Men shu paytgacha katta festival yoki anjumanlarga qatnashmaganman. Ayniqsa, qaysidir sabab yoxud tasodif bilanmi yoshlar yigʻiladigan davralarda boʻlmaganim uchun koʻp bor afsuslanganman. Lekin yaqinda yuz ellik nafardan ortiq yoshlar ishtirokida (yoshlar boʻlganda ham, bari ijodkor) goʻzal bir maskanda – “Oʻzbekiston Shveysariyasi” deb dongʻi ketgan Boʻstonliq tumanida oʻtgan Respublika yosh ijodkorlarining birinchi forumi esda qolarli lahzalarni yodga muhrladi…
* * *
Ketishimizdan bir kun oldin qayerda va soat nechada yigʻilishimiz aytilgan edi. Tayinlangan soatda tayinlangan manzilga yetib bordim. Eng oxirgi kelgan odam men ekanman: hamma jamuljam. Yoshlar davrasiga qoʻshildim, bir-ikki tanish chehralarni koʻrdim. Koʻrishdik, soʻrashdik… Qarasam, yigʻilganlarning deyarli barchasi tanish – ularni turli tadbir va adabiy toʻgaraklardagi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilgan ijod namunalari orqali bilar ekanman. Xullas, ustoz shoir aytganiday, oʻrtada begona yoʻq.
Yoshlar bilan toʻlgan beshta avtobus soat oʻn birlarga yaqin kunchiqarga qarab yoʻl oldi. Keta-ketguncha hammani kuzatib bordim: barchaning chehrasida tabassum, koʻzlarida qandaydir yorugʻlik bor edi. Kimdir sherigi bilan esdalikka rasmga tushar, kimdir yonidagiga sheʼr oʻqir, yana kimdir esa chop etilgan kitobiga dastxat yozib hamrohiga berar edi. Yurtimizning olis-yaqin hududlaridan kelgan bu yigit-qizlar birpasda tanishib, bir-birlari bilan qadrdon boʻlib qolishdi…
Boʻstonliqning taʼrifini unda-bunda eshitganim bor: fakultetimizda biz bilan yonma-yon qozoq tili va adabiyoti yoʻnalishida tahsil oladigan kursdoshlarimizning koʻpchiligi aynan boʻstonliqlik edi. Oʻsha kursdoshlarimizdan birining toʻyiga ham borganmiz. Uzoqdan yelkasiga oq poʻstin yopinib olgan odamni esga soladigan togʻlarni koʻrganimda, shu togʻlarga bir kuni chiqish nasib qilarmikan, degan oʻy oʻtgan edi… Shularni eslab ketarkanman, yonimdagi hamrohim, shoir inim Xurshid gapga soldi:
– Husan aka, avvallari bunaqa joylarga, katta yigʻinlarga kelmaganman. Qanaqa boʻlarkan?
– Menam sizdekman, uka. Boshga tushganini koʻz koʻradi.
Kulishdik.
– Yoʻq, aytmoqchi boʻlganim… ketayotganlarning orasida juda yaxshi yozadiganlari koʻp. Hech tayyorgarlik koʻrmasdan chiqaverdik – pichoqqa ilinadigan sheʼrlarni tanlab chiqmadik ham.
– Yoʻgʻ-e, kim ekan ular?
– Koʻoʻoʻp, xoʻsh… sheʼr yozarmanlardan Suhrob degan yigit bor, Baxtiniso Mahmudova, Nurmuhammad Abduzoirov, Muhammad Siddiq… Dilmurod degan nasrchi yigit ham bor. Qisqa hikoyalar yozadi.
