TULPOR KARTMONGA SIGʻMAYDI…
Ikki ming oʻninchi yilning Navroʻzida Qozogʻistonga qilgan safarimiz oʻzbek va qozoq xalqlarining doʻslik bayramiga aylanib ketdi. Taniqli adib, atoqli tarjimon Nosir aka Fozilovning 80 yoshga toʻlishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir qadim Turkiston shahridagi teatrda boʻlib oʻtdi. Keng jamoatchilik, qozoq adiblari, vatandoshlari ustozning hurmatini joyiga qoʻyishdi.
Shahar hokimi soʻzining oxirida tashqarida qayrogʻochga bogʻlangan egar-jabduqli tulpor Nosir akani kutib turganligiga shama qildi. Yubilyar oʻz navbatida shahar ahliga minnatdorchilik bildirib, hokimga quyidagi qochirmani qildi.
– Inim, izzat-hurmat uchun qulluq. Omadingni bersin. Sakson yoshga chiqqan ogʻangni tashqaridagi tulpor olib qochsa, tabib izlashingga toʻgʻri keladi. Qolmishiga tamojniya degan idoralar ham bor. Gapning indallosi, tulporing kartmonga sigʻmadi…
Hokim ham anoyilardan emasdi. Nosir akaning tagdor gaplaridan toʻgʻri xulosa chiqardi…
“MARHUM” BOSHDA DOʻPPI, EGNIDA MISRISH TOʻN BILAN TURARDI…
1989 yilning kuz oylari edi. Taniqli bolalar shoiri Obid Rasulning “Oppoq tong qoʻshiqlari” nomli qoʻlyozmasi bosmaxonada navbat kutardi. Kutilmaganda Obid akaning vafoti bilan bogʻliq sovuq xabarni eshitdik. Marhumning bosmaxonadagi kitobini zudlik bilan tezlashtirish va uning hisob-kitobi bilan bogʻliq vazifalar tegishli kishilarga topshirildi.
Yozuvchilar uyushmasining oʻsha paytlardagi kotibi Tohir Malikning xizmat mashinasida Anvar Obidjon va kamina Obid akaning oilasidan koʻngil soʻrash niyatida Samarqand darvoza tomonga qarab joʻnadik. Obid Rasulning Yangiyoʻl tumanida istiqomat qilishi xayolimdan oʻtgan boʻlishiga qaramay, oʻz ishiga puxta akamizning shaharda ham uyi boʻlsa kerak, degan mulohaza bilan sukut saqlab bordik. Haydovchi mashinani xalta koʻchalardan biriga burib toʻxtatdi. Yoʻlning ikki tarafida taʼziyaga kelgan kishilar saf tortgan. Qatorda Alibek Rustamov, Matyoqub Qoʻshchonov, Ozod Sharafiddinov, Aziz Qayumov kabi ustozlarimiz. Darvozaning oʻng tarafida “marhum” Obid Rasul boshida qalampir nusxa doʻppi, egnida misrish toʻn bilan maʼyusgina boʻlib turardi. Shaytonga hay berib, kulgidan oʻzimizni arang tiyib, safga qoʻshildik. Ohista surishtirsak, Obid akaning amakisi furqatshunos olim Holid Rasul domla qazo qilgan ekanlar…
Har gal Obid akani koʻrganimizda oʻsha hangomani eslab ustozga tansihatlik tilardik. Bu orada u kishining kitobi bosilib, qalam haqini olib, bizga dasturxon ham yozdilar. Kichkintoylarimizning katta shoiri Obid Rasulga amakilaridan keyin yana oʻn bir yil yashash nasib etdi.
“UKAMIZ SARIQ-SURUQ NARSALARNI YeMASIN!..”
Bobolarimiz “Kishi baloga qolurmi oʻz ixtiyori bilan” deb bekorga aytishmagan. Marhum bir adibning boshiga tashvishli kunlar tushgan paytlar edi. Suddagilar ishni yengillatish niyatida oqsoqol adiblar nomidan iltimosnoma yozilsa, degan mazmunda maslahat beradi. Qadrdonlarimizdan biri olib borgan xatga ustoz Nosir Fozilov surishtirib oʻtirmay imzo chekadi. Erka ukalaridan boʻlganim uchun oqshom menga qoʻngʻiroq qilib:
– Tursunboy, bu ukamiz oʻzi nima ish qiladi? – deb soʻrab qoldi.
Masala noyob metallar bilan bogʻliq boʻlgani uchun tafsilotini aytib oʻtirmay, hazil-huzul bilan tushuntirmoqchi boʻlib:
– Doʻstimiz sariq-suruq ishlar bilan shugʻullangan ekan, – dedim.
Hozirjavob Nosir aka:
– Ukamizga aytinglar, bundan-buyon saruq-suruq narsalarni yemasin.
“UBEY, ZAKONNIʼY”
1980 yilning kuz oylari. Respublika axborot agentligining masʼul xodimi N. X. xonim kaminaga qoʻngʻiroq qilib, “Choʻlpon” nashriyoti yilning navbatdagi choragida qaysi nomdagi kitoblarni bosmadan chiqarganligi boʻyicha axborot berishimni soʻradi. Nashr etilgan asarlarni nomma-nom aytdim. Biroq, ruscha tarbiyalangan singlimizga bitta toʻplamning muallifini tushuntirishim ancha qiyin kechdi. Bu mashhur fors-tojik shoiri Ubay Zakoniyning “Mushuk bilan Sichqon qissasi” edi. Men “Ubay Zakoniy” deyman, singlimiz esa hech vaqoga tushunmay, “Kim u, Ubey, Zakonniʼy” deb qayta-qayta soʻraydi. Ilojim qolmagach, shu kitobdan bir nusxani Xudo rahmat qilgur shoir ukam Hamza Imomberdiyev orqali oʻsha xonimga yetkazdik.
