Gʻir-gʻir shabada esib turgan dalada ketmondastaga suyanib, xayol surib oʻtirgan dehqonga koʻzingiz tushganmi? Hozirgina qator-qator egatlarga suv tarab kelgan bu qoramagʻiz kishining manglayiga egat-egat ajin tushgan, ularni oralab marjon-marjon ter oqadi. Yelkasiga tashlangan durra bilan yuz-koʻzi, boʻyni, qoʻllarini tez-tez artib qoʻyadi. Allaqachon kun ogʻgan boʻlsa-da, havoning dami baland. Dehqon oʻzi obod qilgan paykalga qarab xayolga choʻmadi. Umri deyarli dalada oʻtadigan bu odamning butun hayoti, turmushi, oʻy-fikrlari yerga bogʻlangan. Shu sabab asosan ekin-tikini, roʻzgʻori, bola-chaqasi haqida oʻylaydi. Ularga chindan mehr qoʻyadi, shu mehr bilan koʻngli toʻladi.
Dehqon odam sodda, samimiy boʻladi. Men dehqon bolasiman. Shu paytgacha birovni chuv tushirgan, soʻzida turmaydigan dehqonni uchratmadim. Lekin baʼzki ayyor odamlarning katta-katta maydonlarga ekin qilib, katta pul sarflab, baraka topmaganiga koʻp guvoh boʻlganman. Chunki ular dehqonlikni, dehqonchilikni baribir eplasholmaydi. Dehqon odam tabiatan mard boʻladi. Yil boʻyi mehnat qilib, yiqqan hosilini koʻp tortishmay, arzonroqqa sotib yuboraveradi. Chunki u choʻntagini qappaytirish uchun ter toʻkmagan. U birinchi oʻrinda koʻngil roziligini, yaʼni, Alloh roziligini istaydi. U birovni ogʻrintirmaydi, uch-toʻrt soʻmga oʻzi ham ogʻrinmaydi.
Bolalik paytim edi. Oʻn besh soʻtixcha yerga sabzi ekuvdik. Hosilni yigʻib-terib, oʻralarga joyladik. Bahorga yaqin sabzini sotish uchun saralay boshladik. Biz bolalar yoshlik qilibmi yo erinibmi, yirik sabzilarga kichikroqlarini ham qoʻshib yuboraverdik. Shunda rahmatli bobom bizni qattiq urishib berdilar, sabzilarni yana boshdan oʻzlari saralab chiqdilar. Balki oʻsha bir-ikkita kichik sabzini birov payqamas, payqasa ham ahamiyat bermas. Lekin gap boshqa yoqda. Oʻrtada ishonch bor, lafz bor.
Sabzini qoʻshni tumandagi bozorga olib bordik. Anchasini maydalab sotdik. Keyin ulgurji xaridor – olibsotar keldi. Savdolasha-savdolasha, oʻzi aytgan arzonroq narxga sotib oldi. Keyingi hafta oʻzimizning tuman bozoriga bordik. Narx biroz koʻtarildi. Shunda haligi olibsotar yana keldi. Keyin kutilmagan, gʻalati bir gapni aytdi. Oldingi bozor bizdan sabzi olib, foyda qilolmabdi, zarar koʻribdi. Shu sababli endi unga arzonroq berishimiz yo koʻrgan zararini qoplashimiz kerak ekan. Tabiiy, dadam unga kerakli javobni berdi, biz turgan joyga qaytib yaqinlashmadi. Lekin mening gʻazabim borgan sari olovlanar, tepa sochim tikka boʻlardi. Uning shu gapni uyalmay-netmay aytganiga chidayolmasdim…
Ustoz yozuvchilarimizdan biri aytadi: “Bir akademik tanishim bilan bozorga tushdik. Hamma narsani talashib-tortishib, savdolashib oldi. Lekin turpga kelganida negadir aytilgan narxga koʻndi. Sababini soʻrasam, turp sogʻliqqa foydaligini, bundan ham muhimrogʻi, dehqon mehnatini qadrlash kerakligi aytdi. Chindan hamn, mehnatni qadrlashni oʻrganishimiz zarur”. Narx pastlagani sabab bozori yurishmay turgan dehqonni yerga urib, pachakilashayotgan olibsotarni yoki zoʻravon xaridorni koʻrsam, oʻsha oʻn yil oldingi voqea esimga tushadi…
Asl dehqon moʻl hosil olib, boyib ketsa ham, ishini tashlamaydi. Yana dalaga yoʻl oladi, qora yerga qora ter toʻkib, mehnat qilaveradi. Uning qismati shu – rizq topadi, odamlarga ulashadi.
Chin dehqonning yuragi dalasiday keng boʻladi. Ketmondastga suyanib, oʻy surayotgan dehqonni bir gapga solib koʻring. Samimiy soʻzlari xuddi duoga oʻxshaydi. U hamisha ezgulik tarafdori, elga tinchlik-totuvlik, farovonlik tilaydi. Shunda uning pok, taʼsirchan yuragi sizga tugʻishgandek yaqin ekanini tuyasiz va koʻnglingizdan: “Yomonlik koʻrmang, umringiz barakali, yuzingiz yorugʻ boʻlsin, bobodehqonim!” degan yaxshi niyat oʻtadi.
Orif Tolib
2011
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/bobodehqonim-mening/