Bolani uxlatish sirlari.😴🤱🏻
Bolani uxlatish juda oson ish emas. Bola qanchalik charchagan bo’lmasin, uxlatishga ko’pincha qarshilik ko’rsatadi. U o’yin va boshqa uning uchun qiziqarli bo’lgan faoliyatlarga, qolaversa, ota-onasiga to’yib olishni xohlayveradi.
Ota-ona bolani uxlatishda asosan 5⃣ xatoga duch kelar ekan. Aynan shu xatolar bolani uxlatishda qiyinchiliklar tug’dirib beradi.
1⃣ Bolani juda kech uxlatish.
Ba’zi ota-onalarning bolani o’z vaqtida uxlatishga vaqti bo’lmaydi, ba’zida maktab yoshidagi bolalarning dars va to’garaklar tufayli o’ynashga vaqti qolmay kechqurun o’ynavalib tunga yaqin yotishga odatlanadi. Yana bir turdagi ota-onalar bola ko’proq charchasa yaxshi uxlaydi deb, bolani juda kech uxlatishni afzal ko’radilar.
Natijada bola uyquga to’ymaydi, uyquga to’ymaslik esa bolaning sog’lom o’sib rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Ikkinchi tomondan, uxlatish tufayli bola bilan urush va janjallar ikki tomonni ham charchatib yuboradi.
Yechim: bolani har kuni bir vaqtda, ertaroq uxlatishni odat qilib oling. Erta uxlagan bola, erta uyg’onib kun mobaynida tetik bo’ladi va asabiylashmaydi. Har kuni bir vaqtda yotishga o’rgangan bola organizmi ham borib-borib aynan shu vaqtda uyquga ketishga odatlanadi.
2⃣ Uxlash uchun qo’shimcha vositalardan foydalanish.
Bolaga multfilm qo’yib berib uxlatish ko’pchilik xush ko’radigan holat bo’lsa kerak. Bola multfilm ko’rib yotguncha ota-ona kundalik ishlarini qilib olishlari mumkin. Hozirgi kunda televizordan tashqari mobil telefonlar, radio, har xil o’yinchoqlar ham uxlatish vositasini bajarib kelmoqda.
Bunday uxlashga o’rganib qolgan bola, katta bo’lganda hayotida biron stress yuz berganda uyqusizlikka duch kelishi va uxlash uchun biron sun’iy vositaga zor bo’lishi ehtimoli bor.
Yechim:Bola uxlayotganda tinch joyda, atrofida uni chalg’ituvchi biron visitasiz, hech qanday elektron buyumsiz qorong’ulikda, uxlashga o’rganishi kerak. Bola uchun tim qorong’ulik emas, bolalar uchun maxsus tun yoritkichlari yoqilgan holdagi qorong’ulik tavsiya etiladi.
3⃣Uxlash marosimini tashkil qilmaslik.
O’yin-kulgi, chopish yoki multfilm ko’rishdan so’ng bola birdaniga ko’zini yumib uxlab qolishi qiyin. Uni uyqiga asta sekin tayyorlash kerak. Chopib turgan joyidan uni olib karavatga yotqazib uxla deyishdan hech qanday natija chiqmaydi. Bola asabiylashadi xolos. Hatto kattalarga ham uxlash marosimi talab etiladi.
Yechim:Har kuni bir xil uxlash marosimini tashkillashtirish lozim. Tun kiyimini kiyish, tish yuvish, tungi ertak eshitish yoki bo’lmasa ota-onaga hayrli tun tilash kabi marosimlar bolani asablarini tinchlantirib, uning organizmi uyquga tayyorlanishiga yordam beradi. Bu marosimlar bola aktiv kun faoliyatidan asta sekin chiqib, uyquga ketishiga yordam beradi.
4⃣Charchatish.
Bir ota-ona bolasi uxlab qolishi uchun mashinga o’tkazib aylantirar ekan. Bola mashinda chayqalaverib uxlab qolar ekan. Yana bir misol, ota-ona bolasi uxlashi uchun uyqudan oldin uni charchash uchun jismonan aktivlashtirar ekan. Choptiradi, sakratadi va hokazo. Natijada esa bola nafaqat uxlashni istamaydi, balki organizmida aktivlik uchun javobgar gormonlar ko’payishi natijasida uxlay ham olmaydi.
Yechim:Faoliyat bolani uxlatmaydi. Uyqudan oldin har qanday jismoniy aktivlikni kamaytirish zarur. Tinchlantiruvchi o’yinlar, suhbat yoki kitob o’qish uxlash vaqti kelishidan oldin eng qulay faoliyat.
5⃣Bir joyda uxlamaslik.
Kattalarning ko’pchiligi o’zini karavatidan boshqa joyda uxlasa yaxshi uxlay olmaydi. Bolalar ham shunday ekanligini unutmaslik kerak. Bir kun opasini xonasida, bir kun ko’rpachada, ertasi kuni divanda uxlab qolgan bola uyquga ketishda doim qiynaladi.
Yechim:Bola uchun uning shaxsiy uxlash joyi bo’lishi kerak. Bu joyda u faqat uxlashi lozim. Shunda bu joy unda uyqu refleksini uyg’ota oladi. Toza, shinam, bolani chalg’itmaydigan uxlash joyida har kuni uxlagan bola, joyiga kirganda uyquga ketishga odatlanib qoladi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые