Boshqalarga oʻxshamas olim edi

Talʼat Solihov hayot boʻlganida sakson yoshga toʻlardi. Vafot etganida ellik toʻqqiz yoshda edi. Uning hayoti Toshkent Davlat universiteti bilan bogʻliq: talaba boʻldi, aspiranturada oʻqidi; dissertatsiya himoya qildi, dotsent unvonini oldi; 1984 yilda Oʻzbek filologiyasi fakultetiga dekanlik qildi; 2-3 yil Afgʻonistonga mehnat safariga joʻnatildi: Qobul universitetida dars berdi.

Talʼat rus tilini mukammal bilgan, XIX-XX asrda nashr qilingan rus, Gʻarbiy Yevropa adabiyoti namunalarini zavq bilan oʻqigan.

Maktabni tugatgach, hech ikkilanmay ToshDUning filologiya fakultetiga oʻqishga kirgan. Talaba oʻzligini toʻla namoyon etish uchun muhit – kursdoshlari hissasi katta boʻladi. Uning kursdoshlari orasida Erkin Vohidov, Anvar Isroilov, Oshiq Erkin (Madrahimov), Anvar Eshonov, Turob Akbarxoʻjayev, Tamilla Qosimova, Matluba Islomova singari ijodkorlar, Norboy Xudoyberganov, Rahmatulla Inogʻomov, Anvar Karimov kabi tadqiqotchilar bor edi. Fakultet oʻqituvchilari orasida O. Sharafiddinov, L. Qayumov, Matyoqub Qoʻshjonov, N. Malaxov, A. Rustamiy singari yangicha fikrlaydiganlari bor edi. “Noviʼy mir”, “Inostrannaya literatura” jurnallari, A. Soljenitsin, A. Tvardovskiy, B. Pasternak, P. Qodirov, O. Yoqubov, Chingiz Aytmatov, Guram Panjikidze, Oʻ. Sulaymonov, N. Dumbadze, Ye. Yevtushenkolar asarlari adabiyot haqidagi qarashlarni oʻzgartirib yuborayozgandi. Rus tilini bilgan odam (afsuski, Gʻarb, ingliz tilini bilguvchilar nihoyatda kam edi) huzur qilardi. T. Solihov ashaddiy kitobxon edi. Paxta yigʻim-terim mavsumida hamisha birga boʻlardik. Sal imkon topilsa, Talʼat kitob oʻqirdi.

Universitetni tugatgach, aspiranturaga kirdi. O. Sharafiddinovning beshinchi shogirdi sifatida ish boshladi. Unga realizm bilan bogʻliq nomzodlik dissertatsiya mavzusini berishdi. Talʼat nega bu mavzuni inkor etmadi? XX asrning 60-yillarida chet ellarda, Rossiyaning oʻzida sotsialistik realizmning istiqbolsiz, shoʻro adabiyotiga zoʻrma-zoʻrakilik bilan singdirilgan siyosiy doktrina ekanligi haqida yozila boshlangan edi-ku?! Buni Talʼat Solihov yaxshi bilardi. Lekin suymagan mavzusini qabul qildi. Mavzu boʻyicha “Bu – erkin adabiyot” singari siyosiy pishiq, lekin kelajagi yoʻq sotsrealizm haqida maqolalar yozdi. Haqiqiy Talʼat Rustamovich ruh-ruhi bilan tugayotgan metodga qarshi edi. Buning isboti, domlaning talabalariga oʻqigan maʼruzasi, amaliy mashgʻulotlari edi. U klassitsizm, sentimentalizm, naturalizm, romantizm, realizm metodidagi asar deb uqtirilgan asarlarni yangicha, ijodiy talqin qildi, baholashga intildi. Men Talʼat Solihovning naturalizm haqidagi maʼruzasida qatnashganman. Oʻylab qarasam, shoʻro adabiy siyosati metodlar ildizidagi harakatni atayin sotsrealizmga – “inqilobiy harakat”, sinfiylikka yoʻnaltirgan ekan. Emil Zolya haqida maʼruzachi shunday fikrlarni aytdiki, u tamoman boshqacha sanʼatkor ekan. Talʼat Solihov fikricha, E. Zolya hayot, qahramonlarni tasvirlashda yangicha tushunchalarni ilgari surgan, ijodiy prinsipini tasdiqlab borgan. Talʼat Rustamovich F. Kafka, A. Kamyu ijodini berilib tahlil qilardi. Uningcha, Kafka hayotni tamoman boshqa rakursdan tasvirlagan. Ekzistensializm metodi uning asarlarida toblanib, turlanib turadi. Kafka ijodiga hamma hayron boʻlib qaradi: u kiyinganlar ichida yalangʻoch, donolar ichra devonavor edi.

Qirq yetti yoshida avtohalokatda vafot etgan Alber Kamyuning “Sizif haqida afsona”si bor. Uning mazmuni oddiy. Bosh qahramon ertadan kechgacha ogʻir toshni pastdan yuqoriga surib chiqadi. Marraga yetdim, deganida, tosh yana pastga yumalaydi. Bu adoqsiz, azobli yumushni hamisha bajarish Sizif taqdiriga bitilgan. Yozuvchi fikricha, hayotning oʻzi Sizifday ijrochilar, besamar mehnatdan iborat. Sizif toifasidagilar horgʻin, mungkoʻz, beparvo, benavo boʻladilar.

Talʼat Solihov fan nomzodi, isteʼdodli muallim boʻlishi bilan birga, ashaddiy kitobxon edi. Bilganlarini, maʼruzalaridagi fikrlarini jamlasa, bir necha jildli kitob boʻlardi. U Afgʻonistonda ikki kitob chop ettirganini aytardi. Ammo ularni oʻqiganlarni koʻrmadim.

