Umumadabiyotimiz singari bolalar adabiyoti ham izlanish va harakatda.
Birgina, oʻtgan yili bolalar adabiyoti vakillarining chop etilgan asarlari bunga misol boʻlaoladi. Ular: Dilshod Rajabning “Oʻn oʻrtoq”, Sodiqjon Inoyatovning “Onamni sogʻinib”, Xudoyberdi Komilovning “Kim qanday uxlaydi?”, Zafar Isomiddinning “Arslonshohning patiri”, Vali Ahmadjonning “Orzularim egasi”, Erpoʻlat Baxtning “Shodlik hidi”, Shukrulla Abdullayevning “Arxarlar sardori”, Mehribongul Tojimurodovaning “Bolalikning bir kuni”, Aziza Qudratovaning “Oltin tariq” va namanganlik sakkiz yosh qalamkashning dastlabki izlanishlari jamlangan “Ilk parvoz” nomli sheʼriy va nasriy kitoblaridir.
Mazkur kitoblar haqidagi mulohazalarimni Sodiqjon Inoyatovning “Onamni sogʻinib” toʻplamidan boshlashni niyat qildim. Sababi, Sodiqjon Inoyatovning “Onamni sogʻinib” toʻplami oʻtgan yilda chop etilgan bolalar adabiyoti namunalari orasida badiiyat nuqtai nazaridan alohida ajralib turadigan kitoblardan biridir. Shoirning toʻplamidan joy olgan “Yangi bola” sheʼri oʻzgacha yoʻsinda yozilgan baquvvat sheʼr:
U suzongʻich takaning // Ushlolmadi shoxidan.
Nok oʻgʻirlay olmadi // Nosir aka bogʻidan.
Dedim: – Qoʻrqoq boʻlmasang, // Olaparni bitta sol!
Eplolmaysanmi? Qani, // Bu yerdan tez joʻnab kol!
Xullas, bizning “sinov”dan // Oʻta olmadi sira.
Mahallada yoʻq unga // Bitta ham oʻrtoq, joʻra.
Ammo qoʻshni bolakay // Choʻkayotgan payt suvga,
Oʻzini soyga otib // Tik boqdi u qoʻrquvga!
Bolalar shoirlarining sheʼrlari kahramonlari, koʻpincha, shoʻx-shaddod, topqir, ozgina quvrogʻu ozgina soddaroq bolakaylar. Biroq, mazkur sheʼr qahramoni ularning aksicha, boʻsh-bayovgina bola. Yangi bolani saflariga qoʻshib olishga arzir-arzimasligini sinovchi bolalar nazarida, suzongʻich takaning shoxidan ushlay olish, Nosir akaning bogʻidan nok oʻgʻirlay olish singari “qahramonliklar”ni bajarish uning kimligini belgilashga xizmat qiladi. Afsuski, yangi bola (uning hatto oti ham yoʻq) bu sinovlarni bajara olmaydi, hatto Olapar itni ham tepolmaydi. Demak, xulosa ham tayin, bu qoʻrqoq bolaga mahallada bitta ham doʻst, oʻrtoq boʻlishi mumkin emas. Sheʼrning muvaffaqiyati esa kutilmagan xulosada, yaʼni, tashqi koʻrinish, jismoniy kuch hali hech narsani hal qilmasligining yorqin va asosli aks ettirilganida, “sinovchi”larning tan olishlaridadir. Insonning mardligi, haqiqiy qiyofasi, odatda, favqulodda hodisalar paytida namoyon boʻladi. Suvga choʻkayotgan odamni qutqarish maqsadida, suvga sakrash har kimning ham qoʻlidan keladigan mardlik emas. Buning uchun, shoir aytmoqchi, “qoʻrquvga tik qaray olish kerak”. “Sheʼr hayratdan tugʻiladi”, degan gap ham bor. Demak, “Yangi bola”ni yosh kitobxonga manzur qiladigan sifat, borib-borib oʻsha hayratga, tan olishga taqalsa, ajabmas.