– Ha, durust. Koʻrsam tanirman…
– Hali borganimizdan keyin yaqindan tanishib olasiz…
Ertaklardagi kabi yoʻl yurdik, yoʻl yursak ham moʻl yurdik. Deyarli barcha manzil tomon oshiqar, qachon borarkanmiz degancha toqatsizlanardi. Yurilgan sari yuqoriga koʻtarilib borardik. Koʻtarilganimiz sari manzaralar yanada goʻzallashar, men esa odatimga koʻra atrofni tomosha qilib ketish bilan ovora edim: qirlar, adirlar, togʻlar…
Darvoqe, togʻlarni juda sevaman. Orzuga ayb yoʻq: koʻpdan beri togʻ bagʻrida yashashni orzu qilaman. Yarimchoʻl hududda ugʻaygan menday sahroyi toqqa chiqqanimda doim uning zalvori va ulugʻvorligidan anglab boʻlmas hayratni tuyardim. Bu ulugʻvorlikning ortida yana Bir Qudrat borligini-da ich-ichimdan sezarimni yashirmayman… Togʻlar – sakinat manzili, oromlar makoni. Uning qoʻynida qalbing taskin topadi, vujudingda tinim bilmay bezovta boʻladigan ruhing orom oladi. Togʻlar bagʻrida odamlar gavjum yashaydigan shaharu qishloqlardagi diqqinafaslikdan uzoq boʻlasan, oʻzingni erkin his qilasan.
* * *
Ikki soatdan oshiq vaqt oʻtib manzilga – yoshlar oromgohiga yetib bordik. Borganimizda havo ancha sovigan edi. Sovuq shamol bemajol daydirdi. Koʻpchilik qatori mening koʻnglimga ham bir ishtiboh indi: endi forum qanday oʻtadi? Shu oʻy bilan yuklarni koʻtargancha oʻz xonamiz tomon yoʻl oldik. Bizni boshlab kelgan yetakchilar xonalarni taqsimlab chiqdi. Hamma kirib boʻlgach, oxirida toʻrt kishi qolibmiz. Keyin toʻrtovlon tugal boʻldik – ikkinchi qavatdagi xonalarning birida qoʻnim topdik. Xurshiddan boshqa xonadoshlar ham begona emas ekan: kelguncha taʼrifini eshitganim – shoir Suhrob va nosir yigit Dilmurod. Ogʻir-bosiq, sermulohaza yigitlar ekan. Xullas, safardagi ijodiy ovimning avvali baroridan keldi: oʻzim istagan hamxonalar bilan qoʻnim topdim…
Oromgohdagi xodimlar bizni iliq kutib olishdi. Ilk tushlikdan soʻng katta zalda barcha ishtirokchilar yigʻildi, tartib-qoidalar bilan tanishtirildi. Keyin Yoshlar ittiqofining faollari, xususan, Yosh ijodkorlar kengashi raisi, samimiy shoira Mehrinoz Abbosova ushbu forumining maqsad-muddaosi, qanday tarzda oʻtkazish kerakligini izohlab oʻtdi.
Ochigʻini aytsam, men shu forumning tashkil etilishi haqida ilk shov-shuvlar tarqalganidayoq eshitgandim. Uch kunlik anjumanni faqat yoshlarning oʻzi, yosh boʻlganda ham yigirma va yigirma besh yoshning orasidagilar uyushtirayotganiga, rosti, avvalboshda sal ishonqiramadim. Hatto forumning boʻlib oʻtishiga shubha bilan qaragan edim. Ammo… oʻz koʻzim bilan koʻrdimki, barcha ishlarni yosh yigit-qizlar uyushqoqlikda, hamjihatlikda bajarishdi (aynan shu forum yoshlar tomonidan tashkil qilingan ilk katta anjuman sifatida ham tarixda qolishi shubhasiz).
Rasmiy tushuntirish va kirish soʻzlaridan keyin yoshlarning oʻzlaridan ham fikr soʻraldi. Ishonsangiz, zaldagi deyarli barcha ishtirokchi uy vazifasini tayyorlab kelib, ustoz meni koʻrmayapti, deb tashvishlangan maktab oʻquvchisidek qoʻllarini koʻtarib silkitar, soʻzga chiqishga navbat soʻrardi. Toʻsatdan old qatorda oʻtirgan norgʻul bir yigit sahnaga otilib chiqdi. Oʻzining tanishtirishi boʻyicha ismi Davlatbek, asli samarqandlik ekan. Toʻgʻrisi, avvalida menga uning bu ishi yoqmadi; oʻzini maqtashni, koʻz-koʻz qilishni sevadigan oddiy bir talaba boʻlsa kerak, dedim. Lekin… keyinchalik u bilan yaqindan tanishganimdan soʻng ilk tasavvurlar yolgʻonligi, aksincha, u forumdagi eng samimiy va faol yoshlardan biri ekanini bildim.
