Bolaligim – bozorim

Qancha intilganman kursi qoʻymasdan

Dadam jovonidan olguncha kitob.

Qancha izlaganman murak fikrning

Minglab savoliga topguncha javob.

 

UKAMNING “JANGI”

 

Ukam minib “saman ot”ini,

“Qilich” ushlab chiqipti jangga,

Beshta dushman samolyotini

Yiqitdim, deb maqtandi menga.

 

Avvaliga kuldim rosa ham,

Hazildir deb ukamsoʻzlari.

Soʻng hovliga chiqib qarasam,

Yotar edi besh oʻlik ari.

1952

 

 

OLMA

 

Meva berdi yetilib bu yil

Men bogʻimga oʻtqazgan nihol.

Mevalarki, choʻgʻday qip-qizil,

Husni yoqut, shirinlikda bol.

 

Lablaridan tomizib sharbat,

Ol, ye, deydi, armonda qolma!

Lekin shunga hayronman faqat,

Nega uni deydilar “olma”?

 

Olma eksa bogʻiga har kim,

Mehmoniga, ol, ye, demasmi?

“Olma” mening mehmondoʻst xalqim –

Odatiga yot soʻz emasmi?

 

Meva berdi yetilib bu yil

Men ardoqlab oʻstirgan nihol.

Olmalarki, shafakday qizil,

Lekin nomi olma emas, ol!

1952

 

 

KEChAGINA

 

Kechagina edi…

Xayrlashib

Baland togʻlar,

Gulbogʻlar bilan,

Daryolardek toshib,

Qirlardan oshib

Oʻrtoqlar bilan

Qaytgan edik

Oʻynab, kulib

Maktab qoʻyniga.

Koʻz oldimda…

Anhor boʻyi,

koʻm-koʻk chimda

Toʻyib-toʻyib

qoʻzilardek

Choʻzilardik.

Gorn bilan

oqshom yana

saf-saf boʻlib

tizilardik.

Lager bizni

yana maktab,

Fan qoʻyniga

uzatdi.

Koʻksimizga

chechak taqib,

gulxan

Kechagina edi,

xuddi kecha…

Bukun yana

lager bizni

quchoq ochib

kutadi.

yoqib

kuzatdi.

Keng dalalar,

goʻzal bogʻlar

bizlarga koʻz

tutadi.

Qarang vaqtni,

hadeguncha

yil ham oʻtib

ketadi.

Bir yil…

Xuddi bir haftaday,

Ammo oʻzi

sermazmun.

Bir yil…

Bizga oʻqituvchi

Qancha saboq

bermasmi?

Yil ham olgʻa

yuguradi

Hayot olgʻa

yurgandek.

Shu bir yilda

biz maktabdan

talay narsa

oʻrgandik.

Kitob boʻldi

hamdamimiz,

Bilim boʻldi

nur – chiroq.

Shu nur bilan

fan koniga

Qirdik yana chuqurroq.

Yillar oʻtar…

Koʻz oldimda

chiroy ochar

kelajak.

Maktab, lager,

Anhor, bogʻlar

xotiramda qolajak.

Va eslarman

shu kunlarni –

Kechagina edi…

Xuddi kecha…

1953

 

 

NUTQ HAQIDA

 

Har soʻzida “bu”, “anu”,

“Haligi”, “soʻng”, “akaqa”,

“Bu-bu” deydi – nima bu,

“Unaqa”si – qanaqa?

 

Tiliga kelib qolgan

Soʻzdan qayta olmasa,

“Bu” qoʻshmasdan savolga

Javob ayta olmasa.

 

Gohi qovushmay soʻzi,

Gapidan toʻxtab qolsa.

Yaxshi bilsa ham oʻzi,

Zoʻrgʻagina “3” olsa.

 

Oʻzingiz oʻylab koʻring,

Nima, bu, qanaqasi?

Qachon qolar Oʻtkirning

“Nima”, “bu”, “anaqasi”?

 

Odatlanganman, deding,

Toʻgʻri, hamma gap shunda.

Lekin axir, oʻz tiling

Oʻzingga boʻysunsin-da.