Sodiqjon Inoyatov sheʼrlariga xos jihatlardan yana biri – uning sheʼr vazni, qofiyasi, turogʻi singari shakliy jihatlariga jiddiy eʼtiborida namoyon boʻladi. “Yumronqoziq” sheʼri shu jihatdan eʼtiborga sazovor:
Ochligidan // Tutaqib,
Yalmogʻizday // Yutaqib,
Keldi Quyon // Iniga.
– Salom berdik // Iniga.
Kulib-silab // Boshini,
Ichib ketdi // Oshini.
Sheʼrda yumronqoziqning ayyorligi (xalqona “ishing tushganda echkini aka deyish mumkin” hikmatiga ishora) qanchalik ishonchli tasvirlangan boʻlsa: “a-a”, “b-b”, “v-v” tarzida qofiyalanish tizimida “tutaqib-yutaqib” qofiyasidagi ketma-ket 6 tovush takrori, “boshini-oshini” qofiyasidagi 5 tovush takrori, ayniqsa, “iniga-iniga” qofiyalanishidagi soʻz oʻyini (in – uy, ini – aka, uka) sheʼr ohangdorligi va maʼnodorligini maʼlum darajada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Xudoyberdi Komilovning “Kim qanday uxlaydi?” toʻplami ham oʻtgan yili chop etilgan bu boradagi maʼqul kitoblardan hisoblanadi. Toʻplamdan joy olgan “Chorasiz rassom”, “Qoʻshoq nega beoʻrtoq?”, “Tanbalvoyning orzusi”, “Shikoyatlar” turkumidagi “Tramvayning shikoyati”, “Taksining shikoyati” singari sheʼrlarni badiiy jihatdan pishiq, shakliy jihatdan raso sheʼrlar sifatida qayd etish joiz. Ayniqsa, yosh bola timsolining turli qirralarini tasvirlashga bagʻishlangan sheʼrlarini ijodkorning muvaffaqiyatli izlanishlari samarasi sifatida baholash maqsadga muvofiq. Jumladan, “Qoʻshoq nega beoʻrtoq?” sheʼri nafaqat badiiy, balki maʼrifiy-tarbiyaviy nuqtai nazardan ham eʼtiborga molik:
Uch yildirki // Oʻylar Qoʻshoq:
– Kimni qilsam // Ekan oʻrtoq?
Qoʻshnim Adham // Yaxshi, biroq
Jahli yomon, // Feʼli chatoq.
Dilmurod sal // Kalondimogʻ,
Salimjonning // Shimi yamoq.
Lapas joʻram // Yaxshiku-ya,
Ammo u ham // Shalpangquloq.
Alisherning // Sochi paxmoq,
Gʻanisher-chi, // Sal-pal ahmoq.
Ahmad qoloq, // Rahmat shaloq.
Eshmat oʻpoq, // Toshmat soʻpoq.
Uch yildirki // Oʻylar Qoʻshoq,
Qotib ketdi // Kalla qovoq.
Hoy bolalar, // Ayting bundoq:
Qoʻshoq kimga // Boʻlsin oʻrtoq?
Xalqimizda: “Eshmat oʻpoq, Toshmat soʻpoq” deb boshlanadigan hikmatli soʻz bor. Shoir ushbu hikmatli soʻzni muvaffaqiyatli qoʻllab, shu asosda, oʻzgalardan faqat ayb axtaradigan va, shuning oqibatida, doʻstsiz qolib ketayotgan bola xarakteridagi illatni xolis tasvirlaydi. Sheʼr oxiridagi bolalarga murojaat esa, aslida, ritorik soʻroq. Chunki, “beayb parvardigor” deydi dono xalqimiz. Doʻst qidirgan odam oʻzgalardan fazilat axtarishi kerak. Ushbu sheʼr shu maʼnoda “donoga ishorat, nodonga kaltak” vazifasini muvaffaqiyatli oʻtay oladi.
