BOLIVIYA

BOLIVIYA (Bolivia), Boliviya Respublikasi (Republica de Bolivia) Jan. Amerikaning markaziy qismida joylashgan davlat. Mayd. 1098581 km2. Aholisi 7,5 mln. kishi (1996). Rasmiy poytaxti — Sukre, hukumati joylashgan amaldagi poytaxti — LaPas. Maʼmuriy jihatdan 9 departamentga, departamentlar 98 viloyatga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Boliviya — unitar respublika. 1967-y. 2 fev. da qabul qilingan konstitutsiyaga koʻra davlat boshligi — prezident. U 5 y. muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyati — Milliy kongress boʻlib, u ikki palata: senat va deputatlar palatasidan iborat. Deputatlar va senatorlar umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 4 y. muddatda saylanadi. Ijroiya hokimiyatini prezident va hukumat amalga oshiradi. Hukumatni prezident tayinlaydi va unga boshchilik qiladi.

Tabiati. Boliviyaning gʻarbini And togʻlari va baland togʻli Puna platosi egallaydi. Punaning shim. gʻarbida lava platolari, jan. sharqida bal. 3800 m gacha boʻlgan togʻ havzalari bor; qoldiq koʻllar (Poopo) va shoʻrxoklar uchraydi. Titikaka koʻlining bir qismi ham Boliviya hududida. Shim. sharkidagi tekisliklar Amazonka pasttekisligiga tomon astasekin pasaya boradi va bu yerda Beni va Mamore daryolari tizimiga kiradigan soyjilgʻalar oqib yotadi. Boliviyada qalay, volfram, molibden, surma, mis, rux, qoʻrgʻoshin va kumush konlari bor.

Boliviya gʻarbida yiliga 150 mm gacha, sharqida 500—600 mm, And togʻlari yon bagʻrida 2000 mm gacha yogʻin yogʻadi. Punada iyulning oʻrtacha t-rasi 3—7°, yanv. niki 9—11°. Sharqiy tekisliklarda (shim. da) 4—5 oydan (jan. da) 9 oygacha qurgʻokchilik boʻladi. Iyulning oʻrtacha t-rasi 17—22°, yanv. niki 24—28°. Iiliga shim. da 1300— 1600 mm, jan. da 800 mm gacha yogʻin tushadi. Boliviyada tezoqar, kichik togʻ daryolari xam bor. Mamlakat shim. dagi daryolar tropik yomgʻirlar davrida toshadi va 120 ming km2 gacha mayd. ni suv bosadi. Boliviya gʻarbida chala choʻl oʻsimliklari, sharqida baland togʻ tropik dasht oʻsimliklari oʻsadi. And togʻlarining sharqiy yon bagʻrida tropik oʻrmonlar, sharqiy tekisliklarda asosan savanna oʻsimliklari oʻsadi; shim. da gileya, jan. da siyrak tropik oʻrmonlar ham uchraydi. Hayvonlardan maymun, zirhaor, tapir, kemiruvchilar, qushlar, sudraluvchilar, hasharotlar va b. bor. Milliy bogʻlari: IsiboroSekurs, Uanchaka, PilonLaxas va b.

Aholisi. Boliviya aholisining 2/3 qismi kechua va aymara nomli indeys xalqlari; qolganlari ispan tilida gaplashadigan boliviyaliklar, aksari duragaylar, kisman ispanlardan tarqalgan kreollardir. Boliviyaning sharqidagi tropik oʻrmonlarda turli qabilalarga mansub indeyslar yashaydi. Rasmiy tillari — ispan, kechua va aymara tillari. Aholisining yarmisi kechua, aymara, guarani tillarida gaplashadi. Shahar aholisi 58%. Dindorlar — asosan katoliklar. Eng yirik shaharlari: LaPas, Kochabamba, SantaKrus, Oruro, Sukre.

