Bobur devoni dunyo kezadi

 Yaqinda qardosh Ozarbayjonda buyuk davlat arbobi va adib Boburning ikki kitobi nashr etildi. Biri mashhur “Boburnoma”, ikkinchisi “Tanlangan asarlar”i. Bu oʻrinda biz uning ozarbayjoncha “Tanlangan asarlar”i haqida fikr yuritmoqchimiz.

Boburning ozarbayjoncha “Tanlangan asarlar”i (Z. M. Babur. Seçilmiş əsərləri. Baki, 2011) R. Askarning “Gʻoziy Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, shaxsiyati, asarlari” nomli soʻzboshisi (3-22 betlar) bilan ochiladi. Unda Bobur hayoti va ijodiga oid atroflicha maʼlumotlar berilgan. Jumladan, Bobur asarlarining Turkiyadagi va Erondagi qoʻlyozmalari haqidagi fikrlar diqqatga molikdir. Muallifning taʼkidlashicha, Boburning 1519 yilda tuzilgan “Kobul devoni” va 1528–29 yillarda tartiblangan “Hind devoni”ning bir qator nusxalari turli muzeylarda saqlanmoqda. Bir-biridan hajman farqli bu devonlarning eng mukammal nusxasi Istanbul universiteti kutubxonasidagi 3743 raqamli “Devoni Boburshohi Chigʻatoyi”dir; 105 varaqli toʻplamda shoirning 119 gʻazali va turli janrlardagi boshqa sheʼrlari, “Risolai volidiya” tarjimasi mavjud (Parij milliy kutubxonasidagi 1230 raqamli ikkinchi mashhur nusxa esa 50 varaqdir, unda 87 gʻazal va boshqa sheʼrlar bor). Istanbuldagi Toʻpqopi saroyidagi 741 raqamli qoʻlyozma esa 55 varaqdir; “Devoni sultonul aʼzam Bobur mirza val-gʻufron” yozuvli bu devonda 111 gʻazal va boshqa sheʼrlar mavjud. Demak, bu yodgorlik hajman kattaligi bilan Parij nusxasidan koʻra qimmatliroqdir. Istanbuldagi Otaturk shahar kutubxonasidagi boshqa bir nusxa 74 varaq boʻlib, unga 82 gʻazal va turli sheʼrlar jamlangan. Tehrondagi Saltanat kutubxonasida saqlanayotgan Bobur kulliyoti 5 boʻlimdan iboratdir, unda shoirning deyarli barcha nazmiy va nasriy asarlari toʻplangan. Turkiyalik Boburshunos, doktor Bilol Yujal yuqoridagi nusxalardan foydalanib, 1995 yilda “Bobur devoni”ini nashr ettirdi (turkman olimi Rahimmamat Quronov Ashxobodda 2005 yilda chiqargan “Bobur devoni” ham B. Yujal nashriga asoslangan). Qisqasi, muallif buyuk shoirimiz asarlarini ozarbayjon tilida nashrga tayyorlashda uning saylangan sheʼrlaridan (Z. M. Bobur. “Gʻaribing andijoniydur”, nashrga tayyorlovchi Vahob Rahmonov, “Sharq”, Toshkent 2008) va B. Yujalning turkcha bosmasidan foydalanganini, ularga suyanganini minnatdorlik bilan tilga olgan.

Mazkur nashrning yutuqlari, bizningcha, quyidagi jihatlarida koʻrinadi. R. Askar Bobur sheʼrlarining ozarbayjoncha nashrini tayyorlarkan, faqat bir-ikki manbaga emas, balki shoir sheʼrlarining turli qoʻlyozmalarga asoslangan va bir-birini toʻldiruvchi Toshkent, Kobul, Istanbul, Anqara nashrlarga tayangani sababli ilmiy mushohadalarining xolis va asosliligi koʻrinadi. Soʻzboshida muallif Boburning hayoti va ijodi haqida keng toʻxtalgan, uning sheʼriy va nasriy, ilmiy ijodiga juda katta baho bergan, uning nafaqat oʻzbek yoki turkiy adabiyotlardagi, balki dunyo adabiyoti va tarixidagi oʻrni nihoyatda ulugʻligini koʻrsatib bergan. R. Askarning yozishicha, “Bobur oʻzbek sheʼriyatida A. Navoiydan keyingi eng yuksak choʻqqidir”.