Xudoyberdi Komilovning “Shikoyatlar” turkumidagi “Tramvayning shikoyati” va “Taksining shikoyati” sheʼrlari, muayyan maʼnoda, Anvar Obidjon taʼsiridan xoli emas. Anvar Obidjonning “Kumush uy” turkumiga kiruvchi ramzlarga yoʻgʻrilgan sheʼrlaridagi ohanglar Xudoyberdi Komilov ijodida oʻziga xos tarzda yangilangan desak, xato boʻlmasa kerak. Jumladan, “Tramvayning shikoyati” sheʼriga nazar solaylik:
Oʻngga yurish mumkinmas, // Chapga yurish mumkinmas.
Charchab qolsam bir nafas, // Toʻxtab turish mumkinmas.
Hatto, oddiy rulim yoʻq, // Chunki boshqa yoʻlim yoʻq.
Oʻtsa hamki necha yil, // Shu izdaman muttasil.
Osma simlar qoʻymaydi // Erkin qadam bosgani.
Nima qilay, shu ekan // Peshonamga yozgani?
Aslida, bu ham qiziq: biz farzandlarimizni toʻgʻri yoʻldan yur, toʻgʻri qadam bos, toʻgʻri gapni gapir tarzida faqat toʻgʻrilik sari chorlaymiz. Shoir esa muttasil bir izdan yurishga mahkum etilgan tramvayning bir xillikdan zerikkanini chiroyli tarzda tasvirlay olgan. Shunisi qiziqki, Xudoyberdi Komilov tramvayi muttasil bir izda yurishidan shikoyat qilsa, Vali Ahmadjonning “Orzularim egasi” toʻplamidagi “Ehtiyotkor tramvay” sheʼrida ushbu holat ijobiy hodisa tarzida tasvirlanadi:
Temir izdan chiqmayin, // Chopib, ishlab boradi.
Adashmayin deb yana // Simni ushlab boradi.
Oʻylab qarasangiz, har ikkala nuqtai nazarda ham haqiqat bor: Xudoyberdi Komilov tramvayi bir oz yoshi ulugʻroq, doimiy bir xillik uning joniga tekkan; Vali Ahmadjon tramvayi esa yoshroq, shu sababli ham adashib qolmay deb simni ushlab yuradi. Nazarimizda, ijodkorlik, oʻziga xoslik ham ana shunda namoyon boʻladi: bizga bir xil koʻrinadigan holatni turli ijodkorlar turli jihatlardan, turli nuqtai nazarlardan talqin etishlari mumkin:
Vali Ahmadjonning “Orzularim egasi” toʻplami ham 2011 yilda chop etilgan kitoblar orasida oʻziga xos badiiyati bilan ajralib turadi. Toʻplamdagi “Oymoma – oltin chiroq”, “Sogʻintirma bahor”, “Tajribadan soʻng”, “Igna”, “Gʻaroyib ot”, “Tilla baliq tilagi” singari oʻnlab sheʼrlarni har qanday talabchan kitobxon huzur qilib oʻqiydi, deb oʻylayman. Shoirning “Buloqning yuragi” sheʼri bu jihatdan ahamiyatga molik:
– Ayta qoling, dadajon, // Oʻylantirar bir jumboq.
Oʻt yoqmasa ham birov, // Nega qaynar hoʻ buloq?
– Odamlarga yaxshilik, // Oʻyida yashar buloq.
Shu tufayli yuragi // Joʻsh urib turar har choq.
Buloq tubidan qaynab chiqayotgan suvni koʻrgan yosh bola (lirik qahramon) dadasiga hayratini namoyish qilishi, shubhasiz. Chunki, avvalo, uning dadasi bilmaydigan narsa yoʻq, ikkinchidan esa, buloqning tagidan birov oʻt yoqmasa, suv qanday qilib qaynashi mumkin?! Savol qanchalik tabiiy boʻlsa, javob ham shu qadar ishonarli: odamlarga yaxshilik qilish maqsadida yashayotgan buloqning qalbi doimo joʻsh urib turadi (joʻsh urmoq – qaynamoq).
Xuddi shunday taʼriflarni yuqorida qayd etilgan boshqa kitoblar haqida ham aytish mumkin. Ularning barchasi bolalar adabiyotimiz, har holda, rivojlanish yoʻlidan borayotganligini tasdiqlaydi. Lekin men taʼrif-tavsifni shu oʻrinda toʻxtatib, baʼzi tanqidiy mulohazalarimni ham oʻrtaga tashlamoqchiman.
