Bobur shaxsiyatining jozibasi

Taniqli adib Xayriddin Sultonning “Boburiynoma” maʼrifiy romani 1997 yili birinchi marta chop etilgandayoq adabiy jamoatchilik, keng kitobxonlar ommasining tiliga tushgan, katta qiziqish bilan oʻqilgan va qizgʻin fikr-mulohazalar uygʻotgan edi. Aslida, Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi, hayoti, adabiy merosi yozuvchi ijodiy faoliyatining bosh mavzusi, desak yanglishmaymiz.

Asar muallifi 1992 yili boburiylar izlarini izlab Eron, Turkiya, Suriya, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston, Afgʻoniston mamlakatlari boʻylab tashkil etilgan ilmiy ekspeditsiya tarkibida ishtirok etdi. Safar taassurotlari, xotira va hayajonlari, ular davomida ajdodlarimizning bemisl madaniy merosi, ularning zafar-fojialari, kechmish-iztiroblari, kelgusi nasllarga qoldirgan umr saboqlari, muqaddas ziyoratgohlar haqida toʻplangan koʻplab muhim maʼlumotlar “Boburiynoma” maʼrifiy romanining yaratilishida asos boʻlgani shubhasiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan boy tarixiy merosimiz, ulugʻ ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini teran oʻrganishga eʼtibor va qiziqish kuchayib borayotgan shu kunlarda ushbu asarning oradan yigirma ikki yil oʻtib “Maʼnaviyat” nashriyoti tomonidan ikkinchi nashri amalga oshirilgani alohida eʼtiborga loyiqdir.

* * *

Tarix haqiqatini avlodlar ongiga singdirishning eng taʼsirchan usuli uni badiiy asarlar tiliga koʻchirmoqdir. Zero, chinakam badiiyat namunasi oʻtmish voqeligini oʻquvchining nainki ongiga olib kiradi, balki bir vaqtning oʻzida qalbining tub-tubiga joylaydi. Dunyoda bizning xalqimiz darajasida muazzam tarixga, jahon tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk mutafakkirlarga boy millatlar koʻp emas. Binobarin, shonli tariximizni, benazir ajdodlarimizning ibratga loyiq hayot yoʻlini badiiy asarlar orqali avlodlar maʼnaviy mulkiga aylantirish yozuvchi va shoirlarimiz oldida turgan dolzarb vazifalardandir. Taniqli adib Xayriddin Sultonning “Boburiynoma” asari ana shu maqsadga xizmat qilishi jihatidan muhim ahamiyatga ega.

Zahiriddin Bobur siymosiga bolalikdan mehr qoʻygan, “Tole yoʻqki…” ruboiysini maktabda oʻqib yurgan kezlaridayoq qalbiyu shuuriga joylagan, mashhur “Boburnoma”ni qayta-qayta mutolaa etishni odatga aylantirib, bundan koʻngli cheksiz lazzat tuygan adib mazkur asarigacha ham badiiy nasrda bu ulugʻ shaxs hayotini yoritish yuzasidan boy ijodiy tajriba toʻplagani maʼlum. “Oy botgan pallada”, “Panoh” hikoyalari, “Tavba”, “Boburning tushlari” badialari va nihoyat, “Saodat sohili” qissasi “Boburiynoma” maʼrifiy romani yaratilishida adabiy-estetik zamin vazifasini oʻtagan.

Roman kompozitsiyasi oʻziga xos. Asarda moziy va zamonamiz voqealari almashinib keladi. Roman voqealarining bu tarzdagi ichki qurilishi oʻquvchining eʼtiborini bir maromda ushlab turadi. Natijada kitobxon mutolaa jarayonida toliqmaydi, aksincha, qiziqishi tobora ortib boradi. Bu – asarning birinchi va muhim fazilati. Ikkinchisi – asar syujetida buyuk Sohibqiron Amir Temur, Umarshayx Mirzo, Boburshoh, uning aʼyonlari, farzandlari Humoyun, Komron, Askariy mirzolar, Gulbadanbegim, saltanatining davomchilari boʻlgan nevaralari, ulugʻ zamondoshi Hofiz Koʻykiy va boshqa tarixiy siymolar qatori zamondoshlarimiz – birinchi Prezidentimiz Islom Karimov, asrimizning mashhur adibu shoirlari Asqad Muxtor, Pirimqul Qodirov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, talabchan, mohir muharrirlar Vahob Roʻzimatov, Mahmud Saʼdiy, Boburning Hindistondagi hozirgi avlodlaridan Ziyouddin Tusiy, xalqaro Bobur ekspeditsiyasi rahbari Zokirjon Mashrabov, ekspeditsiya aʼzolari hamda safar davomida muloqot qilishga toʻgʻri kelgan turli mamlakat va millat vakillari obrazlari ishtirok etadi. Eng faol obrazlardan biri – muallif obrazi. Muhimi, har bir obraz, har bir badiiy detal yagona maqsadga – Boburning shaxs, shoir, shoh va mutafakkir sifatidagi siymosini inkishof etishga xizmat qiladi. Bu uslub asar voqealarini, garchi turli zamon va makonlarda kechgan boʻlsa-da, yaxlit bir tizimga birlashtirib turadi.