YAMOQ KOʻYLAK
Ikkinchi jahon urushidan keyingi ogʻir yillar. Yamoq ust-boshlarni kiyish ayb sanalmasdi. Yetimchilik, ovulimizdagi oʻziga toʻq xonadonlarda mardikorchilik qilardim. Qishloq Sovetining kotibi Eshonxon akaning uyida oʻn ming dona guvala quydim. Ikki haftalik mehnat haqimga aqchaning oʻrniga poshnasi yemirilgan kirza etik, kuya yegan tulki telpak, yoqa va yenglari gulli, ammo yamoqli ukraincha koʻylak berdi. Ilojim qancha?
Qandaydir bayram munosabati bilan maktabimizda tantana tashkil qilindi. Yuqori sinf oʻquvchilari Yongʻor togʻiga sayrga otlanishdi. Bizlar futbol oʻynadik. Oʻtin terib, oʻchoq kavlab oshpazlarga koʻmaklashdik. Kun isigach, nimdosh karaminka kastyumni yechib qayragʻochga ildim. Sinfdosh qizlar ukraincha koʻylagimning yoqa va yenglaridagi gullarini tomosha qila boshlashdi… Toʻsatdan yagʻrinimdagi chit yamoq xayolimdan oʻtdi. Asta ortimga tisarildim. Gap nimada ekanligini bilgan qizlar kulib yuborishdi.
UVOL BOʻLGAN “AYASTON”
Mirtemir domla “Manas” eposini oʻzbek tiliga oʻgirish masalasida hozirgi Bishkek shahriga kelib “Tiyonshon” qoʻnalgʻasiga joylashdi. “Issiqkoʻl ilhomlari” turkumiga kirgan sheʼrlari oʻzbek tilida nashr etiladigan “Qirgʻiziston haqiqati” gazetasining shanba sonida bosilib chiqqandi. Oʻsha kuni qirgʻiz oqinlari Tumanboy Boyzoqov bilan Sovranboy Jusayev ustozni yoʻqlab mehmonxonaga kelishdi. Ularga xizmat qilish mening zimmamga yuklandi. Mirtemir domla sovutgichdan “Ayaston” sharobini olib, – oching, – deb kaminaga uzatdi. Mehmonlarning salobati bosib uni xoliroq vannaxonada ochmoqchi boʻldim. Poʻkak zich yopilgani uchun chalavzarimning parmasi ishkal qildi, shisha boʻgʻzidan sindi. Uni unitazning ortiga yashirib toʻrtinchi qavatdagi bufetga oshiqdim. Holatimni tushungan uddaburon bufetchi “Ayaston”ning poʻkagini abjirlik bilan ochib qoʻlimga tutqazdi. Xonaga imi-jimida kirib idishni grafinning yoniga qoʻydim. Ustoz arman sharobini bakallarga quyish uchun koʻzoynakni taqib shishaga nazar soldi va menga zimdan boqib, miyigʻida kulib qoʻydi… Iztirobdan boʻgʻriqib-boʻrtib ohista “Ayaston” yozuvining bagʻriga bufetning safsar siyohdagi tamgʻasi bosilganiga koʻzim tushdi…
TILAK JOʻRANING VALLOMATLIGI
Xalqimizda “Qoʻchqor boʻlar qoʻzining peshonasi doʻng boʻlar, ogʻa boʻlar yigitning peshonasi keng boʻlar” degan dono naql bor. 1988 yilning iyun oyida Xorazmning Bogʻot qishlogʻidagi oʻrta maktabning yuqori sinf oʻquvchisi Poʻlat Baxtiyorovdan nomimga bir daftar sheʼr keldi. Sheʼrlarni oʻqib, hayratimni yashirolmay Hamza Imomberdiyevga berdim. Keyinroq Anvar Obidjon bilan Muhammad Rahmonlar ham tanishib chiqishdi. Bu sheʼrlarning muallifi oʻninchi sinf oʻquvchisi ekanligiga ishongimiz kelmadi. Doʻstlarimizning maslahati bilan Poʻlatbekdan yana yangi mashqlaridan joʻnatishini soʻrab xat yozdim. Bu gal ukamizning oʻrniga uning otasi Baxtiyorjondan maktub oldik. Maʼlum boʻlishicha, Poʻlatbek xarbiy xizmatga joʻnab ketgan ekan. Uch oydan soʻng shoir ukamiz Xabarovskda harbiy xizmatni oʻtayotganligi aniqlandi.
Bu orada uning mashqlari “Gulxan”, “Gʻuncha” jurnallarida bosilib turdi. Hamza Imomberdiyevning tashabbusi bilan askar inimizga kitoblar joʻnatdik. Poʻlatbek harbiy xizmatni tugatgach, unga Milliy universitetimizning jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirishni maslahat berdik. 1993 yilning yoz oylarida nashriyotga dilbar inson, talantli shoir va olim Tilak Joʻra kirib keldi. Quvonchining chegarasi yoʻq. Bogʻotlik inimizdan Tilakvoy imtihon olgan ekan, uning bilimi barcha fanlardan aʼloga baholanibdi. Tilak Joʻra shogirdimizning yutugʻidan quvonib, bizni oʻz hisobidan mehmon qilgani kelibdi. Mana sizga xolis ijodkorning vallomatligi. Tilakjonning oxirati obod boʻlsin. Oʻsha baxti ijodkor kichkintoylarning topqir shoiri Erpoʻlat Baxt edi.
Tursunboy ADASHBOYEV
“Yoshlik”, 2014 yil 10-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/boshdan-otgan-hangoma/