Bolalarda gipotireoz – endokrin kasallik bo‘lib, tireoid gormonlarining qalqonsimon bezdan kam ajralib chiqishi yoki bu gormonlarning hujayralarga ta’sir etmaslik holatidir. Bolalarda gipotireoz holsizlik, tormozlanish, mushaklar gipotoniyasi, tishlar chiqishi kechikishi, liqildoqlarning kech bitishi, o‘sishda ortda qolish va aqliy rivojlanish kechikishi bilan namoyon bo‘ladi. Bolalarda gipotireozni erta bosqichlarda aniqlash uchun TTG gormoni, T4, tireoglobulin, antitireoid antitelolarga skrining tekshiruv o‘tkazish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari qalqonsimon bez UTT (UZI) tekshiruvi va sintigrafiya tekshiruvi o‘tkaziladi. Bolalarda gipotireozni davolashda gormon o‘rnini bosuvchi preparatlardan foydalaniladi.
Bolalarda gipotireoz – qalqonsimon bez gormonlarining yetishmovchiligi bilan kechadigan patologik holatdir. Qalqonsimon bez gormonlariga tiroksin (T4), triyodtironin (T3) va tirokalsitonin kiradi. Homiladorlikning ilk haftalarida embrionga ona organizmidagi tireoid gormonlar ta’sir ko‘rsatib tursa, homiladorlikning 10-12 – haftalariga kelib embrionning o‘zida qalqonsimon bez shakllanadi. Tireoid gormonlar qalqonsimon bezning maxsus hujayralari – tireositlarda sintezlanadi, bu hujayralar erkin yodni qon plazmasidan ushlab qoladi va o‘zida saqlaydi. Tireoid gormonlar bola hayotida normal o‘sishi uchun muhim ahamiyatga ega. Tireoid gormonlar embriogenez jarayonini boshqaradi: suyak to‘qimasining shakllanishi, qon yaratuvchi tizim shakllanishi va rivojlanishi, nafas a’zolari va immun tizimi, bosh miya o‘sishida katta ahamiyatga ega.
Bolalarda tireoid gormonlarning yetishmasligi og‘ir asoratlarga olib keladi. Bola qancha yosh bo‘lsa bu patologiya shuncha xavflidir. Bolalarda gipotireoz jismoniy va aqliy rivojlanishdan ortda qolishi (bo‘y o‘sishi, aqliy qobiliyat), moddalar almashinuvidagi buzilishlar (oqsil, yog‘, uglevod, kalsiy) va termoregulyatsiya buzilishlariga sabab bo‘ladi.
Bolalarda gipotireoz klassifikatsiyasi
Bolalarda gipotireoz tug‘ma va orttirilgan bo‘lishi mumkin. Tug‘ma gipotireoz holatlarida bolalar tireoid gormon yetishmovchiligi bilan tug‘iladilar. Tug‘ma gipotireoz uchrash darajasi bolalar endokrinologiyasi ma’lumotlariga asoslanganda 4-5 ming chaqaloqlardan 1 tasida uchrashi aniqlangan (qiz bolalarda o‘g‘il bolalarga nisbatan ikki barobar ko‘proq uchraydi).
Bolalarda gipotireoz belgilari bo‘yicha tranzitor (o‘tib ketuvchi), subklinik, manifest ko‘rinishda bo‘ladi. Tireoid gormonlari ishlab chiqarilishi buzilishi darajasiga ko‘ra birlamchi (tireogen), ikkilamchi (gipofizar) va uchlamchi (gipotalamik) shakllari farqlanadi.
Bolalarda gipotireoz sabablari
Bolalarda gipotireoz – gipotalamo-gipofizar-tireoid tizimdagi kamchiliklar natijasida rivojlanadi. 10-20 % hollarda tug‘ma gipotireozga sabab ota onalar tomonidan o‘tgan anomaliyaga uchragan gen bo‘lishi mumkin. Ammo, ko‘p hollarda tug‘ma gipotireoz tasodifiy kelib chiqadi deb hisoblanadi.
Bolalarda asosan birlamchi gipotireoz uchraydi, bunda aynan qalqonsimon bezning o‘zida patologiya kuzatiladi. Bunga sabab qalqonsimon bezning tug‘ma nuqsonlari, aplaziya, gipoplaziya, yoki distopiyasi bo‘lishii mumkin.
Homilada qalqonsimon bez zararlanishiga tashqi muhit salbiy omillari (radiatsiya, oziq tarkibida yetarlicha yod bo‘lmasligi), homila ichi infeksiyasi, homiladorlik vaqtida ayolning ba’zi dori preparatlarini qabul qilishi (tireostatiklar, trankvilizatorlar, bromidlar, litiy tuzlari), ona organizmida tireoidit autoimmun holatlar, endemik buqoq bo‘lishi sabab bo‘ladi.
10-15 % hollarda bolalarda gipotireoz kelib chiqishiga tireoid gormonlarning sintezi buzilishi va hujayradagi ushbu gormonlarni taniy oladigan retseptorlarning bo‘lmasligi sabab bo‘ladi.
Ikkilamchi va uchlamchi gipotireoz bolalarda tug‘ma gipofiz yoki gipotalamus kamchiliklari, TTG gormonining sintezida genetik defekt bo‘lishi tufayli kelib chiqadi. Bolalarda orttirilgan gipotireoz gipofiz yoki qalqonsimon bez yallig‘lanish kasalligi, o‘sma kasalliklari, travma yoki jarrohlik amaliyotlari, endemik yod yetishmasligi natijasida yuzaga chiqadi.
Bolalarda gipotireoz belgilari
Gipotireoz chaqaloqlarda quyidagi belgilar bilan namoyon bo‘lishi mumkin:
Tug‘ruq jarayonining kech ro‘y berishi (40-42 haftalarda);
Bola tana vazni ortiqcha bo‘lishi (3,5-4 kg dan yuqori);
Yuz, qosh, til (makroglossiya), qo‘l va oyoq barmoqlarining katta bo‘lishi;
Nafas olishning qiyinligi, past va qo‘pol yig‘i.