Davlatbekni ilk koʻrganimda sal qoramagʻizligi hamda sochlarining uzun va silliq qilib taralgani uchunmi, negadir hind aktyorlariga oʻxshatdim. Keyinchalik besh-olti yigit jam boʻlib suhbatlashayotganimizda, unga hazil aralash: “Sizni hindlarga oʻxshatib, hatto Raj sohib deb ism ham qoʻydim”, desam, kulib yubordi-da, hindcha nimalardir dedi. Biz hazilga hazil sifatida javob boʻldi, deb kuldik. Ammo keyin bilsak, u hind tilini chindan ham oʻrganayotgan ekan.
– Yoʻgʻ-e, nima qilasiz hind tilini? Hamma ingliz tilini oʻrganyapti, hatto hindlarning oʻzi ham ona tilidan koʻra inglizcha gapirishga ishqiboz, – dedim Davlatbekka qarab. Uning javob berishini ham kutib oʻtirmay xonadoshim Xurshid gapira ketdi:
– Raj sohib shundayiga besh tilni bilar ekan.
– Yoʻgʻ-ye!..
Rostdan ham, Davlatbek rus, ingliz, tojik, turk va nemis tillarini yaxshi bilar ekan. Iltimosimizga javoban har bir tilda uncha-muncha gapirdi ham. Aytishicha, hozirda nemis va ingliz tilidan tarjimalar ham qilayotgan ekan. Shuncha tilni bilishiga qaraganda chet tili boʻyicha magistraturada oʻqisa kerak deb, yana qiziqsinib savol bersam, u Oʻzbekiston jahon tillari universitetining hali birinchi bosqich talabasi ekan…
Ha… forum uch kun davomida ana shunday isteʼdod va iqtidor egalarini kashf etdi.
* * *
Ishtirokchilar birinchi kunning oʻzidayoq nazm, nasr, publitsistika, tarjima va dramaturgiya yoʻnalishlari boʻyicha guruhlarga boʻlinib, beshta joyda oʻzaro fikr almashdilar, ijodlari borasida turli bahs-munozaralar qilishdi. Men har bir shoʻbani aylanib chiqarkanman, bu forumga kelgan yoshlar shunchaki tasodif yoki tanish-bilishchilik orqasidan emas, balki rosmana tanlov natijasida, kelajagiga umid beradigan ijodiy ishlari sabab kelishganiga amin boʻldim.
Yigʻinlar boʻladigan katta zalda sheʼriyat yoʻnalishining yigirma chogʻli aʼzolari oʻtirishgan edi. Boshqa yoʻnalishlarni aylanib, qaytib kelsam, ularning safi ellikdan oshibdi. Qarasam, sheʼrxonlik boʻlyapti. Sekin borib qoʻshildim.
