Bolaligimni qoʻmsayveraman, qoʻmsayveraman… Ichikib-ichikib sogʻinaman…
Vaholanki, u zamonlarda hayot yengil boʻlmagan. Uylar polsiz, qishda pechka topilsa, koʻmir topilmaydi. Oʻtin yoqsang, bir lovullab isitadi-yu, yana tafti soʻnadi. Sandalning ahvoli ham shu. Qor yoki yomgʻir yogʻsa, tomdan chakki oʻtgani-oʻtgan, suv tomchilayotgan joylarga terib qoʻyilgan turli idishlardan taralgan “chak-chuk”, “tiring-tiring”larga koʻrinmas ajinalar oʻyin tushayotgandek.
Iloji boricha kunduzi dars tayyorlashga urinardim. Qorongʻiga qolsang, kerosin isi anqib turadigan lampa-chiroq koʻzlaringni toliqtirgandan toliqtirib tashlaydi. Endigina paydo boʻlgan elektr chiroqlari oyida uch-toʻrt yiltillagan boʻladi, shundayam shamdan xira. Bu yetmagandek, umumiy qilib solingan koʻrpada qatorlashib yotgan opa-ukalaring: “Chiroqni oʻchir, uxla”, deb tixirlik qila boshlashadi.
Ikkinchi jahon urushi uqubatlaridan endigina qutulgan xonadonlarning koʻpchiligi ancha qashshoq edi. Mahallada yoppasiga tuproqtom uylar, koʻpining hatto ayvoni ham yoʻq. Falonchi tomiga shifer yopganmish deyishsa, odamlar ataylab koʻrgani borishardi. Koʻchalardan dam ikkala gʻildiragi devor boʻyi keladigan qoʻqonarava, dam oʻrislar “brichka” deb ataydigan toʻrt gʻildirakli koʻtakarava oʻtib qoladi. Keyinroq qoʻsh otli “haptakach”lar koʻpaya bordi. Bir sakrab, keng yukshotining chetiga osilib olsang, ana mazza, mana mazza. Kolxozimizdagi ikkita “polatoʻrka” yuk mashinasidan biri yoki xususiy mototsikllar haftada bir-ikki bor koʻzga chalinib turardi, qiy-chuv koʻtarib, ortidan chopqillashga tushardik. Yengil mashina uchrab qolsa-ku, bayram boʻlib ketardi. Lekin qandaydir “sirli kattalar”ni olib yuradigan bu mashinalarga osilish tugul, yugurib quvlashga ham haddimiz sigʻmasdi.
Oilamiz oʻziga toʻqqina edi. Ammo koʻpchilik qoʻshnilarnikiga kirganimda, dasturxonlarida choy-non, turshak-qoqilardan boʻlak narsa yoʻqligini koʻrib, gʻalati boʻlib ketardim. Bunday xonadonlarda yashovchi oʻrtoqlarimning bir unisini, bir bunisini uyimizga tez-tez boshlab kirardim, birga ovqatlanardim, dasturxonga qand ham qoʻyishlarini talab qilib turib olardim. Sen qandni har kuni yeysanmi, deya havas bilan soʻrab qoʻyardi bolalar. Xohlasam, kuniga oʻn marta yeyishim mumkin boʻlsa-da, negadir yolgʻon gapirib, onda-sonda berishadi xolos, deb gʻariblanar edim. Oq qandni-ku mendan ayashmas edi, biroq guldor qogʻozchalarga oʻralgan popukli qandlarni qutichada qulflab saqlashar, goh qulfbuzarlik qilishga majbur boʻlib, boshimga balo orttirardim. Mehmonlar kelganda, oldilariga tovoqchalardagi shirinliklarni terib tashlashsa, katta boʻlib mehmonga borsam, nahotki mening oldimga ham popukli qandlarni tovoqchasi bilan ishonib qoʻyib qoʻyishsa, deb oʻylardim. Bilaman, yeging kelib turibdi, oliftalanmasdan lunjingga tiqavermaysanmi, degan xayolda mehmonga xitlanib boqardim
* * *
Qoʻshni mahalladagi machit binosi oʻrtasiga duvol urilgan tarzda ikkita sinf xonasiga moslashtirilgan boʻlib, bittasida beshinchi sinfgacha biz oʻqiganmiz. Birinchi oʻqituvchimiz Ahmadali Obidiyni “mulla aka” deb chaqirardik. U zot birortamizni turtkilash u yoqda tursin, qattiq chaqchayganini ham eslolmayman. Achchigʻini keltirsak, oʻzini qattiq hafa boʻlgandek, astoydil arazlagandek tutib, oqsoqlanganicha deraza yoniga borar, maʼyus qiyofada jim turib qolar, sochiga oq oralagan, hech kimga ozor berishni istamaydigan domlamiz bilan tezroq yarashib olishga tirishardik.
