Bolalik hidi

Yetar.

Yelkani qiygan

Arqon sizdanam ortsin.

Bu toʻrni endi, togʻa,

Baliq yeganlar tortsin!

XX asr. Kamina

 

XX asr adoqlari.

Yurtimizda ozodlik epkinlari esa boshlagan paytlar. Oʻsha paytlardayoq elning otashin shoiriga aylanib “ulgurgan” Usmon Azimov – respublika radiosi adabiyot boʻlimining mudiri – koʻp talab urib yurdilar: Bir baliqqa chiqaylik!

– Qachon desangiz, biz tayyor! – kamina tixirlik qilmayman-u, ichimdan qirindi oʻtadi: eplab kutib ololasanmi oʻzi? Ham ogʻang, ham ustozing…

– Qoʻrqma, seni chiqimga qoʻymaymiz! – Usmon aka bir nafas bilan xavotir bulutlarini tarqatib yuboradi. – Ulov mendan. Hamma “dov-daska” mendan. Faqat, seni ovulingda ov qilamiz. Yoʻlbegi – oʻzing.

“Dov-daska”, maʼlum nimarsa: gazagu “oʻristi bolasi”. “Meni ovulim” – poytaxt viloyatning gʻarbiy etagidagi baliqchi qishloq – Qoʻrgʻoncha!

Ota yurt!

Hammayoq suv. Suv… suv… Uv-v… Nafasing qaytib ketadi. Havo dim. Yerlar zax. Zax… zax… Vo-oh, shu ahvolda ham jonsabil mardum dehqonchilik bilan shugʻullanadi: paxta, kanop, sholi yetishtiradi; olmazor, uzumzor bogʻlar yaratadi; chorva boqadi: qoramol, oqmol (baliq ham shu siraga kiradi, chogʻi?!); uylar quradi; koʻpriklar, yoʻllar; shuncha gʻurbatu tashvishdan ortib bitta-yarim erka-yu erkin ijodkorining boshini silab ham qoʻyadi… Otangga balli-e!

Xullas, uzoq taklifu mulohazalar, oʻyu andishalardan soʻng vaqt tayin qilindi: Shanba kuni yoʻlga chiqamiz!

Yoz chillasi.

Besh kishi – shoir Usmon Azimov, yozuvchilar Olim Otaxonov va Ahmad Aʼzam hamda jurnalist-dramaturg Toyir Yunusov (oxirati obod boʻlsin!), kamina yoʻlma-yoʻl bozor-oʻchar qilib, choshgohda “viloyat etagi”ga yetib bordik. Bordigu “tanlab-tanlab”, taxminan 200 gektarlik “hovuz” boʻyiga “tugʻ qadadik”. Dov-daraxt. Soya-salqin. “Koʻrpachamiz – oʻt-oʻlan. Koʻrpamiz – osmon”. Avvalo, dasturxon yozildi: “dov-daska” toʻkin.

Yoʻq.

Avvalo, “katta uy”ni – maktab va stadionga yondosh “yoʻlbegi” oʻsib-ulgʻaygan oʻrtamiyona xonadonni ziyorat qilgandik. Ota-onam (Olloh rahmatiga olgan boʻlsin!) xushnud kutib olishgandi.

– Zap kelipsizlar-da, shoyirlarim!

– Achchiqqina mastava qip qoʻyipman, aylanaylar!

Ular “shoyirlar”ni el qatori siyladilar, alqadilar, duo qilib qoldilar: Boshlaring toshdan boʻlsin, bolalarim!

…Ikki buyuk – nozimu nosir – bir juft jomsoʻz (“tarbiyayi badan”)dan soʻng, “mestniy”lar tayyorlab qoʻygan qarmoqlarni qoʻlga oldilar: Kimoʻzar.

– Hozirdan aytib qoʻyaqolay. Olim boʻlsangam, zolim boʻlsangam qalqoning teshildi, Olim.

– Katta ketma, shoir. Joʻjani kuzda sanaymiz.

