Bolalarda ich ketishi (diareya) – sabablari, turlari, klinik ko‘rinishlari, diagnostikasi va davolash usullari

Diareya – najasning suyuq hamda bir kunda 2 martadan ko‘p marotaba kelishi. Bu holat axlat massasining ichaklardan tez harakatlanib o‘tib ketishidir. Deyarli barcha onalar o‘z farzandlarida ich ketish holatlariga duch kelishgan, bunday vaqtda nima qilish kerak: bu holat o‘zi o‘tib ketadimi yoki qandaydir chora tadbirlar ko‘rish kerakmi, balki xalq tabobatidan foydalanish kerakdir.

Bolalarda ich ketishi sabablari

Diareyaga sabab bo‘luvchi omillar bolaning yoshiga bog‘liq bo‘ladi. Bolaning yoshiga qarab ichaklarda funksiya buzilishi o‘ziga xos bo‘ladi.

Ko‘krak yoshidagilarda ich ketishiga sabablar:

  • Oshqozon ichak tizimining shakllanishi;
  • Tishlar chiqishi;
  • Ferment laktoza yetishmasligi;
  • Ko‘krak suti bilan oziqlanadigan bollarda ich ketsa, onaning sutiga bo‘lgan reaksiyadir, bunda ona diyetaga rioya etmasa, uning suti suyulib yoki yog‘li bo‘lib ketishi mumkin;
  • Qo‘shimcha ovqatni noto‘g‘ri berish;
  • Sun’iy ovqatlanishga o‘tish.

Har qanday yoshdagi bolalarda ich ketishining tashqi sabablari:

  • Sifatsiz mahsulot iste’mol qilganda zaharlanish;
  • Ichni yumshatuvchi meva va sabzavotlar iste’mol qilganda;
  • Antibiotiklar qabul qilgandan keyin ich ketishi;
  • Doimiy stress, asabiy holatlar;
  • Gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik; kir qo‘llar, mevalar va sabzavotlarni yuvmay iste’mol qilish;
  • Ortiqcha ovqatlanish.

Diareyaga sabab bo‘luvchi ichki kasalliklar:

  • Infeksiyalar: salmonellez, dizenteriya, gastroenterit, rotavirus;
  • Oshqozon, qizilo‘ngach, ichaklar shilliq qavati yallig‘lanishi;
  • Allergiyalar;
  • Oshqozon ichak trakti kasalliklari: yara, surunkali kolit, enterit, qizilo‘ngach axaliyasi, oshqozon osti bezi yetishmovchiligi;
  • Ichki gemorroy;
  • Disbakterioz;
  • O‘sma kasalliklari;
  • Gelmentlar, gijjalar;
  • Kron kasalligi;
  • Buyrak yetishmovchiligi.

Bolalarda diareyaga sabablar tuli xilda bo‘lishi va u bolaning yoshiga bog‘liq holda o‘ziga xos kechishi haqida bilib oldik. Demak, ich ketishi jiddiy kasalliklar natijasida kelib chiqib, uning davosi ko‘rilmasa, og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, bolalarning ovqatlanish tartibi hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etmasligi natijasida kelib chiqadigan diareyalar ko‘p uchraydi.

Ota-onalarga eslatma: bolalarning psixo-emotsional zo‘riqishi, stress tufayli kelib chiqadigan diareya holatlari – «ayiqchalar» kasalligi deyiladi. Ular qandaydir sabab tufayli bog‘chaga, maktabga borishdan bosh tortsalar, ich ketishini bartaraf etish uchun tinchlantiruvchi vositalardan foydalanish kerak, yoki psixolog huzuriga borish lozim.

bolalarda ich ketishi
Foto: www.lvrach.ru

Diareyaning turlari

Keltirib chiqaruvchi omil, bola yoshi va diareyaning kechish mexanizmiga asoslanib, patologik holatni o‘ziga xos klassifikatsiyasi bor. Shifokorlar uchun bu klassifikatsiya tashxis qo‘yish va davolash uchun qulay hisoblanadi.

Keltirib chiqaruvchi sababga ko‘ra

Infeksion

Har qanday infeksion kasallik bo‘lishi mumkin: dizenteriya, salmonnelez, ovqatdan zaharlanish, virus, amyobioz. 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarda qish mavsumida virusli ich ketishlar ham ko‘p kuzatiladi. Kasallikning inkubatsion davri bir necha kunga cho‘zilishi mumkin. Hammasi qayt qilishdan boshlanadi, so‘ng ich ketadi, natijada tana harorati ko‘tariladi, bosh va mushaklarda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. O‘rtacha davomiyligi 1 haftani tashkil etadi.

