Bolalarda gripp

Bolalarda gripp – oʻtkir infeksiya, A, B, C guruh viruslari tomonidan kelib chiqadigan, nafas yoʻllarining zararlanishi bilan kechadigan va albatta ikkilamchi bakterial asorat qoʻshilish darajasi yuqori boʻlgan kasallik.

Gripp bolalarda yuqori tana harorati (39-40 oC) koʻtarilishi, umumiy holsizlik va kataral belgilar (tomoq qizarishi, burun bitishi, quruq yoʻtal, bodomchasimon bez kattalashishi) bilan kechadi.

Gripp diagnostikasi klinik-epidemiologik tekshiruvlar, virusni laborator aniqlash (RIF, PZR, IFA, RSK, RTGA) usuli bilan qoʻyiladi. Bolalarda grippning simptomatik davosida tana haroratini tushiruvchi, desensibilizatsiyalovchi, balgʻam koʻchiruvchi preparatlar bilan olib borilsa, etiotrop davo maqsadida virusga qarshi vositalardan foydalaniladi.

Gripp oʻtkir respirator virusli infeksiya guruhiga kiradi (Oʻ​RVI). Bu guruhga oddiy grippdan tashqari paragripp, adenovirusli infeksiya, respirator-sisitial infeksiya, rinovirusli infeksiya ham kiradi. Gripp yil davomida mavsumiylik xususiyatiga ega, aholining 30% iga yaqin qismi kasallanadi, shularning yarmini bolalar tashkil etadi. Ayniqsa, xavf guruhiga 3 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalar kiradi.

Bolalarning gripp bilan kasallanishga moyilligi kattalarga nisbatan 4-5 barobar yuqori. Koʻp hollarda gripp asoratlar bilan kechadi (bronxitpnevmoniyasinusit va boshqalar qoʻshiladi), surunkali kasalliklarni qoʻzgʻatib yuboradi. Shu sababli pediatrlar uchun gripp epidemiyasi profilaktika masalalari jiddiy muammo tugʻdirmoqda.

Bolalarda gripp kelib chiqishi sabablari

Gripp tez tarqaluvchi infeksiya boʻlib, odamdan odamga oson yuqadi. Mavsumiy gripp epidemiyasini RNK saqlovchi virusning 3 ta tipi qoʻzgʻatadi – A, B va C. virusning tashqi antigeni gemaggyutinin (H) va neyraminidaza (N) boʻlib hisoblanadi.

Eng koʻp oʻzgaruvchan antigen tuzilishga ega boʻlgan gripp virusi – A tipidagi virusdir, asosan shu tipdagi virus epidemiya va pandemiya holatlariga sabab boʻladi. Uning gemagglyutinini 15 ta tip ostiga (H1-H15), neyraminidazasi esa 10 ta tip ostiga (N1-N10) boʻlinadi. Odatda mavsumiy epidemiya vaqtida H1N1 va H3N2 shtammlari aylanib yuradi.

A virus shtammlari odamlar, qushlar va uy hayvonlarida kasallik keltirib chiqaradi.

B guruhli virus antigen tuzilishi kam oʻzgaruvchan, odatda bu virus mahalliy yoki maʼlum bir hududda epidemiya holatiga sabab boʻladi. B guruhli virus bilan faqat odamlar kasallanadilar, ayniqsa yosh bolalar.

C guruhli virus antigen tuzilishi stabil boʻladi. Odamlar va choʻchqalarda kasallik keltirib chiqaradi. Sporodik holatlarda kasallik chaqiradi.

Yuqoridagi maʼlumotlarni inobatga olib grippga qarshi vaksinalarning koʻpchiligi A va B guruhidagi virus antigeniga taʼsir koʻrsatadi.

Bolalar orasida gripp virusi havo-tomchi yoʻli orqali tarqaladi, muloqot qurganda, aksa urganda va yoʻtalganda. Bundan tashqari maishiy-kontakt usuli bilan ham gripp virusi yuqishi mumkin, oʻyinchoqlar orqali, shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanganda.

