Bobur merosi jahon olimlari nigohida

So`nggi temuriy shahzodalardan Zahiriddin Muhammad Boburning jozibador shaxsi, jo`shqin hayoti va faoliyati, insoniy fazilatlari, jahon faniga qo`shgan hissasi hamda avlodlariga bag`ishlab ko`plab ilmiy-tarixiy, badiiy asarlar yaratilgan. Ta’bir joiz bo`lsa, jahon tarixnavislik ilmida “Eng ko`p va xo`p” o`rganilgan vatandoshimiz ham Boburdir. Ayni kunga qadar o`zbek yozuvchilaridan tashqari Bobur haqida asar yaratgan bir necha o`nlab chet ellik mualliflarning nomlari tanish. Jumladan, 1995-yili “Cho`lpon” nashriyotida ingliz tarixchisi U.Erskinning “Bobur Hindistonda” asari, hind tarixchisi L.P.Sharmaning 1988-yili Dehlida bosilgan “Boburiylar saltanati” asari, amerikalik olim S.M.Berkning “Akbarshoh – boburiylarlarning eng buyugi” (Berk Akbarshoh shaxsiyati va faoliyati misolida Hindistonga Bobur asos solgan, jahon tarixiga, “Buyuk mo`g`ul imperiyasi” nomi bilan kirgan saltanatning mustahkam tomir yozish jarayonini tasvirlaydi) asarlarida Boburga zamondosh tarixchilarning qo`lyozmalari, Hindiston tarixiga oid tadqiqotlar, XX asrning jahonga mashhur olim va tarjimonlarining asarlarida Boburning butun hayot yo`li, bolalik, o`spirinlik, yigitlik yillari, tashvishli kunlari, hukmronlik faoliyati, diniy-falsafiy qarashlari, davlatni boshqarish usuli, madaniyat va san’atga munosabati singari masalalar tasvirlangan.

Amerikalik tadqiqotchi Berk Boburga bergan qisqa va lo`nda tavsiflarida ulug` siymoning hayot yo`li, davlatchilik tarixidagi xizmatlari va shaxsiyatidagi eng muhim jihatlarni muxtasar tarzda yoritishga erishgan. Muallif Boburning hukmronlik siyosati xususida shunday yozadi: “Boburshohning fikricha, fotihlik va hukmdorlik ishida yuz ming usul qo`llasa ham haq va zarur hisoblanadi. Biroq  bosib olingan yerlarni, ayniqsa, bu o`lkalarni o`z saltanati tarkibiga kiritish rejalashtirilgan bo`lsa-da, u g`olib askarlar mag`lublar mulkini talon-taroj qilishiga mutlaqo yo`l qoymasdi”. “Boburnoma” haqidagi fikrlar ham diqqatga sazovor: “Men bor haqiqatni yozdim”, deydi muallif va haqiqatan ham u o`zining kamchiliklari, omadsizlikka olib kelgan noto`g`ri xatti-harakatlarini o`quvchidan yashirmaydi.

Bobur hayoti va ijodi Fransiyada ham keng o`rganilgan bo`lib, Fransiya ilm ahliga Zahiriddin Muhammad Bobur va “Boburnoma” haqida dastavval ma’lumot bergan fransuz sharqshunosi Bartoleme D’Erbelo (1621-1695) hisoblanadi. D’Erbelo o`zining “Sharq kutubxonasi” (La Biblioteque orientale. Paris, 1967) qomusidagi “Bobur yoki Bobar” nomli maqolasida Boburning hayoti, uning davlati va sarkardalik mahorati, adabiyot va san’atga qiziquvchi ilg`or fikrli kishi bo`lgani haqida ma’lumot beradi.

XIX asrga kelib Yevropa, xususan, fransuz sharqshunosligida Bobur merosini o`rganish, uning asarlarini tarjima qilish borasida yangi davr boshlandi. Ayni shu yillarda Boburning ulkan asari “Boburnoma”ni fransuz tiliga tarjima qilish, uning matn xususiyatlarini o`rganish, siyosiy-tarixiy ahamiyatini baholashda fransuz olimlari e’tiborga molik tadqiqotlarni yaratishdi.

