Borar makonimiz koʻngil boʻlsin

 Oʻlan

 

Bu dunyo savdolari yulduzlardan moʻl ekan,

Bu dunyo gʻavgʻolari oʻtib boʻlmas choʻl ekan,

Bu dunyoning yoʻllari, o, bir adoqsiz yoʻl ekan,

yoshi necha, bilmayman.

Umr esa oʻtmoqda, umr degan dovlarov,

Oʻynoqlagan toylarimov, oʻynoqlagan toylarov!

 

Tovlarning tepalari yarqiraydi, yarqiraydi,

Suluv-suluv yulduzlar chaqnaydi, yaraqlaydi,

Daryolarov, soylarov sharqiraydi, sharqiraydi,

yoshi necha, bilmayman.

Umr esa oʻtmoqda, umr degan dovlarov,

Charaqlagan oylarimov, charaqlagan oylarov!

 

Oq gʻoz uchdi, koʻk gʻoz uchdi bu koʻldan – bu koʻllarga,

Ne quvonch baxsh etdilar ne yurak, koʻngillarga,

Qor-boʻronni pesh qilmadim mendan qochgan ularga,

yoshi necha, bilmayman.

Umr esa oʻtmoqda, umr degan dovlarov,

Ovxaltamda oʻqlar bitdi, ovlarimov, ovlarov!

 

Dard degani nima oʻzi, dard degani armon erur,

Armon toʻla har bir jonda – har lahzada bir jon erur,

Odam degan bu dunyoda mezbon emas, mehmon erur,

yoshi necha, bilmayman.

Umr esa oʻtmoqda, umr degan dovlarov,

Dunyo degan joylarimov, dunyo degan joylarov!

 

Aldoqchi tuygʻular

 

Oftob nurida oʻsmas hamma giyoh ham.

Aldoqchisiz,

gʻirromsiz,

jilvagarsiz,

tovlanasiz,

qarz soʻratasiz raqibimdan,

men uzolmay dogʻdaman uni.

Dastingizdan goho

qop-qora bulutga aylanar yurak,

yomgʻir emas, qorlar yogʻar,

qonlar yogʻar… qop-qora bulut.

Alpomishdek koʻksini kerib turar qoyalar,

chiqmoqqa undaysiz tikka,

yiqilib tushaman chikka.

Aylanma boʻronlarga duch etasiz goh,

uyur-uyur boʻronlarga tashlaysiz

ermakka.

Ishonimlik kishidirman, ishontirasiz,

emakka oʻrganib qolgan serkadek

oʻrganib qolaman… ishontirasiz.

Bolta urdirasiz oʻz oyogʻiga kishining.

Sher aylanib qolar maymunga.

Ishontirasiz…

Kashfiyotlarga boshlaysiz…

qoʻllari boʻgʻzimda uning.

Ayol – serjumboq olam.

Bu olamga buncha chorlaysiz,

qonimni qizdirasiz choʻgʻ boʻlib.

Hech kimga kerak emasmanmi, men,

ertaga kerakman beshak.

Makr – hiyla… xiyonat… sotqinlik doʻstlarga…

istaysizmi?!

Yoʻq!!!

Dunyo oʻtkinchi deysiz,

kishi oʻtkinchi-ku, axir!

Yuragimda sayrar bir qushcha,

kamalakrang patlari uning,

tilchalari biram nozikki,

koʻzlari maʼnodor boqar,

uchirib haydaysiz uni…

Soʻz – tomirdagi qon.

Qorishtirmang dard bilan.

Soʻzning koʻzi bor,

tuproq sochmang unga.

Mening kindik qonim toʻkilgan nuqta,

bir ov-l-o-oq togʻ qishlogʻi, undan

emaklab-emaklab chiqdim dunyoga.

Dunyo yetiltirdi misoli boshoq.

Men aldovlar uchun chiqqan emasman.

Hey, rizqi ulugʻim!

Hey, hikmati ilohiy!

