Bobomning hikmati

Hayotning topishmogʻini har kim oʻzicha yechadi. Yer yuzida qancha odam boʻlsa, shuncha hayot va shunga yarasha hikmati bor. Bobom bir soʻzni koʻp aytardi: Ot mingan ham yoʻl soʻraydimi?…

Bir safar, unda bola edik, momom men bilan amakimning oʻgʻlini yoniga chaqirib mayiz, qand-qurs berarkan, shunday dedi:

– Kecha bobongni xafa qilib qoʻydim. Bechora tonggacha yigʻlab chiqdi. Ertalab hech balo yemadi. Borib qaranglar-chi, qayoqlarga gʻoyib boʻldiykan.

Biz yugurib ketamiz. Koʻchada, Safar boboning uyi oldida suhbatlashib oʻtirishgan ekan.

– Bobo kecha yigʻladingizmi? – dedik.

Bobomning javobini kutmasdan yana gapirdik.

– Momom aytdi, ertalabdan kayoqqadir gʻoyib boʻlgan ekansiz…

Oʻshanda bobom bizga pul berib shunday degandilar:

– Borib saqich olib chaynanglar, zora ogʻizlaring bir oz yopilsa. Ha, keyin momongga aytgin, oʻladigan axmogʻi yoʻq. Ustiga yana bitta kampir olmasam, yurgan ekanman.

Keyin nima boʻldi deng…

Oʻsha oqshom bobom bilan momom yarash oshi qilishdi.

– Sizlarni sogʻinsam, kampirimga bir ikki-musht tushirib qoʻyaman. Albatta, koʻzga tashlanmaydigan joyiga. Shunday qilmasam, bittang xabar olmaysanlar, – degandi bobom.

Momom unga javoban:

– Sizlarni oʻylab yarashdim… boʻlmasa…

Oradan yillar oʻtdi.

Talabaman.

Qishki taʼtil tugadi.

Ertalab shaharga qaytayotgandim, momom yana qurt, turshak, qand-qurs berdi.

– Bobong kecha yana yigʻlab chiqdi…

– Haliyam-a?.. Tushundim. Hozir…

Koʻchada bobomni uchratdim…

– Kecha yana yigʻlabsiz…

– Ma, yaxshi koʻrgan qizingga saqich olib ber…

Bobom bir siqim pul uzatdi. U gapirishga ogʻiz juftlagan ediki, mahkam quchoqlab oldim…

– Bobo, sizni yaxshi koʻraman…

Biz katta koʻchada uzoq suhbatlashib qoldik.

– Bundan ancha yil burun, onam olamdan oʻtganida, koʻnikolmay bagʻrimni yerga berib yotganman. Oʻshanda shu momong boshimni koʻksiga olib, onamday menga ertaklar aytib bergan. Bugun yoshim bir joyga borib shularni oʻylar ekanman, momongni umri uzoq boʻlsin, deb tangridan soʻrayman, bolam. Bizning urushishimiz, aslida mehrimizdan nishona. Biz mana shunday, urushib, yarashib ellik yil yashab qoʻydik. Agar bilsang gʻidi-pidi qib turmasak, urushmasak, xuddi bir-birimizdan koʻnglimiz sovugandek boʻlib qolamiz… Biz shunaqamiz, bolam…

Oʻylab koʻrsam, ularning oʻziga xos turmush oʻyinlari bor ekan. Biz oʻzimiz bilmagan holda oʻsha oʻyinlar taʼsirida ulgʻaydik. Va bu oʻyinlar yashashimiz kerak boʻlgan hayotda asqotishi shubhasiz. Axir “Ot mingan ham yoʻl soʻraydimi”, degan bobomning bu hikmati endi menga sir emas. Yoʻlni sen topmasang – ot topadi. Toʻgʻrirogʻi, hikmat senga yoʻl koʻrsatadi. Yigitga ot qancha kerak boʻlsa, hikmat ham shuncha darkor.

Oʻyinni faqat bolalar oʻynamaydi. Har bir insonning oʻz oʻyini boʻladi, xuddi koʻzi, qulogʻi boʻlgani kabi. Hayotda nimalar boʻlmaydi, deysiz. Mayli, nima boʻlsa boʻlsin, faqat bobo-momolarimiz omon boʻlsin va ularni yarashtirib qoʻyadigan nabiralar ham.

 

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”

gazetasi, 2014 yil 16-son

 

Sanjar Tursunov

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/bobomning-hikmati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x