Tarixi. Boliviya hududida qadimdan ibtidoiy jamoa tuzumi bosqichidagi indeys qabilalari yashab kelgan. 14a. boshlarida Boliviya hududi Ink davlati tarkibiga kirgan. 1532—38 y. larga kelib, ispanlar zabt etdi va mahalliy xalqdan bir necha oʻn ming kishi qirib tashlandi. Boliviya 300-y. mobaynida Ispaniya imperiyasi tarkibida boʻlib (1542-y. dan Boliviya hududi Peru, 1776-y. dan LaPlata vitseqirolligi tarkibiga kirgan), Yuqori Peru deb atalgan. 1809—25 y. lar mobaynida ispanlar istibdodiga qarshi milliy ozodlik urushlari boʻlib turdi. 1824-y. 9 dek. da Simon Bolivarning safdoshi general Sukre ispan qoʻshinlarini tormor keltirdi. 1825-y. 8 avg. da Yuqori Peru mustaqil deb eʼlon qilindi va Bolivar sharafiga Boliviya deb ataddi. Bolivar mamlakat prezidenta qilib saylandi, lekin u mamlakatni idora qilishni Sukrega topshirdi. 1836—39 y. larda B. Peru b-n yagona konfederatsiya tashkil etdi. 1879—83 ylarda Boliviya bilan Peruning Chiliga karshi, 1932—35 y. larda Paragvayga qarshi urushida Boliviya oʻzining qalay va selitraga boy dastlabki hududining 2/3 qismini yoʻqotdi. 1-jahon urushida Boliviya betaraflik siyosatini tutgan boʻlsada, mamlakat iqtisodiy resurslari Antanta davlatlari manfaatiga xizmat qildi. 1943-y. apr. da B. Germaniya, Italiya va Yaponiyaga urush eʼlon qildi, ammo urush harakatlarida qatnashgani yoʻq. 1952-y. da Boliviyada harbiy diktatura rejimiga qarshi qoʻzgʻolonda «Milliy inqilobiy harakat» partiyasi armiyani tormor keltirdi. Qalay sanoati davlat ixtiyoriga olindi va agrar islohotlar oʻtkazila boshladi. 1964-y. 4 noyab. da Boliviya reaksionerlari mamlakatda harbiyfashistik diktatura oʻrnatdi. Agrar islohotlar toʻxtatildi, korxonalar amerikaliklarga qaytarib berila boshladi. 1967-y. da mamlakatning koʻpgina joylarida partizanlar harakati boshlandi. Yirik kasaba uyushmasi — B. ishchilar markazi demokratik tuzumni qayta tiklash, mehnatkashlarning turmushini yaxshilash va q. x. da islohotlar oʻtkazish uchun kurashdi. 1970-y. 4 okt. da vatanparvar kuchlar rahbari general Xuan Xose Torres prezidentlik lavozimini egallab, mustaqil tashqi siyosat yurita boshladi. Biroq 1974-y. da hokimiyatni qoʻlga olgan harbiy hukumat demokratik kuchlarni taʼqib qilish yoʻlini tutdi. 80-y. larda mamlakatning ichki siyosiy ahvoli beqaror boʻlib turdi. 1985-y. gi saylovdan keyin Boliviya prezidentlik boshqaruviga oʻtdi. 1997-y. 2 avg. da B. Milliy kongressi tomonidan saylangan prezident Ugo Banser Suares hukumati mamlakatni mustaqil idora qila boshladi. 1945-y. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 6 avg. — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1825).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Fuqarolar «Birdamlik» ittifoqi, partiya, 1989-y. da tashkil etilgan; Soʻl millatparvar inqilobiy partiya, 1964-y. da tuzilgan; Soʻl millatparvar inqilobiy harakat, 1979-y. da rasmiylashgan; B. Kommunistik partiyasi, 1950-y. da tuzilgan; Soʻl inqilobiy harakat, 1971-y. da asos solingan; Millatparvar demokratik harakat, 1979-y. da tuzilgan; Millatparvar inqilobiy harakat, 1942-y. da asos solingan; Sotsialistik partiya1, 1971-y. da asos solingan; Tupak Katari nomidagi ozodlik uchun inqilobiy harakat, 1978-y. tashkil etilgan; Xristiandemokratik partiya, 1954-y. asos solingan. Boliviya ishchilar markazi kasaba uyushmasi, 1952-y. da tuzilgan.

Xoʻjaligi. Boliviya iqtisodiyotining asosini konchilik sanoati tashkil etadi. Q. x. zaif rivojlangan va mamlakatni oziq-ovqat bilan taʼminlay olmaydi.

Sanoati. Boliviya qalay qazib olish va eksport qilishda dunyoda oldingi oʻrinlardan birida turadi. Surma, volfram, mis, rux, qoʻrgʻoshin va vismut rudalari, oltin, kʻumush, oltingugurt ham qazib chiqariladi (asosiy konchilik markazlari — Oruro, Potosi, Tupisa, Korokoro va b.). Asosiy neft konlari Chukisoka, Tarixa departamentlarida joylashgan. Elektr energetika, rangli metallurgiya, neft kimyosi, toʻqimachilik (ip va jun gazlama), oziqovqat korxonalari bor. Hunarmandchilik rivojlangan. 1,9 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi (asosan GESlarda).