Yuqorida tilga olingan toʻplamlarning deyarli barchasida uchraydigan kamchiliklardan biri – sunʼiy qofiyabozlikda namoyon boʻladi. Fikrimni dalillash uchun ayrim misollarga murojaat qilaman:
Malika taka-puka, // Chunki yoʻq unda uka…
Toʻyguningcha opichlab, // Achom qilib, oʻpichlab.
(Xudoyberdi Komilov. “Malika”.)
“Taka-puka”, odatda, qoʻrqish bilan bogʻlanadi. Malikaning qoʻrquviga nima sabab bor? Bu oʻrinda, “taka-puka” bor-yoʻgʻi “uka”ga qofiya, xolos. “Oʻpichlab” deb ishlatish ham sunʼiy, “opichlab”ga qofiya uchun “qulogʻidan tortib” keltirilgan.
Ikkinchi xil nuqsonlar ijodkorlarning soʻz tanlash mahoratiga taalluqli boʻlib, koʻpincha, kerakli soʻzlarni tanlay olmaslikda aks etadi. Baʼzi misollar:
Osmondami, koʻkdami, // Boʻlsang hamki qayda san,
Bir kun emas, bir kuni // Yana yerga qaytasan.
(Xudoyberdi Komilov. “Raketaning samolyotga maktubi”.)
Bu misrada “osmondami, koʻkdami” boshqa-boshqa maʼnolarni anglatuvchi soʻzlarmi? Ularni qarama-qarshi maʼnoda ishlatib boʻladimi?
Navbatdagi misolda nooʻrin ishlatilgan soʻzlarni toʻla anglash uchun sheʼrni toʻliq keltiramiz:
Qopagʻon it bir kuni, // Irilladi, gʻashlandi.
Maktabga ketayotgan // Hafizaga tashlandi.
Oʻqdek uchib keldimu // Tepdim uni ayamay.
Kutilmagan zarbadan // Qochdi ortga qaramay.
Qaydan keldi jasorat, // Hanuz anglab yetmayman?
Qarshimda sher boʻlsa ham // Endi ortga qaytmayman.
“Qoʻrqmang, men bor”, dedimu // Mardlarga xos qaradim.
Qaymoq yegan mushukdek // Lablarimni yaladim.
“Katta rahmat sizga”, deb, // Ushlab qoʻydi qoʻlimdan.
Dik-dik urar yuragim, // Adashdim-ku yoʻlimdan.
(Vali Ahmadjon. “Koʻrinmas ip”.)
Sheʼrdan koʻzda tutilgan maqsad yaxshi, muallif endi voyaga yetib kelayotgan yosh yigit-qiz koʻngillarida chechak otayotgan munosabatlar iplarining bogʻlanishini tasvirlamoqchi. Biroq, “qaymoq yegan mushukdek lablarini yalash” iborasini ijobiy maʼnoda qoʻllash mumkinmi? Bunday holatda yurak “dik-dik” emas, “duk-duk” ursa kerak. Bundan tashqari, nega lirik qahramon “adashdim-ku yoʻlimdan”, deydi? “Yoʻldan adashish” iborasi ham, odatda, salbiy maʼnoda qoʻllanmaydimi?
Albatta, yuqorida qayd etilganidek, “beayb parvardigor” yoki “oyning yuzida ham dogʻ bor”. Binobarin, ish bor joyda kamchilik ham boʻladi. Eng asosiysi, bolalar adabiyotimiz, ayniqsa, sheʼriyatimiz bir joyda toʻxtab qolmagan, uning oʻziga xos namunalari, ozmi-koʻpmi yaratilayapti, ustozlar yoniga umidli navqiron avlod kirib kelayapti. Mana shuning oʻzi dilga taskin beradi, bolalar adabiyotimizning ertasidan umid baxsh etadi.
Rahmatulla BARAKAYEV,
filologiya fanlari nomzodi
“Sharq yulduzi”, 2012–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bola-qalbining-chechaklari/