Domlani bir koʻrgan odam eslab qolardi. Oʻrta boʻy, ogʻriqroq, sersoqol, uzun soch oʻstirgan, katta koʻzoynak taqadigan odam edi. Uning koʻzi betakror edi: mung, fikr, ruhiy harakat, bosiqlik qorishib ketgandi. Koʻzoynagi sinchiklab kuzatish imkonini bermasdi. Oʻylashimcha, oʻqigan har bir asari geni koʻzlariga jo boʻlgandi.

Talʼat muallim auditoriyada oʻzligini bemalol namoyon etardi. Darsida fikr, badiiylikka eʼtibor, qalblararo bogʻliqlik yetakchilik qilardi. Uning oʻtib ketganiga 20 yil boʻlyapti, ammo Xurshid Doʻstmuhammad, Nazar Eshonqul, Sultonmurod Olim, Olim Otaxon, Nurulloh Muhammad Raufxon, Bahrom Roʻzimuhammad, Abduvali Qutbiddin, Ulugʻbek Hamdam, Isajon Sulton, Tursun Ali, Goʻzal Begim, Shermurod Subhon singarilar oʻzlarini uning bevosita yoxud bilvosita shogirdlari, deb biladilar. Rauf Parfi Talʼat Solihovning toʻngʻich shogirdlaridan. Matbuotda ulardan bir nechtasi ustozi haqida xotira yozdilar.

Talʼat Solihov rus guruhlari orasida ham yuksak obroʻga ega edi. Maʼruza oʻqish, badiiy asar matnini bilish emas. Maʼruzachi jahon adabiyotshunosligidagi yangicha qarash, tushunchalarni atroflicha bilishi zarur. Amerika, Yaponiya, Xitoy, Turkiyada paydo boʻlayotgan yangicha qarashlar Gʻarbiy Yevropa, rus adabiyotida shakllanayotgan tushunchalarni boyitardi. Shubhasiz, Talʼat Solihov modern adabiyot, yangi oqim, metodlardan boxabar edi. U M. Xrapchenko, A. Zverev, Z. Freyd, N. Baxtin, Yu. Lotmon, M. Xaydegger, V. Lakshin, Yu. Mann, Ye. Gurenko, A. Guliʼga, Yu. Borev singarilar asarlaridan boxabar edi. Bu asarlar daholar yaratgan asarlarga tushadigan badiiy kalit vazifasini oʻtadi. V. Shekspir, V. Gyote, A. Dante, Shiller, G. Markes, S. Yesenin, A. Chexov, E. Xeminguey singarilarning asarlari Talʼat Solihov hayotligida tarjima qilindi. Fozila Sulaymonova, Olimjon Joʻrayev, Muhammadjon Xolbekov kabi olimlarning modernizm, uning oqim, metodlari haqidagi kitoblarini berilib oʻqiyman. Talʼatning bilimi, chet el adabiyoti haqidagi tushunchalari teran, keng edi. Ammo u oʻz qarashlarini badiiy-adabiy tadqiqotlarda tasvirlamadi.

1984 yilda filologiya fakulteti ikkiga ajralgach, Talʼat Solihov Oʻzbek filologiyasi fakultetiga dekan boʻldi. Olimlik va rahbarlik hamma vaqt ham mos kelmas ekan. Tez orada dekanlikni topshirib Afgʻonistonga mehnat safariga ketdi. Chet elda Qobul universiteti talabalariga dars oʻtdi. Talʼatning chet eldagi hayoti murakkablikka boy boʻldi. Kasal boʻlganini birov bilib, birov bilmay qoldi.

Odam bolasi quvonchdan osmonga uchib, gʻamdan yerga kirib ketmaydi. Talʼat oʻziga yarasha shoʻx, ulfatboz edi. Ammo ogʻzidan chapanicha soʻz chiqmasdi, zinhor oliftagarchilik qilmasdi. Koʻpincha Oʻrda koʻprigi yonginasidagi choyxona-kafeda oʻtirishni yoqtirardik. Ne-ne suhbat, hazillarimizni Anhor suvi oqizib ketgan. Xayrulla (Ismatillayev) baland ovozda gapirar, “qah-qah” otib kulardi. Muhsinjon (Olimov) hangoma soʻzlashga usta edi: goh Ozod aka, goh Laziz aka, goh Gʻulom Karimov rolini ijro etardi. Boshqalar qotib-qotib kulardi-yu, Muhsinjon tabassum bilan hammaga boqib turaverardi. Talʼat, kezi kelganda, soʻz gulhaniga oʻtin tashlab qoʻyardi.

Bir yili yozda Iristoy aka, Umarali aka, Hasanxoʻja, Xayrulla, Talʼat va men Surxondaryoga bordik. Safardagi hangoma, suhbatlar nihoyatda diltortar boʻlarkan. Talʼat kutilmaganda gapdon, sersuhbat boʻlib qoldi. Xullas, xotiraning borligiga beadad shukur. Iristoy aka, Hasanxoʻja, Xayrulla, Muhsinjon, Talʼat oʻtib ketishdi.

Doʻstdan ayrilish ogʻir boʻlarkan. Gʻoyib ota qabristoniga kirib borayapmiz-u, Talʼat tirik, degan fikr borligʻimni chulgʻab olgan.

Doʻstim Talʼatdan yaxshi nom, fidoyi shogirdlar qoldi.

 

Abdugʻafur RASULOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–3

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/boshqalarga-oxshamas-olim-edi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x