Ishonsangiz, bir-biridan goʻzal sheʼrlar aytildi. Buxorolik bir qiz sheʼr oʻqiganda olis oʻtmishning sadolari qulogʻimga chalinganday boʻldi, jizzaxlik bir yigit sheʼr oʻqiganda Hamid Olimjonning nafasini tuyganday boʻldim, surxondaryolik bir shoir ukamiz baxshilardek mungli ohangda sheʼr oʻqiganida Usmon Azimning “Hali butun roʻyi jahon sheʼr boʻlajak” degan hayqirigʻi naqadar rost ekanligini his qildim… Yoshlarning hech birida oliftalik yoki manmansirash yoʻq, koʻzlarida, soʻzlarida sheʼr kabi poklik hamda begʻuborlik bor edi. Ehtimol, bedorruh shoirimiz Shavkat Rahmon “Hozirgi yoshlarda pokizalik bor”, deganida ayni shunday yoshlarni nazarda tutgandir…
Sheʼrlarning barchasini eshitdim. Ochigʻi, yosh shoir va shoiralarning koʻpchiligi durust sheʼr qanday boʻlmogʻi kerakligini yaxshigina anglagan va shu yoʻlda ijodiy izlanish olib borayotgan yigit-qizlar edi. Anchagina “zuvalasi qotgan” sheʼrlar oʻqildi. Bir shoira singlimiz chaqmoq chaqishini osmon yerni suratga olardi, deb tashbeh qilibdi, yana biri oʻn yettiga toʻlganiga ishora etib, “Mening koinotim oʻn yetti yoshda”, debdi, men bilan otdosh yigit sogʻinch haqida shunday yozibdi: “Har tun orqalayman sogʻinch yukini”…
Toʻgʻri, oʻqilgan sheʼrlar orasida badiiy sayoz, tahrirtalab boʻlganlari ham yoʻq emasdi. Ammo har bir sheʼr zamirida yosh – hali endi yigirmaga yetgan yoki yigirmadan oʻtgan toza va samimiy qalbning aksi bor edi, yolgʻonlardan yiroq rost yurakning uchqunlari bor edi.
…Darvoqe, yurak deganimda oʻsha kecha yangragan bir sheʼr esimga tushdi. Qattiq qoʻrqish yoxud shunga oʻxshash holatlarda “yuragi tushdi”, “yuragini koʻtarish kerak” degan gaplarni, “yurak koʻtarish” degan davolash usuli haqida eshitgan chiqarsiz. Oʻsha holatni Nozima Habibullayeva degan shoira oʻziga xos poetik rakursda chiroyli ifodalabdi. U bir oʻrinda shunday deydi:
Qachon va qanday qilib
Qayda tushgan chala jon.
Koʻtarmoqlikdan avval
Topish kerak, xolajon.
Yurak koʻtargich xoladan najot topolmagan bemor oxiri oʻz soʻzini shunday tugatadi:
Hay, odamlar, odamlar,
Bosib yurmadingizmi?!
Ichi toʻkilib ketgan
Yurak koʻrmadingizmi?!
Alqissa, sheʼrxonlik yarim tungacha davom etdi. Birovning sheʼr oʻqishi birovga malol kelmadi, hamma bir-birini intiqlik bilan eshitdi. Meni quvontirgani, yosh qalamkashlarda ijodkorga xos yuksak fazilat – bir-birini hurmat qilish va tengdoshidagi badiiy topildiqlarni yaxshi ilgʻab, eʼtirof eta bilishning ham guvohi boʻldim.
* * *
Birinchi kuni eʼlon qilinganidek, ertasiga barcha ishtirokchilar forumning ochilish marosimiga tayyorgarlik koʻrishdi. Buni qarangki, tong bilan ob-havo oʻzgardi: bir kun oldingi sheʼrxonlikdan keyin osmonning ham koʻngli yorishdimi, bulutlar tarqab, atrof-javonib suv tomchisidek tiniq koʻrina boshladi. Soat oʻnlarga yaqin yosh ijodkorlarga mahorat darslarini oʻtish, ijod sirlarini oʻrgatish maqsadida taniqli shoir-yozuvchilar, tarjimonlar, publitsistlar hamda dramaturglar jam boʻlishdi. Oromgoh toʻy boʻladigan hovlidek yugur-yugurga toʻlib ketdi: qaysidir bir yosh nosir oʻzi sevgan adibning oldiga chopar, boshqa bir yosh shoir esa oʻzi sevgan shoirni koʻrib, uning sheʼrini yodaki aytgancha oldiga peshvoz chiqar, xullas, har kim “oʻziniki”ni katta mamnuniyat bilan kutib oldi.