 

Toʻgʻri, aniq gap tuzib,

Javob bergin soʻroqqa,

Xizmat qilsin har soʻzing

Fikringni toʻlatmoqqa.

 

Mazmun nomli moʻljalga

Soʻz – otilgan oʻq boʻlsin.

Nishonga tegmay qolgan

Bitta oʻq hamyoʻq boʻlsin.

 

Doʻstim Oʻtkirjon, buni

Yodingda tut har doim,

Otashin notigʻini

Minbarlar kutar doim.

1954

 

 

CHEVAR QIZ

 

Jajji Lola paxta terdi,

Endi demang u goʻdak.

Bir hovuchmas, bir doʻppimas,

Terdi rosa bir etak.

 

Tarozibon amakisi

Olar ekan paxtani,

Chevar qiz deb, shirin qiz deb,

Asal qiz, deb maqtadi.

 

Jajji Lola uyga qaytar,

Yengil uchar qadamlar.

Nega, qancha terding, qiz, deb

Soʻramaydi odamlar?

 

Koʻzlariga qarab borar

Oʻtgan-ketgan hammaning.

Hech kim soʻrmas, nima dedi

Tarozibon amaking?

 

Ariqchadan yuzin yuvdi,

Sochlarini taradi.

Soʻngra “hurmat taxtasi”ga

Sekin borib qaradi.

 

Nomlari bor Gulsumopa,

Nuri, Xayri xolaning

Hamma boru, nimagadir,

Ismi yoʻkdir Lolaning.

 

Avval bir oz oʻksidi u,

Keyin esa oʻyladi:

Mayli, bir kun uning nomi

Shu qatorda boʻladi.

 

Hozir “hurmat taxtasi”da,

Mayli, nomin koʻrmasin.

Bugun qancha terding, qiz, deb,

Mayli, hech kimsoʻrmasin.

 

Baribir, u paxta terar,

Chunki bilar, bu kerak.

Terar har kun bir doʻppimas,

Bir quchoqmas, oʻn etak.

 

Lolaxonni gazetaga

Yozmasa hamboʻladi.

U chevar qiz, u shirin qiz,

Buni hamma biladi.

1955

 

 

ShARQ ERTAGI

 

Tun.

Gʻarib kulbada

Gʻamgin tebranar sham,

Koʻzlarini yummaydi goʻdak.

– Nima deysan, koʻzim,

Nima deysan, erkam?

– Ona, menga soʻylab ber ertak.

Ertak, dostonlarga

Qancha boy bu olam.

Qanchalar koʻp Sharkda afsona!

Aytgan bilan bitmas –

Ming bir kechalar kam,

Qay birini soʻylasin ona?!

Yo Bahrom ertagi,

Yoinki “Chor darvesh” –

Ozodbaxtning qissasinimi?

Yoki Aloviddin

Va yo Xusrav Parvez,

Yo Jamila erk sasinimi?..

– Uxla, jonim erkam,

Uxla, koʻzimnuri.

Qoʻzichogʻim, koʻzlaringni yum.

Men ertak soʻylayin,

Shirin tushlar koʻrib,

Sen, dilbandim, oromol bir zum.

Uzoq-uzoqlarda

Koʻk dengizlar uzra

Tomchilardan oʻq qilar bulut.

Dahshat bilan kelib

Togʻ ustiga, soʻngra

Qoyalarga doʻq qilar bulut.

Oq soch choʻqqilarning

Yoqasidan tutib,

Chaqmoq bilan urib oʻtadi

Togʻlar bosh egmagach,

Gʻazab bilan bulut

Qoyalarni oʻqka tutadi.

Taslim boʻl, der –

Qoʻlga qilich olib,

Taslimboʻl, der koʻtarib suron.

Bulutning ketidan

Ortiq dahshat solib,

Hushtak chalib keladi boʻron.

Deydi: “Men borliqni

Tilka-tilka qilay,

Qora koʻlka solay jahonga”…

Ammo choʻqqilar tik,

Boqar ishonch bilan

Kelajakka,

Quyoshga,

Tongga…

Bir nafas jimqoldi

Ona nedir oʻylab.