“Ikki alp maydonga tushdi”. Qolganlarning bir qismi tomoshabin, bir qismi boʻlak yumushlar bilan band. Oʻchoq qazish kerak: qozon oʻrnatish (qozonki – “Nikalayning yogʻini yalagan”, baliq qaynatilaverib girdini qurum qoplagan, shamoyili maʼlum, lekin tusu rangini “oʻzi ham unutib yuborgan” pachoqqina paqir); quruqroq jingʻilu miyalarni toʻplab oʻtin hozirlash… Asosiy xizmat mening uch zabardast ukam – Abdugʻafur, Abdumannof, Abdurasul – va maktabdosh doʻstim Toʻychixoʻjaning (yotgan joylari jannatning bogʻchalariga aylansin!) zimmasida: Toshkannan kelgan aziz mehmonlarning hurmat-izzatini joyiga qoʻyish kerak. Yuzimizni qora qilib, “gazet-pazet”ga chiqarib yuborishmasin bular tagʻin. Xudo saqlasin…

Ov avjida.

Shinavanda dramaturgimiz kapgirni qilichday sermab turibdi: “Baliqni oʻzim pishiraman!”

Chekiga qulay joy tushganmi; qarmogʻi tilladanmi; chuvalchanggi semizroqmi; omadi chopgan kunmi; yo oʻzi mohirmi, haytovur, Olim aka oʻntacha baliq tutib qoʻydiyamki, Usmon akaning poʻkagi likillamaydi (juda noinsoflik boʻlmasin, ora-sira ustozning ham qoʻli kelib turdi).

“Gʻalvir” suvdan koʻtarilib, “joʻjalar” hisob-kitob qilinganida Olim “zolim” “zafar zavqi”ni yashirib oʻtirmadi: “Chuchvarani xom sanabsiz, mavlono. Baliq tutish manavinaqa boʻladi”.

“Mavlono” “halol gʻalaba”ni tan olmadi.

U, “bu sharmandali magʻlubiyat”ni oʻziga yuqtirmadi, boz ustina, oʻz “uquvsizligi”ni boʻlak bir iftixor pardasiga oʻradi: “Shoirlar rahmdil va mehribondirlar. Ularning jonivorlarga shafqat nazari, avomnikiga nisbatan, ancha yuqori keladi!”

“Magʻlub tomon” yasagan ersa-da, bu gʻolibona xulosani hamma yakdillik bilan qoʻllab-quvvatladi.

Alal-oqibat, ulugʻlar qoʻli tekkan “sariq oltin”lar “sharaflandi”. Qarmoqlardan keyin pichoqlar ishga tushdi. “Boyvachcha baliqlar” tangalaridan judo qilinib, ayrimlarining terisi shilinib, “oʻz yogʻi”ga qovurildi. Dimlama. “Uxa”. “Xe…” Eh-he, yana allambalo taomlar… Baliq pishirishning oʻnlab usulini biladigan jigarlarim shinavanda qalamkash pazanda rahbarligida “har maqomga yoʻrgʻalab, rosa usul koʻrsatishdi”.

Adiblardan biri orada sal xavotirga tushganday boʻldi:

– Hech kim hech nima demaydimi? Davlat mulki…

– “Otamdan qolgan dalalar”. Qolaversa, Usmon aka bor. Birortasi pishagimizni pisht deb koʻrsin-chi…

Farishta bor.

Tomdan tarasha tushganday, koʻl boʻyida yelkasiga miltiq ilgan baliqbegi paydo boʻlib qoldi. U biz tomonga sinovchan nazar tashladi-da, meni tanib, yoniga imladi. Posbonning yoniga pildiradim: qurolning hurmati bor.

– Seni “shayka”ngmi, xoʻja?

– Meni “shayka”m.

– Ehtiyot boʻlinglar. Tagʻin, tepadagilardan, – u qoʻshtigʻini idora tomon oʻqtaldi. – Bitta-yarimta…

– Nechta “yarimta”, desangiz, pastda hoziru nozir. Marhamat, Zelim ogʻa.

– Nu-nu-nu… Biz xizmatdamiz. Ataganing boʻlsa, ana, qorovulga qoldirarsan. Lekin, men sizlarni koʻrmadim. “Tuya koʻrdingmi? Yoʻq!”

Doʻqu dagʻdagʻa qiladimi, desam, “ogʻa” bizni “doʻstona” ogohlantirib, qanday paydo boʻlgan boʻlsa, shunday gʻoyib boʻldi.

Brigadirning xabari yoʻq ekan, shekilli?! “Tepadagilar” bu “adabiy tadbir”ga ruxsat berishgandi: “Shaxsan Usmon Azimovning oʻzi kelarmish! “Jinday karidor” ochib qoʻyilsin!”