Forumga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali, shoirlardan Mahmud Toir, Zebo Mirzayeva, Xosiyat Rustamova, Nodir Jonuzoq, Behzod Fazliddin; nosirlardan Xurshid Doʻstmuhammad, Isajon Sulton, Qoʻchqor Norqobil, shuningdek, Begoyim Xolbekova, Nazira Toshpoʻlatova, Beruniy Alimov, Iqbol Qoʻshshayeva, Aʼzam Obidov va Shuhrat Sattorov kabi publitsist hamda tarjimonlar tashrif buyurishdi. Forumning rasmiy ochilishida soʻz olganlarning barchasi yoshlarga havas ila boqib, ularning bugungi kundagi imkoniyatlari, tinchlik va farovonlik zamonida toʻlib-toshib ijod qilayotganlaridan quvonib, bir paytlar shoir Hamid Gʻulom aytgan shirin bir orziqishni eslashdi (nainki eslashdi, oʻzlari ham ich-ichdan istashdi): “Eh, sening yoshliging menda boʻlsaydi…”
Keyin bir guruh sanʼatkorlarga navbat berildi, ishtirokchilar qoʻshiqlarga joʻr boʻlib, raqsga tushishdi. Forumning ochilishi juda zavqli kechdi. Yanada fayzli oʻtishiga tagʻin bir nima sabab boʻldi.
Toshkent shahrida joylashgan Turin politexnika universiteti talabasi oʻzi yasagan robotni namoyish qildi. Boʻyi taxminan ikki qarich keladigan ushbu robot buyruqqa boʻysunib qadam ham tashladi, raqsga ham tushdi. Ammo shu jonsiz ashyo hammaning qalbini titratgani rost! Nima qildi deysizmi? Eshiting: robot shu yerda oʻtirgan barcha-barchaning ona allasidan keyin eshitgan eng aziz sheʼrlaridan biri, sobiq tuzum davrida oʻzbek degan millatni dunyoga tanitgan “Oʻzbegim” qasidasini aytib berdi. Temir boshiga kichkinagina margʻilon doʻppisini kiyib olgan Robotbek: “Qayga borsam, boshda doʻppim, gʻoz yurarman gerdayib” deganida hamma bor kuchi-la olqishladi, qiyqirib yuborganlar ham boʻldi, hatto qoʻshiqlardan unchalik huzur topmagan ayrim yigit-qizlarning koʻzida yosh ham koʻrdim. Ular chinakamiga buyuk davlatning, buyuk ajdodlarning farzandi va davomchilari ekanliklaridan faxrlanib, koʻzga yosh olgan boʻlishsa, ne tong…
Ochilish marosimidan keyin kun davomida ustoz ijodkorlar yoshlarga mahorat darslarini oʻtishdi, har bir yoʻnalishda oʻzi xos isteʼdodlar eʼtirof etildi. Yoshlarning ayrimlari unutilmas lahzalarning gʻanimatligini anglab, ushbu suhbatlarni video va foto koʻrinishda saqlab qolishga harakat qilishardi. Eng asosiysi, ijodning yozilmagan, ammo oltin qoidalarini ustozlar oʻz tajribalaridan kelib chiqqan holda yoshlarga yetkazishga harakat qilishdi.
Mahorat darslarida nafaqat ijod sirlari, balki ijodkorning shaxs sifatida shakllanishi, uning millat oldidagi burchi, vatan taqdiriga daxldorligi kabi haqiqatlar ham bot-bot uqtirildi. Mahorat darslari tugagandan soʻng ham yoshlar davra suhbatlarini, ijodiy bahs-munozaralarni davom ettirishdi. Ustozlar tomonidan oʻrtaga tashlangan “Inson nima uchun yozadi?” degan savolning muhokamasi kechki yigʻinda yanada avj oldi. Darhaqiqat, inson nega yozadi? Kimdir koʻngli toʻlgani uchun, dedi, yana kimdir oʻz dardini aytish uchun, dedi…
– Ha, bu gaplar ham toʻgʻri. Ammo hammaning ham nimalardandir koʻngli toʻladi, hamma ham oʻz dardini aytgisi, uni birovlarga oshkor qilgisi keladi. Ammo nega hamma yozuvchi boʻlmaydi? – dedim ularning bahslariga qiziqib.
