DO`STLARGA ULASHING:
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan Krut va Vert ismli ikkita sichqoncha va baland ovozda qichqiradigan xo‘rozcha bor ekan. Sichqonchalarning bilgan ishi faqat qo‘shiq aytish, raqs tushish, aylanish va burilish edi. Xo‘rozcha esa tong otganda turib, birinchi bo‘lib barchani uyg‘otar, keyin esa ishga kirishar edi.
Bir kuni xo‘rozcha hovlini supurayotib bug‘doy boshoqchasini topib oldi.
– Krut, Vert! – chaqirdi u, – qaranglar, men nima topib oldim.
Sichqonchalar yugurib kelib:
– Buni yanchish kerak. – dedilar.
– Kim yanchadi? – so‘radi xo‘rozcha.
– Faqat men emas! – qichqirdi birinchi sichqoncha.
– Faqat men emas! – qichqirdi ikkinchisi ham.
– Yaxshi, – dedi xo‘rozcha – unda o‘zim yanchaman deb ishga kirishdi.
Sichqonchalar esa koptok o‘ynay boshladilar.
Xo‘rozcha yanchishni tugatib, qichqirdi:
– Hoy, Krut, Vert qaranglar men qancha don yanchdim!
– Endi esa donni tegirmonga olib borib, un chiqarish kerak!
– Kim olib boradi? – so‘radi xo‘rozcha
– Faqat men emas! – qichqirdi Krut.
– Faqat men emas! – qichqirdi Vert.
– Yaxshi, – dedi xo‘rozcha, – tegirmonga donni o‘zim olib boraman.
Xo‘rozcha qopni yelkasiga ortdi va ketdi. Bu vaqtda esa sichqonchalar ustma-ust sakrash uyinini boshladilar. Bir-birlarini ustidan birin-ketin sakrab quvonardilar.
Xo‘rozcha tegirmondan kelib, yana sichqonchalarni chaqirdi:
– Krut, Vert bu yerga kelinglar! Men unni olib keldim.
– Voy, xo‘rozcha! Yashavor! Endi esa xamir qorib pirog pishirish kerak!
– Kim xamir qoradi? – so‘radi xo‘rozcha. Sichqonchalar esa o‘z bilganlaricha chiyilladilar.
– Faqat men emas!
– Faqat men emas!
Xo‘rozcha o‘yladi, o‘yladi va dedi:
– Yana o‘zim qilishimga to‘g‘ri keladi.
U xamir qordi, o‘tin keltirdi, o‘choq yoqdi. O‘choq isishi bilanoq unga pirogni qo‘ydi.
Sichqonchalar ham vaqtini bekor o‘tkazmasdan, qo‘shiq kuyladilar, raqs tushdilar.
Pirog pishdi, xo‘rozcha uni chiqarib stolga qo‘ydi, sichqonchalar esa hoziru nozir bo‘ldilar. Ularni chaqirishning hojati ham bo‘lmadi.
– Voy, men och qoldim! – chiyilladi Krut.
– Voy, yegim kelyapti! – chiyilladi Vert.
Tezda dasturxonga o‘tirishdi, xo‘rozcha esa ularga dedi:
– Shoshmanglar, shoshmanglar! Siz menga birinchi bu boshoqchani kim topganini aytinglar?
– Sen topding! – baland ovozda qichqirishdi sichqonchalar.
– Kim boshoqchani yanchdi? – yana so‘radi xo‘rozcha.
– Sen yanchding! – sekingina javob berdilar ikkalalari ham.
– Kim donni tegirmonga olib bordi?
– Albatta sen! – dedi Krut va Vert yanada past ovoz bilan.
– Kim xamir qordi? Kim o‘tin tashidi? Kim o‘choq yoqdi? Kim pirogni pishirdi?
– Barchasi sen. Barchasi sen – zo‘rg‘a eshitilarli qilib chiyilladilar sichqonchalar.
– Sizlar nima qildinglar?
Nima deb javob berish mumkin? Hyech narsa deyish mumkin emas. Krut va Vert stoldan turib keta boshladilar, xo‘rozcha esa ularni ushlab ham o‘tirmadi.
Chunki bunday ish yoqmas dangasalar pirog bilan mehmon qilishga arzimaydi-da.
(Ukrain xalq ertagi)