Qishloq xoʻjaligi ningasosiy tarmogʻi — dehqonchilik. Asosiy oziq-ovqat ekinlari — kartoshka va makkajoʻxori. Bundan tashqari sholi, bugʻdoy, paxta, shakarqamish, kofe, banan, kakao va b. ham yetishtiriladi. Qoʻy, qoramol, lama, choʻchqa boqiladi. Oʻrmonlarda geveya sharbati, xin daraxtining poʻstlogʻi va koka barglari yigʻib olinadi.

Transporti. T. ylarninguz. — 3,9 ming km, avtomobil yoʻllari — 38,9 ming km (1996). Titikaka koʻlida kemalar qatnaydi. Daryo yoʻllari — salkam 20 ming km. Neft quvurlari koʻp. Togʻli hududlarda otulovning ahamiyati katta. Mamlakatning 30 shaharida aeroport bor. Asosiy aeroporti — LaPas.

Tashqi savdo uchun B. Molyendo (Peru) va Antofagasta (Chili) portlaridan foydalanadi. Chetga asosan konchilikruda sanoati mahsulotlari, neft, tabiiy gaz, paxta, kofe chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat mahsulotlari, mashinalar, asbobuskunalar, binokorlik materiallari, xom ashyo va chala tayyor mahsulotlar oladi. Savdo sohasidagi asosiy mijozlari: AQSH, Braziliya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Argentina, Germaniya, Chili, Peru. Pul birligi — boliviano.

Tibbiy xizmati. Boliviyada davlatning baʼzi kasalxona, ambulatoriya va tibbiy yordam postlaridan tashqari barcha tibbiy muassasalarda tibbiy yordam pulli. Vrachlarni uchta untning tibbiyot f-tlari tayyorlaydi.

Maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari. Boliviyada 15 dan yuSori yoshdagi aholining 50% savodsiz. Mamlakatda 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalarning umumiy majburiy taʼlimi haqida qonun qabul qilingan. Yoshlar umumiy oʻrta, hunartexnika va ped. maktablarida, oliy oʻquv yurtlarida taʼlim oladilar. Yirik oliy oʻquv yurtlari: LaPas, Kochabamba, Potosi, Sukre untlari. Ilmiy markazlari: Milliy FA, Tarix akademiyasi, Boliviya akademiyasi. Kutubxonalari: untlarning kutubxonalari, Madaniyat departamentining kutubxonasi, LaPasdagi Munitsipal kutubxona. Muzeylari: LaPasdagi T«iaunako» milliy muzeyi, Potosidagi zarbxona milliy muzeyi.

Matbuoti, radioeshittirishi, telekoʻrsatuvi. Yirik ommaviy kundalik gaz. lari: «Diario» («Gazeta», 1904-y. dan), «Deber» («Burch», 1953-y. dan), «Oy («Bugun», 1968-y. dan), «Ultima ora» («Soʻnggi soat», 1929-y. dan), «Rason» («Idrok», 1990-y. dan). Axensia de Notisias Fides—ANF axborot agentligi 1979-y. da tashkil etilgan. Bosh aloqa boshqarmasi — hukumat radioeshittirish xizmati mavjud. Mamlakatda 158 radiost-ya boʻlib, ularning koʻpchiligi tijorat asosida ishlaydi. Telekoʻrsatuv 1969-y. dan olib boriladi, uning bir kanalini hukumat nazorat qiladi.