Egamning mehribonchiligi bilan shu kuni “maishat”imizga daxl qiluvchi boʻlak kimsa boʻlmadi.

Tabiat qoʻynidagi “shohona mayopka” eminu erkinlikda, tinchligu xotirjamlikda kechgacha (keyin, yakshanba tongigacha) davom etdi.

– Oling, mavlono!

– Oʻzlari boshlasinlar…

– Ustozi kalon…

– Ulugʻim…

– Buyugim…

– Taqsir…

– Aziz mehmonga “jonliq”ning kallasi suzilsin…

– Asl baliqchi baliqning kallasini isteʼmol qilgay…

– Roviylar andoq rivoyat qilibdurlarkim, Hazrati Ali hazratlari Bibi Fotimani nikohlarigʻa olgʻonlaridin soʻgʻin…

– Taom tortgʻon bakovulimizning qoʻllari dard koʻrmasin…

– Xizmat qilgʻan ukalarimizning xonadonlarida toʻylar boʻlgʻay…

Tavozelar goʻzal, manziratlar hammaga manzur. Hammasi risoladagiday. Faqat, har zamon Usmon aka sarkashlik qip qoʻyadi: “Taqsir, dema-e!”

Mehmonlar qulogʻi “bul kabi nafisu latif lutflar”ga, bir qadar, “koʻnikma” hosil qilgan, lekin, mezbonlar rosa yayrashdi: Shoirning har soʻzi noyob, har luqmasi topilma!

“Qishloqilar-ku” oʻz yoʻliga, biroq, biz ham – “shaharlik shayirlar” ogʻzimizni yigʻishtirolmay qoldik.

Ha. Ustozlar shogirdlarini ham “unutishmagandi”. Asl maqsad ayon-ku, axir. Baliq bir bahona.

– Shoir boʻlaman desang koʻproq oʻqi!

– Prozani.

– Iloji boricha originalda oʻqi.

– Teatrga ham tushib turish kerak.

– Olim haq. Sen ham, – Usmon aka gapni qisqa qildi.

“Koʻproq oʻqi!” dedi ustoz, “Koʻproq yoz!” demadi.

Albatta, boshqa pandu nasihatlar ham boʻldi. Keskinroq boʻlgani uchunmi, hozir esimda qolgani shu: “Koʻproq oʻqi!”.

Sheʼriyat maktabi, Adabiyot dorilfununi – shudir, ehtimol?!

Ehtimol?!

Har holda, shu kuni oddiy bir haqiqatni his qildim-ki, asl ustozning bir ogʻiz oʻgiti yo biror ishorasi, gohida, turli dargohlarda olingan koʻp yillik saboqlardan salmoqliroq kelarkan.

Shom tushdi.

Pashshalar hujumga oʻtishdi.

Biz kiygan, dokadan qalinroq “olimpiyka”laru piyoz poʻstidek yozgi paypoqlarni masxara qilarak, nishi yupqaroq choponni teshib yuborgudek pashshalar bulutday ustimizga yopirilishdi. Iskaptoparlar.

– Qonxoʻr pashshalar! – hayqirdi ustoz.

– Chivin. Qonxoʻr chivinlar! – mehmonlardan biri shoirning “xato”sini oʻnglamoqchi boʻldi.

– Chivinlar qonxoʻr emas, nonxoʻrdirlar. Ular dasturxonga uymalashib, gʻashingga tegadi, xolos. Bular esa, nish urganida, joningni sugʻurib olay, deydi.

– Haliyam boʻlsa, pashshaxona tutib beraylik.

– Pashshaxona, dedingizmi, Toʻychixoʻja?

– Ha-a.

– Ana. Agar, seni gapingni toʻgʻri, deydigan boʻlsak, ota-bobolarimiz momolarimizga pashshaxona emas, chivinxona tiktirgan boʻlishardi.

– Xoʻp. Xoʻp. Biz taslim. Lekin, bu “xunrezlik”ka qarshi biror chora topaylik.

Mezbonlarning taklifiga koʻra, chimdan mundogʻroq koʻra yasalib, tezak tutatildi. Bu chora sal naf berganday boʻldi-yu, oʻzimiz boʻgʻilib qoldik. Mehmonlardan birining tutundan dardqoʻziri (allergiyasi) bor ekanmi, yoʻtala-yoʻtala davradan chiqib ketdi hatto.