Asarda “Boburnomaga” mos ifoda uslubi tanlangan. Voqealar sanalarining aniq qoʻyilishi, adib kundaliklaridagi qaydlar bilan “Boburnoma” uslubida oʻzaro mutanosiblik kuzatilishi, bugungi zamon kishilari obraziga berilgan tavsifning ular xarakterini yaqqol ochishi, tabiat va jamiyat hodisalari oʻrtasidagi tasvirning muvofiqligi, ifodaning sanʼatkorona ekani buning isbotidir. Jumladan, asarda Boburshohga oid “Oy botgan pallada” hikoyasining chop etilishi voqeasi bilan bogʻliq holda mashhur adib Asqad Muxtorga mana bunday taʼrif beriladi: “… Yoshlik chogʻidan yetimlik bilan oʻsgan, shu bois inson qadrini hamma narsadan yuksak tutar edi. Xoksor va magʻrur edi, bir-biriga zid bu ikki xislat uning tabiatida ajib bir tarzda uygʻunlik topgan edi. Asli fargʻonalik edi. Bu goʻzal insonning sharofati tufayli “Guliston” jurnali mustabid bir tuzumdagi erkin fikr orolchasiga oʻxshar edi. Bunda musahhihdan tortib bosh muharrirgacha fikr va insoniy munosabat bobida teng, demokratiya degan narsa ayni shu maskanda mujassam edi”.

Shuni taʼkidlash kerakki, “Boburnoma”ga xos bunday uslub asarning anʼana doirasida qolganini anglatmaydi. Muallifning ijod konsepsiyasiga, shuningdek, moziy hamda zamon voqeligiga yondashuv mezonlariga koʻra uni ijodiy anʼananing yangilanishi sifatida baholash mumkin.

Farzand kutayotgan Umarshayx Mirzo va Qutlugʻ Nigorxonim ruhiyati, ovda jayronni taʼqib etgan Umarshayx Mirzoning tasodif tufayli yoʻlbars bolasining tugʻilish jarayoniga guvoh boʻlishi, ovdan qaytar ekan, oʻgʻilli boʻlgani haqidagi xushxabarni eshitishi, goʻdakka Zahiriddin Muhammad deya ism qoʻyilganini bilgach, bobosi Toshkent hokimi Yunusxonning: “Qutlugʻ boʻlsin, ulugʻlarning ismi. Nasib etsa, inshoolloh, yoʻlbarsday bahodir boʻlgʻusidir. Inchunin, “Bobur”, yaʼni “yoʻlbars” deb chaqirsak ham boʻlar ekan”, degan soʻzi Umarshayx mirzoga chaqmoqday taʼsir qilishi va ovda koʻz oʻngida yoʻlbars tugʻilgani voqeasini aytib berishi… Asar ana shu hodisaning badiiy tasviridan boshlanadi. Bu orqali qismatning oʻzi nomiga munosib tarzda Boburga yoʻlbarsday mard va shijoatli boʻlishni ravo koʻrgani talqin etiladi. Asar ibtidosidanoq oʻquvchining qiziqishi ortadi, u roman cyujetining ichiga kirganini sezmay ham qoladi.

Taqdir Bobur zimmasiga yuklagan masʼuliyatni adib quyidagicha obrazli tasvirlaydi: “Uning podshohlik qismati goʻyoki temuriylar saltanatining oyi botib, Movarounnahr osmonida yangi, porloq yulduz paydo boʻlganini eslatardi. Chunki u tarix osmonida oy botgan pallada namoyon boʻlgan edi”. Bobur va uning avlodlari hozirgi Hindiston, Pokiston, Afgʻoniston va Bangladesh mamlakatlarining aksar hududlarini oʻz ichiga olgan ulkan saltanatga asos solib, temuriylar hukmronligi tarixini uch yarim asrdan koʻproq muddatga uzaytirdi.