– Soʻng ne boʻldi, soʻyla, onajon?

Sharq ertagin soʻylab,

Ona koʻz oldida

Ertangi Sharq boʻldi namoyon.

“Mana, quyosh chiqdi,

Olam nurga toʻlib

Bulut uzoqlarga yoʻqoldi.

Etaklari uning

Pora-pora boʻlib

Qoyalarda chuvalib qoldi”…

Uxla, jonim erkam,

Uxla, koʻzim nuri,

Qoʻzichogʻim, koʻzlaringni yum,

Borliq jimjit. Goʻdak –

Shirin tushlar koʻrib

Uyqusida qilar tabassum.

1956

 

 

KUNLAR SEKIN OʻTADI

 

Soʻraydi mendan ukam:

Aka, kitob olib ber.

Soʻzin qaytarmay men ham,

Olib berdimalifbe…

 

Bukun tayyorlik koʻrar

Ukam katta bayramga,

Goh maktab vaqtin soʻrar,

Goh tayinlar ayamga:

 

– Oʻsha kun uxlab qolib

Maktabdan kech qolmay-a,

Ertalab tura solib,

Meni uygʻoting, aya.

 

Sevinch sigʻmas ichiga,

Oʻquvchi boʻlar ukam.

Uning bu sevinchiga

Sherik boʻlaman men ham.

 

Xitoyi qogʻoz oʻrar

Ukamkitob, daftarga.

Goʻyo hozirlik koʻrar

Juda uzoq safarga.

 

U maktab orzusida

Oʻtkazadi tunlarni.

Hattoki, uyqusida

Sanab chiqar kunlarni.

 

Zoʻr quvonch bilan ukam

Sentyabrni kutadi.

Kutgan sari kunlar ham,

Qarang, sekin oʻtadi.

1956

 

 

ChANOQLARGA QOʻNGAN YULDUZLAR

 

Tong yellari bilan oʻynashib,

Koʻk shamlari soʻnib qoldilar.

Yoʻq, paxtazor vodiyga tushib

Chanoqlarga qoʻnib oldilar.

 

Toʻlib oltin chanoqlariga

Mayin jilva qilib kuldilar.

Terimchi qiz quchoqlariga

Oppoq paxta boʻlib toʻldilar.

 

Yana qancha chevar qoʻllardan

Pardoz olib boʻldilar koʻrkam.

Mehnat teri bilan yoʻgʻrilgan

Yulduzlarga kiyindi oʻlkam…

 

Haqli, agar oʻz kasbi bilan

Gʻurur qilsa paxtazor ahli.

Oq oltin ham shuncha sevinchdan

Chanogʻiga sigʻmasa haqli.

1956

 

 

BOLALIK

 

Tuproq koʻchalardan chopgan bolalik

Yillar changi ichra asta yoʻqoldi.

Bolalik ketdi-yu, shoʻx suhbatlarda

Uni kula-kula eslamoq qoldi.

 

Jilgʻalar oshiqar daryo boʻlgani,

Giyohlar boʻy choʻzar doim quyoshga.

Ertaning ishqida yillar oshdimu

Orzu qanotida yetdim bu yoshga.

 

Qancha intilganman, kursi qoʻymasdan

Dadam javonidan olguncha kitob.

Qancha izlanganman, murgʻak fikrning

Minglab savoliga topguncha javob.

 

Bolalik!

Men seni bir umr qalbda

Ona suti kabi saqlay muqaddas

Va lekin ertangi kunimdan kechib,

Senga qaytmoqni hech qilmayman havas!

1957

 

 

OYGA UCHSAK…

 

– Oyga uchsak, Xoljonni ham

Olamizmi?

– Hamma uchsa, axir oshnam,

Qolamizmi?

 

– Argʻimchokdan koʻrkding, Xoljon.

Koʻrmaysanmi!

Uchar boʻlsak Marsga tomon,

Qoʻrqmaysanmi?

 

– Doʻstlar, sizni hech uyatga

Qoʻyarmidim?!

Anvar oʻzi koʻrqitmasa,

Qoʻrqarmidim?!