Alimentar

Asosiy sabab – uzoq muddat ovqatlanish tartibi va tarkibining buzilishidir. Vitaminlar kam bo‘lgan mahsulotlar, ovqatlarga allergiyalar va ba’zi dori preparatlariga bo‘lgan allergiyalar bolaning ichi ketishiga sabab bo‘ladi.

Dispepsik

Ovqat hazm qilish tizimidagi kamchiliklar – jigar, oshqozon, ingichka ichak, oshqozon osti bezi sekretsiyalarining kam ishlab chiqarilishi.

Toksik

Bunga sabab jigar, buyrak yetishmovchiliklari yoki zaharlanish (otravleniye), ko‘pincha mishyak yoki simobdan zaharlanish natijasida ich ketishi.

Medikomentoz

Antibiotiklarni uzoq muddat qabul qilish natijasida (kam hollarda boshqa dori preparatlari) kelib chiqadigan diareya. Bunda ichak mikroflorasi buziladi.

Nevrogen

Stress, kuchli hayajon, qo‘rquv, xavotirlanish, depressiya holatlari.

Kechish mexanizmi bo‘yicha

Gipokinetik: bo‘tqasimon, suyuq, kam miqdorda, qo‘lansa hidli najas, ichaklar harakati sustlashganligi natijasida kelib chiqadigan diareya.

Gipersekretor: ko‘p, suyuq najas – ichak bo‘shlig‘ida tuzlar va suvning ko‘p to‘planishi natijasida kelib chiqadigan diareya.

Giperkinetik: kam miqdorda, suyuq, bo‘tqasimon – ovqat massasining ichaklardan tez o‘tib ketishi natijasida kelib chiqadigan diareya.

Giperekssudativ: suyuq, suvli, ko‘p emas, qon yoki shilliq aralash, ichaklar yallig‘lanishi natijasida namoyon bo‘ladi.

Osmolyar: yog‘li, ko‘p, hazm bo‘lmagan ovqat qoldiqlari bo‘ladi, ichaklarda tuz va suv so‘riishi kamayganda kelib chiqadi.

Bundan tashqari, kasallikning kechishida shifokorlar diareyaning o‘tkir va surunkali shakllarini farq qilishadi. Ammo, kasallikning kechish muddati aniq emas, masalan tishlar chiqishi bilan bog‘liq diareya: ba’zilarda bir necha kun davom etsa, ba’zi bolalarda bu holat tish to‘liq chiqqunga qadar davom etadi.

Oilaviy dam olish uchun boshqa joylarga sayohatga borilganda, bolalarda “sayohatchilar diareyasi” kelib chiqadi. Bu esa ob havo va tashqi muhit fizik omillari o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bola organizmi adaptatsiya qilgandan so‘ng, ich kelishi normaga qaytadi.

Bolalarda ich ketishining klinik ko‘rinishlari

Barchaga ma’lum bo‘gan holat – bolaning ichi suyuq kelib ,sariq rangda bo‘lishi, bola organizmida jiddiy patologiya yo‘qligidan darak beradi deb o‘ylashadi. Ko‘p hollarda bunga sabab ovqat sifatining buzilishi hisobiga oshqozonda bo‘ladigan o‘zgarishlardir. Ammo, suyuq najasning rangi turli xilda bo‘lishi ham mumkin. Najasning sifatiga qarab bolada kuzatilayotgan o‘zgarishlar haqida taxmin qilsa bo‘ladi:

Och rangdagi najas

Och rangli najas ko‘p hollarda gepatit kasalligidan darak beradi.

Suvli najas

Shilliq aralashgan, suvli najas – ichaklardagi infeksiya, ortiqcha ovqatlanish, sigir sutini hazm qila olmaslik natijasida kelib chiqadi. Bolaning umumiy ahvoli o‘zgarmaydi. Ammo, organizm tez suvsizlanadi. Ko‘krak yoshidagi bolalar uchun xavfli.

Qonli najas

Najasga qon aralashishi bakterial infeksiyadan dalolatdir. Yashil moddalar va qizil qon hosilalari – dizenteriyada kuzatiladi. Yashi-sarg‘ish rangda bo‘lishi – salmonellez yoki koli-infeksiyada kelib chiqadi. Bunday holatlarning parchasida tana harorati ham ko‘tariladi.