Pok tuygʻular,

shoffof tuygʻular,

oʻn toʻrt kunlik oy tuygʻular,

hay bermang,

yoʻl bermang,

aldoqchi,

gʻirrom tuygʻularga.

Men sizga yaqin yantoqman,

soʻzlayapman tikonim bilan.

Borar makonimiz koʻngil boʻlsin…

 

 Ucharlar

 

Tulporlar uyuri,

uyurlar,

uyurlar,

Chavandozlar uloqqa uyurilar.

Zoʻrlari uloqni taqimga urar,

Otlarin boshlarin chortoqqa burar,

Marraga-marraga yaqinroq turar –

ucharlar,

ucharlar,

ucharlar.

 

Kimdir uloqni azot olar toʻdadan,

Ne chavandoz til tishlab qolar toʻdadan.

…Gʻolib ot chortoqqa-chortoqqa yeladi,

Ustida chavandoz gʻolibday keladi,

Ne qilarin endi biladi, biladi –

ucharlar,

ucharlar,

ucharlar.

 

Somonlik doira marra erur, marra,

Uloqni tashla unga, gʻolibsan, ur-ra!

Marra-marra bir nafaslik qoldi-o-o,

Bir kam chavandoz yoʻlini oldi-o-o,

Uloqni marra koʻziga soldi-yo, o-o –

ucharlar,

ucharlar,

ucharlar.

 

Qoʻrdan uloqni olib chiqqan gʻolibmas,

Changlarida qoldirib chiqqan gʻolibmas.

Oʻljani poylab turgan zogʻlar gʻolibdir,

Gʻirromlik otidagi dogʻlar gʻolibdir,

Sersinov yillar emas, chogʻlar gʻolibdir –

ucharlar,

ucharlar,

ucharlar.

 

Koʻp koʻrdim bu hayotda bunday kaslarni,

Ne chavandozni poylab yiqqan pastlarni,

Toʻlqinlar yelkasiga mingan xaslarni,

Nodoʻstlarni koʻrdim-o, koʻrdim doʻstlarni,

Magʻizlarni koʻrdim-o, koʻrdim poʻstlarni –

ucharlar,

ucharlar,

ucharlar.

 

 Robot sheʼr toʻqiydi

 

Robot sheʼr toʻqiydi.

Robotlar uchun,

matematik hisob ayqashu uyqash.

Internetdan menga

boqadi mamnun,

goʻyo mangulikka iqboli tutash.

 

Oʻqidim,

oʻqidim

qalbim temirga

aylanib ketdimi… tuygʻusiz, behis?

Tushunmayman oʻzim,

oʻzim koʻnglimga,

tushunmaganligim, rost edi, afsus!

 

Nega, afsus, deyman,

tushunar aql,

tushunar qoʻllarim, tushunar koʻzlar.

Shakl koʻrmoqdaman

misoli taqa

(Ot oyogʻin saqlar bu taqa soʻzlar).

 

Shakl koʻrmoqdaman:

ming turlik bino,

o, bu binolarda yashamoq mumkin.

Faqat men togʻlikka

etishmas havo,

havosiz binolar… olaver tekin.

 

Qalbda shubha,

gumon:

shoirmanmi, men,

yoki sheʼr toʻquvchi – koʻzi ilingan?

Yo bitta sahroyi

choʻliqdirman, men,

itin erkalab,

suruvin unutgan?

 

Yoʻq! Men chechak iforin

hidlaganim bor,

men unda tuyganman koʻklam hidini.

Robot sheʼrlarida

sogʻindim bedor

turnalar tizimin koʻhna haddini.

 

Taraqqiyot, asli,

sendan qoʻrqaman,

Taraqqiyot, asli,

qoʻrqmayman sendan.

Robot sheʼr toʻqir…

goʻyo uqaman,

biroq,

qalbim qochib boradi mendan…

 

Azim SUYUN

 

“Sharq yulduzi”, 2012–1

https://saviya.uz/ijod/nazm/borar-makonimiz-kongil-bolsin/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x