Har bir nashrda katta yutuqlar bilan birga ayrim kichik kamchiliklar uchrashi ham tabiiydir. Ayniqsa, ayni qoʻlyozmalar turli davrlarga oid va dunyoning turli oʻlkalarida saqlanayotgan nodir asarlar yangidan bosilganda, ularni qiyosan oʻrganib, xulosalarimiz bilan oʻrtoqlashish lozim. Avvalo mazkur devon soʻzboshisidagi baʼzi fikrlarga toʻhtalib oʻtsak. R. Askar soʻzboshida hayajon bilan “Bilol Yujalning kitobi boburshunoslikda eng moʻtabar manbadir” (15 b.) deya urgʻu beradiki, bu gap tadqiqotchilarni Bobur sheʼrlarining Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Turkiya, Ozarbayjon va Turkmanistonda 1950–2011 yillar orasida bosilgan barcha nusxalarini qiyosiy oʻrganishga, xulosalarini bildirishga undaydi.

Shunday qilib, R. Askar taʼkidlaganidek, “B. Yujal Boburning 122 gʻazali borligini aniqlaganki, ulardan biri charpaz (qorishiq, kesishgan – T. Q.) gʻazaldir”; shoirning bugungacha ilm olamiga 18 masnaviysi, 216 ruboiysi, 1 muammosi, 19 qitʼasi, 15 tuyugʻi, 79 matlaʼsi, 7 masnuʼ sheʼri, 16 notamom gʻazali, 3 nazmi va 16 musarra bayti, 11 mufradoti, 4 kichik mansur parchasi maʼlumdir. Bundan tashqari, uning forschada yozgan 2 gʻazali, 12 ruboiysi, 8 qitʼasi, 7 matlaʼsi va 1 mansur parchasi bor. Xullas, Bobur devonida 600 dan ortiq asari bor.” (14-15 b.)

Keling, bu fikrlarning ayrimlarini tahlil qilib koʻraylik. Birinchidan “Bilol Yujal Boburning 122 gʻazali borligini aniqlaganki, ulardan biri charpaz gʻazaldir” deydi muallif. Holbuki, B. Yujal turkchada shoir sheʼrlarini nashr ettirgungacha ham uning 120 taga yaqin gʻazali oʻzbekcha nashrlar orqali kitobxonlarga maʼlum edi. Yaʼni, 1962 yilda 116 ta, 1982 yilda 118 ta, 1996 yilda 119 ta (2008 y. da esa 128 ta) gʻazali bosilgandi. Demak, B. Yujal 122 emas, nari borsa 3-4 gʻazalni aniqlagan ekan. Faqat bu yerda shuni mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardikki, 1996 yilgi (Shafiqa Yorqin tayyorlagan Kobul nashriga suyanilgan) H. Muhammadxoʻja oʻgʻli nashrida berilgan “Masnuʼ sheʼrlar” B. Yujalga tayangan ozarcha nashrda 121-gʻazal shaklida taqdim etilgani maqsadga muvofiq boʻlgan. 3-4 yangi aniqlangan gʻazaldan biri shu. Yaʼni, uning masnuʼ sheʼr, toʻrtliklar emas, balki 5 bayt – 5 baytdan iborat ikki kesishgan, qorishgan gʻazaldan yaratilgan bitta gʻazal ekanligi biz uchun yangilikdir. Ikkinchidan, Muallif Boburning “15 tuyugʻi, 79 matlaʼsi, 7 masnuʼ sheʼri” bor deydi. Shoirning Oʻzbekistondagi nashrlarida tuyuqlar soni 9 ta, goh 18 ta, goh 14 ta deya berilgan, muallifning bu fikriga qoʻshilish mumkin. Ammo “79 matlaʼsi” borligi haqidagi fikri odamni oʻylantirib qoʻyadi. Zotan, matlaʼ gʻazalning birinchi – chiqish, boshlanish bayti ekanligi, alohida janr emasligi barchaga maʼlum. Shoirimizning 7 ta masnuʼ sheʼri borligi toʻgʻrisidagi fikr yoqimli, albatta, ammo oʻsha masnuʼ sheʼrlar eʼlon etilsa, yanada yaxshi boʻlardi.