Rangsiz najas

Ko‘krak yoshidagi bolalarda rangsiz (oqish) najas – bolaning ona sutiga bo‘lgan reaksiyasi natijasida kuzatilsa, kattaroq yoshdagi bolalarda esa gepatitdan darak berishi mumkin.

Yashil rangli najas

Bolaning ichi yashil kelsa, yashil rangli, o‘tkir hidli, tana harorati ko‘tarilishi, holsizlik, bosh og‘rishi, qorinda og‘riq, qayt qilish – infeksiyadan dalolat.

Qora rangli najas

Chaqaloqlar uchun hayotining 1 kunida qora rangli najas norma hisoblanadi, chunki ularda mekoniy ajraladi. Kattaroq yoshdagi bollarda esa najas rangining qora bo‘lishi, ichaklarda qon ketayotganidan yoki ayrim dori preparatlarini ko‘p qabul qilib yuborishdan darak beradi (faollashtirilgan ko‘mir, vismut).

Ko‘pikli najas

Agar bolakay 1 yoshdan kichik bo‘lsa va unda ko‘pikli najas ajralayotgan bo‘lsa, bolakayda laktoza fermenti yetishmayotgan yoki disbakterioz holati kuzatilayotgan bo‘ladi. Kattaroq yoshdagi bolalarda esa ko‘pikli najas – o‘tkir intoksikatsiya natijasida kelib chiqadi.

Yuqoridagilarni inobatga olib bolada diareya kuzatilayotgan bo‘lsa, uning najasiga e’tibor bering. Shifokorga murojaat etganingizda najas harakteri haqida batafsil aytib bering. Agar bolada ich ketishi bilan birga qo‘shimcha quyidagi belgilar ham kuzatilayotgan bo‘lsa, zudlik bilan tez tibbiy yordamga murojaat qiling:

  • Ko‘ngil aynishi, qusish;
  • Qorinda og‘riq;
  • Holsizlik, kam harakatlilik;
  • Chaqaloqlarda ko‘krak sutini emmay qo‘yish va ko‘p yig‘lash bilan kechadi;
  • Ishtahaning pasayishi;
  • Uyquning buzilishi;
  • Chaqaloqlarda tish chiqishi bola tana harorati ko‘tarilishi bilan namoyon bo‘ladi;
  • Orqa chiqaruv kanali qichishishi – ichki gemorroydan dalolat;
  • Bosh og‘rishi.

Bolalarda diareya diagnostikasi

Ich ketishiga sabab jiddiy kasallik emasligini tasdiqlash uchun quyidagi bir qator tekshiruvlarni o‘tkazish kerak:

  • Najasni gelment va disbakteriozga tekshirish;
  • Ichaklarda ovqat massasining harakatini o‘rganish uchun – maxsus bariy sulfatli bo‘tqadan foydalangan holda rentgenografiya o‘tkazish;
  • Koprogramma;
  • Qon analizi – umumiy va bioximik;
  • UZI (UTT) qorin bo‘shlig‘I tekshiruvi;
  • Rektoromonoskopiya – to‘g‘ri ichakni tekshirish;
  • Qusuq va najas massasini bakterial tekshiruvi, bak.ekma;
  • Infeksiya omili haqida aniq ma’lumotni najasning bakterial ekmasi beradi. Ammo, bu tekshiruvning kamchiligi natija chiqishi uchun uzoq muddat sarflanishidir, 5 kundan 10 kungacha bo‘lgan vaqt.

Bolalarda ich ketishini davolash

Ko‘pchilik ota-onalar beradigan aktual savol – bolada ich ketishi kuzatilsa, nima qilish kerak, asoratlarini oldini olish uchun qanday chora tadbirlardan foydalansak bo‘ladi? diareyani davolash asosiy kasallikni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Medikomentoz davo

