“Boburnoma” ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan nodir asarlar sirasidagi dunyoga mashhur bitikdir. Bu asar Gʻarbu Sharqda katta qiziqish bilan oʻrganilgan, hozir ham unga qiziqish susaygani yoʻq. “Boburnoma”ni ommaviy chop etish muallifning avlodlari boʻlmish biz oʻzbeklardan oldin Gʻarb olimlariga nasib boʻlgan. XIX asr oʻrtalarida rus turkologi N. I. Ilminskiy, XX asr boshida ingliz sharqshunosi A. Beverij xonim oʻzlarida mavjud boʻlgan boshqa-boshqa qoʻlyozmalar asosida nashr ishlarini amalga oshirganlar. Oʻzbekistonda oʻtgan asrning oʻrtalariga kelibgina Porso Shamsiyev va Sodiq Mirzayevlar tomonidan bu ikki qoʻlyozma bosmasi qiyosiy oʻrganilib, dastlabki oʻzbekcha nashr varianti chop etildi. Lekin bu bosma, Porso Shamsiyevning oʻzi keyinchalik eʼtirof etganidek, “keyingi ishlash jarayonida maʼlum boʻlishicha, juda koʻp nuqsonlarga ega ekan”ligi bois, 1960 yilda toʻligʻincha qaytadan ishlab chiqildi va chop etildi. Asarning 1989 yildagi oxirgi bosmasi hamda 2009 yili Vahob Rahmonov va Karomat Mullaxoʻjayevalar tomonidan amalga oshirilgan “Boburnoma”ning hozirgi oʻzbek tiliga tabdili uchun shu nashr asos qilib olingan. Yana shu nashr soʻzboshisida ustoz Porso Shamsiyev “…”Boburnoma”ning puxta tayyorlangan tanqidiy matni maydonga chiqmaguncha bu asarning nashrlarida noaniqlik va nuqsonlar yuz berishi tabiiydir”, deb yozar ekan, koʻngli toʻlmagan oʻrinlarning koʻpligi hamda oʻzidan oʻtib ketgan noaniq va kamchiliklarning bisyorligini mardlik bilan tan olish, barobarida, ularni toʻgʻrilash, toʻldirish, mukammallashtirish keyingi olimlar avlodi tomonidan amalga oshirilishini umid qilgan boʻlsa, ajab emas.
“Boburnoma” ustida olib borilgan kuzatishlar, unda juda koʻp aniqlik kiritish, tuzatish va tartibga solinishi kerak boʻlgan oʻrinlar, jihatlar borligini koʻrsatmoqda. Biz aniqlagan kamchiliklar sirasidagi bir jihat – asarda keltirilgan muammo janri namunalarining berilishi masalasidir. “Boburnoma”dagi muammo janriga mansub namunalar berilishidagi xato va kamchiliklarni quyidagicha guruhlash mumkin.
- “Boburnoma”ning amalga oshirilgan dastlabki ikki nashri – Qozon va London bosmalarida mavjud boʻlgan nuqsonlarning keyingi barcha nashrlarda takrorlanishi bilan bogʻliq xatolar. Qozon bosmasidan olib bosilgan asarning 936 yil sarguzashtlari sirasida berilgan ikki taʼrix bamisoli yechimsiz muammo, mutlaq topimsiz topishmoq, javobsiz jumboqqa aylangan: “Shayx Zayniddinkim, fuzalolarimizdan erdi, bu fathgʻa tarʼix “podshohi islom” topti va… Yana oʻshandoq ilgarigi fathlarimizdinkim, Dibalpurni fath qilduk, ikki kishi “vasati rabiul-aval” topti”. (“Boburnoma”, T. 1989.352-bet.) Birinchi taʼrix 1527 yili Boburning Sekriyda qozongan olamshumul gʻalabasi munosabati bilan; ikkinchisi, 1524–25 yili u qozongan Dibalpurdagi zafarga bagʻishlangan. Noshir yo muharrir tomonidan sahifaosti ilovada, mazkur taʼrixlarning hijriy va ham milodiy sharhlanmay kelinganligining oʻzi Qozon bosmasining jiddiy kamchiligidir. Taʼrixlardan sana chiqarish oʻquvchining oʻziga qoldirilgan boʻlsa, biz bunga urinib koʻramiz. “Podshohi islom”… Bir qarashda ifodaning oʻziyoq taʼrix moddasi uchun ajabtovur, gʻalati tuyuladi. Birikmaning abjad hisobi boʻyicha jamlanmasi yanada hayratangiz.
