Boqqil bu diyorning…

Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid sheʼriyati chorak asrga yaqinki, oʻquvchilari eʼtiborini oʻziga tortib keladi. Ijodkorning oʻzi taʼkidlaganidek, uning shoirligi “yozilmish manglayimga bir zamonlar”dir.

Aytish joizki, shoir lirikasi turli davrlarni oʻz ichiga qamrab oladi. Biroq uning sheʼriyatida shunday bir “soʻz yoʻli” , “ijod mavzusi” borki, uni alohida kuylamoq shoir uchun iftixordir.

 

Soʻqmogʻingda men bir epkin yo bir nasimman,

Yaproq sening, xas boʻlsam gar sening xasingman.

 

Ha, S.Sayyidning “ijod mavzusi”yu, alohida soʻz yoʻli bu – Ona yurtga muhabbat, sevgi va sadoqat yoʻlidir.

Albatta hech bir shoir yoʻqki, oʻz Vatani haqida sheʼr yozmagan, xalqiga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbatini toʻlqinlanib tarannum etmagan boʻlsa. Sirojiddin Sayyid sheʼriyatining oʻziga xos fazilatlaridan biri shuki, koʻngil kechinmalarida ona yurt timsoli tasvirini teran mazmun, badiiy yetuk goʻzal oʻxshatishlar birlashmasida tarannum etilishidir. Shoir lirikasida ona yurtdan faxrlanish, Vatan ravnaqi haqida oʻylarga berilish, maʼnaviy soflik, olijanoblik, ezgulik haqida mushohada yuritish kabi xususiyatlar boʻrtib koʻrinadi. S.Sayyid ham boshqa shoirlar singari oʻz ijodida Vatan goʻzalligi, iqboli, shuningdek, uning mashaqqatli tarixi va taqdirini poetik gavdalantirishga erishadi.Vatan dardlarini kuylash, shu tuproqda yashayotgan fidoyi farzand kabi uning dardlariga malham boʻlishga tayyor turish shoir sheʼrlarining asosiy gʻoyalaridan biridir.

Eʼtiborlisi shuki, S.Sayyid Vatan manzarasini jimjimador soʻzlarsiz, hayqirigʻu daʼvatlarsiz sodda va samimiy tarzda aks ettiradi. Albatta, moziyga nazar tashlasak, Vatan “qirlaridagi bir xas yo tikan, shu ham kimlargadir zoʻr armon ekan” ligiga guvoh boʻlamiz. Shoir oʻz yurtining ulugʻvorligidan, “ Har xasida yuz ming bogʻning qissasi, Chinorlari osmonlarning hassasi” ligidan faxrga toʻladi.

 

Men Vatanni na kitob, na

Jaridadan oʻrganganman,

Momolarning yuzidagi

Xaritadan oʻrganganman.

Bobolarning tayogʻi-yu,

Chorigʻini koʻrgandayman,

Men Vatanni soʻrilardan,

Soʻqmoqlardan oʻrganganman.

 

Keltirilgan misralarda sunʼiy boʻyoqdorlikning yoʻqligi, xalqchil, sodda va teran mazmunga egaligi bilan ham shoir sheʼriyati taʼsirchan. Mazkur satrlar tilining ravonligi bilan ham yodda qoladi. Sirojiddin Sayyid sheʼrlaridan yana birida Vatan timsolining chizilganiga eʼtibor bering: “ Dil porasi, koʻz qorasi sen oʻzingdirsan, Mening koʻnglim sen aslida, sen koʻ­zimdirsan. Tomirimda tomir yoygan ilk soʻzimdirsan, Ilk ogʻrigʻim, ilk yomgʻirim, naysonim, Vatan”.

Shoir “ Vatan abadiy ” sheʼrida koʻnglida in qurgan savollardan birini oshkor etadi: “ Kim axir bu dahri dundan oʻtmagay? Kim axir bir kuni aso tutmagay”. Eʼtiborlisi, Sirojiddin Sayyid Vatanning abadiy ekanligini mana shu ritorik qatorlarda qatʼiy ifodalab beradi. Shunday boʻlsa-da, shoir dilidagi bu haqiqat yurak qaridan otilib chiqadi:

 

Tandan jon ketar,  lek Vatan ketmagay,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

 

Darhaqiqat, yuqoridagi kabi satrlarda ifodalangan original oʻxshatishlar hayotiy asosga egaligi va hissiy qudrati tengsizligi bilan sheʼrxonni oʻziga rom etadi.

Albatta, har qanday shoir oʻz yurtining goʻzalligi, uning soʻlim goʻshalari bisyorligidan faxrlanib, ichki kechinmalarini ifoda etadi. Darhaqiqat bu dunyoda guluchamanlar, koʻzni quvontirar makonlar koʻp. Bu haqda shoir: “olamga boq – qancha bogʻ, Qancha gulu chamandir. Bir tomoni Chin-Mochin, bir tomoni Yamandir”, – deya eʼtirof etib, ammo bular orasida Ona yurt yagonaligini “Bir jism-joni tandir, Vatan bitta Vatandir” ekanligini, zero, Vatandan boshqa har qanday makon “Qayon borsang – onangday, Yoʻllaringda zor boʻlmas” deya xitob qiladi.

Dono xalqimizda “Ona yurting omon boʻlsa, rangi-roʻying somon boʻlmas”, degan ajib naql bor. Bu haqda shoirning:

 

Baland-baland togʻlarda

Bekorlarga qor boʻlmas.

Chirqiragan polapon

Bejiz bir kun sor boʻlmas.

Boʻtalari izidan

Kelmasa gar nor boʻlmas,

Yurting – sening yuzingdir,

Yurtning oʻzi bor boʻlmas.

 

Kabi oʻtli satrlaridagi “Yurting – sening yuzingdir” misrasi xalq hikmatlarini toʻldiribgina qolmay, sheʼrxonda yurt toʻgʻrisida chuqur mulohaza yuritish hissini uygʻotadi. Negaki, shu Vatan, shu yurt “Oʻzingniki shu gulshan, Yo koyinsang, yo suysang”.

Inson tugʻilibdiki, ato etilmish koʻp neʼmatlarning maʼnisini anglashga harakat qiladi. Inson Vatan tanlamaydi, deyishadi. Vatanni qanday anglash mumkin?! Balki nafas olayotgan, koʻz oʻngimizda oʻtayotgan umrimiz lahzalaridan, balki… “ Elning har oni, davru davronlari Vatandir ”.

Sirojiddin Sayyid aytadi:

 

Shabnam-shabnam tonglarda

                               Jayronlarga aylangan,

Onang suvlar sepganda

                                Rayhonlarga aylangan,

Bir kechada sogʻinching osmonlarga aylangan,

Sogʻinchlaringday zangor

                                Osmonlari Vatandir.

 

Shoir sheʼriyatida Vatan mavzusi keng yoritilganki, bu bilan Vatanga muhabbat, cheksiz hurmat tuygʻusi alohida oʻrin tutadi.

Sirojiddin Sayyid sheʼriyatini mutolaa qilish kishi ruhiyatini poklaydi, tuygʻularini baland qiladi, asosiysi, maʼnaviy jihatdan yuksalishiga, hayotning mazmun-mohiyatini anglab yetishiga sabab boʻladi.      

 

Zokir Pardayev,

Milliy universitet aspiranti 

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 10-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/boqqil-bu-diyorning/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x