jumladan 1998-y. may oyida «GʻarbiyJan. Osiyo va Oʻrta Osiyo oʻsimliklari hayoti» nomi ostida botaniklarning 5Xalqaro anjumani oʻtkazildi. Intda 1 akad., 14 fan d-ri, 50 ga yaqin fan nomzodlaridan iborat 90 dan ziyod ilmiy xodim faoliyat koʻrsatadi (2001). Intda oʻsimliklar qoplamining kamayib ketish sabablari va choʻllarning kengayib borish jarayonlarini oʻrganish, ekologik xaritalar tuzish, oʻsimliklarning turli muhitlarga moslanishi va insonlar taʼsirida ularning kamayib ketishini oldini olish, tabiatni muhofaza qilish, uning xom ashyolarini saqlab qolish va oʻtloqlar hosildorligini oshirish, Orol muammolari, shuningdek qimmatbaho suvoʻtlar, zamburugʻlar, yuksak oʻsimliklardan fiziologik faol moddalar ajratib olish, yoʻqolib borayotgan va kam uchraydigan oʻsimliklarni saqdab qolish ustida ilmiy izlanishlar olib boriladi.
Botanika bogʻi. Toshkent davlat unti qoshidagi botanika bogʻi asosida tashkil topdi, rasmiylashuvi va qurilishi 1950-y. dan boshlandi. 1968-y. 1 yanv. dan bogʻga i. t. instituti makrmi berildi. Botanika bogʻi Respublika miqyosida oʻsimliklarni introduksiya qilish (ilgari oʻstirilmagan yangi oʻsimliklarni oʻstirish, iqdimlashtirish va ulardan xalq xoʻjaligida foydalanish) masalasini oʻrganish va ishlab chiqishda ilmiy markaz hisoblanadi. Bogʻning 64 ga maydoni boʻlib, unda introduksiya qilingan oʻsimliklarning turi va navlari 1997-y. boshida 6 mingga yetdi. Shundan 2500 turi daraxt va buta, qolgani bir, ikki va koʻp yillik oʻtlardir. Bu oʻsimliklar Osiyo va Yevropa mamlakatlari, Kavkaz, Uzoq Sharq oʻlkalaridan, Shim. Amerika, Xitoy va Oʻrta dengiz boʻyidagi mamlakatlardan keltirilgan. Tropik mamlakatlardan olingan 800 dan ortiq oʻsimlik turlari oranjereyalarda oʻstiriladi. Introduksiya qilingan oʻsimliklar orasida manzarali va mevali daraxtlar, xilmaxil rezavor mevali butalar, shifobaxsh oʻsimliklar bor. Koʻchatlari koʻkalamzorlashtirish uchun ekiladigan lola daraxti, lenkoran akatsiyasi, piramidal eman, pushti gulli akatsiya, yirik bargli joʻka, xitoy teragi; manzarali koʻp yillik piyozli oʻsimliklardan lola, krokus, giatsint; ildizpoyali oʻsimliklardan gulsafsar, sallagullar, 90 dan ortiq duragay gibiskus — paxtagul oʻsimliklari yetishtirildi. Bogʻ har yili 15 mingga yaqin urugʻ namunalarini tarqatadi va oʻz navbatida boshqa botanika bogʻlaridan ham urugʻ olib turadi. U chet mamlakatlardagi 477 bogʻ va 200 dan ziyod turli ilmiy tashkilotlar bilan aloqa qiladi. Botanika bogi mavzuli toʻplam va urugʻlarning nomi yozilgan indeks risola (broshyura) chiqaradi. Studentlar, maktab oʻquvchilari, tabiatshunoslar va b. uchun bilim lab. boʻlib xizmat qiladi.
Angliyada eʼlon kilingan «Dunyodagi eng yirik botanika bogʻlari» nomli asarda Oʻzbekiston botanika bogʻi ham tilga olingan. Akad. F. N. Rusanov rahbarligida bogʻ xodimlari tomonidan 14 jildli «Oʻzbekiston dendrologiyasi» (ruscha), «Oʻsimliklar introduksiyasi» nomli 27 toʻplam va koʻplab monografiya hamda maqolalar nashr etdi.
Oʻktam Pratov, Ozodbek Ashurmetov.