Turkiy va forsiy nastaʼliq alifbe sirasidagi arab asliy alifbosiga qoʻshimcha ravishda kiritilgan “pe” (p) harfi “chim” (ch), “gof” (g) harflari kabi raqam qiymatidan mosuvodir. Bunda odatda “pe” (p) harfi 2 soni qiymatiga musoviy “be” (b)ga tenglashtiriladi. “Podshohi islom” tarkibidagi harflarni abjadga koʻra qoʻshib chiqsak, hijriy 445, melodiy 1053–54 yil kelib chiqadi. Bu Bobur zamonidan V asr burungi qoraxoniylar davri demakdir!
“Vasati rabiul-avval” taʼrixi ham boshni qotiradi. Birikmaning kirill yozuviga tabdili ham kamchilikdan xoli emas. Biz bundan koʻz yumib, uning arabiy imloga koʻra toʻgʻri yozilgan shaklini koʻz oldimizga keltirib, jaʼm ul-abjad qilib koʻrsak, voqea hijriy 425, milodiy 1037–1038 sanada yuz bergan boʻlib chiqadi. Boburning bu fathi oʻzi yashagan davrdan besh yuz yilcha oldin yuz bergan boʻlib chiqayapti. Har ikkala taʼrixdan chiqarilgan hosila, eng bilimdon tarixchi yoki adabiyotshunosni ham hayron qoldirishi tabiiy. Gap nimada oʻzi? Yuqorida aytilganidek, bu Qozon bosmasidagi xatoliklar bilan bogʻliq. Eslatilgan 1989 yilgi nashrda London bosmasidan olingan aynan shu taʼrixlarning toʻgʻri va toʻliq shakli berilmaganda, ular yechilmas jumboq boʻlib qolaverishi mumkin edi. Ayni paytda, ular sahifaosti ilovada ham toʻgʻri izohlangan.
Memuarning 933 yil hodisalari bayonida aynan shu parcha quyidagicha berilgan: “Shayx Zayn bu fathqa (Sekriy fathiga – taʼkid bizniki) “Fathi podshohi islom” lafzini ta(ʼ)rix topib edi. Kobuldin kelur kishilardin Mir Gisu ham ushbu lafzni ta(ʼ)rix topib, ruboiy aytib yiborib edi… Yana bir qatla Dibalpurni fathida Shayx Zayn “vasati shahri rabiul-avval”ni ta(ʼ)rix topib edi. Mir Gisu ham ushbu lafzni topib edi”. (“Boburnoma”, T. 1989.298-bet.)
Ravshanlashadiki, 936 yil voqealaridagi mavhum ifodalar aslida 933 yil sirasida keltirilgan yuqoridagi parchaning chala takrori ekan. Birinchi taʼrix moddasidan “Fathi” soʻzi tushirib qoldirilgan. Uning umumiy qiymati 488 ga teng. Bu sonni “Podshohi islom”dan kelib chiqadigan 445 ga qoʻshsak, Sekriy gʻalabasi qoʻlga kiritilgan hijriy 933, milodiy 1527 yilga toʻgʻri keladi.
Ikkinchi “Vasati shahri rabiul-avval” (rabiʼ ul-avval oyining oʻrtasi) taʼrixidan “shahri” soʻzi tushirib qoldirilgan. “Shahri” soʻzi harfiy raqamlarining umumiy qiymati 505 ga tengdir. Bu sonni “shahri” soʻzsiz yuqorida olingan 425 son qiymatga qoʻshamiz – Dibalpur jangi hijriy 930, milodiy 1523 (24) yilda boʻlib oʻtgan ekan.
