Bolalarda ich ketish – diareya

Bolalarda oshqozon-ichak kasalliklari nima uchun tez-tez boʻlib turadi? Buni tushunish uchun ularda ovqat hazm qilish tizimining qanday tuzilganligini bilish kerak.

Bolalarda oshqozon-ichak kasalliklari nima uchun tez-tez boʻlib turadi? Buni tushunish uchun ularda ovqat hazm qilish tizimining qanday tuzilganligini bilish kerak. Bolada ovqat hazmi uning markaziy nerv holati, butun organizmning oʻsishi va rivojlanishiga bogʻliq.

Oshqozondan ovqat 12 barmoq ichakka tushadi, bunda ona suti 1,5 soat ichida, tarkibida hazm qilish uchun uzoqroq vaqt talab qiladigan oqsil (kazein) koʻp boʻlgan sigir suti 3,5 soatda tushadi. Oshqozon-ichak yoʻli kasalliklarida yoki qattiq taʼsirlanishda ichaklar harakati kuchayadi, natijada bolaning ichi tez-tez suyuq keladi, chunki ovqatning suyuq qismi ichakda hali soʻrilmagan boʻladi. Bolaning najasi tarkibida suv miqdori 85-95 foizgacha ortadi. Diareya alohida kasallik emas, balki koʻp hollarda organizmning ovqat hazm qilish tizimidagi umumiy buzilishidan darak beradigan qator patologik jarayonlar koʻrinishida namoyon boʻladi.

Infeksiya taʼsirida aksariyat hollarda toʻsatdan qorinda ogʻriqlar (bola yigʻlaydi, oyoqlarini silkitadi) va ich ketishi (baʼzan shilliq, qon, yashil rangli moddalar va boshqa qoʻshimchalar) boshlanadi. Ayrim hollarda bu tana haroratining koʻtarilishi bilan davom etishi mumkin.

Koʻpincha kasallik ogʻir kechib, shoshilinch davo choralarini amalga oshirishni talab etadi. Bolalar organizmi juda tez suvsizlanadi. Suv va mineral tuzlar koʻp yoʻqotilishi hisobiga bolaning tanasida modda almashinuvi buziladi va ichki aʼzolar faoliyatida turli darajadagi salbiy oʻzgarishlar roʻy beradi. Avvalo, oshqozon ichak yoʻli va asab tizimi zararlanadi. Oddiy koʻringan ich ketishi qator jiddiy asoratlarga olib kelishi ham mumkin.

Ich ketishining eng koʻp tarqalgan sababi oshqozon, ingichka ichak shilliq qavatida paydo boʻlgan bakteriyalar, viruslar, parazitlar yoki ularning toksinlari oqibatida suyuqlik soʻrilishi buziladi hamda ichaklarda yalligʻlanish va zararlanish kuzatiladi.

Koʻkrak yoshidagi bolalarda kasallikning ilk belgilari ishtaha pasayishi, tana haroratining koʻtarilishi, qayt qilish, ich kelishining buzilishi (bir kecha-kunduzda 6-8 martagacha) kabilardir. Vaqtida chora koʻrilmasa bolaning ahvoli ogʻirlashib boradi va ich ketishi tezlashadi, tana harorati yanada koʻtariladi. Bemor suvsizlanib, teri va shilliq qavatlar quruqlashadi.

Salmonellyoz infeksiyasi immun himoya tizimi past goʻdaklarda juda ogʻir kechadi. Nafaqat oshqozon-ichak tizimi balki boshqa aʼzolarda ham yiringli oʻchoqlar yuzaga kelishi mumkin.

Chaqaloqlardan farqli ravishda, bogʻcha va maktab yoshidagi bolalarda salmonellyoz odatda oʻtkir boshlanadi. Tana harorati keskin koʻtariladi (38 darajadan yuqori), bosh va qorinda ogʻriq, koʻp marotaba qayt qilish, ichning tez-tez va suvdek ketishi, behollik kuzatiladi va ishtaha pasayadi. Muolajalar notoʻgʻri olib borilgan va kech boshlanganda tanada suvsizlanish kuchayadi, oʻtkir buyrak yetishmovchiligi, qon bosimining tushib ketishi, tomir urishining susayishi, tirishishlar yuzaga kelib, kasallik fojea bilan yakunlanishi mumkin.

Katta yoshdagi bolalar kasallikdan 3-4 hafta ichida tuzaladilar. Kichik yoshdagilarda esa jarayon bir necha oy davom etib, kasallik xurujli tarzda kechadi. Bemorlar sogʻaygach ovqat hazm qilish va ich kelishning buzilishi baʼzan uzoq muddat kuzatilib, disbakterioz, qorin dam boʻlishi va oziq-ovqatlarga nisbatan taʼsirchanlik yuzaga keladi.

Ichburugʻ (dizenteriya) – yoʻgʻon ichak zararlanishi bilan kechadigan oʻtkir yuqumli ichak kasalligi boʻlib uning ham asosiy klinik belgisi ich ketishi hisoblanadi.

Dizenteriya yil boʻyi kuzatiladi, lekin yoz-kuz oylarida koʻpayadi. Bu vaqtda mikroblarning koʻpayishi uchun havoning issiqligi va yetarli miqdordagi oziq moddalar qulay sharoit hisoblanadi. Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar ayniqsa bunga moyil boʻladi. Dizenteriya qoʻzgʻatuvchisi organizmga ogʻiz orqali tushib yoʻgʻon ichakka yetadi va u yerda koʻpayadi. Ular toksinlar ishlab chiqaradi va toksinlar ichakni xamda boshqa barcha aʼzolarni zararlaydi. Ichak devorlarida yaralar paydo boʻlishi va shundan qon ketishi mumkin. Dizenteriya bakteriyalari odatda qonga tushmaydi.

Rotavirusli infeksiyalar bilan koʻproq chaqaloqlar va 1-3 yoshli bolalar kasallanadi. Diareya belgisi qariyb hamma bemorlarda kuzatiladi. Gastroenterit belgilari ishtahaning pasayishi, qorinda quldirash, ogʻriq, koʻngil aynishi, qayt qilish va ich ketishi bilan xarakterlanadi. Kasallik yengil kechgan hollarda najas suyuq, koʻpikli, rangi sariq yoki sargʻimtir-yashil boʻladi. Kuniga 5-7 dan 10-15 marotabagacha ich suradi. Tanada suvsizlanishning ogʻir darajalari kuzatilmaydi.

Bemorlarda yumshoq tanglay, ravoq va tilcha shilliq pardalaridagi kataral yalligʻlanishlar, yutqum orqa devorining donadorligi kuzatiladi.

Stafilokokk diareya kasalligi tez-tez uchraydi. Kasallik manbai bemor odam va bakteriya tashuvchilar hisoblanadi. Kasallik tana va qoʻl, barmoqlardagi yaralari boʻlgan odamlardan, emizikli chaqaloqlarga koʻkragi zararlangan onalardan yuqadi.

Kasallik oʻtkir kechadi, qorinda mijgʻilab ogʻriq, koʻngil aynishi, qayt qilish kuzatiladi. Tana harorati qisqa muddatli koʻtariladi. Ich bir necha marotaba, koʻkimtir rangda, suyuq, shilliq va qon aralashmalarisiz ketadi. Kattalarda suvsizlanish belgilari kuzatilmaydi, bolalarda esa suvsizlanishning 1-2 darajasi kuzatiladi.

 

Akromjon OBIDOV,

Toshkent tibbiyot akademiyasi yuqumli kasalliklar kafedrasi dotsenti

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bolalarda-ich-ketish-diareya/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x