1960

 

 

DARAXTLAR SUHBATI

 

QARAGʻAY

 

Boʻyin choʻzib

Qaragʻay

Yon-atrofga

Qaragay.

Der u:

Barcha daraxtdan

Baland akang –

Qaragʻay.

 

TERAK

 

Men terakman,

Terakman.

Men hammaga kerakman.

Osmon mening

Yelkamda.

Men olamga

Tirgakman.

 

MAJNUNTOL

 

Boshim egik

Majnunhol,

Majnuntolman,

Majnuntol.

Dam olsangiz

Soyamda,

Men sizlardan

Mamnun tol.

 

ARCHA

 

Men archaman,

Archaman.

Men xursandman

Barchadan.

Atrofimda

Aylanib

Hech charchamang,

Charchamang!

 

OLMA

 

Men sizlarning

Olmangiz,

Xomligimda

Olmangiz,

Nortojiga

Oʻxshab soʻng

Voy qornim, deb qolmangiz!

 

OʻRIK

 

Qantak oʻrik

Otim bor,

Xoʻp mazali

Totim bor.

Magʻizimga berkitgan

Qantim bor,

Novvotim bor.

 

ShAFTOLI

 

Sariq, oq shaftoliman,

Zargʻaldoq

Shaftoliman,

Maqtanib oʻltirmayman,

Manandoq

Shaftoliman.

 

YONGʻOQ

 

Miya kabi

Shaklim bor,

Boshim toʻla

Aqlim bor.

Meni yegan

Donishmand

Boʻlur degan

Naqlim bor.

 

NASHVATI

 

Meni derlar

Nashvati,

Sharbatlarning

Sharbati,

Mazalarning

Mazasi,

Lazzatlarning

Lazzati.

 

GILOS

 

Men gilosman,

Quloq sol,

Rangim olu

Totim bol,

Topsang qoʻshalogʻimni

Qulogʻingga

Taqib ol.

1962

 

 

PUSHKIN

 

Men ilk bor maktabga qoʻyganda qadam,

Ilk bor alifbodan olganda taʼlim,

Menga olam aro yuz ochgan olam –

Pushkin dahosiga qilurman taʼzim,

Hali men anglamay Alisherni ham,

Gyote ruhi hali boʻlmasdan hokim,

Xayolim beshigin tebratgan onam –

Pushkin dahosiga qilurman taʼzim.

Ulgʻaydim, kengaydi ufki hayotning,

Dunyo koʻrkin ochdi ulugʻvor, azim.

Koʻzlarimga qilgan keng olamni keng –

Pushkin dahosiga qilurman taʼzim.

Murgʻak dilga tushib sheʼrning havasi

Bayon etganimda ilk koʻngil arzim –

Menga madad boʻlgan otash nafasi –

Pushkin dahosiga qilurman taʼzim.

Hali yoʻlim olis, hayot hali bor,

Hali bu dunyodan koʻp mening qarzim.

To tirik ekanman takror va takror

Pushkin dahosiga qilurman taʼzim.

Shoir boʻlsam bir kun elga munosib,

Meni shoirimdeb atasa xalqim,

Navoiy devonin koʻksimga bosib,

Pushkin dahosiga qilurman taʼzim.

1974

 

 

VERGUL HAQIDA

 

Vergul oʻzi qaydan kelgan?

Qingʻir-qiyshiq joydan kelgan.

Yangi chiqqan oydan kelgan,

Shovva boʻlgan soydan kelgan.

 

Mergan tortgan yoyga qarang,

Vergul oʻsha yoydan kelgan.

Yoki bukur toyga qarang,

Yershov yozgan toydan kelgan.

 

Sizga ayondir hoynahoy

Hov kamalak tugʻilgan joy.

Vergul oʻsha joydan kelgan.

 

Voy oyogʻim, belginamvoy,

Deydi xassa tutgan boboy,

Vergul u boboydan kelgan.

 

Vergul ayni pilla qurti,

Ayting, qayda pilla yurti?

Vergul uzoq Xitoydan kelgan.