“Boburnoma”ni fransuz tiliga tarjima va tadqiq qilishga sharqshunos Anri Jyul Klaprot (1783-1835) birinchilardan bo`lib harakatni boshlaydi. 1824-yil A.Klaprotning, “Sulton Bobur yohud “Boburnoma” tarixiga oid kuzatishlar” nomli maqolasi omma e’tiboriga havola etadi. Markaziy Osiyo va Sibirda yashagan xalqlar tarixi, madaniyati va adabiyotini yaxshi bilgan Klaprot Yevropa sharqshunosligida “Boburnoma” xususida ilk bor to`laqonli fikr yuritgan edi. Shundan so`ng 1854-yili Parijda “Hozirda va qadimda yashagan tarixiy shaxslar hayoti” nomli katta kitob chop qilinadi. Mazkur kitobdan sharqshunos M.Langle (1763-1824) ning “Zahiriddin Bobur hayoti va ijodi” nomli maqolasi ham o`rin olgan edi. Maqolada Bobur haqida avvalgi manbalarga nisbatan ancha boy ma’lumot berilgan bo`lib, o`quvchi undan adib hayoti va ijodi to`g`risida chuqurroq bilim olishga muvaffaq bo`ladi. Boburning hayoti va ijodi fransuz kitobxonini tobora qiziqtirib bormoqda edi. Fransuz olimlari so`nggi yillarda Bobur to`g`risida tez-tez maqolalar chop ettirar, kitoblar nashr qildirardi.

Zahiriddin Muhammad Bobur merosini o`rganish, “Boburnoma”ni tarjima va lisoniy tarjima qilishda fransuz turkologi Anri pave de Kurteyl (1821-1889)ning xizmatlari alohida tahsinga loyiq. Fransuz kolleji (College de France) turkiy tillar kafedrasi mudiri, fransuz akademiyasi a’zosi, Sankt-peterburg fanlar akademiyasi muxbir a’zosi bo`lgan Pave de Kurteyl vatani Fransiyada turkologiya ilmining rivojlanishiga ulkan hissa qo`shdi. Professor A.Pave de Kurteylning olimlik faoliyatida u tuzgan “Sharqiy-turkiy tillar lug`ati” (“Dictionnaire de turc orientale”. –Paris, 1870) yohud “Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va Abulg`ozi Bahodirxon asarlarini o`qish uchun izohli lug`at” alohida ahamiyatga molikdir. Professor A.Pave de Kurteyldagi bu katta tayyorgarlik, eski o`zbek tili va adbiyotidan egallagan puxta bilim uni “Boburnoma”ni tarjima qilishga undagan edi. 1871-yilda “Boburnoma”ning Pave de Kurteyl tarjimasi ikki jildda nashrdan chiqdi (“Memoire de Baber”. Traduit pour la premiere fois sur le texte djagatai par A.Pavet de Courteille, — editions, 1871). Birinchi jildda tarjimonning o`n olti sahifalik so`zboshisi berilgan. Unda “Boburnoma”ning yozilish jarayoni, kitobda keltirilgan voqealar, Boburshohning Afg`oniston va Hindistonda barpo etgan qudratli imperiyasi xususida ma’lumotlar berilgan.

G`arblik ayrim olimlar “Boburnoma”ning bunyod bo`lishini Bobur Hindistonda hukmron bo`lgan davr bilan bog`laydilar. Fransuz tarjimoni bu haqda quyidagi fikrni aytadi: “Agar mendan “Boburnoma” qaysi davrda yozilgan deb so`rasalar, men kitob Bobur Hindistonni zabt etgandan so`ng, ya’ni 1526-yildan boshlab yozilgan va Boburshoh hayotining oxirigacha davom etgan, deb javob qilardim”. Professor Pave de Kurteyl bunday xulosaga kelishida, asarning dastlabki boblaridanoq Hindiston davri voqealarining uchrab turishini nazarda tutgan edi. Shunday qilib, Pave de Kurteyl Zahiriddin Muhammad Boburning merosini Fransiyada o`rganish va targ`ib qilishda o`zining yuksak xizmatlari bilan katta hissa qo`shdi. “Boburnoma”ning tarjimoni sifatida mashhur bo`ldi. Olim boshlagan bu tarjimonlik ishi jahon ahliga manzur bo`ldi va Bobur hayotini ko`plab olimlar tomonidan doimiy ravishda o`rganilishiga sabab bo`ldi.

1888-yil “Osiyo jurnali” (Journal asiatique)ning ikkinchi jildida sharqshunos Jyul Darmstetye o`zining “Kobul yozuvchilari. Boburshoh va boshqa mo`g`ul shahzodalarining qabr toshlaridagi bitiklar” nomli maqolasini e’lon qilganligi, boburiylar barpo etgan maqbaralarda bitilgan so`zlar ma’nosi bilan tanishishga yordam beradi.

Ma’lumki, Boburning “Aruz risolasi” asari o`zbek, arab va boshqa turkiy xalqlar she’riyati qonuniyatlarini o`rganishda muhim ahamiyatga ega bo`lgan qo`llanmadir. Bu asar qo`lyozmasining hozirgacha saqlanib qolganligi ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo`lmasligi mumkin. Qo`lyozmaning bir nusxasi Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanib kelinayotgani haqida 1923-yil turk olimi M.F.Ko`prulizoda ilk bor ma’lumot beradi. Fransuz sharqshunosi Edgar Bloshe o`zining Parijdagi “Milliy kutubxonada saqlanayotgan qo`lyozmalar katalogi” kitobida “Aruz risolasi”ning ushbu qo`lyozmasiga alohida to`xtalib o`tadi.