Gripp virusining tarqalishida ob-havo sharoitining oʻzgaruvchanligi (havo harorati va namligi), bolaning immun tizimi pasayishi, gipovitaminoz, yetarlicha quyosh nuriga toʻyinmaslik va bolalar jamoaviy boʻlgan joylar muhim rol oʻynaydi.

Gripp virusi organizmga burun yoki ogʻiz orqali kirib, nafas yoʻllari silindrik epiteliylarida joylashib oladi. Gemagglyutinin antigeni yordamida virus hujayralarga yopishib oladi, neyraminidaza antigeni yordamida hujayra membranasini buzadi va hujayra ichiga kiradi.

Hujayraga kirgan virus oʻzining xususiy oqsillarini sintezlay boshlaydi va koʻplab RNK larini replikatsiyalaydi. Soʻngra yangi viruslar xoʻjayin hujayradan tashqariga chiqib boshqa sogʻlom hujayralarni ham zararlaydi. Bu jarayon klinikada kataral yalligʻlanish koʻrinishida kechadi. Zararlangan hujayradan virus qonga oʻtadi va butun organizmga tarqaladi, bu esa spetsifik gripp intoksikatsiyasi bilan kechadi.

Bolalarda gripp belgilari

Virusning yashirin davri bir necha soatlardan 2-4 sutkagacha boʻlgan vaqtni oʻz ichiga oladi. Bolalarda gripp boshlanishi oʻtkir boʻlib, odatda intoksikatsiya belgilari kataral belgilardan ustun boʻladi. Koʻkrak yoshidagi bolalarda gripp boshlanish belgilari yuqori harorat boʻlishi mumkin. 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda esa yuqori harorat (39-40 oC), rinit va yoʻtal, 5 yoshdan katta bolalarda yuqori harorat, koʻp terlash, quruq yoʻtal, tomoq va burunda qizarish, ogʻriq bilan namoyon boʻladi.

Umumiy intoksikatsiya belgilariga ishtahaning pasayishi, holsizlik, adinamiya, bosh ogʻrishi, mialgiya va artralgiya, qayt qilish kabi belgilar kiradi.

Kappilyarotoksikoz natijasida qon tomirlar devori oʻtkazuvchanligi ortadi va gemorragik sindrom belgilari kelib chiqadi – burun qonaydi. Bolalarda gripp virusi markaziy nerv tizimini ham toksik zararlashi mumkin: ensefalopa.tiya, neyrotoksikoz, sudorgilar, gallyutsinatsiya va boshqalar. Yurak-qon tomir tizimi tomonidan taxikardiya, yurak tonlarining boʻgʻiqlashuvi kuzatiladi. Siydik ayirish tizimida esa mikroalbuminuriya, mikrogematuriya, diurezning kamayishi kabi belgilar namoyon boʻladi.Tipik koʻrinishda kechuvchi yengil va oʻrta ogʻir darajadagi gripp bolalarda 3-4 kun ichida oʻtib ketadi, ammo kataral belgilar 1,5-2 haftagacha saqlanib qolishi mumkin. Tuzalish davrida uzoq muddatgacha asteniya belgilari (tez charchash, holsizlik, koʻp terlash) saqlanib qolishi mumkin. Bolalarda grippning gipertoksik shakli koʻp hollarda oʻlim bilan tugaydi. Bunga sabab oʻpka shishi, pnevmoniya, DVS-sindromi, oʻtkir nafas, yurak-qon tomir va buyrak yetishmovchiligidir.

Gripp asoratlari

Bolalarda grippning asoratlari respirator va norespirator koʻrinishida boʻladi.

Respirator asoratlar koʻpincha 5 yoshdan kichik boʻlgan bolalarda uchraydi va ular quyidagilar boʻlishi mumkin: ikkilamchi bakterial infeksiya aralashuvi, pnevmoniya, bronxiolit, oʻrta otit, sinusit.