- Ayrim muammo-taʼrixlarning arabiy yozuvdagi ifodasi toʻgʻri idrok etilmagani bois, ularning abjad boʻyicha hisobi butunlay notoʻgʻri va nomuvofiq yechimga olib kelgan. 909 yil solnomasida ajoyib taʼrix sanʼati diqqatni tortadi. Kobul viloyati toʻgʻrisida gapira turib, Bobur oʻzi ochtirgan bir ariq haqidagi fikrlarini shunday yakunlaydi: “Bu ariqning ta(ʼ)rixi “joʻyi xush” topildi”. Sahifaosti izohi esa quyidagicha: “Joʻyi xush” –… raqam bilan 925”. (Koʻrsatilgan nashr, 125-bet.) Izohda bu sonni sana deyishdan ham tiyinilgan, uning milodiy muqobili ham ifodalangan emas. Ifodalansa, yanada tushunarsiz holat yuzaga kelardi: ariq 909 (milodiy 1503–04) yili qazilyapti, uning barpo etilish taʼrixi esa 925 yili (milodiy 1519) deb bitilmoqda. 16 yilga farq bor. Shuning uchun barcha nashrlarda bu taʼrix yo toʻla izohlanmagan, yoki umuman xuddi u nazardan qochganday eʼtibordan chetda qoldirilgan. Bu nomuvofiqlikning sababi nimada? Voqeaga taʼrix notoʻgʻri bitilganmi yoki 925 yildagi voqea bayoni qandaydir sabablar bilan adashib 909 yil tafsilotlariga aralashtirib yuborilganmi? Unisi ham, bunisi ham emas. Gap shundaki, taʼrix moddasi “Joʻyi xush” emas, aslida “Joʻi xush” boʻlishi kerak. Birinchi soʻzda qiymati 6 soniga teng “yoy” (y) harfi yoʻq, “i” esa harf bilan ifodalanmaydigan harakat – kasradir. Ikkinchi soʻz (xush) “xe” (x) va “shin” (sh) harflaridan iborat, xolos, ular orasida qiymati 10 soniga teng boʻlgan “vov” (u) yozilmasligi kerak. Shu ikki harf bilan bogʻliq xato bartaraf etilsa, 16 yillik farq oʻz-oʻzidan yoʻq boʻladi. Agar noshirlar aniq bir qoʻlyozmaga koʻra shunday bergan boʻlsalar, bu xato “Boburnoma”ni koʻchirgan xattotga tegishli boʻlishi mumkin.
- Lisoniy (imloviy) hamda milliy taomillarni eʼtiborga olmaslik bilan bogʻliq xatolar. Bobur Samarqandni ikkinchi bor egallashi xotiralarida quyidagi taʼrixni qayd etadi: “Bu fathda shuaro ta(ʼ)rixlar aytib edilar. Ul jumladin bir bayt xotirda qolibtur. Bayt: Boz gufto xirad ki tarixash Fathi Bobur bahodur ast, bidon”. (Koʻrsatilgan nashr, 77-bet.)
Arabiy yo nasʼhtaʼliq matnda “Fathi Bobur bahodur” (Bobur bahodur fathi) taʼrix moddasidan 905 (1499–1500) yil kelib chiqadi. Nashrlardagi “Fathi Bobur bahodur” tarzida yozib va oʻqib kelinishi maqsadga muvofiq emas. Talaffuzda tilni burab boʻlsa ham “Fathi Bobur bahodur” tarzida aytish balki mumkindir, ammo, tabiiyki, qiynalinadi. Yozishga kelganda, nojoʻya muddaoni eplab boʻlmay ham qoladi. Mohiyat magʻzi shundaki, turkiy oʻzbek milliy tili isteʼmol qonuniyatiga, asosan, “Bobur bahodur” tarkibidagi “u” tovushi choʻziq talaffuz etiladi. U holda, mazkur taʼrix iborasini harakat zamma bilan emas, aynan harf “vov” – choʻziq “u” bilan yozishga majbur boʻlinadi. “Vov” abjadda oz emas, 6 ga tengdir. Ikki “vov” ortiqcha qoʻshilgudek boʻlsa, moʻljallangan zaruriy natijaviy miqdor koʻzlangan 905 sonidan ancha oʻtib ketadi, 917 (1511–12) yilga borib qoladi. Bu Bobur Samarqand taxtining ikkinchi zabti emas, uchinchi fathi sanasidir. Kezi kelganda, aytib oʻtish kerakki, Zahiriddin Muhammadning taxallusi “Bobur” emas, aslida, “Bobir” ekanligiga adibning oʻzi yozgan muammosida aniq va tiniq ishora qilingan. Nasib qilsa, bu haqida alohida bir maqolada fikrlarimizni bayon qilamiz.
Nashrlardagi sahifaosti izohlarda bu sananing milodiy ifodalanishini ham toʻgʻrilash zarur: “Aql yana aytadiki, bilgil uning tarʼixi “fathi Bobur bahodur” boʻlur. 905 (1499)”. (Koʻrsatilgan nashr, 77-bet.) Bildirilayotgan eʼtiroz mohiyati birmuncha jiddiy. Boburning oʻzi Samarqandni ikkinchi olishi paytini eslab, bir emas, ikki bor alohida taʼkidlaydi: “Men Samarqandni olgʻonda oʻn toʻqquz yoshta edim” (76-bet.), “ul tarixda men oʻn toʻqquz yoshta edim”. (77-bet.) 905 (1499) yili Bobur qaysi tomondan yondashib hisoblasangiz ham 16-17 yoshda boʻlib chiqadi. Nega unda uning oʻzi: “oʻn toʻqquz yoshta edim” deb yozadi? Bu yerda murakkab sir yashirin emas. Hijriy 905 yil milodiy 1499 yilgina emas. Faqat u 1499 yil avgustidan boshlangan, xolos. 7 oydan ziyodi 1500 yilga oʻtadi. Mazkur hodisa 906 (1500–01) yil tafsilotlari tarkibida yoritilgani boisi ham ana shundadir. Aynan, mana shu hisobdagina, Bobur yilma-yiliga 18 yoshga oʻtadi. Anʼanaviy milliy taomilga binoan xomilalik davri ham zamlanadi – 19 yoshga yetadi. Samarqand taxtini ikkinchi bor zabt etilishi 1500 yilda yuz bergan.
