Bogʻ tebranib guvranadi

 Shamol

 

Daraxtlarni silkitib,

Tegmaganga tegib xit,

Kezar shamol gʻuv-gʻuv.

 

Bandin uzgan yaproqlar –

Uchqur-chopqir toychoqlar

Oʻynab yurar quv-quv.

 

Yum-yumaloq soqqaday

Dum-dumaloq olmalar

Qulab tushar duv-duv.

 

Qoʻrqib ketgan qushchalar

Sapchib koʻkka ucharlar,

Koʻtarishib qiy-chuv.

 

Gʻazablangan dev kabi,

Kattakon bogʻ tebranib

Guvranadi guv-guv.

 

 

Qarash

 

Kungaboqar chindanam

Menga juda yoqadi,

U doim yorugʻlikka,

Yuksaklikka boqadi.

 

Lekin hamma ham unga

Shu koʻz bilan qaramas,

Baʼzilar bor hayotda

Fikri-zikri qorin, nafs.

 

Farqi yoʻqdir ularga

Qay tomonga boqishin,

Ular uchun muhimi

Pistasini chaqishdir.

 

 

Sayohatchilar

 

Eh, soʻramang qanday, deb,

Tunov kungi sayohat?!

Chiqdi oyoq ostimas,

Bosh ustidan falokat.

 

Bosib kelib, bir pasda

Qora bulut galasi,

Ustimizdan paqirlab

Quydi rosa jalasi.

 

Toʻrt tomon yaydoq kenglik,

Soyabon yoʻq aksiga.

(Qolarkansan noiloj,

Duch kelsang koʻk qahriga.)

 

Qaytdik uy-uyimizga

Shalabbo boʻlib, gap shu.

Sayohat burnimizdan

Chiqyapti… apshu, apshu!

 

 

Kun botgach

 

“Kelayotir qora vahma!”

Bu xabarni olib shartta

Xabarchi yel gʻirillaydi.

 

Qushlar qotar, uni oʻchib,

Shoxlarga yopishib, choʻchib,

Yaproqchalar dirillaydi.

 

Borliq ichga yutar damin,

Yashirolmay qoʻrqqanini

Chigirtkalar chirillaydi.

Qoʻrqoqlarning ustidan xoʻb:

“Vah-vah-ha”lab, kulishib shoʻx –

Qurbaqalar qurillaydi.

 

 

Ot qochgan

 

Arqon uzanib yotar,

Chirt uzilib belidan.

Javrar, turolmay egar,

Qulab tushgan yeridan.

Parvo qilmay, tik qoziq

Maqol aytar qaqqayib:

“Oʻz qozigʻin topadi

Ot aylanib-aylanib!”

 

 

Tandirga hazil

 

Sen borki, non – hayot bor,

Jon tandirjon, oʻlma san.

Lekin-lekin bunchalar

Ogʻzi ochiq boʻlmasang.

 

Kuyib-pishib qolasan,

Qiynab shirin joningni.

Uzib, olib ketarlar

Ogʻzingdagi noningni.

 

 

Ketmon

 

Ishlar sahardan to kech,

Orom nima bilmaydi.

Tun chogʻi uxlasa ham,

Tikka turib uxlaydi.

 

 

Mening taʼrifimcha

 

Bobom – sayyoh kemasi,

Buvim – ertak kitobi.

Ayam – qand fabrikasi,

Dadam – “Oʻqi!” xitobi.

Akam – koʻrsatkich barmoq,

Oʻzim – mushtlayman, biroq

“Hunar”larim bir quloch.

Siz, koʻnglingiz boʻlsin toʻq,

Jimsiz-ku, sizga gap yoʻq.

 

Dilshod RAJAB

 

“Sharq yulduzi”, 2014–4

https://saviya.uz/ijod/nazm/bog-tebranib-guvranadi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x