– Ochigʻi, shu savol ertalabdan beri xayolimdan ketmayapti, – dedi bir yigit. – Bu savolga birpasda javob berib boʻlmas ekan. Aslida, shu savolga javob topilgandan soʻnggina ijod qilish yoki qilmaslik masalasi hal boʻladi, menimcha…
Haqrost! Aslida mazkur forumning tashkil etilishi ham yosh ijodkorlarning ijoddan maqsadlari nima ekanligi, bu mashaqqatli yoʻlda ular nimalarga tayyor boʻlishlari kerakligini yaxshiroq anglab olishlari uchun ahamiyatlidir.
…Uchinchi kuni yanada qiziqarli boʻldi. Ertalabki nonushtadan soʻng “Forumda yozilgan eng goʻzal maktub” tanlovi boshlandi. Koʻpchilik oromgoh hovlisiga chiqib, dil izhorlarini soʻlim maʼvoda qogʻozga tushirishni maʼqul koʻrdi. Tanlov jarayonida maktub – lar bilan tanishib chiqish imkoni boʻldi. Nomalarning deyarli barchasida ishtirokchilarning xursandligi, ularning koʻnglini va ruhini koʻtargan ushbu anjumanning tashkil etilganidan mamnunlik yozilgan edi. Mana, oʻsha maktublardan biri:
“Shubhasiz, bu forum hammamizning xotiramizda quvonch bilan esga olinadigan damlarga boy boʻldi. Bilaman, ayni paytda har birimiz dunyo-dunyo taassurotlarni qalbimizda oʻstirmoqdamiz. Uch kun davomida birgamiz-u, biroq goʻyoki bir necha yillardan buyon qadrdonlardekmiz.
Samo rangidek koʻm-koʻk suv boʻylari, uning yonida magʻrurlanib boqqan togʻlar, daraxtlardan toʻkilayotgan barglarni supurgan kuz shamoli, dengizda suzayotgan kemalardek osmonda parvoz aylayotgan qushchalar…
Forumning dastlabki kunining oʻzidayoq bir oilaga aylandik. Havo sovuqligiga qaramay, birgalikda kuylaganimiz, milliy qoʻshiqlarga raqsga tushganimiz, dillarimizdagi Vatan tuygʻusi tillarimizda kuy boʻlib jaranglagani koʻzlarimizda faxrni chizdi…”
Darhaqiqat, yoshlarning oromgoh hovlilarida vatan, yoshlik va muhabbat haqidagi qoʻshiqlarni joʻr boʻlib kuylaganlariga, bahru bayt uyushtirganlariga bir necha bor guvoh boʻldim. Qoʻshni hovlidagi bolalarning oʻyinini tom osha tomosha qilayotgan jajji bolakayday togʻ ustida quyosh ham ularni jim kuzatar, shamol yoshlarning ovozini uzoq-uzoqlarga olib ketayotgandek edi goʻyo…
Kun peshinga ogʻgan paytda ishtirokchilar oʻz yoʻnalishlari boʻyicha jamlanib, Yosh ijodkorlar kengashining keyingi faoliyati va kelgusidagi ijodiy forumlarning qanday boʻlishi lozimligi haqida oʻz taklif-gʻoyalarini taqdim etishga tayyorgarlik koʻrishdi. Taklif-gʻoyalar muhokamasi paytida hech kim chetda qolgani yoʻq. Hamma oʻz fikr-mulohazalarini bildirardi. Quvonarlisi, har bir ishtirokchi qanday tashabbus koʻtarmasin, bari yurt kelajagiga daxldor edi. Yoshlarning fikr-mulohazalarini tinglarkanmiz, ularning intilishlari bir ezgu tilakka jam boʻlganini tuydik: Oʻzbekistonni dunyoga tanitish yoʻlida chin yurakdan ijod qilish lozim…
Forumning yopilish marosimi. Deyarli barchaning koʻzida xomushlik sezilib turardi. Negaki, ertaga hamma tarqalib ketadi. Uch kunlik doʻstlar diydori, ustozlarning oʻgitlari, fayzli oʻtgan kechki ijodiy gurunglar… goʻyo takrorlanmaydiganday… Ammo ularning qalbiga taskin beradigan holatlar ham kam emas: doʻstlar orttirishdi, ustozlarning eʼtirofi, qalbdagi ilhom sururi…
Barcha yigʻilgach, yoshlar oʻz gʻoya va takliflarini prezentatsiya koʻrinishida tengdoshlariga taqdim etishdi. Nosir boʻlsin, shoir boʻlsin, dramaturg boʻlsin, ularning qaysidir chet tilida erkin gaplasha olishi meni quvontirdi. Tagʻin bir gap: til faqat nutqda emas, tafakkurda ham aks etar edi. Yaʼni, ular keng miqyosda fikrlaydigan yoshlar edi.