  • Bolaning ichi ketsa, birinchi navbatda – tuzli eritmalar shifokor tavsiyasi asosida qabul qilinadi, masalan: Regidron, Glyukosan, Oralit, Gastrolit, Enterodez yoki Sitrogyukosolan. Bu kabi vositalarning bir dona paketchasini toza suvda eritib, ichga qabul qilishga buyiriladi.
  • Tana harorati ko‘tarilganda – parasetamol saqlagan preparatlar tavsiya etiladi. Agar bola 1 yoshdan kichik bo‘lsa, shamchalardan foydalangan ma’qul, kattaroq yoshdagilar esa eritma, suspenziya holida ham qabul qilsalar bo‘laveradi.
  • Diareyada eng samarali preparatlar – adsorbentlardir: Smekta, Polifepan, faollashtirilgan ko‘mir, Polisorb, Neosmektin, Enterosgel.
  • Ich ketishida simptomatik tabletkalar: Kalsiy karbonat, Diarol, Imodium.
  • Agar diareyaga sabab disbakterioz bo‘lsa – ichak mikroflaorasini tiklash uchun Asitol, Kolibakterin, Bifiform, Lineks, Enterol, Bifilin, Laktobakterin, Bifidumbakterin, Enterojermino va boshqa probiotiklar.
  • Infeksiya sababli kelib chiqqan diareyada antibiotiklardan foydalaniladi, ulardan yuqorida va quyida sanab o‘tilgan preparatlar kabi mustaqil foydalanish mumkin emas, faqatgina shifokor ko‘rsatmasiga binoan qo‘llaniladi: Ersefuril, Furazolidon, Nergam, Gentamitsin,
    Kanamitsin, Rimfampisin, Meronam, Siprofloksatsin, Seftazidim.
  • Fermentoterapiya – Festal, pankurmen, Pnakreatin, abomin-pepsin, Mezim forte, Kreon.
  • Antiallergik vositalar (antigistamin).
  • Og‘riqni bartaraf etish uchun spazmolitiklardan foydalanish: papaverin, Spazmomen, Dotaverin.

Xalq tabobati

Agar diareya xavfli belgilar bilan namoyon bo‘lmasa, jiddiy patologiyalarga sabab bo‘lmasligiga ko‘zingiz yetsa, ich ketishini to‘xtatish uchun xalq tabobatidan foydalansa ham bo‘ladi. Ular bolaning umumiy ahvolini yaxshilashga yordam beradi:

  • Bolada ich ketishi sababli organizm suvsizlanib qolmasligi uchun uy sharoitida tayyorlangan eritmadan foydalansa bo‘ladi: 1 litr suvda – 2 osh qoshiq shakar, 1 choy qoshiq ichimlik sodasi va tuz eriting. Agar bolada ich ketishi kuchli bo‘lsa, 2 choy qoshiqdan har 10-15 daqiqada ichiring.
  • Yallig‘lanishga qarshi va antiseptik ta’sir etuvchi o‘simliklar: chernika, yalpiz, romashka, qora kunjutdan foydalansa ham bo‘ladi.
  • Nokning quritilgan urug‘idan foydalanish.
  • Karxmalli eritma: 1 choy qoshiq kraxmalni yarim stakan suvda eritib berish.
  • Anorning quritilgan po‘stlog‘idan berish.
  • Suvda eritilgan guruch berish.
  • Romashkali choy.
  • Yangi tayyorlangan sabzi pyuresi.

Bolalarda diareya holatida xalq tabobati vositalaridan foydalanishda ehtiyotkorlik talab etiladi. Ayniqsa, chaqaloqlarda ulardan foydalanishda qarshi ko‘rsatmalar bo‘lishi mumkin. Shu sababli ich ketishini bartaraf etish uchun shifokor tavsiyalarini olish shart!

Diyeta

Bolalarda ich ketishi holatida, ular nimalarni iste’mol qilishlari mumkinligi haqida ota-onalar yaxshi bilib olishlari zarur. Kam-kamdan, tez-tez ovqatlanish talab etiladi. Bunda uglevod va hayvon yog‘larini kamaytirish kerak. Ich ketishini bartaraf etishda diyetaga rioya etish ham yaxshi samara beradi.

Iste’mol qilish mumkin bo‘lgan mahsulotlar:

  • Bug‘doy nonidan tayyorlangan suxariklar;
  • Yengil sho‘rvalar; perlovka, guruch, go‘shtli pyure, frikadelki;
  • Go‘shtlardan – mol, buzoq, indeyka va tovuq go‘shti;
  • Bug‘da pishirilgan yog‘siz baliq;
  • Tvorog;
  • Tuxumni qaynatib berish;
  • Guruch, grechka kashalari;
  • Meva sharbatlari (uzum, o‘rik, olxo‘ridan tashqari).

Iste’mol qilish mumkin bo‘lmagan mahsulotlar:

  • Sut mahsulotlari;
  • Kofe;
  • Meva sabzavotlar;
  • Yog‘li sho‘rvalar;
  • Tuzlangan mahsulotlar;
  • Fast food, pop-korn, chips, yong‘oqlar;
  • Konfet, shokolad, muzqaymoq;;
  • Gazli ichimliklar.