 

Yoʻq, bir zamon afandining

Bir poy kavishi yoʻqolgan,

Vergul oʻsha bir poydan kelgan.

1991

 

 

BIR YOLGʻONDAN QIRQ YOLGʻON

 

Kaminai kamtarin –

Falonchiyev Falonchi.

Men bir oʻzim rostgoʻyman,

Qolgan hamma – yolgʻonchi.

 

Yoshimni soʻrasangiz,

Yuz oylik chaqaloqman.

Qotmadan kelgan daroz,

Pakana baqaloqman.

 

Xush koʻrganim muzqaymoq,

Hammomga tushib yeyman,

Ustiga murch sepib,

Shoʻr bodring qoʻshib yeyman.

 

Dimlab yesang – soz uzum,

Xom yemakka sholgʻomdir.

Teskarisin aytsalar,

Ishonmanglar, yolgʻondir.

 

Yana bir suyganim – ov,

Amakim bilan birga

Har yakshanba chiqamiz

Baliq oviga qirga.

 

Qoʻshtigʻli miltiq bilan

Sazanlarni otamiz.

Tunab qolsak, laylakning

Uyasida yotamiz.

 

Derlar: oʻgʻlon yoshidan,

Menga haqiqat doya.

Umrimni bir boshidan

Qilay sizga hikoya.

 

Kelishim boʻlganda shart

Men qamina olamga

Onamning vaqti boʻlmay

Yalinibdi xolamga.

 

Xolam buvimga aytib,

Buvim yangamga aytib,

Yangam ammamga aytib,

Ammam hammaga aytib,

 

Hammaning vaqti boʻlmay,

Oʻrtada chiqib janjal,

Omadim kelmasa sal –

Qolar edim tugʻilmay.

 

Otam shoʻrlik ayrilib

Choʻntakdagi boridan,

Meni sotib olibdi

Chorshanba bozoridan.

 

Xola, holingiz qalay?

Alamqilsin, ammavoy!

Tugʻmasangiz, tugʻilmay

Qolarmidi Jumavoy?

 

Bilib qoʻysin elu-yurt,

Men dunyoga kelgan kun

Oʻttiz birinchi fevral,

Soat ikki kechqurun.

 

Beshikda yotganimda

Bir vokea yuz bergan.

Aytib beray,

Jumavoy

Rost aytishga soʻz bergan.

 

Soʻrgʻichim soʻrib yotsam,

Eshikni ochib toʻgʻri

Men yotgan uyga kirdi

Qora barzangi oʻgʻri.

 

Taxlangan koʻrpalarni

Bir-bir olib tashladi.

Bisot sandiqni ochib,

Shoshmay tita boshladi.

 

Shoʻrlikning xabari yoʻq

Qarab turgan kishidan.

Men kuzatib turibman

Govrapesh tirqishidan.

 

Qulay fursat kelishin

Moʻljallayman uzokdan.

Asta-sekin qoʻlimni

Boʻshataman qoʻlbordan.

 

Sandiqni titib boʻlib

Kelgach beshik qoshiga.

Sumak bilan tushirdim

Oʻgʻrining qoq boshiga.

 

Barzangi gurs yiqildi,

Soʻng turib qochib qoldi.

Shoshganidan eshik ham,

Sandiq ham ochiq qoldi.

 

– Ey, nomard, – deb

qichqirdim, –

Qochsang urib shataloq,

Eshikni yopib ket-da,

Shamollaydi chaqaloq…

 

Bu birinchi hikoyam,

Qurboningiz boʻlayin.

Sizni bir bor aldasam,

Til tortmasdan oʻlayin.

 

Soʻzga bering eʼtibor,

“Bir bor” dedim, “ming bor”mas.

Meni aqli butunlar

Yolgʻonchiga chiqarmas.

 

Ichim toʻla hikoya,

Qirqtasini aytaman.

Damolinglar, hozircha

Soʻzimni toʻxtataman.

1991

 

Erkin VOHIDOV

 

“Umrim daryosi” (“Sharq” nashriyoti, 2001) kitobidan

https://saviya.uz/ijod/nazm/bolaligim-bozorim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x