Oʻrtancha ukam Usmon akaga gazetadan qalpoqcha – omonat panoh yasab berdi: Xalq xazinasini asrashimiz kerak.

Kimdir badaniga qandaydir malham surdi.

Kim sochigʻini, kim koʻylak-ishtonini yelparrak etdi.

Samara kam.

“Xunrezlik”ka qarshi “sheʼriyatning pichogʻini” qalqon ayladik: Usmon Azimovning sheʼrlari jarangladi.

 

“Kezdim,

Koʻrdim

Boysunday joy

Bu olamda yoʻq ekan…”

 

“Ot yelar, chavandozning

Bir yengi hilpirar, boʻsh…”

 

“Gʻamga oʻzim xaridorman, oʻzim bozor…”

 

“Axir, menga oʻxshamaydi-ku…”

Hamma muhibu mutaassir. Ayniqsa, adabiyotga alohida mehr qoʻygan katta ukam joʻshib ketdi:

 

– “Agar, odam boʻlsang, gapimga tushun…”,

 

“Men bugun kuyladim ikkimiz uchun…

Ertaga… indinga… keyin-chi… keyin…”

 

Keyin… “oʻzbekning kichigi” kamtarlik qildi: Ustozning oldida, tilini tiygan boy boʻladi.

Men tiyiqsizlik qilib, “Usmon Azimov sheʼrlariga parodiyalar”imni oʻqidim. Lekin, “tilbilmas pashshalar” “qalqonlarimiz”ni pisand etmadi.

Kenjatoyimiz ham oʻzini, ham mehmonlarni ayagan boʻldi:

– Uyga qayta qolaylik?!

– Yoʻq, – Usmon aka eʼtirozga oʻrin qoldirmadi. – Shu yerda tunaymiz!

– Yo, pashshalar bizni tunaydilar, – Olim aka boldirini shapatiladi.

– “Chidagin, bolam-a, chidagin”.

– Chidaymiz, – Toyir aka oʻzining davraga qaytganligini bildirib qoʻydi. – Bu zolimlarning umri qisqa.

– Yoz yomgʻiriday.

– Bir shabada tursa, bas, bulutlar tarqab, pashshalarga sichqonning ini ming tanga boʻp ketadi. Biz bu “qonxoʻrlar”dan hech qachon qoʻrqmaganmiz, endi ham qoʻrqmasmiz, inshooloh. Toʻgʻrimi, mavlono?

– Toʻgʻri.

Haqiqatdan ham, oradan hech qancha oʻtmay, sarin yel esib, “qontalash ulusni zulmu ozorlardin xalos ayladi”.

Toyir Yunusning quvonchi ichiga sigʻmaydi: – “Ana, aytmadimmi?!”

Pashsha xuruji boshlanganidan buyon ichmay, yegani ichiga tushmay oʻtirgan Toʻychixoʻjaning ich-ichidagi xijolatchilik chigillari yozilib ketdi:

– Bitta toʻldirib quy-chi!

– E, bormisan, ogʻayni?

– Endi odamga oʻxshadim-a! Koʻzlarim yarq etib ochildi. Gap bunday, miymonlar. Vaqt ham allamahal boʻp qoldi. Raz, ketmadilaringmi, endi qoʻnalgʻa mendan. Tepada yuz ellikta “detskiy” kalavatim bor. Katta odamning sigʻishi amrimahol…

– Hechqisi yoʻq. “Bir kunga hoʻkiz oʻlmaydi”. Ijodkor odam uxlashi shart emas. Ayniqsa, shundoq qoʻl uzatsang, bagʻringga toʻkilgudek yulduzlar boshingda porlab turgan mahal… Bahonada bolalikning hidiga yana bir toʻyib olamiz.

Ustozning bundoq tag-zaminli taklifini rad etishning iloji yoʻq. Chor-nochor tepaga koʻtarildik.

Biz joylashgan koʻl boʻyidagi qoʻsh qavatlik baliqchilar choyxonasi mavsumga koʻra, bolalar oromgohiga aylantirilgan. Birinchi qavat idora, oshxona hisobida; ikkinchi qavat – toʻrt tomoni ochiq shiyponga, kunduzgi uyqu uchun bir yarim gazlik bolalar karavotchalari qator terib qoʻyilgan ekan.