Taqdim etilgan loyihalar ichida adabiyot markazi haqidagi gʻoya koʻpchilikka maʼqul keldi. Loyiha boʻyicha, yurtimizdagi barcha tuman va shahar markazlaridagi qarovsiz binolar taʼmirlanib, katta kutubxona, toʻgarak xonalari, ijodiy uchrashuvlar zali, tamaddixonadan iborat ziyo maskanlari barpo etiladi. Yana bir loyiha muallifi ushbu forumni chet el yosh ijodkorlari ishtirokida tashkil etishni taklif qildi. Ikki yoki uch yilda bir marta oʻtkaziladigan xalqaro forum oʻzbek yoshlarining chet ellik tengdoshlari bilan fikr almashishida, ular bilan ijodiy bahs olib borishida samarali boʻlishi bilan ham eʼtiborni tortdi. Tarjima yoʻnalishidagi ishtirokchilar chet ellik zamondosh ijodkorlarni forumga taklif qilish fikrini ilgari surishdi.
Xullas, takliflarning barchasi yoshlar uchun birday manfaatli edi. Loyihalar hakamlar tomonidan baholandi. Hech bir taklif eʼtibordan chetda qolmadi. Maʼqul deb topilgan loyihalar Yosh ijodkorlar kengashining dasturiga kiritiladigan boʻldi. Bu degani yigit-qizlarning yurt kelajagi va taraqqiyotiga hissa qoʻshish maqsadida bildirgan takliflari amalga oshadi demakdir…
Forumning oxirgi kechasi Nurmuhammad degan surxondaryolik yigit yugurib xonamizga kirib keldi. “Boʻstonliq haqida, oʻzimiz haqimizda sheʼr yozdim”, dedi shoshilib. Keyin taʼsirli ohangda oʻqiy ketdi:
…Birdan oʻzgaradi, yorishar dunyo,
Shunda goʻzallashib ketar Boʻstonliq,
Shunda goʻzallashib ketadi Chimyon,
Axir, necha yillab kutgan bizlarni…
Togʻlarning tosh qotgan bagʻri eriydi,
Quvonchdan va baxtdan koʻzlarida yosh.
Bu yerda tinglay deb eng zoʻr sheʼringni,
Ertadan ertaroq chiqadi quyosh…
Ammo his qilgancha sheʼrlarning taʼmin,
Endi nur-ziyodan arimas bu yer.
Sen uchun kuzda ham gulladi zamin,
Bunchalar sehrga toʻlugʻsan, ey Sheʼr!
Atrof-javonibdagi bor narsalar bilan tillashgan, dardlashgan, ularga sheʼrlar oʻqigan yoshlarning barchasi Nurmuhammaddek samimiy satrlar qoralagani aniq. Chunki har bir ishtirokchining qalbi va ruhi uch kun davomida bedor boʻldi. Ularning hammasi maʼnan tozarib, ruhan yuksalib oʻz uylariga qaytishdi. Bu yoshlar yaqin yillarda katta bir adabiy avlod boʻlib, oʻzbekning ruhini, qalbini baland pardalarda kuylaydi, degan katta ishonch bilan Toshkentga qaytdik.
2017 yil 6–10 oktyabr,
Toshkent – Boʻstonliq – Toshkent.
Husan MAQSUD
“Yoshlik”, 2017 yil 10-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/bostonliq-bagridagi-bedorlik/