Ozarbayjoncha nashrga Boburning 500 dan ortiq sheʼriy asari jamlangan, forsiyda yozganlari, shuningdek, boshqa shoirlarga oid deya taxmin qilingan 56 muammosi kiritilmagan (Oʻzbekistonda 1982 yilda bosilgan “Bobur sheʼriyatidan” toʻplamida uning 52 muammosi oʻrin olgan; 1996 yilgi nashrda 2 muammo bor, xolos). Demak, R. Askar soʻzboshida hayajon bilan “Bilol Yujalning kitobi boburshunoslikda eng moʻtabar manbadir” deya taʼkidlaganini bir kasbdoshiga hurmatan aytilgan nisbiy fikr sifatida qabul qilish mumkin.

Ozarbayjoncha nashrda shoirning 15 tuyugʻi berilgan (223-226 b.). Oʻzbekcha nashrlarda tuyuqlar soni turlichadir (1965 yil nashrida 9 ta, 1982 yilda 18 ta, 1996 yilda 14 ta).

Maʼlumki, tuyuq mumtoz adabiyotimizda eng murakkab, har qanday ijodkor qoʻl urolmaydigan qiyin sheʼr turidir. Zotan, turkiy tillardagi sheʼrbop omonim soʻzlarga ustozlar tomonidan, bizningcha, tuyuqlar deyarli yozib boʻlingan. Yangi tuyuq bitish nihoyatda ogʻir. Bu jihatdan qaraganda, bitta yangi tuyuq ham kitobda oʻz oʻrniga egadir.

Qardosh tillardan bir-biriga tarjima va tabdil nashrlarining bir fazilati borki, bu tufayli ularni asl matn va boshqa nashrlar bilan qiyoslash, kamchiliklarini toʻldirish, ayrim xatolarni aniqlash mumkin. Tuyuqlar nashrida ham bu holga duch keldik. Oldindan tuyuqlarni nashrga tayyorlash ogʻirligini, qardosh tillarga uygʻunlashtirish undan ham qiyinligini, boshqa tilga oʻgirish deyarli mumkin emasligini eslatib oʻtaylikki, quyida ayrim yanglishliklarni tilga olsak, bu sohada zahmat chekkan ustozlar va doʻstlarimizning koʻngli ogʻrimasin. Boburning uch jildlik “Asarlar”ida bir tuyuq shunday berilgan (1965 y. 1-j, 176 b):

 

To koʻngul berdim oʻshal qoysoriygʻa,

Borgʻonini bilmadim qoy sorigʻa,

Doʻstlar, yorga meni sogʻindurung,

Solsangiz nogah quloq qoysorigʻa.

 

1982 yildagi S. Hasanov nashrida (119 b.) bunday:

 

To koʻngil berdim oʻshal qaysaregʻa,

Borgʻanini bilmadim qay sarigʻa,

Doʻstlar yorgʻa meni sogʻindurung,

Solsangiz nogah quloq qaysarigʻa.

 

1996 yilgi H. Muhammadxoʻja oʻgʻli nashrida esa birinchi nashrga oʻxshash, faqat ilk satr “qoysorigʻa” yozilgan (118 b.).

Ozarbayjonchada bu tuyuq shunday (224 b.) berilgan:

 

Ta könül verdim oşol kaysariya,

Varalım bilmədim kay sariya,

Dostlar, yara mani sagındırın,

Salsanız nagah ayaq Kaysariya.

R. Askarning bu tuyuqqa bergan izohlariga koʻra: 1-satrdagi “qaysariya” – goʻzal, qaysarga, podshohga loyiq; 2-satrdagi “qay sariya” – qayerga; 4-satrdagi “Qaysariya” – shahar nomi sifatida talqin etilgan.