XX asrda ham fransuz sharqshunoslari tarafidan Zahiriddin Muhammad Bobur merosini o`rganish, “Boburnoma”ni tarjima qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Fransuz adiblarining Bobur hayoti, ijodi va “Boburnoma” kitobi haqida umumiy ma’lumot beruvchi maqolalari ko`paydi. 1930-yili fransuz olimi Fernard Grenardning “Bobur. Hind imperiyasining asoschisi” (Baber. Fondateur de l’Empire des Indes. – Paris: 1930, 179 p) nomli risolasi nashr etildi. Kitob 10 bobdan iborat bo`lib, unda Boburning bolalik vaqtidan to umrining so`nggi davriga qadar boshidan kechirgan voqealar tarixiy-badiiy asnoda hikoya qilingan. Grenardning ushbu risolasi “Boburnoma”ga hamohang bo`lib, undagi voqealarga monand keluvchi ilmiy-ommabop ocherklardan, Boburning Samarqandni tashlab chiqqan, Andijonni qo`ldan chiqargan paytdagi holatini quyidagicha tasvirlaydi: “Orzu-umidlari chilparchin bo`lgan Bobur orqaga qaytadi. Bahor fasli edi, u tog`asi yurti (Toshkent-M.X) tomon yo`l oldi. U ezilgan ko`ngliga taskin berish niyatida o`zining quyidagi misra bilan boshlanuvchi g`azalini bitadi:

 

Jonimdan o`zga yori vafodor topmadim,

Ko`nglumdan o`zga mahrami asror topmadim.

 

Boburning Hirot va Kobuldagi hayoti Grenard kitobida bir muncha jonli tasvirlanadi. Bu yerda Bobur taxtu toj uchun jangtalab sohibqiron emas, balki nozikta’b va dilbar shoir qiyofasida ko`rinadi.

Shuningdek, hind olimi, Kashmir universiteti professori Muhobbul Hasan “Boburnoma” hususida fikr bildirarkan, bu asarning Boburshoh shaxsiyati va davlat tizimini o`rganishidagina emas, balki Hindiston tarixi, geografiyasi va madaniyati, o`tmishini o`rganishda ham qimmatbaho manba ekanini, Hindistonni, uning xalqi hayotini tasvirlashda muallif idrokining naqadar o`tkirligini ta’kidlab o`tadi. “Boburga qadar bironta musulmon tarixchisi yoki geografi (al-Beruniydan mustasno) Hindistonni bu qadar jonli va to`g`ri tasvirlagan emas”, deydi muallif. Shuningdek, shoh Boburning o`z fuqarosi – hind xalqi bilan do`stona muomalada bo`lganini, hindlar ham shoh tuzumidan mamnun yashaganliklarini ko`p bora ta’riflab o`tadi.

“Boburnoma”ning doctor Bak’e-Grammon tarjimasi fransuz o`quvchisining didiga yaqin saviyada amalga oshiraladi. Unda Bobur hukmronligi davri Movorounnahr, Afg`aniston va Hindiston yerlarining xaritalari berilgan.

“Boburnoma”ning A.J.Klaprot, A.Longper’e, M.Langle, A.Pave de Kurteyl, F.Grenard, Barye-Grammon kabi tadqiqotchi va tarjimonlari Bobur merosining tarixiy-etnografik, bibliografik hamda lingvistik jihatdan tavsif qilish bilan Yevropada boburshunoslikning rivojiga munosib hissa qo`shdilar. Qolaversa, Zahiriddin Muhammad Boburning ilm-fan, adabiyot va san’atga baxshida boy merosini to`plash, nashr etish hamda jahon miqyosida munosib baholamoq uchun yuqoridagi manbalarni e’tirof etish maqsadga muvofiqdir.

Chet ellik taniqli olimlar Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini o`rganar ekan, vatandoshimizning nechog`lik buyuk shoh, sohibdil shoir, ma’rifatli inson, ruhiy-ma’naviy jihatdan barkamol shaxs bo`lganligiga amin bo`ladilar. Bu esa Bobur shaxsiga va merosiga bo`lgan hurmatni yanada oshiradi. Zero, ulug` vatandoshimiz Bobur hazratlarining jahon ilmiga va davlat boshqaruviga qo`shgan hissasini anglab yetish hamda o`rnak bo`larli jihatlarini o`zimizga qaul qilish uchun olimlar va adiblar yuqorida keltirilgan maqolalar hamda kitoblarni chop ettirish orqali amalga oshirishlari zarur. Buyuk shoh va shoir ijodini o`rganish bugun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Aziza Ahmadova,

O`zMU magistranti

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x