Bobur va boburiylarning Hindistondagi bunyodkorlik faoliyati “Boburiynoma”da zoʻr muhabbat bilan tasvirlangan. Bu jihatdan “Boburiynoma” va “Boburnoma”da kuchli mutanosiblik kuzatiladi. “Boburnoma”da oʻqiymiz: “… Nechukkim, “Zafarnoma”da Temurbekning “Masjidi sangin” imoratini qilurda Mulla Sharaf mundoq mubolagʻa bila bitibdurkim, Ozarboyjon va Fors va Hinduston va oʻzga mamolik sangtaroshlaridin har kunda ikki yuz kishi masjidda ish qilurlar edi. Bir Agrada ushbu Agraning sangtaroshlaridin mening imoratlarimda har kunda olti yuz sekson kishi ish qilurlar edi. Yana Agrada va Sekriyda va Bayanada va Doʻlpurda va Gvaliyarda va Koʻyilda ming toʻrt yuz toʻqson bir sangtarosh har kunda mening imoratimda ish qilurlar edi”.

Boburshohning mazkur soʻzlari uning bunyodkorlik borasida ulugʻ bobosi Amir Temur Sohibqirondan oʻrnak olganini koʻrsatadi. Nainki oʻrnak olgan, Sohibqiron qurdirgan “Masjidi sangin”da 200 kishi ishlagan boʻlsa, Bobur bunyod ettirgan imoratlarda 1491 sangtarosh xizmat qilgan. Shu bois Bobur va boburiylar tomonidan barpo etilgan Dehlidagi Humoyun maqbarasi, Qizil qalʼa ansambli, Jome masjidi, Agradagi qalʼa, Tojmahal, Fathpur Shekriy shahri, Sekandaradagi Akbarshoh maqbarasi, Lohurdagi qalʼa va boshqa inshootlar hanuzgacha Hindiston koʻrkiga koʻrk qoʻshib kelmoqda.

Bu muborak sulolaning bunyodkorlik borasidagi ibrati “Boburiynoma”da quyidagicha tasvirlangan: “… boburiyzodalar bu qadimiy shaharni (Dehlini – maqola mualliflari) oʻz davlatlarining poytaxti etib belgilaganlar. Dehlining shon-shavkati, sharaf-shukuhi bevosita shu mumtoz sulola bilan chambarchas bogʻliq. Va bu bogʻliqlik shaharning har qarich maydonida, har bir yodgorligida yaqqol sezilib turadi”. Shu bois ham Javoharlaʼl Neru: “Bobur Hindistonga kelishi tufayli buyuk oʻzgarishlar sodir boʻldi, sanʼatda, hayotda, meʼmorchilikda va madaniyatning boshqa sohalarida yangicha taraqqiyot yuz berdi”, deya eʼtirof etgan edi.

Asarda ruhiy tahlil va mantiqiy tafakkur uygʻunligi badiiyatning yuqori boʻlishini taʼminlagan. Adib “Boburnoma” sahifalarida haqiqat Bobur hayotining bosh mezoni, asl mohiyati sifatida koʻrinishi, u oʻzgalarning faoliyati, xatti-harakatlarini qandoq talablar asosida baholasa, bu talablarni, eng avvalo, oʻziga qoʻyib koʻrishi, yaʼni pichoqni oldin “oʻziga urishi”ni alohida taʼkidlaydi. Boburshohning tavbasi tasviri bu fikrni tasdiqlaydi. Vaholanki, Xayriddin Sulton taʼkidicha: “Bobur Mirzoning sharob bazmiga yuz burgan kezlari uning faoliyatsizlikdan zerikkan chogʻlaridagina roʻy beradi. Jangu jadallar bilan, tinimsiz harbu zarblar yoxud ulkan, mashaqqatli ijodiy mehnat bilan band boʻlgan paytlarida, yaʼni bu dunyoning yakrang, fayzsiz va bequt manzaralaridan ruhi oʻzga bir sirli olamga koʻchgan vaqtlarda boda istagi butkul unutiladi, nafaqat istak, bu tushunchaning oʻzi Bobur hayotidan badargʻa qilinadi goʻyo”. Haqparast Bobur Hindiston fathi arafasida tavbai nasux maqomiga muyassar boʻladi – chogʻirdan butunlay voz kechadi. May ichiladigan oltin, kumush idishlarni sindirib, haqdorlarga va darveshlarga ulashadi. Bobodoʻst keltirgan chogʻirlarni tuz solib sirka qilishni amr etadi. Muallif TAVBAni Boburshohning Hindistonni zabt etib, olamshumul zafar quchishidan ham ulugʻroq gʻalaba sifatida talqin etadi. Qanchalik hadik bilan varaqlamasin, “Boburnoma”ning keyingi birorta ham sahifasidan Boburning samimiy eʼtirofini buzadigan holni uchratmaydi. Har qanday holatda, oʻz aybu nuqsonlari xususida ham faqat va faqat rost soʻzni yozgan, haqiqatning koʻziga tik qaray olgan Bobur ruhiyati “Boburiynoma”da mukammal tasvirlangan. Tavba tasviri muallif va hamsafarlarining muborak haj ibodati arafasidagi kechinmalari bilan uygʻun kelishi esa asarda moziy va hozirgi zamon voqeligi talqinidagi mutanosiblik nechogʻlik ekaniga yana bir dalildir.