Demak, Boburning Ozarbayjondagi tarjimoni tuyuqning 4-satrini “Qaysari shahriga borsangiz” deya anglagan va shunday talqin etgan. Turkiyadagi tarjimon esa tuyuqning birinchi satrini “oʻsha qaysarilikka koʻngil berdim” deya tushungan. Faqat u Turkiyadagi Qaysari shahrini emas, Hirot yaqinidagi Qaysari, deya taʼkidlamoqda. Ozarbayjonlik tarjimon qaysi mamlakatdagi Qaysari ekanligini aniq bildirmagan. Tuyuqning oʻzbekcha nashrlarida esa Qaysari shahriga ishora yoʻq. (oʻzbekcha qomuslardan Afgʻonistondagi Qaysari haqida belgi topolmagach, Toshkentda ishlayotgan afgʻonistonlik tarixchi Hamidulla Tavochi bilan bu xususda suhbatlashdim. Uning aytishicha, Qaysari-Balx va Hirot oʻrtasida joylashgan bir tuman. Tumanda Sulton Sanjarning mashhur qasri bor; Qaysaridan 10 kilometr uzoqdagi bu qalʼada S. Sanjarning saroyi boʻlgan. Shu qalʼa yaqinida “asʼhobi kahf” gʻori ham bor.

Har qanday, adabiy asarning, xususan sheʼrning badiiy qimmati shundaki, oʻquvchi oʻz darajasiga koʻra uni oʻqiydi va anglaydi; matn va soʻzlar ortidagi aytilmagan maʼnolarni, ishora etilgan fikrlarni tuyish, sezish esa nozik taʼb oʻquvchiga oʻzgacha zavq beradi.

Bizningcha, 1982 yilgi nashrda yanada sayqallab tabdil qilingan bu tuyuqdagi ilk satrni turlicha anglash mumkin: 1) oʻsha qaysar – oʻjar jononga koʻngil berdim; 2) Qaysarilik goʻzalga koʻngil berdim. Ikkinchi satrdagi “qay sarigʻa” ning qayga, qayerga degandan boshqa maʼnosi yoʻq. Toʻrtinchi satrdagi “qaysarigʻa” soʻzini qaysar (kayzer), podshoh va oʻjar oshiq kabi ikki maʼnoda tushunish mumkin.

Shu oʻrinda shoirning “norin” soʻziga asosan bitilgan yana bir tuyugʻi va tarjimasiga oid fikrimizni ham aytib oʻtaylik.

 

Jongʻa soldi dahr gʻurbat norini,

Koʻz yoshim boʻldi moʻgʻulning norini,

Bu aroda men degandek boʻlmasa,

Koʻzlay Issiq koʻlu undin norini.

 

Bu tuyuq 1965 yilgi nashrda shunday berilgan, 1982 yildagisida ham shunday, faqat toʻrtinchi satr “Koʻzlay Issiq koʻlu andin norini”, 1996 yilgi bosmasida “Koʻzlar Issiq koʻlu andin norini” shaklida bosilgan. Ozarbayjonchada bu asar shunday berilgan:

 

Cana saldı dahr gürbət narını,

Gözyaşım keçdi moğolun narını,

Bu arada mən deyən tək olmasa,

Gözlər İssıq gölü ondan narını.

 

 

R. Askar 2-satrni “koʻz yoshim moʻgʻuldan ham nariga toshib oʻtdi” deya (aslida, bizningcha, “koʻzyoshim moʻgʻulning norini – shoʻrvasiday qaynadi” deyilmoqda, tarjimon esa narigi taraf deya izohlagan), 4-satrni esa “agar vaziyat men oʻylagandek boʻlmasa, Issiqkoʻlni, uning anorini koʻzlayin” deya notoʻgʻri oʻgirgan (225 b.). Oʻzbekchasida “agar vaziyat men oʻylagandek boʻlmasa, Issiqkoʻlni, soʻngra undan ham nariga ketishni (undan narini) koʻzlayin” maʼnosidan tashqari, bizningcha, “Issiqkoʻlga, undan Noringa oʻtayin” (Norin daryo va tuman nomi sifatida bugungi Oʻzbekistonda va Qirgʻizistonda mavud) kabi talqini ham bor.