Boshlangʻichda oʻqiyotgan chogʻlarimda Zahraxon degan singlim, Homitjon degan ukam qattiq shamollashdan birin-ketin vafot etishgan. Ular qayta-qayta tushimga kiraverardi…
Chamasi, bolaligimni hadeb qoʻmsayverishimning asosiy sababi ham shu – oʻsha davrlarga qaytsam-u, Zahraxon bilan Homitjon yonimda dikonglab yurishsa, hamma ishni yigʻishtirib qoʻyib, ularni oʻynataversam, oʻynataversam. Ular vafot etadigan payt yaqinlashgach, hayotim yana yangitdan boshlanaversa.
* * *
Bobomiz Bahrom ota eshon boʻlgan ekanlar. Uyi-da maktab ochib, bolalarga dars berib ham turarkan. U kishi olamdan oʻtganlarida, Obidjon dadam oʻn yoshda, Shafoat ammam besh yoshda boʻlishgan ekan.
Sarviniso buvimizni eshon otaning ayoli sifatida hurmatlashib, koʻplar ziyoratga kelib turishar, otin oyilar tez-tez yigʻilib, kitobxonlik qilishardi. Hali maktabga bormagan bola bir chetda yonboshlab olib, devona Mashrab, Abo Muslim, bobo Ravshan kabilar haqidagi rivoyatlarni berilib tinglardim.
Dadam eskicha ilmdan xabardor boʻlsalar-da, dindorlar, ayniqsa taniqli dindorlarning farzandlari ham qattiq kuzatuv ostida boʻlgan mahallarda ulgʻaygani uchun zamonga mos turmush tarzini tanlagan edilar. Siyosatga qiziqqanlarini bilmayman. Esimni taniganimdan to ilk oʻsmirlik davrimgacha paxta qabul qilish punktida tovarshunos boʻlib ishlagan. U kishi oʻz ishining oʻta bilimdoni ekanligi, boshqa joylardagi kasbdoshlari maslahat olishga kelib turishlari toʻgʻrisida koʻp gapirishardi.
Onamiz Munis aya hozir birkam toʻqsondalar. Yoshligida dalaga yalangoyoq qatnab, kolxozning bitta noni, bir kosa yovgʻonshoʻrvasi evaziga sahardan kechgacha ishlaganini bot-bot eslab turishadi. Bizning nazarimizda ayamiz hamon kiyimimizni yuvib, oldimizga ovqat qoʻyib, bir tergab, bir erkalatib yurguvchi oʻsha-oʻsha uy bekasi.
Buvimizga uka boʻlmish Usmon togʻamiz sal duvonaxonligi bois uylanmasdan, biznikida yashab oʻtdilar. Birin-ketin koʻtarib katta qilgani uchun u kishini hammamiz juda-juda yaxshi koʻrardik. Togʻajonimiz vafot etganida oʻsmir edim, nimaga yigʻlayapsiz, deb ayamga dagʻdagʻa qilganim yodimda.
Dadam 1969 yilda harbiydan qaytishim bilanoq meni uylantirib, uch oydan soʻng olamdan oʻtdilar. U kishidan sakkiz farzand qolgan, uch opam, toʻrt ukam bor. Opalarim allaqachon dadamning yoshidan oʻtib ketishdi. Shuni bilaman, ishongim kelmaydi.
* * *
Sheʼr yozishga boshlangʻich sinflardayoq ruju qoʻyganman. Dastlabki sheʼrlarim oʻsha otin oyilardan eshitgan Mashrab gʻazallari radiflariga taqlidan bitganman. “Gʻuncha” jurnalining muxlisiga aylanganimdan soʻng bolalarga tinimsiz yozishga tushdim. Shu jurnalda ishlovchi Miraziz Aʼzam domla meni qulogʻimdan tortqilab shoir qilgan, yoʻqsa, bu havasdan oʻshandayoq koʻnglim sovib, boshqa yoqqa chalgʻib ketishim hech gap emasdi.