Norespirator asoaratlarga esa miokardit, miozit, ensefalit, Reya sindromi vva boshqalar boʻlishi mumkin

Ogʻir asoratlarga olib keluvchi xavf guruhidagi bolalarga 2 yoshdan kichik boʻlganlar, yondosh kasalliklari bor boʻlgan bolalar (bronxial astma, tugʻma yurak nuqsoni, immun tanqisligi boʻlgan, qandli diabet bilan kasallangan va buyrak kasalliklari boʻlgan bolalar) kiradi.

Bolalarda gripp diagnostikasi

Diagnostika qoʻyishda pediatr epidemiologik maʼlumotlar va kasallikning klinik koʻrinishiga eʼtiborini qaratadi (tana harorati, intoksikatiya, kataral belgilar, fizikal oʻzgarishlar). Laboratoriya tekshiruvida maxsus virusni aniqlovchi usullardan (PZR va RIF) foydalaniladi. Bunda virusni aniqlash uchun burun-yutqin shilliq qavatidan surtma olinadi.

Asoratlarni oldini olish uchun tor doiradagi mutaxassislar koʻrigi ham talab etiladi – bolalar otolaringologi, nevropatologi, pulmanolog va nefrolog. Albatta har bir bemorda umumiy siydik va qon analizi, koʻkrak qafasi aʼzolari rentgenografiyasi, balgʻam bakteriologik tekshiruvi, qonni steril muhitga ekish kabi usullar oʻtkaziladi.

Grippni differensial tashxisida Oʻ​RVI ning boshqa infeksiyalari, gemorragik isitma, virusli gepatit A ning prodromal davri va qizamiq, mononukleoz kasalliklari bilan olib boriladi.

Bolalarda grippni davolash

Grippning bolalardagi yengil va oʻrta ogʻir shakldagi holati uy sharoitida davolanadi. Kichik yoshdagi bolalar va ogʻir darajadagi gripp davosi kasalxonada olib boriladi. Yuqori tana harorati vaqtida qatʼiy yotoq rejimi va koʻproq iliq suyuqlik ichish tavsiya etiladi.

Bolalarda grippning etiotrop davosi maksimal darajada erta muddatlarda boshlanishi kerak. Pediatriya sohasida quyidagi virusga qarshi vositalardan foydalaniladi:

Remantadin, umifenovir, seltamivir, alfa interferon, tilorone va boshqalar.

Grippning simptomatik davosida tana haroratini pasaytiruvchi va yalligʻlanishga qarshi preparatlar (parasetamol, ibuprofen), muolitiklar (ambroksol, bromgeksin, fenspirid), yoʻtalga qarshi vositalar, burun tomirlarini toraytiruvchi tomchi vositalaridan foydalaniladi.

Grippning kompleks davosida antigistamin preparatlari va vitamin komplekslari buyuriladi. Laringit va traxeit holatlarida ingalyatsiya usulidan foydalaniladi. Bakterial infeksiya qoʻshilganda antibiotiklar qoʻllaniladi.

Bolalar amaliyotida har qanday dori preparatini qoʻllash shifokor tavsiyasiga koʻra amalga oshirilishi shart! Oʻzboshimchalik bilan kimyoviy preparatni mutaxassis tavsiyasisiz qoʻllash, ogʻir holatlarga sabab boʻlishi mumkin.

Bolalarda gripp oqibati va profilaktikasi

Mavsumiy tipik gripp odatda sogʻayish bilan tugaydi. Bola hayotiga xavf ogʻir gipertoksik koʻrinishlarida va asoratlar bilan kechganda kuzatiladi.

Epidemiya holatlarida mavsumiy gripp oldini olish maqsadida bolalarni vaksinatsiya (emlash) oʻtkaziladi. Agar oilada gripp bilan kasallangan insonlar boʻlsa, bolalarga yuqmasligi uchun interferon bilan profilaktika olib boriladi. Bundan tashqari gripp epidemiyasi profilaktikasiga jamoaviy bolalar yigʻiladigan joylarni tozalash, kasallangan bolalarga taʼtillar eʼlon qilish kabi usullar kiradi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x