Bogʻingizda koʻzlarim buloq

Hayot

 

Menga juda yoqadi hayot,

Katta-kichik toshlari bilan,

Shoxlardagi titroqlari-yu,

Maysalarda yoshlari bilan.

 

Sevimlidir koʻzimga shundoq

Pushti rangga boʻyalgan ufq,

Qaldiragan momaqaldiroq,

Chaqmoq kabi chirmashguvchi ishq.

 

Daraxtlarning qaddu boʻyiga

Harir libos boʻlsa hovurlar.

Koʻchalarni minnatdor qilib

Oʻtsa chelak koʻtargan hurlar.

 

Paykallarning ichiga mehnat

Tiksa yashil bayroqlarini.

Ariqlarning boʻyiga yalpiz

Boshlab chiqsa oʻrtoqlarini.

 

Menga juda-juda yoqadi,

Besh harfdan iborat – hayot.

Barcha unib – oʻsguvchilarga

Yarashadi bu chiroyli ot.

 

Dovondagi lolalar

 

Lolalar toqqa qocharkan,

Barglarini tutdilar,

Sirgʻanib toshlar ichindan

Zoʻrgʻa-zoʻrgʻa oʻtdilar.

 

Yam-yashil yaproqlarin

Zumrad ipakli toʻn kabi

Toshlar yoninda oʻltirib,

Tizlariga tortdilar.

 

Bu gunogun gul ichinda

Qora gʻamning soyasi,

Shunchalik nozik chechakka

Muncha qaygʻu qotdilar?

Besabab ermas ekan-da,

Lolalarning qaygʻusi,

Ushlashib, zumrad toʻnin

Beliga bogʻlab sotdilar.

 

Qirq yil

 

Qirq yildirki ostonangizda

Rayhon ekib oʻltiradirman.

Qirq yildirki atrofingizni

Gullar bilan toʻldiradirman.

 

Yuzlarimning qizilligini

Xinolarga berdim ataylab.

Tushib qolsa koʻzingiz, sizga

Qarasinlar tabassum aylab.

 

Soʻlmasin, deb, nigohlaringiz

Yashil yaproqlarimni berdim.

Ustun qilib koshonangizga

Tillo barmoqlarimni berdim.

 

Bogʻingizda koʻzlarim buloq,

Kipriklarim giyoh boʻldilar.

Tolmachadek edi qomatim,

Endi qurib, qiyoq boʻldilar.

 

Ishq ilashdi ishq osmonidan –

Ishq toqidan tushdim ataylab.

Qaytgin, dedi, ishqqa yor olam,

Borgan yering muborak aylab.

 

Rayhon

 

Rayhonni siz bekor yaxshi koʻrmaysiz,

Rayhonning bir ajib turishlari bor.

Shamollar boshidan aylanib oʻtsa,

Xush hidlar taratib, kulishlari bor.

 

Rayhonni siz bekor yaxshi koʻrmaysiz,

Barglari siyohrang, gullari mayda.

Barcha chechaklarning keladi rashki.

Ularga siz kabi ishqiboz, qayda?

 

Rayhonni siz bekor yaxshi koʻrmaysiz,

Kelgandir jannatning tomonlaridan.

U Momo Havoning koʻzyoshin ichib,

Unib chiqqan asli tovonlaridan.

 

Shu katta vodiyning chekka bogʻida

Rayhonlar oʻsadi, gullari mayda.

Barcha chechaklarning keladi rashki,

Ularga siz kabi ishqiboz, qayda?

 

Dunyoyi davvorni aylandik

 

Dunyoyi davvorni aylandik,

Koʻnikdik ertayu kechiga.

Ayo, doʻst, yur, endi, ketaylik,

Ketaylik koʻngilning ichiga.

 

Qahraton qishlarda digʻdirab,

Koʻnikdik ayozning kuchiga.

Bir iliq ilinjni axtarib,

Ketaylik koʻngilning ichiga.

 

Koʻngil ham chechaklar nafarmon

Ochilgan ilohiy chamandir.

Mening koʻksimdagi shu chaman

Armon qushlariga vatandir…

 

Ehtimol, hammadan farahli

Kunimiz shu kundir ochunda.

Ayo, doʻst, ne boʻlsak boʻldik biz,

Shu qurgʻur koʻngilning ichida.

 

Fargʻona

 

Maqsuda ERGASHYeVA

 

“Sharq yulduzi”, 2012–3

https://saviya.uz/ijod/nazm/bogingizda-kozlarim-buloq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x