Bolalarda diareyani davolash kompleks ravishda olib borilishi kerak. Faqatgina medikomentoz davo bilan cheklanib qolmay, xalq tabobati va diyetadan ham foydalanish kerak. Ich kelishi yaxshilangandan so‘ng kamida 3 kungacha diyetaga rioya etib turiladi.

Diareyaning asoratlari

Diareyaning to‘liq davosi ko‘p narsalarga bog‘liq. Ko‘p hollarda bolalar umumiy ahvoli og‘irlashib qolishi va salbiy asoratlar kelib chiqishi kuzatiladi. Ular quyidagilar bo‘lishi mumkin:

  • Sudorgi (talvasalar);
  • Organizm suvsizlanishi;
  • Oshqozonning buzilishi;
  • Disbakterioz oqibatlari – dermatit, bronxial astma, surunkali gastroduodenit, ichaklar dikineziyasi, proktosigmoidit;
  • Ichak infeksiyalari neyrotoksikoz, miya shishi, elektrolitik buzilishlar, infeksion-toksik shok, sesis, gemolitik-uremik sindrom, toksiko-distrofik sindromlarga olib kelishi mumkin;
  • Dizenteriyaning asoratlari – ichaklardan qon ketish, perikolit, artrit, nevrit, ensefalit, gipotrofiya, anemiya, gipovitaminoz, pnevmoniya, otit, piodermiya;

Xavfli kasallik fonida kelib chiqqan diareyani davolash qiyinchilik tug‘diradi, bunda kasallikning o‘zini bartaraf etish kerak bo‘ladi. Suvsizlanib qolmaslik uchun organizmga suyuqliklar quyiladi. Shu sababli diareyaning ilk belgilari namoyon bo‘lishi bilan shifokorga murojaat etish lozim.

Bolalarda ich ketishi profilaktikasi

Diareyaning asoratlarini bilgan holda, bolaning ilk dunyoga kelgan kunidan boshlab uni ehtiyot qilish va ich ketishiga olib keluvchi omillardan asrash kerak. Diareyaning profilaktikasi o‘z ichiga quyidagi chora tadbirlarni oladi:

  • Bolani shaxsiy gigiyena qoidalari rioya etishga o‘rgatish;
  • Tuxum, go‘sht, baliq kabi mahsulotlarni termik qayta ishlash;
  • Meva, sabzavot va rezavorlarni yuvib iste’mol qilish;
  • Tozalangan, qaynatilgan suv iste’mol qilish;
  • Mahsulotlarning yaroqlik muddati va sifatini tekshirish;
  • Hojatga chiqqandan keyin, uy hayvonlari bilan o‘ynagandan keyin qo‘llarni yuvish;
  • Ko‘krak suti bilan boquvchi onalarning o‘zlari diyetaga rioya etishlari;
  • Qo‘shimcha ovqatlanishga o‘tishdan oldin shifokor tavsiyalarini olish;
  • Sun’iy ozuqani to‘g‘ri tanlash;
  • Immunitetni oshirish;
  • Psixologik atmosferani yaxshilash;
  • Jamoat joylaridagi suv havzalarida foydalanmaslik.

Bolalarda ich ketishning profilaktikasi kasallikdan 100 % himoya qila olmaydi, balki xavfli kasalliklar yuqish xavfini kamaytiradi. Bolaning dunyoga kelganidan boshlab uni asrang va shifokor ko‘rigidan o‘tib turing! Salomat bo‘ling!

Diqqat, maqola davomida nomi keltirib o‘tilgan kimyoviy preparatlar faqatgina tanishish maqsadida sanab o‘tilgan. Bolangizda ich ketishi kuzatilayotgan bo‘lsa, darhol shifokor-pediatrga murojaat qiling, uning tavsiyalariga ko‘ra davolanish lozim!


Bolangizni parvarishlashda ishonchli va foydali maʼlumotlar zarurmi? Marhamat, “Lalu — Onalar maktabi” mobil ilovasini hoziroq bepul yuklab oling.

Ilova orqali chaqaloq va bola rivojlanish kalendari, farzandingizni toʻgʻri parvarishlash boʻyicha koʻrsatmalar, bolalarda koʻp kuzatiladigan kasalliklar haqida maʼlumotlar olishingiz, emlash taqvimi va vazn/uzunlik kabi koʻrsatkichlarini nazorat qilib borishingiz mumkin.

Hoziroq bepul yuklab oling

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x