Bola boʻla olgan bolalar adibi

Oʻzbek maʼnaviy dunyosidan keng joy egallagn asarlar olamida oʻzbekning yana bir zabardast shoiri, iqtidorli bolalar yozuvchisi Anvar Obidjonning ismi qayd etilgan kitoblar ham bir talay. Jumladan, yozuvchining bolalar dunyosi bilan uygʻunlashgan, bolalarcha begʻuborlik bilan yozilgan bir qancha kitoblari: “Ey, Yorugʻ dunyo”, “Meshpolvon”, “Masxaraboz bola”, “Juda qiziq voqea”, “Oʻq oʻtmas bolakay yoxud Oltin yurak”, “Atrofimizdagi qiziqchilar”, “Mulla baqaloq” kabilar yuqoridagi fikrimizning isbotidir.

Anvar Obidjon “Bolalar kutubxonasi”ga atab yozgan kitoblarida bolaning dunyosi, bolaning oʻy-xayoli, bolaning ruhiyatiga chuqur kira olgan desak yanglishmagan boʻlamiz. Shoir nafaqat bolalar uchun, balki, kattalr uchun ham oʻziga xos ibrat bola oladigan hikoya, qissa, sheʼr, doston-qissalar muallifi hisoblanadi. Masalan, yozuvchining “Oʻq oʻtmas bolakay yoxud oltin yurak” kitobida keltirilgan “Alamazon va uning piyodalari” qissasida voqealar rivojining kechish jarayonlari, qolaversa, shu kitobdan oʻrin olgan “Pashshavoyning boshidan kechirganlari”, “Atrofimizdagi qiziqchilar”, “Futbol toʻpining sarguzashtlari” kabi hikoya, qissalardan olinadigan xulosalar bola dunyosini kengaytirish bilan birga kattalar uchun ham maʼlum maʼnoda ibrat, oziq bera oladi.

“Alamazon va uning piyodalari” nomli qissasini yozuvchi bolalarga mos tarzda sarguzashtlarga boy qilib yaratgan. Alamazonning bolalarga xos boʻlgan shoʻxliklari, qiziqishlari ajoyib tarzda tasvirlangan. Masalan, Alamazonning qiziqishalarini olaylik, qahramonning birinchi qiziqishi holdan toyguncha futbol oʻynab charchagach, choʻzilib olib kitob oʻqish; ikkinchi qiziqishi kitobda oʻqiganlari haqida xayol surish va xayol surishdan jumbishga kelgan tuygʻularini qogʻozga tushurib sheʼr mashq qilish; uchinchi qiziqishi oq qogʻozga termulib koʻzlari toliqqach yana holdan toyguncha futbol oʻynash.

Shoir qahramonning oʻy xayollarini xuddi bola dunyosining, bola oʻy xayollarining ichida yashayotgan holatda aks ettirgan. Alamazonning doʻsti Eshmat bilan boshdan kechirganlarini, ularning bolalarcha begʻubor ekanliklarini, oʻzga bir olamga tushib qolgach, u yerda buzilgan boshqaruvni tiklab, mamlakatda adolat qaror topishiga qoʻshgan hissalarini kuzatsak, Alamazon kichkina bola boʻlishiga qaramay, oʻzini kattalarcha tutishi va shu bilan birgalikda bolalarcha quvlik ham borligi yozuvchining bola dunyosiga naqadar kira olganini koʻrsatib turibdi. Qissadagi yovuzlik ustidan ezgulik gʻalaba qozongani ham bolalarning koʻnglida adolat gʻalaba qozonishi kabi ezgulik urugʻining sepilishiga katta hissa qoʻshadi. Bu qissani oʻqigan yoki eshitgan bolalar bolalarcha begʻubor, pok koʻnglida hayotdagi haqiqatlardan biri yaxshilik yomonlikdan koʻra afzal va ustun ekanligini tuyadilar. Bu qissadan nafaqat bolalar balki kattalar ham ibrat olsa arziydi. Alamazonning doʻsti Eshmat bilan qilgan botirliklarini oʻqigan bolalar, albatta, oʻzbek bolalarning dovyurak, jasur, mard, qurqmas ekanliklarini kuzatishlari mumkin. Chunki, Anvar Obidjon bu qissada Alamazon va Eshmat obrazi orqali, avvalo, jasur, adolatli, qoʻrqmas va albatta begʻubor oʻzbek bolalarini tasvirlagan desak yangilishmagan boʻlamiz.

Bundan tashqari yozuvchining “Atrofimizdagi qiziqchilar” turkumi ham diqqatga sazovor. Adib unda, atrofdagi turli xil jonzotlar obrazi orqali, ularning ichki dunyosi odamlarniki singari xilma-xil ekanligini mahorat bilan tasvirlab, bolalar uchun goʻzal hikoyalar yaratgan. Masalan, turkumda qargʻaning, kuchukning, choʻchqachaning, hakkaning, quyonnig, toʻngʻizning va yana bir qancha hayvonlar tilidan hikoya qilingan ibratli hikoyalar bor.

Yozuvchining yana bir “Pashshavoyning boshidan kechirganlari” nomli roman-fojiasida yozuvchi bir pashshaning boshiga tushgan kulfatlar orqali odamlar boshiga tushishi mumkin boʻlgan tashvishlarni ifodalab, oʻquvchini irodali boʻlishga, hayotdagi pastu balandliklarda bukilmasdan, dadil yashashni davom ettirishga undaydi. Bu esa bolalar qalbida oʻzgacha tarbiyaning uygʻonishini taminlaydi. Nafaqat bolalar, balki kattalarga ham oʻziga xos saboq vazifasini oʻtaydi.