Adabiyoti asosan ispan tilida. Boliviyada qad. indeys madaniyati namunalaridan «Olyantay» nomli boliviyaperu dramasi saqlangan. Mustamlaka davri (16—18a. lar) adabiyotida F. Guaman Pom, A. de Kalanchaning tarixiy xronikalari diqqatga sazovor. 18-a. oxiridan boshlab mustaqillik uchun kurash davrida vatanparvarlik publiiistikasi va sheʼriyati yaratildi. 19-a. B. adabiyotida romantizm hukmronlik qildi. Uning yirik namoyandalari: R. X. Bustamante, N. Galindo, M. X. Muxia, B. Lens va b. Bu davrda romantizm bilan bogʻliq holda indeyslar hayotiga qiziqish kuchaydi. N. Agirrening «Xuan de la Rosa», L. Ansoategi de Kamperoning «Ualparrimachlar», A. Argedasning «Bronza rangli irq» romanlari shu mavzuga bagʻishlandi. «Olov oqim» (1935, O. Serruto), «Iblis metall» (1946, A. Sespedes), «Ajal shaxtalari» (1962, F. Ramires Velarde) romanlarida konchilarning ogʻir hayoti, inqilobiy kayfiyatlari tasvirlandi. Boliviyaning yirik yozuvchilaridan M. Mendosa Lopes, X. Felman Velarde asarlarida, mashhur yozuvchi X. Laraning «Surumi» (1945), «Yanakuna» (1952), «Qonimiz» (1959) romanlarida ijtimoiy tenglik uchun kurash masalalari oʻz ifodasini topdi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. 5 — 8-a. larda Boliviya togʻli joylari meʼmorligida tiauanako madaniyati gullab yashnadi (katta yaxlit toshlardan yasalgan inshootlar, afsonalardagi qahramonlarni aks ettiruvchi tosh haykallar va b.). 16—18-a. larda Boliviyada Potosi, Sukre, LaPas, Kochabamba, Oruro kabi shaharlar qurildi. Bu shaharlarda mahalliy aholi ustalari ishtirokida ibodatxonalar, saroylar va b. binolar barpo etildi. Ularda indeyslarning qad. sanʼat va meʼmorligi bezaklaridan foydalanilgan. 19—20-a. larda Boliviyada sanoat va jamoat binolari qurila boshladi. Bu binolar Yevropa va Amerika meʼmorligi uslubida, turar joy binolari qad. Boliviya meʼmorligi uslubida kurilgan. 19-a. oxiri va 20-a. boshlarida rassomlardan A. Nogales, X. Garsia Mesa, S. Iturralde ijod qildilar. 20a. boshlarida Boliviya sanʼatida modernizm oqimi keng tarqaldi. 20-y. larga kelib, millim rassomlik maktabi tarkib topdi. Keyingi yillarda rassomlardan S. Gusman de Roxas, B. Berdesio, V. S. Romero, M. Exido, haykaltarosh M. Nunyes del Prado oʻz asarlarida xalq tarixi va hayotini, zamondoshlar obrazini, tabiat goʻzalligini aks ettirdilar. 20-a. oʻrtalaridan Koʻp qavatli temirbeton binolar qurila boshladi, shaharlar taʼmirlandi, sanoat korxonalari qurildi.

Musiqasi. Boliviyada indeyslar musiqasi — beguala, vidala, uanka kabi lirik qoʻshiqlar, uayno, uaynito, nombo kabi cholgʻu asboblari, qamish nay, doʻmbirani eslatuvchi putunka keng tarqalgan. Ispaniyadan oʻtgan olti torli gitara boliviyaliklarning sevimli sozi hisoblanadi. 19-a. oxiri va 20-a. boshlaridagi yirik kompozitorlar E. Kabo, T. Vargas, X. Maydanadir. LaPasda milliy konservatoriya va milliy simfonik orkestr bor.

Teatri. 16—17-a. larda missionerlar Potosidagi bayram va sayillarda teatrlashtirilgan tomoshalarni tashkil etishgan. 1617—19 y. larda LaPasda ikkita teatr ochildi. Bayram kunlaridagi karnavallar milliy madaniyatning oʻziga xos xususiyati boʻlib qolgan. Ashula va raqslar orasida diablados deb atalgan va yaxshilik bilan yomonlikning kurashi tasvirlanadigan tomoshalar koʻrsatilgan. Professional teatr sanʼati suyet rivojlangan. Sukre sh. dagi yozgi teatr ahyonahyonda ishlaydi, unda yarim professional truppalar qatnashadi. Mahalliy dramaturglardan R. Muxia, X. Berrios, M. Flores, A. Saavedra Peres va b. larning pyesalari sahnalashtirilgan. LaPasda Sahna sanʼati va deklamatsiya akademiyasi bor. 1949-y. Teatr va radio arboblari jamiyati tashkil etilgan.

Kinosi. 1943-y. da tashkil etilgan Boliviya kino in-ti asosan xujjatli filmlar tayyorlaydi; yiliga bir nechagina badiiy film chiqaradi. Mashhur filmlari: «Ukamau», «Kondor qoni» (rej. X. Sanximes).

1996-y. da OʻzR bilan Boliviya oʻrtasida savdoiqtisodiy munosabatlardagi tovar aylanmasi 4,84 mln. AQSH dollarini tashkil qildi, mamlakatimizga rux rudalari va konsentratlari keltirildi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x