“Boburiynoma” – koʻp yillik ijodiy izlanish, katta mehnat va zahmat natijasi oʻlaroq yaratilgan badiiy-maʼrifiy asar. Boburshohni yoʻqlab besh asr muqaddam Hindistonga borgan Hofiz Koʻykiy haqida ensiklopediyadan maʼlumot olgan adib bu ikki buyuk siymo uchrashuvi, muloqotlarini badiiy asarga aylantirish uchun tinimsiz izlanadi. Manbalardan qimmatli tarixiy maʼlumotlarni yigʻadi, oʻz ijodxonasida qayta ishlab, tarix voqeligini badiiy haqiqat darajasiga koʻtaradi. Mana bu iqtibosda umrining soʻnggi damlarida Boburshohning Hofiz Koʻykiy bilan muloqoti taʼsirchan ifoda etilgan:

“Bobur kitob qatidan buklangan yupqa qogʻoz olib, tizzasiga qoʻydi, bemajol lablariga nimpushti qizillik yugurgandek boʻldi:

Yo qahru gʻazab birla meni tufroq qil,

Yo bahri inoyatingda mustagʻraq qil.

Yo Rab, sengadur yuzim, qaro xoh oq qil….

Boburni tagʻin quruq, qattiq yoʻtal tutdi, nafasi boʻgʻilib, soʻnggi misrani kuch bilan shivirladi:

Har nav Sening rizong erur, andoq qil…

Ruboiyning ajib ohangiga sehrlangandek, hamma bir lahza tek qoldi. Nihoyat, birin-ketin aʼyonlarning olqishlari eshitila boshladi:

– Xoʻp aytibdursiz, olampanoh, bisyor goʻzal!

– Haq soʻz, gʻoyat xushtakallum baytlar…

– Oshiqona goʻzal lutf boʻlibdur, olampanoh…

Bobur Mirzo ohista bosh chayqadi, hazin jilmaygandek boʻldi. Siniqqan chehrasida bir lahza alamnok taassuf ifodasi koʻrindi… Bu dardli misralarning “oshiqona goʻzal lutf” emas, balki suronli umri soʻnggi manzil sari borayotgan ulkan muztarib qalbning kelgusi nasllar oldida berayotgan iztirobli hisobi, davron hukmi qarshisidagi maʼyus oʻtinchi, Olloh huzuridagi tazarrusi ekanini yolgʻiz Hofiz Koʻykiygina oʻz savqi tabiiysi bilan angladi.

Bobur buni sezdi, minnatdor koʻzlari olimga javdirab boqdi…”.

Ayonki, “Boburiynoma” – buyuk shoh, benazir shaxs va qismati murakkab mutafakkir obrazi toʻlaqonli tasvirlangan asar. Toʻgʻri, bungacha ham Zahiriddin Bobur va uning avlodlari hayotiga doir “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni” singari romanlar yaratilgan va ular tarixiy voqelikni badiiy haqiqatga aylantira olgan yuksak saviyali asarlar sifatida eʼtirof qozongan edi. Biroq zamonning, taraqqiyotning shiddati bilan hamqadam yurish oson boʻlmayotgan bugungi kunda Boburday buyuk shaxs siymosi tasvirlangan yangidan yangi nasriy, sheʼriy asarlarga ehtiyoj har qachongidan kuchayib borayotgani ham rost. Ana shunday maʼnaviy ehtiyoj mahsuli boʻlgan “Boburiynoma” asarining qayta nashr etilishi, shubhasiz, adabiy hayotimizdagi eʼtiborga molik hodisa sifatida baholanishga loyiqdir.

 

Shuhrat Sirojiddinov,

Nurboy Jabborov

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bobur-shaxsiyatining-jozibasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x