Bo‘ri bilan sichqon

Och Bo‘ri podadan bir qo‘yni sudrab
Olib qochdi uzoq xilvat o‘rmonga.
Mehmonga chorlagan emas, turgan gap,
Tilkaladi ko‘zi to‘lgancha qonga.
Terisini shilib obdon, shoshilmay,
Saronjom qilishga tushdi-ki, bay-bay,
Suyaklarini bir-bir chaynab, kemirdi,
Ko‘rinsa hamki go‘sht — ochofatga oz,
Tamom qilolmasdan, to‘yib kekirdi
Va kechki ovqatga qoldirib bir oz —
Yemishning oldida yotdi cho‘zilib,
Hazmi — taom qilib, ko‘zi suzilib.
Yonida yashovchi ushoq Sichqoncha
Qarang, ziyofatning qidin olgancha —
O‘t-o‘lan oralab biqinib kelib,
Sekin bir parcha go‘sht epini qilib —
Kavagiga qarab ko‘tarib qochdi.
Bo‘rivoy yarq etib ko‘zini ochdi,
Chidolmasdan bunday yuzsiz tolonga
Ayyuqannos soldi butun o‘rmonga:
“Voy dodu hayhot!
Bosqinchidan dod!
Ushlanglar, to‘singlar kazzob o‘g’rini,
Talab ketdi tamom boru yo‘qimni!”

Shunday hangomani ko‘rdim shaharda:
Hakamning soatini o‘g’ri uribdi.
O‘zi-ku qirt kazzob bo‘lgani qolda,
“Ushla o‘g’rini”, deb dodlab yuribdi.

Krilov I.A

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x