- Ayrim taʼrixlarning, umuman, izohlanmaganligi yoki milodiy sanasi koʻrsatilmaganiligi.
Kitob nihoyasida, musavvadi avroq (yaʼni, asarni qogʻozga tushirgan kotib) tomonidan xattot mavlono Shihob Muammoyi qalamiga mansub “Humoyun bud vorisi mulki vay” (Humoyun mazkur mulk vorisi boʻldi) (356-bet.) taʼrix-muammo keltiriladi. To hozirgacha nazardan oʻtkazilgan oʻzbekcha nashrlari havola ilovasida mazkur taʼrix moddasi na hijriy va na milodiy izohlangan emas. Taʼrixning jaʼm ul-abjad hisobi 937 (1530) yildir.
Shahzoda Humoyun tavalludiga bagʻishlanib ikki taʼrix bitilgan: “… zulqaʼda oyining toʻrtida Oftob hut burjida edi, Kobulning arkida Humoyun mutavallid boʻldi. Ta(ʼ)rixi valodatini Mavlono Say(y)idiy shoir “Sulton Humoyunxon” topib edi, Kobul shoirlaridan birov “shohi feruz qadr” topib edi, uch toʻrt kundin keyin Humoyun ismi bilan mavsum boʻldi”. (195-bet.)
Sahifaosti izohlarda “Sulton Humoyunxon” va “shohi feruz qadr” taʼrixlarining hijriy 913 sanaga ishora qilinishi toʻgʻri berilgan, lekin uning milodiy 1508 yilga muvofiqligi qayd etilmagan.
- Ayrim taʼrixlarning joriy yozuvdagi ifodasi bilan bogʻliq nomuvofiqliklar. Ularni xato deb boʻlmaydi, lekin toʻgʻrilanishi kerak boʻlgan kamchilikdir. Yuqorida koʻrilgan taʼrixlarda ham bu holat kuzatiladi. Masalan, “vasati shahri rabiul-avval” taʼrixining kirilldagi ifodasini olish mumkin. Yana misol tariqasida Humoyunning Alʼamon ismli oʻgʻli tugʻilishiga bitilgan taʼrixni olaylik. “Shayx Abulvajd valodatigʻa taʼrix “Shahi saodatmand” topibtur”. (319-bet.)
Arabiy imloda “rabiul-avval”dagi “be” (b) harfidan keyin, “saodatmand”dagi “sin” (s) harfidan soʻng son qiymati 70 ga teng boʻlgan “ayn” yoziladi. Bu harfni joriy yozuvda unlilardan keyin “ʼ” – ayirish belgisi (lotin yozuvida tutuq belgisi)ni qoʻyish bilan “aʼ”, “iʼ”, “uʼ” tarzida ifodalash maʼqul. Yoʻqsa, son qiymati boʻlmagan harakatlar yoki boshqa son qiymatiga ega choʻziq unlilar shakli yuzaga kelib qoladi. Kimdir soʻzlarning arabiy shakli tiklansa, xatoga yoʻl qoʻyilmaydi deb oʻylashi va eʼtiroz bildirishi mumkin. Lekin mazkur harfni joriy yozuvda toʻla ifodalash imkoni boʻla turib undan foydalanmaslik, bizningcha, toʻgʻri emas.
Ushbu maqola “Boburnoma” ustida olib boriladigan ishlar miqyosi va zaruratini idrok etish uchun mushohada tarzida eʼtiboringizga havola etilmoqda. Birgina janr atrofida kuzatilgan xato va kamchiliklar shu boʻlsa, butun asar davomida tuzatilishi lozim boʻlgan jihatlarni tasavvur qilib koʻring. Maqola avvalida aytganimizdek, “Boburnoma”ni ommaviy chop ettirish, dastlab, Gʻarb olimlariga nasib etdi. Uning imkon qadar mukammallashtirilgan tanqidiy matnini yaratish oʻzimizda, yaʼni, uning avlodlari tomonidan amalga oshirilishi kerak.
Valijon QODIROV,
filologiya fanlari nomzodi;
Akramjon VAHOBOV
“Sharq yulduzi”, 2012–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/boburnoma-dagi-tarix-muammolar-muammosi/