Boburning ozarbayjonchada chiqqan yana bir tuyugʻi 1982 yilgi oʻzbekcha nashrda:

 

Ne balo biyikturur davlat bogʻi,

Koʻhi gʻamni ne bilur davlat bogʻi,

Himmate tut dagʻi davlat istagil,

Himmating boʻlsa boʻlur davlat bogʻi

 

tarzida andak tushunarsiz berilgan edi. 1996 yilgi nashrda esa:

 

Ne balo biyik turur davlat togʻi,

Koʻhi gʻamni ne bilur davlattagʻi,

Himmate tut, dogʻi davlat istagʻil,

Himmating boʻlsa boʻlur davlat togʻe

 

shaklida anchagina tuzatib bosilgan. Bizningcha, 4-satrdagi qofiyani buzib turgan “togʻe” oʻrniga yana maʼnosidagi “tagʻi” yozilsa, toʻgʻriroq boʻladi (zero bu soʻz oʻtmishda Boburning otasi va oʻzi yashagan poytaxt Axsida, umuman Toʻraqoʻrgʻon tomonlarda xalq tilida koʻp ishlatilgani kabi bugunda ham tagʻi, dagʻi tarzida qoʻllaniladi – T. Q.). Bu tuyuq ozarbayjonchada shunday bosilgan:

 

Nə bəla böyük dürur dövlət tağı,

Kuhi gami nə bilər dövlət tağı,

Hümmati tut, dahi dövlət istəgil,

Hümmətin olsa olar dövlət tağı.

 

R. Askar tuyuqning mazmuni va shaklini muvaffaqiyat bilan ifodalagan, faqat ikkinchi satr maʼnosini toʻgʻri aks ettirish bilan birga, undagi “davlattagʻi” iborasining izohida “Tağ – sahib” (togʻ – sohib, ega) maʼnosidadir, deya biroz noʻnoqlik qilgan xolos.

Odatda, oʻzbek adabiyotiga tegishli asarlar boshqa tillarga oʻgirilib nashr etilganda, xorijlik mutaxassislar bizning ijodkorlarga qanday baho bergani adabiyotshunoslarni ham, oddiy muxlislarni ham qiziqtiradi, albatta. Bu jihatdan qaraganda, Bobur asarlari nashrlarida oʻzbek adabiyotining oʻziga xos fazilatlari, ustunliklari qayd etilgan fikrlar anchagina. Bir-ikki misol keltiraylik. Oʻzbek-ozarbayjon adabiy aloqalari tadqiqotchilaridan biri, filologiya fanlari doktori Olmos Ulviy mumtoz adabiyotimizda Boburning buyuk oʻrni borligini taʼkidlarkan, mashhur turkolog olim M. F. Koʻprilizodaning ayrim fikrlarini keltiradi, yaʼni “Bobur adabiy merosining eng goʻzal namunasi, hech shubhasiz, devonidir. Boburning barcha chigʻatoy shoirlaridan, hatto Navoiydan ham qolishmaydigan goʻzal lirikasi, sheʼriyati, toza adabiy tili, samimiy tuygʻulari bordir”.

Doʻstimiz Ramz Askar bu soʻzlardan ilhom olgandek, soʻzboshisida Boburning buyuk shaxs, buyuk ijodkor ekanini shunday taʼkidlagan: “Xulosa qilib aytganda, turkiy adabiyotlarning eng porloq siymolaridan biri boʻlgan Zahiriddin Muhammad Bobur chigʻatoy adabiyoti tarixida Alisher Navoiydan keyingi ikkinchi eng yuksak choʻqqidir. Nasr sohasida esa, birinchisi, hech kim zabt etolmagan choʻqqidir. Uning hayoti, shaxsiyati, asarlarining tanitilishi va targʻib etilishi turkiy ziyolilarning birinchi darajali vazifasidir. Zero, yosh nasllarga turk dunyosi ulugʻlarini tanishtirmasdan, tarixiy xotiramizni yangilamasdan-kuchaytirmasdan turib oʻtmish-bugun-kelajak orasida koʻprik qurib boʻlmaydi. Holbuki, bugungi globallashgan dunyomizda bunga katta extiyoj bor”.

Biz ham bu soʻzlarga qoʻshilgan holda jahonshumul inson, sarkarda va shoir Boburning ikki kitobini, Ozarbayjonda nashr etilishiga xizmat qilgan tarjimon va olim Ramz Askar bu ishlari bilan, bizningcha, yuqoridagi fikrini isbotlagan. Soʻzi va amali bir boʻlgan ozarbayjonlik doʻstimizning bu muvaffaqiyatlari uning oʻzbek muxlislarini ham sevintiradi, albatta.

 

Tohir QAHHOR,

OʻzDJTU dotsenti

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bobur-devoni-dunyo-kezadi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x