Yozuvchining kattalarga atalgan “Akang qaragʻay Gulmat” kitobida ham mutoyibaga juda boy qissa va hikoyalarni koʻrishimiz mumkin. Masalan, bu kitobdagi obrazlardan biri Mirzaqand obrazini tilga olishimiz bilan kitobni oʻqib chiqqan odamlarda begʻubor tabassum uygʻonadi. Mirzaqand oʻzi koʻp ichsa ham lekin qalbi toza, hazil-mutoyibaga boy odam. Uning sichqon ovlash, istefo, goʻlaxlikda, roʻzgʻorni qoʻmsash, yarashuv oshi kabi holatlar bilan bogʻliq hajvlarda yumor bilan birgalikda turmushning achchiq haqiqatlari yozuvchi tomonidan mahirona tasvirlangan. Odamdek yashashni qoʻmsab, xotini bilan yarashmoqchi boʻlgan Mirzaqand tilidan aytilgan ushbu qochirimli jumlalarda fikrimizning isboti bor: “Xex-xex-xe, oʻzi-ku meni deb oʻlib yuribdi, yana shart qoʻyganiga kuyaymi. Yarashadigan boʻlsa avval ichishni tashlasin deganmish, qara-ya. Shu desang… oʻzimniyam jonimdan oʻtib ketdi shunaqa yurish. Xotinimni juda sogʻindim, oshna. Boshim qotib qoldi – bir yoqda xotin, bir yoqda shisha, biri-biridan chiroyli. Sen nima deysan, hoʻv, unisini oʻpsammikan, bunisini oʻpsammikan?”

Anvar Obidjon kattalar uchun koʻp sheʼrlar ham yozgan. “Tanlangan sheʼrlar – 2” kitobi garchi kattalarga atalgan boʻlsa-da, unda bolalar olami haqida ham bir qancha ibratli sheʼrlar bor. Buning yaqqol namunasi sifatida “Qizalogʻim” sheʼrini koʻrsatishimiz mumkin. Shoirning naqadar bolajon ekanligini va bolalar dunyosiga yaqinligini birgina shu sheʼrning oʻzi yaqqol isbotlaydi. Bu sheʼrning paydo boʻlishi ham qiziq. Ushbu holni shoir shunday bayon etadi: “Televizorda fashistlar tinch aholini qanday qirgʻin qilgani koʻrsatildi. Boshiga katta junroʻmol oʻragan uch yoshlardagi qizaloq politsay taʼqibida yolgʻiz izillab borayotganini koʻrib, koʻzimdan yosh quyildi”.

 

Qizalogʻim

Mitir-mitir odimlab

Bormoqdasan sovuqda.

Seni toshdil politsay

Haydab kelar tovuqday.

Yuziga pes toshgan charx

Botmish qontus boʻyoqqa.

Anglolmaysan – quvgan kim,

Eltar oxir qayoqqa.

Chapga buril, qizaloq,

Qoch, ergashma har kimga;

Sindirib chiq ekranni,

Otil issiq bagʻrimga!

Bolaxoʻrga jazo shu:

(Oʻlsin sen-la olishmay! )

Siniq oyna ostida

Qolib ketsin politsay.

Abdullajon nabiram

Qaytmas joyda “uxlar”toq.

Mayli, senga buyursin

Unda qolgan oʻyinchoq.

Pachoqlab chiq ekranni,

Oʻzgart qismat chizigʻin.

Tilsin befarq koʻzlarni

Toʻzgan oyna sinigʻi…

Sen – uvol qiz hurmati

Arzir olam oʻkransa.

Ellar yanchib kin-qasdin,

Tinch yashashni oʻrgansa!

 

Sheʼrni oʻqigan odam bir millat vakili boshqa bir millat farzandiga achinish koʻzi bilan qaraganini koʻrishi mumkin. Shoir hattoki qizaloqning politsay taqibidan qochishi uchun yoʻl ham koʻrsatadi. Qizaloqni himoya qilish uchun uni bagʻriga mahkam bosishga va nabirasi Abdullajondan qolgan oʻyinchoqlarni ham unga berishga tayyor. Qizchaga achinganidan, u televizorning ekranini pachoqlab chiqib, taqdir chizigʻini oʻzgartirishini istamoqda. Shoirning bu sheʼri orqali naqadar bolaparvar, kichkintoylarga mehribon ekanligini koʻramiz.

Biz, yuqoridagi fikrlarga tayanib, asosan kichkintoylar uchun ijod qilib kelayotgan Anvar Obidjonni bolalar dunyosiga oʻta yaqin, bola koʻnglini tushunishga qodir, bolalar uchun yozgan asarlarida bola boʻla oluvchi Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy, Abdulla Qahhor, Xudoyberdi Toʻxtaboyev kabi xassos ijodkorlarimiz qatoriga qoʻsha olamiz.

 

Numon NASRULLAYEV,

talaba (ToshDOʻTAU)

 

Dilnoza JOʻRAYEVA,

oʻqituvchi

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. A. Obidjon. “Ey, Yorugʻ dunyo…”. Tosh. Gʻ. Gʻulom, 1983
  2. A. Obidjon. “Akang qaragʻay Gulmat” Tosh. Yosh gvardiya. 1987
  3. A. Obidjon. “Oʻq oʻtmas bolakay yoxud oltin yurak”. Tosh. Sharq. 2011
  4. A. Obidjon. “Tanlangan sheʼrlar – 2”. Tosh. Sharq. 2014

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bola-bola-olgan-bolalar-adibi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x