Mehmonlarga imkon qadar tuzukroq sharoit yaratilishi ilinjida, “Xohlasalaring karavotlarni birlashtirib olinglar”, – dedi Toʻychixoʻja.

– Men bitta karavotda yotaman! – Usmon akaning haliyam shashti baland edi.

Uylari bir qadam narida boʻlgan ukalarim ham mehmonlarni opketishga koʻndirisholmay, biz bilan birga qolishdi.

– Bu “devona”lar-ku, mayli, sizlarga nima zaril? Boravermaysizlarmi?

– Shu “devona”laringizdi suhbatini koʻzimiz qiymayapti, aka. Ayniqsa, anov labini qimtib sheʼr oʻqiydigani gurungdiyam qiyvorar ekan.

Eʼtirofdan bildimki, mening “jonachirligim”ga hojat yoʻq. Shu bois ukalarimga boshqa tirgʻalmadim.

Bu yogʻini soʻrasangiz, hatto Toʻychixoʻja ham barcha sharoiti muhayyo qorovulxonasiga tushib ketmadi.

Kimdir ikkita karavotni birlashtirdi, kimdir uchta. Oʻydim-chuqurini, moʻl emasmi, bolalarning bolishchalari-yu choyshabchalari bilan eplaganimizcha “toʻldirib”, qunishib, buklanib, junjikib (chor-atrof suv, toʻrt tomon ochiq, serquyosh Oʻzbekistonning saratonida ham tungi havo salqingina; oʻranib-burkangani tuzuk-quruq koʻrpaning oʻzi yoʻq, “adyol”chalarni-ku, boshingga yopsang, ayogʻing ochilib qoladi). Zuhro yulduzi soʻngunga qadar “bolalikning hidiga rosa toʻydik”.

Albatta, uyqu gʻolib kelgunga qadar gurung davom etdi: sheʼrxonlik, qissaxonlik…

Orada…

Saksoninchi yillarning oʻrtalarida, turli yigʻinu tadbirlar bois, goh Doʻrmonda, goh Yozuvchilar uyushmasida shoirlar va baxshilarning boshi qoʻshilib qolardi. Bir safar Shoberdi baxshi Alpomishning chohdagi yetti yillik holatini “aytib berib”, bir maydon muxlisni “bir maydon” mutaassir etgandi.

 

“Chak bashoʻlardan-a qaragʻan

Qorajon doʻsim-ov, senmisan?…”

 

Xizmat taqozosiga koʻrami, muxlislik gʻolib kelibmi, ertasi Shoberdi Boltayev bilan uchrashgandik.

– Qoyil, baxshi bovo! Hammani yigʻlatdingiz…

– Men baringdi jilatdim, meni Oʻsmon jilatdi.

– Hm?

– Oqshom Oʻsmonminan birga edik…

– Xoʻsh?

– E, baring bir tomon, Oʻsmon bir tomon.

“Oqshom” Usmon aka nomdor baxshiga oʻzining “Baxshiyona”sidan parchalar oʻqib bergan ekan.

Baxshimizning keyingi repertuarlarida oʻsha mashhur asardan ayrim satrlar “jilvalana” boshlagan:

 

“Bizga bergan vaʼdalari esdan chigʻi-i-ib…”

 

…Usmon akaning “koʻzini shamgʻalat qilib” shu voqeani hamqishloqlarimga soʻzlab bergandim.

Tong otdi.

Safarimiz qaridi.

“Bir piyola choy”dan keyin yoʻlga otlanib turib edik, Ahmad Aʼzam armon qilib qoldilar: “Erkin Aʼzam yetishmadi-da, Yoʻldosh Eshbek…”

Ul ulugʻlarning eslangani ayni muddao boʻldi.

Lekin, bul endi alohida mavzu.

Ayni damda gap ulugʻ qavmning faxru iftixori, ikki asrning otashin shoiri Usmon Azimovning adabiy-badiiy, sheʼriy mahorati-yu mahobati haqida… Mening esa tilim lol. Shu bois ota yurtimga “oʻtlab” qoʻyaqoldim. Qolaversa, otamdan oshirib bir narsa deyishim mushkul: Boshlaring toshdan boʻlsin…

Keyin ham, turli issiq-sovuq maʼrakalarda ustoz bilan koʻp uchrashdik…

Bul ham alohida mavzu.

 

Yahyo TOGʻA

 

“Sharq yulduzi”, 2017–1

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/bolalik-hidi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x