BOLALAR OʻYINLARI — bolalarni aqliy, axloqiy, jismoniy va estetik tarbiyalash vositalaridan biri. Bolalar oʻyinlari bolalarning har tomonlama kamol topishiga katta taʼsir qiladi. Oʻyin vaqtida sezgi, idrok, tafakkur, xayol, xotira, diqqat, iroda, hissiyot va b. ruhiy jarayonlar ishtirok etadi. Bolalar oʻyinlarining 3 asosiy xususiyati bor. Birinchidan, bola oʻyin faoliyatini erkiы, oʻz xohishi b-n bajaradi. Ikkinchidan, mazkur faoliyatning ijodiy va faolligidir. Uchinchidan, oʻyin harakatlarining joʻshqinligi: bola oʻyinga qiziqib ketadi, zavqlanadi, unda oʻrtoqlik hissi kuchayadi va h. k. B. oʻ. mazmuniga qarab oʻyinchoqli, voqeaband (syujetli), harakatli va didaktik oʻyinlarga boʻlinadi:
1) oʻyinchoqli oʻyinlar asosan maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning oʻyinlaridir (sodda oʻyinchoqlar, mas, shiqildoq, kubiklar oʻynash; qum b-n oʻynash);
2) voqeaband oʻyinlarda bolalar kattalar faoliyatiga taqpid qilishadi. Bu oʻyinlar bolaning tashqi muhitidagi voqelikni aks ettiradi (mas, «bola boqish», «ovqat pishirish», «bogʻchabogʻcha» oʻynash va b.) Bolalar ulgʻaygan sari ularning voqeaband oʻyinlari ham murakkablasha boradi;
3) harakatli oʻyinlarni bolalar yakkayakka yoki birgalikda bajaradilar (mas, koptok oʻynash, tez yugurish va b.). Bu oʻyinlar maktab yoshidagi bolalarga ayniqsa foydalidir: bolalar sogʻligʻini mustahkamlaydi, ularni irodali qilib tarbiyalashga yordam beradi. Bolalarning sport oʻyinlari ham harakatli oʻyinlardandir;
4) didaktik oʻyinlar ni tarbiyachilar oʻylab topadi. Bu oʻyinlar bogʻchalarning katta guruxlarida tarbiyalanadigan va boshlangʻich sinflarda oʻqiydigan bolalarga moʻljallanadi (mas, tabiiyilmiy mavzularga, chet tili soʻzlarini eslab qolishga oid, loto oʻynash va h. k.). Bu oʻyinlar bolalarda sezgi, idrok, diqqat, xotira, zehn kabi sifatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bolani sogʻlom va baquvvat boʻlib oʻsishiga imkon beradi.