Oʻsmirligimda dadamning ishlari sal orqaga ketib, oilamizga yetishmovchiliklar oralab qoldi. Ayamiz yaxshigina chevar edilar, yozda kitel, qishda paxtali kamzul tikib sotib, roʻzgʻorning kamini yopib yurishdi. Menda ham tirikchilik tashvishi ertaroq boshlandi, olti-yettinchi sinflarda mahallalar aholisiga tekin xizmat koʻrsatuvchi sayyor kinochiga shogird tushdim, keyinroq kechki maktabda oʻqib, paxta zavodida traktor mindim. Maktabni bitirgach, qoʻrgʻoshin konida burgʻilovchi, qishloq kutubxonachisi boʻldim, Samarqand Moliya texnikumini tugatib, askarlikka ketdim. Uch yillik xizmatdan qaytganimdan soʻng, toʻngʻich oʻgʻil boʻlganim uchun, otasiz oilaning boshligʻiga aylandim. Kolxozda tabelchi boʻlib ish boshladim.
Shunday xilma-xil hayot, shuncha tashvishning ichida yurib, sheʼr yozishdan baribir koʻnglim sovimadi. Daftarlarim ketma-ket toʻlaverdi. Tuman gazetasiga muxbirlikka oʻtganimdan keyin hozirgi Milliy universitetning jurnalistika fakultetiga sirtdan oʻqishga kirdim-u, nihoyat oʻzim koʻpdan orzulab yurgan yoʻlning boshiga chiqib oldim. Bolalarga atalgan “Ona Yer” nomli birinchi kitobim baxtimga endi “Yosh gvardiya” nashriyotida ishlayotgan Miraziz Aʼzam domlaning sahovati bilan 1974 yilda bosilib chiqdi.
Tuman gazetasida olti yilcha ishlab, biron-bir gazeta-jurnal yoki nashriyotga oʻrnashib olish umidida boshkentga keldim, loaqal oldin musahhihlikka ham loyiq koʻrishmagach, Toshkent yogʻ-moy kombinatiga bogʻbon boʻlib joylashdim. Toshkentga quruq hoyu havasga ergashib emas, puxta hozirlik bilan kelish lozimligini anglab, yana qishloqqa qaytdim. Fargʻona radiosidan ish berishdi. 1980 yilda “Yosh gvardiya”da “Bahromning hikoyalari” degan ikkinchi kitobim bosilgach, shu yerda bosh muharrir boʻlib ishlovchi ustoz Erkin Vohidov huzuriga chaqirib, kitobingizni oʻqib xursand boʻldim, bizga ishga kelmaysizmi, deb qoldilar. Yoshim oʻttiz toʻrtda ekanligi, beshta farzandim borligiga qaramay, 1981 yilning yozida nashriyotga kelib ish boshladim. Nasib ekan, keyinchalik “Yosh kuch”, “Mushtum” jurnallarida, Choʻlpon nomidagi nashriyot, Oʻzteleradiokompaniya tarmogʻida ham ishladim.
Hozirgacha oʻttizga yaqin kitobim chop etildi, bir necha pyesalarim sahnalashtirildi, ayrim asarlarim asosida bolalar uchun kinolar yaratildi…
Hayotimning bu yoqdagi qismi haqida koʻp gaplar aytilgan, yozilgan, choʻzgʻilashning hojati yoʻq deb oʻylayman. Eng muhimi, yurtimning erkini koʻrdim, eng katta armondan xalos boʻldim.
Boshimdan nimalar kechgan boʻlmasin, baribir yaxshi yashadim. Nimaiki koʻrsatgan boʻlsa, Yaratgandan ming marta roziman. Imkon qadar sabrli boʻlishga, boriga shukrona aytishga urinib keldim. Toʻgʻrisi ham shu ekan.
Hayot davom etayapti. Feʼlim esa, oʻsha-oʻsha – bolaligimni qoʻmsab-qoʻmsab turaman. Bu menga ichki kuch ato etaveradi.
Anvar OBIDJON
“Yoshlik”, 2010 yil, 11-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/bolalikdan-ayrilish-qiyin/