Boburning fazilatlari — dars ishlanma
Darsning maqsadlari:
a) ta’limiy: o‘quvchilarga mavzuni tushuntirish, hamda Zahiriddin Muhammd Bobur hayoti va ijod yo‘li bilan tanishtirish.
b) tarbiyaviy: Vatanni sevish, ardoqlash, unga munosib farzand bo‘lib ulg‘ayish hissini
d) rivojlantiruvchi maqsad: o‘quvchilarning og‘zaki nutqini o‘stirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini shakllantirish, dunyoqarashini kengaytirish.
Dars turi: yangi bilim beruvchi dars
Dars metodi: noan’anaviy,, guruhlarda ishlash, “Innovatsion konvert”, ”Klaster” metodlari, “Davom ettir” ta’limiy o‘yini, multimedia ilovalari, test.
Dars jihozlari: darslik, tarqatmali va ko‘rgazmali materiallar, kompyuter, rasmlar, test banki.
TK–4: atrofdagilar bilan o‘zaro muloqot chog‘ida odob-axloq qoidalariga rioya qilish va guruhda ishlash;
TK-5: Vatanga sadoqatli, insonlarga mehr-oqibatli hamda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga e’tiqodli bo‘lish hamda ularni asrashga o‘rgatish.
Darsning borishi:
I. Tashkiliy qism: salomlashish, davomatni aniqlash, navbatchi axborotini tinglash.
Ma’naviyat daqiqasi o‘tkazish. Savol-javob asosida olib boriladi:
1. Hozir o‘lkamizda qaysi fasl? (Qish)
2. Qish faslida tabiatda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ladi?
3. Qish faslida qanday muhim sanalarimiz bor?
4. Qishda daraxtlar qanday ko‘rinishda bo‘ladi?
O‘qituvchi: – Qish faslidan so‘ng qaysi fasl keladi?
O‘quvchilar: – Bahor
O‘qituvchi: – Hamma bahorni sog‘inganmi?
O‘quvchilar: – Ha!
O‘qituvchi: – Shuning uchun men xonada bahor nafasini yaratdim. Bolajonlar, bahor kelishi bilan daraxtlarda qanday o‘zgarishlar kuzatgansiz?
O‘quvchilar: – Daraxtlar barg yozadi, gullaydi
O‘qituvchi(o‘quvchilarni daraxt rasmiga qaratib): – Lekin bizning daraxtimiz nimagadir gullamabdi. Uning gullashiga yordam beramizmi?
O‘quvchilar: – Ha.
O‘qituvchi: – Buning uchun men sizlarni 3 guruhga bo‘lib qo‘yaman. Dars yakuniga qadar berilgan savol va topshiriqlarni to‘g‘ri bajarishingizga qarab, bahor gullari hadya etaman. Har bir guruh o‘zi qo‘lga kiritgan gullarini daraxtlarga yopishtirib boradi. Dars yakunida esa gullar soniga qarab g‘olib guruh aniqlanadi.
II. O‘tgan mavzuni takrorlash.
Har bir guruhdan bir nafardan o‘quvchi chiqib, “Otalar so‘zi-aqlning ko‘zi” bo‘limida o‘qib-o‘rganilgan allomalar haqida bilimlarini esga olish maqsadida “Innovatsion konvert” metodi bajariladi
Bu metodda konvert ichidagi ma’lumotlar qaysi allomalarga tegishli ekanligini toppish kerak bo‘ladi.
Qolgan o‘quvchilardan o‘tilgan dars – “Bahor keldi” she’rini yoddan aytib berish so‘raladi va har bir she’r aytgan o‘quvchiga bahor guli hadya etiladi.
Bahor keldi
Aziz Abdurazzoq
Uchib keldi ko‘llarga
Turna-yu g‘oz, o‘rdaklar.
Keling, biz ham yo‘llarga
Otlanaylik, o‘rtoqlar.
Borib tabrik etaylik
Do‘st, qadrdon – hammani.
Bog‘-rog‘larga ekaylik
O‘rik, gilos, olmani.
Har bahorda gullasin,
Gullari to‘p-to‘p bo‘lsin.
Qurimasin, so‘lmasin,
Hosili ko‘p-ko‘p bo‘lsin.
III. Yangi mavzu bayoni.
O‘qituvchi: – Bolajonlar, bugun qanday sana, bilamizmi? Qani kim aytadi?
O‘quvchi: – 14– fevral.
O‘qituvchi: – 14- fevral kimning tavallud ayyomi?
O‘quvchi: – Bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud topgan kuni.
O‘qituvchi: – Juda ham to‘g‘ri, bugun buyuk ajdodimiz, shoh va shior Z.M.Boburning tavallud kun. Bu yil uning tavalludining 537 yilligini nishonlaymiz. Shu bois bugun biz siz bilan “Boburning fazilatlari” mavzusini o‘tamiz.
(O‘qituvchi matnni o‘qib beradi).
BOBURNING FAZILATLARI
Bobur ismi “sher” ma’nosini anglatib, o‘zi ham ismi jismiga monand kishi bo‘lgan. Kelishgan qaddi-qomati va benihoya kuchliligidan tashqari dovyuraklikda, epchillikda, chaqqonlikda uning oldiga tushadigan odam topilmagan. Bobur uncha-muncha qiyinchiliklarni pisand etmagan, ayniqsa, ovda chinakam sher bo‘lib ketgan. U ko‘pincha ikki davangirday odamni qo‘ltiqlab olib, Agra qal’asi devorlari ustida yugurib mashq qilgan. Bobur yana ajoyib suzuvchi va g‘avvos ham bo‘lgan. U yo‘lida uchragan jamiki hind daryolarini suzib o‘tgan.
“Boburnoma”ni o‘qir ekansiz, Boburning aqlli va bilimli ekanligiga guvoh bo‘lasiz. Bobur tabiatni jonidan yaxshi ko‘rgan. Ayniqsa, tog‘larni, daryolarni, bog‘larni, yaylovlarni ko‘rganda, zavq-shavqi tug‘yon urib, misoli bulbuligo‘yo bo‘lib ketgan.
U so‘zamol notiq, iste’dodli shoir, mohir sarkarda, mehribon ota, or-nomusi kuchli inson bo‘lgan. Boburning ko‘p ishlari poyoniga yetmay qolgan, shu sababdan ham o‘g‘li Humoyun keyinchalik uning ishini davom ettirgan.
H. Pant, hind tarixchisi.
Lug‘at ishi:
g‘avvos – suv osti ishlarini bajaruvchi shaxs
Agra qal’asi – Hindistondagi shahar
So‘zamol – gapdon
(O‘qituvchi Z.M.Bobur haqida qo‘shimcha ma’lumot beradi).
Z.M.Bobur 1483- yil Andijonda tug‘ilgan. Otasi Umarshayx Mirzo Farg‘ona hokimi bo‘lgan. Onasi Qutlug‘ Nigorxonim o‘qimishli, ziyoli, oqila ayol bo‘lgan. Otasining bevaqt o‘limi tufayli Mirzo Bobur 12 yoshida taxtga o‘tiradi. Yosh shahzodaga davlatni boshqarishda unga onasi juda katta yordam beradi. Lekin zamonning notinchligi, taxt uchun olib borilatorgan ichki va tashqi kurashlar natijasida Bobur Farg‘onani tark etishga majbur bo‘ladi. U dastlab Afg‘onistonni egallab, so‘ngra Hindistonga hujum qiladi va u yerni ham qo‘lga kiritadi.
U nafaqat shoh balki shoir, geograf hamdir. U bosib olgan yerlari hududini yaxshi o‘rgangan, tuprog‘i, suvini ko‘rib, turli bog‘lar barpo etgan, obodonchilik ishlarini amalga oshirgan. Uni butun hayoti davomida qiynagan narsa bu – yurt sog‘inchi edi. Z.M.Bobur 1530- yil Agrada vafot etdi.
U Hindistonda qariyb 323 yil davom etgan Boburiylar sulolasiga asos soldi. Boburiylar sulolasidan qolgan muhim yodgorliklardan biri Tojmahal bugungi kunda ham o‘z ko‘rkini yo‘qotmagan.
(Z.M.Bobur haqida videorolik namoyish etiladi)
“Davom ettir” usulida o‘quvchilar matnni o‘qib chiqadilar.
IV. Yangi mavzuni mustahkamlash. “Klaster” usuli orqali guruhlarda Boburning fazilatlari ochib beriladi.
Boburning fazilatlari → epchil → dovyurak → qo‘rqmas → mehribon ota → bahodir → mergan → g‘avvos → mohir suzuvchi
O‘quvchilar yangi mavzuni qay darajada tushunganini aniqlash maqsadida test sinovi o‘tkaziladi:
1.Bobur so‘zining ma’nosi qanday?
A) bo‘ri B) quyon D) sher
2.Bobur qayerda mashq qilgan?
A) Agra qal’asida B) bog‘da D) yaylovda
3.Boburdan so‘ng uning ishlarini kim davom ettiradi?
A) o‘g‘li Humoyun B) o‘g‘li Komron D) o‘g‘li Akbarshoh
4.Bobur nechta odamni bemalol ko‘tara olgan?
A) 1 B) 4 D) 2
5.Bobur qanday inson bo‘lgan?
A) or-nomusi kuchli inson B) hazilkash inson D) berahm inson
savol | 1 | 2 | 3 | 4 | 5 |
javob | D | A | A | D | A |
Mavzu yuzasidan savol-javob o‘tkaziladi:
Hikoyadan Bobur haqida nimalarni bilib oldingiz?
Uning ismi qanday ma’noni anglatar ekan?
Bobur qanday inson bo‘lgan?